Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

12 yildan so‘ng... Andijon voqealarini eslab...


Yaqinda eshitib qoldim, 2005 yil voqealari haqida film ishlanayotgan ekan. Taniqli rejissyor Rustam Sa’diyev boshchiligidagi ijodiy guruh tomonidan Andijonda bir muddat suratga olish ishlari olib borildi. Bosh rollarning birini Farrux Soipov ijro etarkan. Quyidagi qoralamam qachondir haqiqiy tarixni o‘rganishda yordam bersa, xursand bo‘laman.
 
2005 yil, 12 may, payshanba, men
 
Odatiy kunlarning biri. Kechki ovqatdan keyin men litsey (AndMII qoshidagi Bo‘ston akademik litseyi) yotoqxonasida dars tayyorlab o‘tirardim. O‘quv yili yakunlanib qolgan, imtihonlar boshlangan, lekin ko‘pchilik o‘quvchilar shu yakunni nishonlash maqsadida yotoqxona koridoridagi televizorni yoqib, tinmay ashula qo‘yadigan kanal(u paytlarda “Sharq” degani mashhur edi)ga olib, o‘zlaricha raqsga ham tushishardi. Men endi birinchi bosqichda o‘qiyman, ikkinchi va uchinchi kursdagilarning “ded”ligidan biz ko‘pincha xonada o‘tirardik...
 
Bir vaqt shovqindan uyg‘onib ketdim. Kitob-daftarlar ustida qotib qolgan ekanman. Koridorda o‘quvchilar g‘ala-g‘ovuri eshitildi. Soatga qaradim: tungi 12:06. Shu payt yana nima bo‘ldi ekan, deb o‘yladim. Yana kimdir “ded”larimizning g‘ashiga tekkandir. O‘rnimdan turib, atrofimni tartibga soldim. Shu payt xonadosh do‘stim Dilshod yugurib kirib keldi. Nimagadir xursand edi. O‘zi u shunaqa qitmirliklar qilib yurardi, tag‘in bir nima boshlagandir, degan xayol o‘tdi.
 
— Tur, Bobur, uxlovrasanmi? Senga zo‘r narsa ko‘rsataman, — deb meni xonadan sudrab olib chiqib ketdi.
 
Biz ikkinchi qavatdan uchinchiga chiqdik. Yotoqxonamizdan nariroqda qamoqxona bor edi, buni hamma bilardi. Dilshod o‘sha tomondagi xonalardan biriga kirib, derazani ochdi. Bizdan boshqa o‘quvchilar ham uyg‘oqligini endi sezibman. Shu payt “paq” etgan tovush kapalagimni uchirdi. Bu ovoz yana bir necha marta takrorlandi. Men nima bo‘layotganini tushunmasdim, qolganlar esa nimagadir xursandlarcha qiy-chuv qilishardi...
 
— Ko‘ryapsanmi, otishma boshlandi! — Dilshodning ovozi xayolimni bo‘ldi. — Biyaqda turma ketdi-yov...
 
U go‘yo kinolardagidek irjayib qo‘yar, goh u derazaga, goh bu derazaga o‘tib, har zamonda qiyqirib qo‘yardi. Bu holat tarbiyachi opalarimiz chiqquncha davom etdi. Keyin tarbiyachilar hammani ikkinchi qavatga quvdi. Baribir ancha vaqtgacha yotoqxonada jimlik kuzatilmadi...
 
2005 yil, 13 may, juma, men
 
Ertalablari hammaning joniga tegib, baqir-chaqir qilib uyg‘otadigan navbatchi domlamiz bu safar negadir hayallab qoldi. Ko‘zimni ochib, shu xayol bilan joyimda cho‘zilib yotardim. Dilshod og‘zini ochgancha dong qotgan. Kechqurun nima bo‘ldiykin-a? Rostdanam qamoqxona tomonda otishma tovushi eshitildimi? Bironta mahbus qochib ketdimikan? Yotoqxonamizga yashirinib olgan bo‘lsa-ya? Yo‘g‘-e, deb cho‘chib tushdim. Iye, soat 8dan ham o‘tibdi, bizni hech kim uyg‘otmasmikan?
 
Oxiri yotaverib zerikkanimdan o‘zim turdim. Koridorga chiqdim — suv quygandek jim-jit, hamma maza qilib uxlayapti. Tavba, o‘qishga chiqmaymizmi? Bugun “Tarix”dan imtihonim bor edi. Hojatga bormoqchi bo‘lib, birinchi qavatga tushdim. Hojatxonamiz tashqarida edi, yotoqxonamizdan ellik metrlar uzoqda. Lekin binodan chiqishga qorovul ruxsat bermadi. Nimagaligini ham aytmadi, “bilmiman”, dedi. Ortimga qaytdim...
 
Choyni ichib bo‘lgach, yana cho‘zildim. Nimaga bizni tashqariga chiqarmayapti? Kechqurungi otishma bilan bog‘liqmasmikan bu? Yoki rostdanam biror mahbus litseyimizgami, yotoqxonamizgami kirib oldimikan? Yotoqxonaga-ku kirmagani aniq, bo‘lmasa, biz bunaqa yotmasdik. Derazadan ham qaradim, litseyimiz tomonda jimlik. Yana nima bo‘lishi mumkin? Boya Dilshod bir gap topib keldi: litseyimiz direktori, bo‘yi pastakkina, qoshlari qalin, chap yuzida dumaloq bir eti ortiqcha bo‘lib chiqib qolgan odam va uning o‘rinbosari pastda g‘imirlab qolishibdi. Yo‘q, nimadir bo‘lgan!
 
Shu xayollar bilan yotganimda yana Dilshod xonaga uchib kirdi.
 
— Tur, narsalaringni yig‘ishtir, seni so‘rab kelishibdi. Dadeng bo‘sa kerak, uyga ketasan, — dedi-da, yana chiqib ketdi.
 
Avvaliga hayron bo‘ldim, keyin sekin yuzimga tabassum yugurdi. Birinchidan, shu o‘qishdan erta ketayotganim uchun (haftaning shanba kunlari javob berishardi), ikkinchidan, anavi otishma xabarini bilmoqchi ham edim. Apil-tapil narsalarimni sumkaga joyladimu, xonadan chiqdim. Koridorda hamma menga qarab turardi. Dilshod sumkalarimni ko‘tarishvoradigan bo‘ldi. Qiziq, ketayotganimda hech kim bunaqa poylamasdi, nega bugun barchaning ko‘zi menda va mo‘ltiraganmidi-ey...
 
Qorovulxonada dadam meni quchog‘iga oldi. Direktorimiz, uning o‘rinbosari, navbatchi o‘qituvchi va tarbiyachi opamiz ham turgan ekan. Dadam ular bilan xayrlashdiyu, “ketdik, o‘g‘lim”, dedi. Men ham Dilshod bilan xo‘shlashdimu, uning ko‘zida tag‘in o‘sha mo‘ltirashni ko‘rdim. Dadam buni sezdi shekilli (Dilshod bilan do‘st ekanimizni aytgan edim), direktordan uni ham olib ketishni so‘radi.
 
— Agar javobgarligini olsangiz... — dedi direktorimiz sovuqqina qilib.
 
Shundan so‘ng biz oldiniga yotoqxonani, keyin esa litseyni tark etdik. Ungacha ikkimiz ham churq etmadik. Ko‘chaga chiqqach, dadam ikki qo‘lini beliga qo‘yib, “endi nima qilsak ekan?”, degandek turib qoldi. Men javobsiz qolayotgan savollarimni berish fursati kelganidan quvondim.
 
— Dada, nima bo‘lyapti? Kechqurun otishma eshitdik...
 
Gapim og‘zimda qoldi. Dadam ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosib, “jim” dedi. Keyin piyoda yura boshladik. Tushunishimcha, bizga taksi (yoki birorta mashina) kerak edi.
 
— Dilshodni ovolmadik-da, — dedi dadam nihoyat. — Shunchaki vaziyat qanaqaligini bilmiman-da, bolam, bo‘lmasa, uyga opketardik. — Dadam menga qarab, hech nima tushunmaganimni angladi. — Kechqurun otishma bo‘pti rostdanam, turmani buzishgan, hozir hokimiyatni egallashgan. Ashyaq bilan keldim-da, piyada.
 
Ha, kimligini bilmadimu, lekin haqiqatdan ham otishma bo‘libdi. Shuning uchun bizni hech qayerga chiqarmayotgan ekan-da, ota-onasi kelib, olib ketishi mumkinligini endi bildim. Shu mahalda qayoqdandir bir “Tiko” ko‘rindi, oldimizga to‘xtadi.
 
— Qayaqqa, akalar? — so‘radi haydovchi quvlarcha boqib.
 
— Klinikaga borishimiz kerak, — dedi dadam xuddi buning iloji yo‘qdek.
 
— Xo‘p, o‘tiriylar.
 
— Eshitmadizmi, yo‘llar yopiq...
 
— Bilaman, — dedi haydovchi. — Oborib qo‘yaman, rozi qiselar bo‘ldi.
 
Mashinaga o‘tirdik. Haydovchi o‘zi aytgandek, “bunaqasi yurib, chapga burilib, bozor tepasi bilan Eski shahar orqasidan” o‘tib, bizni klinikaga tashlab qo‘ydi. U yerda dadamning haydovchisi bizni kutib turgan ekan...
 
2005 yil, 13 may, juma, tong, dadam
 
Uy ichidan oqib o‘tadigan ariqchadagi suvning shildirashi ertalablari juda yoqimli. Ayniqsa, unga qushlar ham jo‘r bo‘lsa. Dadam choyni ichib, kiyingach, darvoza oldida kutib turgan xizmat mashinasiga o‘tirdi. U paytlarda “Himoya” degan gazetaning bosh muharriri edi. Mashina qishloqdan chiqqach, shaharga kirib borarkan, dadamning ko‘kragi bir sanchib qo‘ydi. “Tinchlikmikan?”, dedi dadam ichida. Andijon olimpiya zaxiralari kolleji yoniga yetganda (klinika taraf) mashinalar to‘planib turganiga, yo‘l yopilganiga ko‘zi tushdi. Avtohalokat bo‘lganmikan, deb o‘yladi dadam. Manzilga yetgach, mashinadan tushib, melisalar oldiga bordi. O‘zini tanishtirib, vaziyatni bilmoqchi bo‘ldi.
 
— Aka, bizam hish nima bilmimiz. Buyruq bor, aytishlaricha, turmadan odam qochgan...
 
Shu yerga kelganda dadam ko‘zini yumdi. Ko‘kragi bu gal qattiqroq sanchidi. “O‘g‘lim”, deb yubordi ovozi chiqar-chiqmas. Litseydagilar tinchmikan? Bobur nima qilyaptiykin? Melisa yigit bu savollarga javob berolmadi. Mashinaga ruxsat yo‘q bo‘lsa, piyoda borsa bo‘lar, degan o‘yda turgan edi, haligi melisa buni sezgandek:
 
— Piyada boras endi, aka, — dedi.
 
Dadam haydovchisiga vaziyatni tushuntirib, qaytgunicha shu yerda kutishini aytdi. Panjarali to‘siq oralab o‘tib, sekin yo‘lga tushdi. Atrofda odam kam, mashina yo‘qligidan yo‘lning o‘rtasida bemalol ketardi. “Soy”gacha bir amallab yetdi-da, biroz tin oldi. So‘ng tag‘in yo‘lga tushdi. Eski shaharga yaqinlashgani sari odamlar soni ko‘payib bordi. Lekin birorta ham harbiy yoki melisa kiyimidagi odam ko‘rinmadi...
 
Alisher Navoiy nomidagi bog‘ ro‘parasida joylashgan Zahiriddin Bobur haykali atrofida bir olomon odam to‘plangan, kimdir ot mingan Bobur haykaliga chiqib, karnay orqali olomonga nimalarnidir gapirardi. Odamlar qiziquvchan bo‘lgani uchun u yerga yopirilib borardiyu, lekin bir muddat tinglab turgach, qo‘l siltab, yo‘lida davom etardi. Undan ko‘ra, ishimga boraman, molimga qarayman, bolamni bog‘chaga (yo maktabga) oboraman, deb o‘ylaydi o‘zbek, bu safsatang nima bo‘pti. Dadam bu vaziyatni yaxshi tushungani uchun da’vatga uchmadi. Ham tezroq meni ko‘rishni istardi. Shuning uchun yo‘lka bo‘ylab o‘z yo‘lida davom etdi. Navoiy shohko‘chasidan borar ekan, dahshatli manzaraga endi duch keldi. Kechasi nima bo‘lganidan bexabar ba’zi odamlar ishga kelgan, ularning ichida amaldorlari ham bor edi. Yo‘l chetida ayrim joylarda murdalar ko‘zga tashlandi. Bir qorin qo‘ygan mansabdorni yuzini qandaydir latta bilan o‘rab olgan qurolli odam viloyat hokimligiga olib kirib ketdi. Shundagina dadam urush “hidini” sezdi. Afg‘onistonda kechgan ikki yillik umri bir zumga ko‘zi oldidan o‘tdi. Natijada, qadamini tezlatib, tezroq manzilga borishga va meni uyga olib ketishga oshiqa boshladi...
 
Meni qanday olib ketgani sizga ma’lum. Buni dadam keyinchalik bizga aytib bergan edi. O‘sha kuni, ertasiga ham Andijon xalqi biroz qo‘rquvda yashadi...
 
2005 yil, 15 may, yakshanba, dadam
 
O‘sha mash’um voqeaning uchinchi kuni... Biz ham hech qayerga chiqmadik. Na bir gazetda, na bir radioda va na bir televideniyeda bu haqda gapirishdi shu uch kun ichida. Eng yomon narsa — mavhumlik. Andijon xalqi uchun dalda kerak edi. Yakshanba kuni kechga tomon uyimizga dadamni so‘rab kelishdi. Bir mashinada ikki kishi turardi.
 
— Iltimos, biz bilan yuring, — dedi ulardan biri dadamga.
 
Dadam nimaga deb so‘ramadi. Nimaga so‘ramaganini hozirgacha o‘zi ham bilmaydi. Lekin ko‘ngilni to‘g‘ri qilib, yuborilgan mashinada shaharga ketdi... Mashina to‘g‘ri “Andijonnoma” tahririyatiga (Andijon viloyat hokimligi gazetasi) yetib keldi. Dadam yanada hayratlandi: chunki bu yerda ishlamaydi-ku. Ichkarida tag‘in ikki jurnalist, ikki texnik xodim, qolaversa, hokimiyatdan, tegishli joylardan odamlar bor edi.
 
— Keling, Nabijon, keling, — deb kutib oldi bosh muharrir. — Uzr, kech bo‘lganda bezovta qildik. Bizga yordamiz kerak bo‘p qoldi. Ertalab gazetamiz chiqishi kerak. Ashinchun birinchi betga “zakaz” bir nima yozib bering. Dahshat bo‘lsin, o‘qigan odam “Voh!” devorsin! Sizga ishanamiz, mana, xona, lekin chiroq yo‘q, oy nuri bor, ilhom bag‘ishledi. Sizga yarim soat vaqt beramiz, iltimos... Ungacha hech kim bezovta qimeydi.
 
Dadam xonaga kirdi. Eshik yopildi. Chiroqqa o‘rgangan ko‘zning derazadan tushib turgan oy nuriga moslashishi qiyinroq bo‘ldi. Stulga o‘tirib, derazani qiya ochdi, salqin shabada kirdi. Bir zumga Afg‘on urushi xayolidan yarq etib o‘tdi. So‘ng o‘sha kungi manzaralar: da’vatchilarning hayqirig‘i, murdalar, yonib ketgan avtobus, Andijon ko‘chalarining qonga belanishi ko‘z oldidan o‘ta boshladi. Andijon xalqining ma’lum muddat qo‘rquv ichida qolgani xayoliga keldi. Dadam qo‘liga ruchkani olib, qog‘ozga yoza boshladi:
 
“Ona Andijon!
 
Bilaman, bu kun senga juda-juda og‘ir. Chunki tonglaring qaro-qaro otib, ko‘ksing xiyonatchilar qilmishidan pora-pora bo‘ldi-da, bag‘ring alvon-alvon qonlarga to‘ldi. Ha, azizim, bu kun bag‘ring qon, ko‘zlaringda yosh. Bu yoshlar, afsus, o‘kinch yoshlaridir. Sen butun mamlakatga halol mehnating, yangi-yangi tashabbuslaring, vatanparvar farzandlaring, yaratuvchanliging bilan tanilganding. Olamga, odamlarga yaxshiliklar, ezguliklar ulashib tolmasding, onajon! Endi esa yovuzlik otgan o‘qdan vujuding yaralanib, mung‘ayib turibsan...
 
Yo‘q, jonim Vatanim, mehribonim, chiroyligim! Jannatlarga qiyos O‘zbekistonimizning gavhar go‘shasi, azizim, suyukligim, yo‘q! Qaddingni ko‘tar, mung‘ayma, onajon! Sening ko‘zlaringdan oqqan marjon-marjon yoshlarni artuvchi, qon sizgan yaralaringga malham bo‘lguvchi farzandlaring bor hali. Ular sening tinch va osuda kunlaringni, sokin-sokin tunlaringni jaholatu tahlika, zulmatu qo‘rquv saltanatiga alishmaydilar. Ishon, ular sening koringga yarashga, sening tinchliging uchun ko‘ksilarini qalqon qilishga tayyorlar.
 
Aziz yurtdoshlar!
 
Qadimiy va go‘zal Andijonimizning so‘zi keskir, mard va tanti, yaxshilikpesha ahli! Ne g‘aflat bosdi bizlarni?! Tinchlik-xotirjamligimizni kimlarga berib qo‘ydik, birodarlar?!
 
Ayo, yoshlar — ukalarim, jigarlarim!
 
Ko‘zingizni oching, Vatan oldidagi o‘z so‘zingizni ayting, burchingizni o‘tang, yigitlar! Bu kun Vatan sizning shijoatingizga, mehringizga muhtoj. Vatan koriga yarang, azizlarim!..”
 
Shu yeriga kelganda biroz tin oldi. Shu lahza yana Afg‘on urushi xotiralari xayolini bir zumga band etdi. Ruchka qog‘oz uzra yura boshladi:
 
“...Men urush ko‘rgan odamman. Tinchligini yo‘qotgan, urush iskanjasida qolgan xalq ne ko‘ylarga tushishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. U kunlardan Allohning o‘zi asrasin. Ammo bizning osuda hayotimizga rahna solayotganlar, yolg‘on g‘oyalarni olg‘a surib, safsata sotayotganlar ertaga ne ko‘ylarga tushmog‘imizni tasavvur ham qilolmaydilar. Chunki, odam o‘ldirishdan, vayron etishdan qo‘rqmaganlardan har neni kutish mumkin. Aslida dunyodagi barcha g‘oyalaru siyosiy safsatalar birgina inson jonidan ham aziz emas, biz shuni anglamog‘imiz lozim.
 
Aziz yoshlar!
 
Men sizlarga takror va takror murojaat qilmoqdan tolmayman, illo, so‘zlarimni anglamog‘ingizni istayman. Chunki ertaga shu yurtda sizlar yashaysizlar, oila qurib, farzand o‘stirasizlar. Nahotki, ularning vayron bo‘lgan, zo‘ravonlar in qurgan bir makonda yashamog‘ini istasangiz?! Inson qonidan seskanmagan odamkushlarning niyatlari ana shunday emasmi axir?! Muqaddas dinimizning insonparvarlik ahkomlarini ham poymol etayotgan o‘shalar emasmi?! Axir chin musulmon kishi nafaqat insonga, hatto hayvonotu nabototdan tortib, kichik hasharotga ham ozor bermoqlikdan tiyiladi-ku. Ular esa necha-necha begunoh insonlarning aziz jonlariga qasd qilib, qancha-qancha ezgu orzularni abas etdilar...”
 
Qiya ochiq derazadan kirgan shabada terlagan peshanasiga juda yoqib ketdi. Endi yakunlovchi qismga keldi, ilhomni qo‘yib yubormaslik kerak:
 
“...Men 13 may kuni ertalab shaharda ro‘y bergan voqealarning guvohi bo‘ldim. Bir to‘da buzg‘unchilar viloyat hokimligi oldida namoyish o‘tkazdilar. Atrofda bironta harbiy yoki militsiya xodimi ko‘rinmasdi. Hayron bo‘ldim. Bu muhtaram Yurtboshimizning qon to‘kilishining oldini oluvchi, donolarcha tadbiri ekanligini keyin bildim. Agar o‘sha paytda bu ishga harbiylar aralashsalar, ko‘p qon to‘kilishi mumkin edi. shuningdek, jinoyatchilarning da’vatlariga yurtdoshlarimizning birortasi ham ergashmadi. Men bundan juda-juda faxrlanib ketdim. Illo, dono yo‘lboshchisi bo‘lgan bu ahil va oqil xalq go‘zal hamda osuda hayotga munosibdir.
 
Haqqi rost — umr o‘tkinchi. Allohdan boshqa hammasi o‘taveradi — shohlar ham, gadolar ham, dunyoga egalik da’vosidagi g‘oyalar ham. Hamma-hammasi o‘tadi. Ammo Alloh mukarram etgan inson otlig‘ mavjudot bor ekan, Vatan degan, tinchlik degan ezgu tushunchalar yaxshi kishilar uchun muqaddas bo‘lib qolaveradi. Yomonlar bizning ana o‘sha muqaddas tuyg‘ularimizga daxl qiladilar. Shunday ekan, aziz Vatanimiz taqdiriga, tinchligimizga befarq bo‘lmaylik, qadrli yoshlar!
 
Onajonim, Andijonim, azizim!
 
Yig‘lama! Sening Otang bor, g‘amxo‘ru mehriboning, posboning bor! Yana aziz farzandlaring bor. Ular sening uchun, sening ertang uchun oyoqqa turmoqdalar. Ular bo‘lmag‘ur fisqu fasodlarga emas, sening so‘zlaringga quloq tutayotirlar.
 
Biz sening bilan birgamiz, ey ona-Vatan, ey jon Andijonim!*”
 
Dadam shu yeriga kelganda chuqur uh tortib, ichidagini chiqarib yubordi. So‘ng qog‘oz tagiga “Nabi Jaloliddin” deb imzo chekdi. Ruchkani qo‘yib, qog‘oz bilan xonadan chiqdi. Bosh muharrir dadamga suv tutdi-da, qo‘lyozmani olib, xonasiga kirib ketdi...
 
Ma’lum muddat o‘tgach, boshqa ishlarga sho‘ng‘ib ketgan dadamning qarshisiga bosh muharrir uchib keldi. Mahkam quchoqlab, ko‘zidagi yoshni artdi:
 
— Yarim soatda shunchalimi, Nabijon!..
 
Ilova: ushbu esse “Andijonnoma” gazetasining 2005 yil 16 maydagi sonining birinchi sahifasida chop qilingan. O‘sha paytda hali hech yerda 13 may haqida biror gap oshkor etilmagan edi. Faqatgina xorij OAV orqali har xil mish-mishlar, bo‘htonlar, loflar yozilayotgan edi. Bu gazeta nashr qilingandan keyin Vatanimizning barcha gazetalariyu radiolarida, televideniyelarida yurtimizni, tinchligimizni madh etuvchi maqolalar, eshittirishlar, ko‘rsatuvlar bosib ketdi.
 
 


Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 5212 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Andijon voqealari
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 14:09
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное