Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SEVGI DUNYOSI

Agar ozsam, erim qaytadimi?


— Turmushga chiqqanimga o‘n yildan oshdi. Ikki farzandning onasiman. Oila qurmasimdan oldin qomatim risoladagidek edi. Hozir esa ko‘zguga qarab o‘zimni taniy olmayman. Yoshimning katta ko‘rinayotgani, ortiqcha vazn sabab kelib chiqadigan noqulayliklar ham o‘z yo‘liga. Erim xiyonat ko‘chasiga kirgan. To‘lishib ketganim uchun mendan ko‘ngli qolgan. Hatto, buni bir necha bor tan oldi. Men avvalgi holatimga qaytsam, uning ham munosabati oldingidek bo‘lishiga ishonaman. Biroq hech ozish uchun harakat qila olmayapman... Na ovqatdan, na shirinlikdan o‘zimni tiya olaman. Mashq qilishga-ku hafsala yo‘q. Nazarimda, ruhshunos ko‘magiga muhtojman.

Gulzoda, 32 yosh

Uch-to‘rt ayol yig‘ilgan joyda, albatta, ulardan bittasi to‘lishib ketayotganidan yozg‘iradi. Hatto, qomati oydekkina bo‘lsa-da. Ortiqcha vazn sohibalari-ku bu mavzuda uzoq dardu hol qilishlari mumkin. Albatta, hammasi emas. Ba’zilarining to‘lachaligi parvoyiga ham kelmaydi, atrofdagilar ham ularning do‘mboqliklariga e’tibor qaratishmaydi. Nega shunday? Ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan semirishning psixologik sabablari va ozish yo‘llari haqida suhbatlashamiz.

Hammasiga depressiya sabab?!

Har bir organizm o‘ziga xosdir. Semirishga sabab bo‘luvchi faktorlar ham turlicha. Gormonal o‘zgarish, gormonlar qabul qilish, tug‘ruq, yosh ulg‘ayishi va hokazolar. Kamharakatlilik va taomga bo‘lgan nosog‘lom munosabatni psixologik sabab sifatida ko‘rsatishimiz mumkin.

Bilasizmi, semizlik dunyo miqyosida kuzatilayotgan muammo. Zamon rivojlangan, harakatlar kamayib, qulayliklar ko‘paymoqda. Kiyim kechaklarimizni kir mashina yuvyapti, xonimlar taomni «qaynar xumcha»da pishiradi, yarim tayyor ovqatlar har qadamda uchraydi, kafe-restoranlarda ovqatlanishga odatlanib boryapmiz. Ayniqsa, Amerika va Yevropada yashovchilar orasida semizlarning ko‘pligi bunga yaqqol misol.

Nega bir xil taomlanayotgan, bir xil harakatlanayotgan ikki odamning biri semirib ketadi-yu, ikkinchisining vaznida o‘zgarish bo‘lmaydi, degan savol nafaqat sizni, olimlarni ham o‘ylantirgan. Qaysidir tana semirishga moyil bo‘ladi, qaysidiri esa yo‘q. Izlanishlarga ko‘ra, genetik xotira o‘z so‘zini aytarmish. Ota-bobolarimiz urushni, ocharchilikni boshdan kechirgan. Shuning hisobiga organizmimiz g‘amlashga odatlangan. Xuddi ayiqlar tanasida yog‘ yig‘ib, qishlagani kabi. Albatta, bular ilmiy isbotini topmagan g‘oyalar.

Psixologik faktorlarga qaytadigan bo‘lsak, stress tufayli kimningdir vazni oshsa, kimdir cho‘pdek ozib ketadi. Yana o‘sha individuallik.

O‘zingizga ma’lum, depressiyaga tushgan kishining ko‘ngliga qil sig‘maydi. Ayniqsa, ayollarda bu ko‘zga tashlanadi. Yasan-tusan qilishga xohish yo‘q, aksariyati cho‘zilib yotsam, deydi. Aslida kishi harakatlanganda yotgandan ko‘ra kamroq energiya sarflaydi. Lekin buni ko‘pchilik bilmaydi. Quvvat bo‘lsin, tezroq tiklanay deb, «kuchli-kuchli» taomlanishga o‘tadi. Oshqozonosti bezi haddan ziyod shira ishlab chiqarganidan ishtaha karnay bo‘lib boraveradi. Ayniqsa, shirinlik bilan kayfiyatni ko‘taraman degan o‘yda santimetrlarga santimetrlar qo‘shuvchi shirin pishiriqlarni paqqos tushirganingizni bilmay ham qolasiz.

«Nega ovqatdan o‘zimni tiya olmayman?»

«Taroziga chiqsam, ko‘nglim orqaga tortib ketsa-da, sevimli libosimga sig‘masam-da, hali erim, hali onam «Kundan-kun to‘lishyapsan» deya tanqid qilishsa-da, ovqatdan o‘zimni tiya olmayman!» Tanish jumlami? Gap faqat quyuq ziyofat dasturxonlari, ko‘z oldingizda «Meni ye» deya chorlab turgan taomu pishiriqlar yoxud baquvvat ovqatlanishgayu desert bilan o‘zingizni siylashga o‘rganib qolganingizdami? Yo‘q. Taomlanishga nisbatan nosog‘lom munosabatning vujudga kelishining ham sabablari talay. Aynan psixologik tomondan yondashsak, ovqat jahlni, yuzaga chiqarilmagan xohish-istaklarni bosish vositasiga aylanib qolgan bo‘lishi mumkin.

Turmush o‘rtog‘i o‘zgasining etagini tutib ketgan bir ayol bilan suhbatlashganimizda, u «Erim semizsan», deya xo‘rlagan bo‘lsa-da, ovqat yeyishdan o‘zimni to‘xta olmayman», deya so‘z ochgandi. Mehr-muhabbatni his qila olmayotgan ayol o‘zini shirin taomlar bilan siylashga o‘tishi ham hech gapmas. Albatta, bu ong ostining buyrug‘i bilan yuz beradigan jarayondir.

Semizlik shunchalar katta muammomi?

Har narsada me’yor bo‘lgani yaxshi. Vaznda ham. Ortiqcha kilogrammlarning salomatlikka ta’siri xususida shifokorlar ko‘p va xo‘p gapirishgan. Sahifalarimizda ham har ikki xastalikning biri me’yoridan ortiq vaznga borib taqalishini aytib o‘tganmiz.

Psixologik tomondan esa me’yor tushunchasi har kimda har xilligini e’tiborga olish kerak. Kim uchundir salgina chiqib qolgan qorin ham katta tashvish. Kimdir esa o‘zini boshqalar «to‘lacha» deydigan vaznda ham qushdek yengil his qiladi.

Xo‘sh, nega ayollar ko‘pchiligi ozish dardiga tushgan? «To‘lishibsizmi?» degan savoldan bag‘ri dili xufton bo‘lib ketadi? Ayol kishining tanasida sovuqdan himoyalanish uchun yog‘ qatlami qalinroq qilib yaratilgan. Shunga ham semirishga moyillik erkaklarga qaraganda kuchli. Erkak zoti uchun baquvvatgina bo‘lish avtoritet sanalsa, ayollar uchun ortiqcha vazn katta muammo...

Chunki tashqi ko‘rinishimiz bilan o‘zimizga e’tibor tortamiz. Erkaklar mansabi, erishgan yutuqlari bilan tilga tushsa, ayollar odatda hurliqoliklari sabab ilk ta’rifga sazovar bo‘lishadi.

Eng muhimi, yoqtirmagan yoki qulay bo‘lmagan libosida kishi o‘zini noqulay his qilgani kabi ortiqcha vaznli ayrim ayollarning harakatlari ham ishonchsiz chiqadi. Oqibatda o‘zidan ko‘ngli to‘lmaydi, komplekslar paydo bo‘ladi, turmushidagi har bir omadsizlik, ko‘ngilsizlikni tarozi pallasini bosib turgan kilogramlarga yo‘yadi.

Qolaversa, modaning izidan quvish deyarli hammamizga xos. Qomatimiz standartlarga javob bermayotganidan xafa bo‘lib ketamiz. Ammo shu o‘rinda bir haqiqatni unutmaslik lozim, moda o‘zgaruvchan. Klassik rassomlar ijodiga nazar solsangiz, ular shoh asarlarida tasvirlangan go‘zallarning bari do‘mboqqina ekaniga guvoh bo‘lasiz. Hatto, Mona Liza ham nozikkina emas! Bu «Kim qo‘hlik, semiz ko‘hlik», deb semirishda davom etavering degani emas. O‘zingizni jazolab qiynamasligingizni istab misol keltirdik, xolos.

Psixolog ozdiradi?!

Psixolog bilan ishlash davomida vazn tashlaganlar yo‘q emas. Biroq psixolog siz uchun yugurmaydi, oldingizdan taomni tortib olmaydi. U bilan birga ozish yo‘lidagi to‘siqlardan xalos bo‘lasiz. Deylik, vazn tashlashingiz kerakligini bilasiz, bir necha bor fitnes zaliga yozildingiz, parhez tutdingiz, ammo ko‘pga bormay harakatdan to‘xtab qoldingiz. Demak, oldingizda to‘siq bor.

Ayrim kasalliklarga chalinganda shifokorlar bemorlarga biroz vazn to‘plashni tavsiya qilishadi. Xastalik chekingach ham «Agar ozsam, yana kasal bo‘lib qolaman», degan xavotir tufayli me’yoridan ortiq vazndan xalos bo‘lishga urinishmaydi.

Og‘ir kasallikka chalingan kishilarning judayam ozib ketganini ko‘rishgan va qo‘rquv paydo bo‘lgan.

Ozg‘inlik baxtsizlik, bechoralik, kun ko‘rmaganlikni anglatadi degan ong ostidagi fikr ham ozish yo‘lida to‘g‘anoq bo‘ladi.

Nega semirib ketyapti? Asl sababni anglashmaydi.

Tanadagi bosimlar, qaysidir qismlarida qisilishlar sabab to‘liq jismoniy harakat qila olishmaydi. Bu og‘riq, qisilishlar qo‘yib yuborganda yog‘lardan xalos bo‘lish kuzatiladi. Psixologlar ko‘pincha shu muammo bilan ishlashadi.

Harakatni boshlaymiz!

Avvalo, tanangizni boricha qabul qiling. Unutmang, uni qabul qilmasangiz, chiroyli qomatga o‘rnini bo‘shatib bermaydi.

Ozishning bahosini oshirmang. «Ozsam, hayotim o‘zgaradi/erim qaytib keladi!». To‘g‘ri, bular ozishga bo‘lgan ishtiyoqni uyg‘otadi. Ammo ko‘zlagan natijaga yetkazishi dargumon. Yaxshisi, «Men sog‘lom bo‘lishim uchun biroz vazn tashlashim kerak», degan dasturni joylang ong ostiga.

O‘zingizni jazolamang. Hayotingizdagi biror ko‘ngilsizlik, yo‘qotish yoki omadsizlik semiz-oriqligingiz bilan bog‘lamang. Avvalo insonning qalbi, fe’li, hayotga qarashi chiroyli bo‘lishi darkor. Qolaversa, «To‘lishib ketganim uchun erim xiyonat qilyapti» kabi ayblovlar bilan o‘zingizni jazolashga tushib ketasiz. Ayovsiz parhez, og‘ir mashqlar — tanangizni charchatadi. Ichingizdagi «bolacha» bunday jazoga, «Semizman» degan xo‘rlikka chidolmaydi. Oxiri bor-ey deb, bariga qo‘l siltaydi, tag‘in ortiqcha vazn to‘play boshlaysiz.

Kam-kamdan harakatni boshlang. Yugurmoqchimisiz, masofani har kuni oz-ozdan oshiring. Harakatsiz ortiqcha vazn bilan xayrlasha olmaysiz. Hatto, sehrli kokteyllarni ichib ham!

Ovqatga bo‘lgan munosabatni su’niy ravishda o‘zgartirmang. Shu munosabatning ildiziga yetib boring: ovqatga qo‘l cho‘zish istagi ostida ochlik yotibdimi yoki o‘zingizni nimadandir chalg‘itmoqchimisiz?

Hazmi yengil, lekin quvvat beradigan taomlardan yeng.

Har ko‘zguga qaraganda «Naqadar semizman» degan fikrni ong ostiga mustahkamlab borish o‘rniga harakat qilayotganingizda yengil tortayotganingizni, ozayotganingizni his qiling. O‘zingizni «Barakalla!» deya rag‘batlantirishni unutmang.

Ozg‘in paytlaringizdagi suratlarga yoki siz havas qiladigan qomatga armon bilan emas, bu ko‘rinishga erishish mumkinligi haqidagi ishonch bilan qarang. Shunda tanangiz komfort holatidan chiqib boshqa bir komfort holatga o‘ta boshlaydi.

Ozish uchun harakatlarni kompleks olib boring. Muammongizni anglash, to‘siqlar, bosimlardan xalos bo‘lish, mashqlar va to‘g‘ri taomlanish bari birgalikda amalga oshirilganda, albatta, natija ko‘rsatadi.

MUXLISA




Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: SEVGI DUNYOSI
Просмотров: 7121 | Рейтинг: 0| Рейтинг: ozsam, agar, qaytadimi, Erim
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 23:55
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное