Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

“Hali biror mijoz mashinamni chala tozalabsan, deb norozi bo‘lmagan”. Qish chillasida avtomobillarni yuvayotgan “moykachi” ayollar

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi Qo‘g‘ay qishlog‘ida joylashgan avtomobillarni yuvish shoxobchasi bir qarashda boshqa shoxobchlardan deyarli farqlanmaydi. Hatto biroz odmiroq ham. Lekin istisnosi bor: bu yerda faqat ayollar ishlaydi. “Daryo” muxbiri ushbu shoxobchada bo‘lib, “moykachi” ayollarning hikoyalari va dardlarini tingladi.

“Tirikchilik o‘tyapti, lekin orttirolmaymiz”

Kamola Rahimova, avtomobillarni yuvish shoxobchasi rahbari

“Boshida bu yerlar atrofi dov-daraxtga to‘la oddiy tuproq joy edi. Temir so‘ritoklar yasattirdik, tepasini yengil yopdik. Ish boshlaganimizga 5 yildan o‘tdi. Bitta kichkina suv purkaydigan karcher bilan boshlaganmiz. Hozirgacha ariq suvi ishlatamiz. Tepasini oxirigacha yopib, yonini o‘rashga kuchimiz yetmadi baribir. O‘zimiz uchun sharoit qilolmadik.

Uch kishi — men va ikki kelin ishlaymiz. Turmushimdan ajraganman, ikki nafar bolam bor, onamning uyida turaman. Aka-ukalarning topgani yoki oyimning pensiyasiga qarab o‘tirmay deb shu ishni boshladim, keyin kelinlarni ham qatorga qo‘shdik.

Ko‘ryapsiz, hatto qish chillasida ham ishlayapmiz. Lekin qiyinchilikni bahona qilib, uyda o‘tirsak, tirikchilik o‘tmaydi. Menda ikki, kelinimiz Himoyatda uch bola bor. Ularni boqish, oyoqqa turg‘izish kerak.

Erkaklar mashinani qanday yuvadi, bilmadim, lekin ayollar toza yuvadi deb mijozlar ko‘p keladi. Besh yildan beri ishlayotgan bo‘lsak, hali hech kimdan ‘mana bu joyi chala bo‘pti’ yoki ‘yaxshi qaramabsizlar’ degan e’tirozni eshitmadik.

Kuniga o‘rtacha 15-20 tacha mashina yuvamiz. Daromadimiz tuzuk, 400-500 ming so‘m topgan kunlarimiz ham bo‘lgan. Lekin shunga yarasha chiqimlar ham bor-da! Kuniga kamida 100 ming so‘m yedi-ichdiga ketadi. Bolalar kasal bo‘ladi, dori-darmon, ‘pampers’ olamiz. Svet, soliq, ekologiya bor, kredit to‘laymiz. Karcher bir kun ishlasa, ikkinchi kun buzilishi bor, uni falon pulga ta’mirlatamiz.

Nolimaymiz, tirikchilik o‘tyapti, lekin orttirolmaymiz. Qachondan beri shu shoxobchani ustini yopamiz deb reja qilamiz, oxiriga yetmaydi. Ish ertalab soat 6-7 da boshlanadi, buyog‘i kechki 22 gacha cho‘zilib ketadi. Yoz kunlari undan ham kech bo‘lishi mumkin. Mijozlar kelganida ‘yo‘q, berkitdik’ deyolmaymiz.

Bitta mashinani yuvib, tozalab berishimiz 25 ming so‘m. Shaharlarda ancha qimmat deb eshitamiz, lekin narx hozirgidan baland bo‘lsa, qishloq sharoitida mijoz qochib ketadi. Agar avtomobilni bozorbop qilib yuvib, motorigacha tozalab, chinnidek yaraqlatib beradigan bo‘lsak, xizmat haqi 100 ming so‘m bo‘ladi. Lekin vaqt ham shunga yarasha ketadi-da!  Puli kamroq yoki yuragi torroq mijozlar kelib, karcherda o‘zim yuvib olaman deydi. Buning uchun 10 ming so‘m to‘lashadi.

‘Moyka’ oson ishga o‘xshab tuyuladi, ammo kechgacha suv ichida yuraversangiz, og‘iri keyin bilinadi. Asli ayollarning ishi ham emas-da bu! Ishonsangiz, kechga borib ichimizda nimadir sanchgandek bo‘ladi. Lekin nolimaymiz: shu yerda ishlab, rizqimizni topyapmiz, bola-chaqa boqyapmiz. Boshqa joyda ishlasak, kimningdir qosh-qovog‘iga qarash, beradigan pulini kutish kerak. Undan ko‘ra qiynalsak ham, shunday emin-erkin yurganimiz yaxshi. Keyinchalik, mablag‘ to‘play olsak, bu yerda oshxona ochish niyatimiz bor. Bunisi endi ayollarga ko‘proq yarashadigan ish.

“Halol mehnat ortidan bolalarimni boqyapman. Bu ishimdan hech ham uyalmayman”

Himoyat Ismoilova, avtomobillarni yuvish shoxobchasi xodimi:

“Farzandlarim hali kichkina, ularning oldida bo‘lish, tarbiyasi bilan shug‘ullanish uchun shu ishni tanladim. Qiz bola tarbiyasida onaning o‘rni muhim. Uch bolam ham qiz bo‘lgani uchun shunday qarorga keldim. Qaynsinglim, ovsinim bilan birga qaynonamning oldida oilaviy ishlayapmiz.

Mashinalarni yuvishning aytarli qiyin joyi yo‘q, lekin Damas baland bo‘lgani uchunmi sal qiynalaman. Eng osoni — Matiz bilan Tico. O‘zi hamma mashinani odatda 7-10 daqiqada yuvib chiqarib yuboramiz.

‘Moyka’ning sog‘lig‘imizga zarari ham ko‘p. Ayniqsa, gel bilan ishlagan paytlarimiz qo‘llarimizga qarab bo‘lmaydi. Kechga borib achishadi, og‘riydi, yoriladi. Sovuq suvda ishlaymiz, chaqaloq bolam bor, uni emizish uchun kirib chiqaman. Suvni ushlab kirganim uchun shamollaydi. Har ikki kunning birida do‘xtirga yuguramiz. Bolalar kasal bo‘lganida pulimiz yetmay, aptekalardan qarz bo‘lib qolgan paytlarimiz bo‘lgan.

Muntazam, har kuni ishlaymiz deb aytib bo‘lmaydi. Yomg‘ir yog‘adi, svet o‘chadi, suv bo‘lmay qoladi, karcher buziladi. Bayram kunlari, ayniqsa, Yangi yil bayrami arafasida mashinalar tumonat yig‘ilib ketadi, qolgan payt nasibaga yarasha. Tracker, Malibu, Captiva kabi qimmat mashinalar ham keladi. Egalari bizga ishonadi, tozalab qo‘yarsizlar deb mashina kalitini ham berib ketishadi. Ayniqsa, juma kunlari. ‘Mashinam qimmat’, deb tepamizga kelib turvolmaydi.

Uy-joyimiz bor-yo‘g‘i 3 sotix. Katalakdek hovlida 5 xo‘jalik, 16 jon yashaymiz. Uch qaynog‘am, ikki kelin, turmushidan ajralib kelgan qaynsinglim bor. Hali oila qurmagan qaynog‘am erta-indin uylangudek bo‘lsa, unga joy bo‘shatish kerak.

Turmushga chiqqanimga 7 yil bo‘ldi. Erim bilan sevishib oila qurganmiz. Hozir bir janjalga aralashib qolgani uchun aybsiz aybdor bo‘lib qamoqda o‘tiribdi. 26 ga kirdim, tibbiyot kollejini bitirganman. Tengdoshlarimga qarab havas qilaman. Men ham bolalarim bilan issiq uyda, erimning topganiga qarab o‘tirsam bo‘lardi, lekin peshonamda shunday kunlar ham bor ekan-da.

Sabr qilib, tishimni tishimga qo‘yib, yaxshi kunlar umidida vaqt o‘tkazyapman. Shu yoshimda ancha-muncha og‘ir kunlarni ko‘rdim. Qilayotgan ishimni masxaralaydiganlar topilishi ham mumkin. Lekin halol mehnat qilib, bolalarimni boqyapman. Men bu ishimdan hecham uyalmayman”.

Uchqo‘rg‘ondagi ayollar ishlaydigan avtomobillarni yuvish shoxobchasida shunday gaplar. Safarimiz davomida bizga hamrohlik qilgan tuman hokimining matbuot kotibi Rasuljon Madrahimovning aytishicha, qiyin holatdan chiqib ketish uchun harakat qilayotgan bu oilaning sharoitidan tuman mutasaddilari ham xabardor. Hokimlik tomonidan uy-joy sharoitini yaxshilash uchun Kamola Rahimovaga 20 million so‘mdan oshiq pul ajratilgan. Juda katta mablag‘ bo‘lmasa ham, harna-da...



Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 1669 | Рейтинг: 0| Рейтинг:
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 22:04
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное