Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SPORT YANGILIKLARI

“Ishonchim komil, uni o‘ldirishgan”. Afsonaviy bokschi Arturo Gattining jumboqli o‘limi haqida

Arturo Gatti XX asr oxiri va XXI asr boshlarining eng yorqin bokschilaridan biri bo‘lgan. Bir qator ekspertlarning fikriga ko‘ra, asli kelib chiqishi italyan bo‘lgan kanadalik hatto boks tarixidagi eng yaxshi jangchi unvoniga ham da’vogarlik qilishi mumkin. Ikki vazn toifasida jahon chempioni Arturo Gatti ishtirokidagi boks oqshomi to‘rt marta “yil jangi” deb topilgan. Uning Mikki Uord bilan bo‘lgan afsonaviy bellashuvlari esa hamon XXI asrdagi eng og‘ir janglar hisoblanadi. Umuman olganda, Gattining ring ichidagi faoliyati va jang uslubi haqida to‘xtovsiz gapirish mumkin. Shuningdek, “Chaqmoq”ning o‘limi ham o‘zidan keyin juda ko‘p jumboqlarni keltirib chiqargan. Quyida aynan Gattining so‘nggi yillari va asal oyida ro‘y bergan jumboqli o‘limi haqida so‘z yuritiladi.

Katta sport bilan xayrlashish

2007-yilning 14-iyuli. Ikki vazn toifasida sobiq jahon chempioni, 35 yoshli Arturo Gatti Atlantik-Sitidagi (Nyu-Jersi, AQSh) Borduok Holl’da ringga chiqadi. Ammo u allaqachon raqiblarini tor-mor keltiruvchi “chaqmoq” emas edi. Oskar de la Hoya, Mikki Uord, Floyd Meyvezer va boshqa grandlar bilan bo‘lgan og‘ir janglardan charchagan Gatti professional boks yo‘lining oxirida edi.

Shunga qaramay kanadalik bokschi Alfonso Gomes bilan bo‘lgan o‘sha jangni tayyorgarlik deb hisoblaydi va undan keyin Xulio Sezar Chaves bilan jang qilishni rejalashtirgandi. Ammo jangning boshidanoq Arturo endi avvalgidek emasligi ma’lum bo‘ldi. Buning ustiga Karlos Baldomirga mag‘lub bo‘lganidan keyingi bir yillik tanaffus “chaqmoq”da katta iz qoldirgandi. Jangning yettinchi raundiga kelib Gatti nokautga uchradi. Shundan so‘ng Arturo darhol sportdagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Tribunalar ostida esa uni 21 yoshli sevgilisi Amanda Rodriges ovutadi.

Boksdan keyingi hayot

Amanda Rodriges va Gatti bokschi qo‘lqoplarini mixga ilishidan biroz oldin uchrashgandi. Arturo nafaqat o‘zining jozibali jang uslubi, balki bundan kam bo‘lmagan tashqi ko‘rinishi bilan ham har doim qarama-qarshi jins vakillarining qiziqishiga sabab bo‘lgan. Ammo uning qalbini braziliyalik yosh Amanda o‘g‘irlagandi. 2007-yil avgust oyida, sportni tark etganidan bir oy o‘tgach, Arturo turmush quradi. Nikoh marosimi AQShdagi Katta Kanyonda bo‘lib o‘tadi. Juftlik tashqaridan qaraganda nihoyatda baxtiyor ko‘rinardi. Bir yil o‘tgach, Rodriges Gattiga o‘g‘il farzand tug‘ib beradi. Bu Arturoning ikkinchi farzandi edi. Uning oldingi munosabatlaridan qizi bor edi va bokschi hech qachon o‘g‘il ko‘rishni orzu qilganini yashirib o‘tirmagan.

Fotosuratlar va videolar Gatti oilasidagi munosabatlar har doim silliq bo‘lganining isboti bo‘la olardi. Lekin bu shunchaki ko‘zbo‘yamachilik bo‘lib chiqdi. Sportchining o‘limidan keyin Amanda va Arturo o‘rtasidagi munosabatlar idealdan ancha uzoq bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Amandaning so‘zlariga ko‘ra, ular tez-tez janjallashib turgan va bu narsa hatto u homilador bo‘lgan vaqtda ham davom etgan.

“U uchun sportni tark etish juda qiyin kechdi. Arturo o‘zini nima bilan band qilishni bilmay, ko‘p ichardi. Mast bo‘lganida esa butunlay boshqa odamga aylanardi”, — degandi Rodriges ko‘plab janjallarni tushuntirishga harakat qilar ekan.

O‘g‘il farzand tug‘ilishi Gattining hayotiga yangi ma’no bag‘ishlashi va yomon o‘tmishni esdan chiqarishi kutilgandi, ammo bularning barchasi illyuziya bo‘lib chiqdi.

O‘limga olib kelgan sayohat

2009-yilning yozida Gatti va Rodriges o‘rtasidagi munosabatlar boshi berk ko‘chaga kelib qolgandi. Amanda eriga ajrashish bilan tahdid qiladi. Nikohni saqlab qolish uchun Arturo katta sayohat uyushtirib, Amandani hayratda qoldirmoqchi bo‘ladi. Dastlab, juftlik farzandini olib, Yevropaga yo‘l oladi, ular u yerda ikki hafta bo‘ladi. Shundan so‘ng juftlik sobiq jahon chempionining singlisining to‘yi uchun Braziliyaga jo‘nab ketadi. Oila Ipojuka munitsipalitetidagi ikki qavatli mehmonxonaga joylashadi.

Amanda uzoq davom etgan sayohatni “ajoyib” deya ta’riflaydi. Ayni paytda Gattining do‘stlaridan biri u bilan bo‘lgan suhbatning audioyozuvini taqdim etadi, unda Arturo bu sayohatni “dahshatli tush” deb atagan. Nima bo‘lmasin, eng yomoni hali oldinda edi. Iyul oqshomida er-xotin kechki ovqatga boradi, bu fojianing boshlanish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.

“Biz pitseriyaga borishga qaror qildik. Bu oilaviy kechki ovqat sifatida boshlangandi, lekin boshqa ko‘plab oqshomlar kabi tugadi. Arturo mast bo‘lib qoldi. Men unga boshqa restoranda qola olmasligimni va ketishim kerakligini aytdim. Unga esa agar xohlasa, qolishi mumkinligini bildirdim. Bizning janjalimiz shu yerda boshlandi. Bu chidab bo‘lmas darajada jirkanch janjal edi. U meni urmadi, lekin polga itarib yuborgandi, qo‘llarim va iyagimni jarohatlab oldim. Shundan so‘ng 10 oylik o‘g‘limni qo‘limdan olib, chiqib ketdi. Tungi soat ikkida mehmonxonada uchrashdik. Boshida jarohat bor edi, u to‘rttasi bilan mushtlashib qolganini aytdi.

Arturo mast emasdi, erim o‘z holiga kelgandi. U bilan janjalimizdan qolgan ko‘karishlarni ko‘rdi va buni kim qilganini so‘radi. Unga buni o‘zi qilganini aytdim. Shunda u mendan oramiz ochiqmi deb so‘radi. ‘Ha’ deb javob berdim, bunga ortiq chiday olmasdim. Yarim tunda uyg‘onib ketdim, chaqaloq uyg‘otib yubordi. Zinadan tushganimda, Arturo polda yotganini ko‘rdim, lekin e’tibor bermadim, chunki u tez-tez shunday holatda bo‘lardi. Bir-ikki soatdan keyin ham o‘sha yerda yotganini ko‘rdim. Keyin yoniga borib, uni turta boshladim. Uning tanasi sovuq edi. Uni silkitib, kechirganimni aytdim. Vahimaga tushdim, xonadan yugurib chiqib, erim o‘lib qolibdi, deb baqira boshladim”, — degandi Amanda.

Braziliya politsiyasi Amandani hibsga oldi. Ammo uch hafta o‘tgach, u kutilmaganda ozod qilinadi. Huquq-tartibot idoralari matbuot xizmati Gatti Rodrigesning sumkasining kamariga o‘zini osib, o‘z joniga qasd qilgani haqida bayonot beradi.

Muqobil versiya

37 yoshli Gattining o‘limi haqidagi xabar butun boks jamoatchiligini larzaga soladi. Uning o‘z joniga qasd qilgani esa ko‘pchilikni tom ma’noda tildan qoldirgandi. Ringda taslim bo‘lish nimaligini bilmaydigan Arturoning to‘satdan o‘z ixtiyori bilan o‘lishga qaror qilganiga deyarli hech kim ishonmasdi. Gattining oila a’zolari orasida ham asosli shubhalar paydo bo‘ladi. Avvalo, bunga sobiq jahon chempionining vasiyati sabab bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘limidan uch hafta oldin u barcha pul va mol-mulkini Rodriges hamda o‘g‘lining nomiga o‘tkazib beradi.

 

Amanda buni yaxshi bilardi. Ajrashish haqida gap ketganda, qiz Gattidan eng qimmatli narsa — o‘g‘lini tortib olish bilan tahdid qiladi. U mulkni taqsimlash va mablag‘ning faqat yarmini olish haqida eshitishni ham xohlamasdi. Keyin Arturo nikohni saqlab qolish uchun (do‘stlarning so‘zlariga ko‘ra) vasiyat yozishga qaror qiladi.

Rodrigesga qarshi bo‘lganlarning fikriga ko‘ra, aynan shu narsa asosiy omil hisoblanadi. Intervyulardan birida jurnalist Amandaga ochiqchasiga erining vasiyatnoma yozganidan uch hafta o‘tib, vafot etgani “yomon ko‘rinayotganini” aytadi. Amanda esa yelkasini qisib, nima uchun bunday bo‘lganini bilmasligini ma’lum qiladi.

Gattining vafotidan keyin Amanda haqida gaplar ko‘payib ketadi. Ba’zilar hatto uning ichki kiyimda tungi klubda olingan suratlarini izlab topib, Arturoni u bilan aynan o‘sha yerda uchrashgan deb da’vo qila boshlaydi. Rodrigesning o‘zi buni rad etadi va taqdim etilgan suratlar mehmon bo‘lgan kechada olinganini aytadi.

Braziliya politsiyasi ishni yopgach, Gattining oilasi xususiy tergovchilarni yollaydi. Ikki yildan keyin ular Arturo o‘ldirilgan degan xulosaga keladi. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, bokschining jasadi yiqilgan joyda bo‘lishi mumkin emas (sumkaning tasmasi uzilgan va Gattining jasadi poldan topilgan). Qolaversa, sobiq jahon chempioni qonga belanib yotgan. To‘g‘ri, o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha nazoratchilar Arturo o‘sha tungi janjalda ochiq jarohatlar olganiga ishora qiladi, ammo uning atrofida haddan tashqari ko‘p qon bor bo‘lgan.

Umuman olganda bu holatda juda ko‘p savollar javobsiz qoladi. Rodrigesning “Gatti ko‘pincha polda uxlardi” degan gaplariga ham ishonish qiyin. Xuddi shu kabi uning erini polda qonga belanib yotganini ko‘rmaganini ham aqlga sig‘dirish mushkul. Marhumning ko‘plab do‘stlari Amanda “millionlar ovchisi” bo‘lgani va Arturodan faqat pul talab qilganini da’vo qiladi. Ammo qizni himoya qiladiganlar ham topilgan, ular uning eri bilan barcha janjallariga sevgilisini yomon odatlar va giyohvandlikdan uzoqlashtirish istagi sabab bo‘lganini aytadi.

2011-yilda olti nafar yetakchi ekspert ishtirokidagi katta va shov-shuvli matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi. Unda Braziliya politsiyasidan tergovni qayta boshlash va Rodrigesni asosiy gumondor sifatida belgilash so‘raladi. Ammo barcha yangi to‘plangan faktlar huquq-tartibot xodimlari uchun yetarli bo‘lmaydi. Natijada ekspertlar guruhi Gattini yana o‘z joniga qasd qilgan deb e’lon qiladi va shu bilan ish to‘laligicha yopiladi.

Arturoning sobiq murabbiyi Baddi Makgirt esa hamon shogirdning bunday ish qila olishiga ishonmasligini aytib keladi.

“Uning o‘z joniga qasd qilishiga ishonmayman. Ishonchim komilki, u o‘ldirilgan”, — deydi mutaxassis.

 

Ehtimol, Gatti o‘limining siri hech qachon ochilmas. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham Arturo va uning buyuk janglari avlodlar xotirasida abadiy qolishi shubhasiz.



Категория: SPORT YANGILIKLARI
Просмотров: 1776 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Afsonaviy, haqida, bokschi, Gattining, Arturo, o‘limi, jumboqli
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:20
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное