Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Javohir Zokirov kastingdan o‘tolmagani, farzandlarining qiziqishlari va Nargiz Zokirovaning O‘zbekistonga qaytishi haqida


Aktyor Javohir Zokirov “Darakchi.uz” nashriga bergan intervyusida kastingdan o‘tolmagani, farzandlarining qiziqishlari, Nargiz Zokirovaning O‘zbekistonga qaytishi va boshqalar haqida gapirib berdi.
O‘zining yangi filmi — “Toshkentim — onam” haqida

Rejissor sifatida uchinchi filmimni taqdim etish arafasidaman. Biroq “Toshkentim — onam” muallifligimdagi ilk yirik kinoloyiha. Bu kartina mehr-oqibat va muhabbat mavzusida. Bu gapimni o‘qiganlarning “Yana o‘sha mavzumi?” deya ensasi qotishi mumkin. Lekin dunyoga mashhur rejissorlar ham bu mavzuga turlicha yondashib, tomoshabinning e’tiborini qozonib kelgan. Men ham bu mo‘jizaviy his-tuyg‘ularni o‘zimdan kelib chiqqan holda ekranga olib chiqishni istadim. Ssenariy muallifi, turmush o‘rtog‘im — Shahrizod G‘ulomova. U bilan birgalikda hayotimiz davomida ko‘rgan voqealarni badiiylashtirib film qildik. Uni munosib baholashadi, deb umid qilaman. Endi filmning nomlanishiga kelsak. Turli fe’l-atvordagi qahramonlarning taqdiri aynan poytaxtimiz — Toshkent bilan uzviy bog‘liq. Eng qizig‘i, tomoshabinlar birinchi marta ekranda hayotdagi Javohirni ko‘rishadi. Ya’ni, men faqat rejissorlik bilan cheklanmadim (kuladi). Shuningdek, filmda mashhur aktyor Farhod Mahmudov bilan ham yaqindan “tanishishlari” mumkin. Ya’ni, Farhod ham filmda o‘zini “o‘ynadi”.

“Mehmonxona” serialidagi roli haqida

Muallif Nurilla Abbosxon serialning ikkinchi mavsumida aynan meni tasavvur etgan holda ssenariy yozgan ekan. Qahramonimning xarakteri juda qiziq. Avval salbiy obrazda bo‘lib, keyin voqealar rivojida yaxshi tomonga o‘zgarib boradi. Serial va undagi rolim haqida faqat shuni aytishim mumkin. Chunki ayrim sabablarga ko‘ra, hozircha, tasvirga olish ishlari to‘xtatilgan. Ammo umid qilamanki, tez kunda yana davom ettiramiz.

Rossiyaning “Birinchi kanal”i buyurtmasiga binoan suratga olingan “Oltin O‘rda” serialida ham suratga tushgani haqida

Ushbu serial haqida shunchaki gapirib o‘tish noto‘g‘ri, nazarimda. Rejissor, aktyorlar va umuman ijodiy guruhning har bir a’zosi haqiqiy professionallar edi. Ular qatorida men ham bo‘lganimdan juda xursandman. Tarixiy-fentezi janrida suratga olingan filmni tomosha qilib, turli davrlarda ro‘y bergan voqealarga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Filmdagi munajjim roliga nega aynan meni tanlashganini rosti, o‘zim ham bilmayman. Lekin bunga osonlikcha erishganim yo‘q. Kinosinovga faqat uchinchi gal borganimdagina rejissor va prodyuser meni rolga tasdiqlashgan. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, bu loyihada ishtirok etganimdan xursandman.

Xorijlik rejissor va prodyuserlarning aktyorlarimizga bo‘lgan qiziqishi juda kuchli. Afsuski, ular bizning aksariyat kartinalarimizga yuqori baho berishmaydi. Lekin menimcha, rivojlanish bor. Vaqti-soati yetib, o‘zbek kinosi ham dunyo miqyosiga chiqishiga ishonaman.

“Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” filmidagi Abdullatif roli haqida

Bu film va rol men uchun juda qadrli. Rejissor Bahodir Yo‘ldoshev va Gollivud aktyorlari bilan birgalikda maroq bilan ishladik. Film haqida hamma gapirib, ketma-ket xabarlar chiqdi-yu, lekin negadir yana jim bo‘lib qolishdi. Premyerani men kabi ishtiyoq bilan kutayotgan inson bo‘lmasa kerak. Chunki qahramonimni gavdalantirishda jonimni berib ishladim, yuragimdan o‘tkazgan hissiyotlarimni hozir tushuntirib berolmayman. Filmni tomosha qilgach, meni yaxshiroq tushunsangiz kerak. Shuning uchun keling, bu kino haqida premyeradan so‘ng gaplashamiz…

Xonandalik faoliyati haqida

Faol xonanda bo‘lish uchun moliyaviy tomondan juda baquvvat inson bo‘lishingiz kerak. Mening ijodga bo‘lgan qarashim hozirgi ba’zi xonandalarnikidan farq qiladi. Bugun tinglovchilarga yoqsa-yoqmasa, “Reytingni ushlab turish kerak. To‘ylarim kamayib ketmasin”, deb kuylashyapti. Men bunday qilolmayman. Qo‘shiq yurakdan chiqishi shart.

Ruslan Sharipov bilan munosabatlari haqida

Rostini aytishim kerak, Ruslan bilan ko‘rishmaganimizga ancha bo‘ldi. O‘tgan yili internetda uning suratlarini ko‘rib, ko‘nglim og‘ridi. Kuchli iqtidor egasi shunday ayanchli ahvolga tushib qolganidan juda xafa bo‘ldim. Bilasizmi, mashhurlikni ko‘tarib yurish oson ish emas. Hammaning tiliga tushgan paytda tarqalgan gap-so‘zlarni yengib o‘tish uchun irodasi bo‘shlik qildi, deb o‘ylayman. Lekin bu vaziyatda uning oilasi va eng asosiysi turmush o‘rtog‘i dastak bo‘lishi shart. Aynan ular, begonalar tosh otganda yoki mish-mish tarqatganda, Ruslanning yonida turib, unga dalda bo‘lganda, qo‘llab-quvvatlashganda hozirgi holat yuzaga kelmasmidi, balki… Axir har bir buyuk erkak ortida, buyuk ayol turadi, degan gap bekorga aytilmagan-ku?!

O‘zbek xonandalarining ijodi haqida

Ulug‘bek va Jahongir Otajonovlarning qo‘shiqlari yoqadi. Jahongir konsertiga taklif etgan edi, ishlar bilan bo‘lib, borolmadim. Uning jonli ijroda kuylashini hurmat qilaman.

2001-yil “Istiqlol” san’at saroyi­da yakkaxon konsert dasturimni taqdim etganman. Fonogrammada kuylagandim, o‘shanda. Konsert yakuniga yetguncha, o‘zim ham tamom bo‘lay degandim. Sahnaga chiqib yolg‘ondan, o‘zimni xuddi qo‘shiq kuylayotgandek tutganimni hazm qilolmay, vijdonim qiynalgan. Chunki aslida, fonogrammani jinim suymaydi. Shu sabab ham bugungi konsertlarga bormayman. Mayli, mini-diskni qo‘yib, kuylashsin, kimdir buni o‘ziga ep ko‘rar, lekin shunga yarasha chiptalar narxini 5-6 barobarga arzonlashtirishsin. Axir, fono­gramma tomoshasi uchun yuz ming so‘mlab pul to‘lash noto‘g‘ri-ku? Bunday xonandalarga faqat insof so‘rayman…

Qarindoshi Nargiz Zokirova haqida

Nargiz bugun faqat men bilan gaplashib turibdi. Ishi ko‘p, gastrol safarlari kundan-kunga ko‘payib bormoqda. O‘zbekistonga nega kelmayotgani sababi haqida esa o‘zi gapirgani ma’qul, bu haqda men gapirishim noo‘rin. Biroq shu kunlarda uni O‘zbekistonga qaytarish haqida o‘ylab yuribman. Uning konsert dasturidan yurtdoshlarimiz ham bahramand bo‘lishlarini istayman. Urinishlarim besamar ketmasa, albatta, u bilan ko‘rishasiz…

Farzandlarining qiziqishlari haqida

Kenjatoyimiz Said Karim haqiqiy san’atkor. Rafiqam ikkimiz uning harakatlarini ko‘rib, hozirdan kelajakda qaysi kasbni egallashini bilib turamiz. Aslida men uning opera xonandasi bo‘lishini istayman. Uning yo‘g‘on ovozini eshitsangiz, o‘zingiz ham bunga amin bo‘lasiz. Yaqinda qizimga kinoda rol ijro etasanmi, desam, rad etdi. Negadir, bolalarim tengqurlari singari ekranga chiqishga qiziqishmaydi, boshqalarning ko‘zidan yiroq bo‘lishni istashadi.

O‘g‘lim juda erka. O‘zini erkin tutishga o‘rgangan. Atrofimizdagilarning aytishicha, uni juda taltaytirib yuborganmiz. Balki shundaydir, bilmadim… Hali kichkina deb uncha qattiqqo‘llik qilmasdim. Biroq endi sekin-sekin chegaralar qo‘yilyapti. Chunki kelajakda aynan shu erkaligi uchun hayotda qiynalib qolishini istamayman.

Hayotiy qarashlari haqida

— Ko‘p narsalar o‘zgarganini sezyapman. Masalan, bu dunyoda oila va farzandlardan muhim hech narsa yo‘qligini tushunib yetdim. Ish, san’at, boylik, mashhur inson bo‘lish hammasi ahamiyatsiz, aslida. Inson faqat yaqinlarining yonida, ularning qalbida bo‘lishi kerak. Qolganlari ikkinchi darajali. Bilasizmi, bolaligimda ota-onam ko‘p ishlashardi. Shuning uchun ko‘p vaqtim buvimning uyi­da yoki ular bilan birgalikda gastrol safarlari, tasvirga olish maydonchalarida o‘tgan. Bugun men bunday qilmayapman. Bo‘sh vaqt topdim deguncha oilamga, bolalarimga e’tibor berib, birgalikda vaqt o‘tkazamiz va doim shunday bo‘ladi. Hayotim davomida qo‘limdan kelgancha ularga yordam berishni niyat qilaman.


Manba:daryo.uz
Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 3724 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Javohir Zokirov
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 08:09
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное