Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » ISLOM VA DIN HAQIDA

O‘qishingiz shart! Islomda sehr va folbinlik


Islom aqidasidek ochiq, aniq va ravshan aqidani anglamaslik har bir inson, har bir jamiyat uchun juda ham xavflidir. Mustahkam va ravshan aqida bo‘lmagandan keyin turli bid’at, xurofot, afsona, safsatalarga ham ishonib ketaverish kuzatiladi. Oqibatda bitmas-tuganmas musibatlarga duchor bo‘linadi. Oldinlari, moddaparastlik avj olgan davrda, sehr kishining sog‘lig‘iga zarar berishi haqida gapirilsa, kulgu-masxaraga qolish aniq edi. Endi esa, aksincha, ko‘pchilik dardlar ortida sehr va shunga o‘xshash narsalar turganiga ishoniladi. Islomda esa hamma narsa o‘z voqeligiga qarab o‘rtacha baholanadi. Asosan xastaliklar og‘ir ko‘tarish, zax-nam joylarda ko‘p o‘tirish va g‘am-qayg‘u kabi omillar sababli kelib chiqadi. Ular tibbiy yo‘l bilan muolaja qilinadi. Shu bilan birga ba’zi hollarda xastalik sababi sehr bo‘lishi ham mumkin. Unday holatda bemorni davolash uchun Qur’oni karim hamda sunnati Nabaviydan rivoyat qilingan duolarga murojaat etiladi.

Bugun ham ayrim odamlar sehr va fol balosiga yo‘liqqan. Insonlar Allohning kalomi, Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarini bir chetga qo‘yib, shaytonga rostmana shogird tutingan folbinlarning so‘zlariga quloq solmoqdalar. Kishilar ularning oldiga turli maqsad bilan boradi, ko‘pchiligi kelajagini bilishga qiziqadi. Ammo oddiy bir farosat bilan o‘ylab ko‘rishmaydi. Agar folbin kelajakni bilsa, nima uchun turli konlarni topib olmaydi? Konlarni-ku qo‘ying, qo‘lida turgan yutuq chiptasining himoya qoplami tagida nima borligini bilib boyib ketmagan? Eng yomoni, bu noqulay holatga diniy tus berildi. Folbin, sehrgar, bashoratchi va hokazolar erkak kishilar bo‘lsa, egniga ajabtovur chopon, boshiga qandaydir salla o‘rab, bo‘ynigami, qo‘ligami tasbeh osib oladi. O‘tirgan joylariga ham shunga o‘xshash narsalar qo‘yadi. Birorta duonimi, suranimi chala yodlab, takror-takror o‘qiydi. Agar ayol kishi bu ishga qo‘l urgan bo‘lsa, u ham o‘zicha shunga o‘xshash g‘alati tadbirlar qo‘llaydi. Oqibatda, odamlar bu narsalarni dinda bo‘lmasa ham, dinga aloqasi bor, deb tushuna boshlaydi. Ular dunyodagi barcha muammolarni shu folbin yoki duoxonlar hal qiladi, deb o‘ylaydi. Bo‘yi yetgan qiziga sovchi kelmayotgan onalar ham ularga murojaat etadi. Kechasi uyqusida cho‘chib ketadiganlar ham, boshqa turli dardlarga chalinganlar ham, ishi yurishmay qolgan tijoratchilar ham, biror narsasini yo‘qotib qo‘yganlar ham, tuzukroq mansabni mo‘ljallagan amaldor ham, qo‘li kelmay qolgan qimorboz ham, xullas, ko‘pchilik ularga murojaat eta boshladi. Falon joyda bir folbin chiqibdi, borganlar foyda topyapti ekan, u falonchiga unday depti, pistonchiga bunday depti, kabi shov-shuvlar tez tarqalib, odamlar o‘sha tomonga chopadigan bo‘ldi. Lekin shu folbin va sehrgarlarning mijozlari aqlni ishlatib, chuqurroq tafakkur qilib ko‘rmaydi. O‘zlari e’tiqod qilib, ko‘tar-ko‘tar qilayotgan odamlar kimlar, ularning “mo‘’jiza”lari nimadan iborat, bu haqda o‘ylab ham o‘tirmaydi. Qiziga sovchi chiqmay folbinga kelgan ona o‘sha folbin yoki duoxonning o‘zi beva ekani, oilasi buzilgan yoki yaqin kishilarida xuddi shu muammo borligini bilmaydi. Tuzukroq mansab ilinjida yurgan amaldor, bu odamning qo‘lidan mansabga ko‘tarish kelsa, o‘rnimga o‘zi chiqib olmasmidi yoki o‘g‘lini, qarindoshini ko‘tarib qo‘ymasmidi, deb o‘ylab ko‘rmaydi. Folbin, duoxon va boshqalar esa, kelganlarning hammasini qabul qilib, ularning boshini aylantirishda davom etaveradilar. Ularning ko‘plari jin urgan shaxslar bo‘lib, o‘zlaridan insonlarga, jamiyatga, el-yurtga tegayotgan zararni anglab yetmaydilar. Haqiqatan ham jin tekkani uchun ularda ba’zi narsalar paydo bo‘lishi mumkin. Lekin bu kasb qilib olinib, odamlarning boshlarini aylantirishga huquq beradigan fazilat emas, balki davolashga muhtoj darddir. Folbin va sehrgarlar zarari faqat odamlarning vaqti, sog‘ligi, moli va harakati bekorga ketayotgani bilan chegaralanib qolmaydi. Bu zarar jiddiy ijtimoiy ziddiyatlarga olib boradi. Buning eng kichigi odamlar o‘rtasida dushmanlik ruhi, ishonchsizlik tarqatishdir. Faraz qilaylik, bir inson folbinga boshi og‘riyotgani uchun murojaat qildi. Albatta, folbin uni tibbiy muolajaga buyurmaydi. U o‘zining sodda mijoziga: “To‘g‘ri, men ham sizni uzoqdan ko‘rib, shu odamning boshi og‘riyotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edim. Buni o‘zingiz tasdiqlab turibsiz. Endi biz bir ojiz odammiz, hamma narsa Yaratganning o‘zidan bo‘ladi, keling bir ko‘rib qo‘yay-chi”, deydi-da, o‘ziga xos xatti-harakatlar qilgach: “Sizga ilmu amal qilishibdi. Yo qarindoshlaringiz ichida yo mahallangizda yo bo‘lmasa ish joyingizda sizga nisbatan yomon niyatli kishilar borga o‘xshaydi. O‘shalar ilmu amal qilgan bo‘lsa kerak. Tuproqqa dam solib sochgan bo‘lishlari ham mumkin”, deydi. Shundan keyin boshi og‘riyotgan kishi hammadan shubhalanib, dushmanlar axtara boshlaydi. O‘zicha chora-tadbirlar ko‘radi. Natijada, jamiyatda o‘zaro dushmanlik va ishonchsizlik ortib boradi.

Ba’zi tuppa-tuzuk kishilar ham: “Ishonmaymiz-u, lekin bir borib qo‘yaveraylik-chi”, deb folbinlar huzuriga otlanadi. Bu ish to‘g‘ri emas. Mo‘min kishi barcha shubhali narsalardan uzoq yurishi lozim. Misol uchun, aroq ichmasa ham, ichganlarning oldida o‘tirishi mumkin emas. O‘tirsa, gunoh bo‘ladi. Shuningdek, folbinga ishonmasa ham, oldiga borish noto‘g‘ri ish hisoblanadi.

Folbinga borgan odamning unga ishonib qolish ehtimoli kuchayadi. Gunohga botishning oldini olish uchun folbinlarga umuman murojaat qilmaslik buyurilgan. Shariat bo‘yicha, biror ishni qilmoqchi bo‘lgan odam, avvalo, yaxshi o‘ylashi, o‘rganishi, biladiganlar bilan maslahat qilishi, shundan so‘ng Allohga tavakkal etib, ish boshlashi ko‘rsatilgan. Agar biror ishni qilish-qilmaslikni tanlay olmay hayron bo‘lsa, maslahatlardan so‘ng ham azmu qarorga kela bilmasa, istixora qiladi. Istixora deb, yotishdan oldin tahorat olib, niyat qilib, ikki rakat namoz o‘qishga aytiladi. Namoz oxirida istixora duosi o‘qiladi. Yotganida tushida biron-bir ishora bo‘ladi. Shunga qarab ish qiladi.

Shariatga muvofiq ish olib borgan odam oliy darajalarga erishadi. Shariatga xilof ish qilganlar esa, ikki dunyoda ham saodatga erisha olmaydi.

Mana, folbinlik, sehrgarlik va munajjimlikning hukmi va ularga tegishli xulosalar bilan tanishdik. Endi esa amal qilish kerak. Avvallari bilmay bu ishlarni qilganlar bo‘lsa, tavba etsinlar. Bu hukmlarni eshitmagan, bilmaganlar bo‘lsa, ularga ham aytib bildirsinlar. Alloh taolo barchamizni o‘zining to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin.

Aliakbar SAYFUDDINOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Surxondaryo viloyatidagi vakili,

Sherobod tumani “Imom Termiziy”

jome masjidi imom-xatibi



Категория: ISLOM VA DIN HAQIDA
Просмотров: 10255 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Islomda, sehr va folbinlik
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 06:53
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное