Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

O‘tish davri mashaqqatlari va rahbar fenomeni


Hammamiz hayotimizda “o‘tish davri”, “islohot” degan gap so‘zlarni ko‘p eshitamiz. “Islohot” so‘zini “reforma” degan shaklda ham qo‘llaymiz. Agar “reforma” so‘zining tub zamiriga e’tibor bersak “qayta shakl bermoq, o‘zgarishlar qilmoq” degan ma’noni anglash mumkin. O‘tish davri va islohot tushunchalari amalda bir-birini taqozo etadigan tushunchalardir.


O‘tish davri bu – jamiyatdagi mavjud qadriyatlar tizimining qayta baholanishi davridir. Bunday davr kechayotgan jarayonda ma’lum bir xalq, millat ongi, kundalik turmush tarziga singib ketgan, muayyan muddat davomida shakllangan qadriyatlar tizimiga baho berishi, kelajagi uchun zarur bo‘lgan qadriyatlar tizimini shakllantirishi va rivojlantirishi kerak bo‘ladi. Aynan, o‘tish jarayonida qadriyatlar tizimi qayta baholanadi va jamiyatning rivojlanishiga erishiladi.

O‘tish davrida qadriyatlar tizimining qayta baholanishi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning XII chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida 1992 yil 2 va 3 iyulda so‘zlagan, “Istiqlol yo‘li: muammolar va rejalar”deb nomlangan nutqida quyidagicha ifodalangan edi: “Endi bozor munosabatlariga o‘tishda muqarrar tarzda hisobga olinadigan yana bir masala- ijtimoiy ong, ijtimoiy psixologiya masalasini olib qaraylik.

Sho‘rolar davri, naqd 74 yil izsiz yo‘qoldi, deb o‘ylaganlar xato qiladi. Bu davrda shakllangan muayyan qadriyatlar bor. Kishilar ongiga ijtimoiy tenglik tushunchasi, yaxshi ishlasam ham, yomon ishlasam ham davlat baribir boqadi, degan mafkura kirib qolgan. Bunday yondashish kishilardagi tashabbusni bo‘g‘ib qo‘ydi. Hamma narsa- davlat mulki, degan aqida odamlarning miyasiga singdirilib, kishilar mulkdorlik, egalik tuyg‘usidan begona bo‘lib qolgan. O‘z mulki va moliga ega bo‘lmagan odamning ish deb jon kuydirishi juda qiyin. Bunday holat ishchilarning mehnatga intilishiga, shaxsiy rag‘batiga, ish natijasi uchun mas’uliyatini oshirishga salbiy ta’sir etishini hayotimizdagi ko‘p misollarda ko‘ryapmiz”.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning, Rossiyaning “Komsomolskaya pravda” gazetasining muxbiriga 1993 yil 12 fevralida bergan intervyusi “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang” deb nomlanadi. Keyinchalik hayotiy tamoyilga aylanib ketgan mazkur ibora zamirida ham vatandoshlarimiz ongiga singib ketgan, aslida insonning tabiatiga zid bo‘lgan “sotsialistik” (umummulkchilik) qadriyatlar tizimini buzib, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan yangi qadriyatlar tizimini shakllantirish mashaqqatlari ifodalangan edi. Bu tamoyil – yangi qadriyatlar tizimini shakllantirish o‘z o‘zidan yuz bermasligini, balki, uzluksiz mehnat va shijoat asosida, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan murakkab vaziyatlar sharoitida amalga oshirilishini anglatardi.

Mustaqil O‘zbekistonning oldida turgan birlamchi vazifa xalqimiz ongida milliy davlatchilik tafakkurini yaratish edi. Mustabid tuzum davrida millatimiz o‘zining haqiqiy tarixidan mosuvo bo‘lib, o‘zining shonli tarixidagi davlatchilik an’analaridan uzilib qolgan, kezi kelganda esa o‘z milliy davlatchiligini eplolmaydigan xalq sifatida tinimsiz kamsitilgandi. Bunday sharoitda xalqimiz ongiga milliy davlatchilik tamoyillarini singdirmasdan, mustaqil davlat barpo etish to‘g‘risida gapirib bo‘lmasdi.

Shu sababli O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov milliy davlatchilik g‘oyasini tezda idrok qildi va uni asosiy maqsad sifatida tanladi. Chunki milliy davlatgina o‘z erki, mavqei va sha’niga ega bo‘ladi. Shu o‘rinda, Faylasuf Aleksis Tokvil “Amerikada demokratiya” nomli tadqiqotida davlatchilik tiplarini tahlil qilib, muayyan davrlardagi o‘tish davrida aynan milliy davlatchilik murakkab vaziyatlardan olib chiqishini ilmiy asoslab berganligini ta’kidlash lozim.

Mana shunday “o‘tish davri”dek murakkab bir jarayonda kuchli davlatga ehtiyoj sezilishi tabiiy hol sifatida baholanadi. Bu jarayonni Birinchi Prezident Islom Karimov yuqorida keltirilgan intervyusida “Tarixning muayyan davrlarida, haqiqiy davlatchilik qaror topayotgan paytda, ayniqsa bir tizimdan ikkinchisiga o‘tish davrida, har holda kuchli ijroiya hokimiyati zarur. Qon to‘kilishiga va qarama-qarshilikka yo‘l qo‘ymaslik, mintaqada millatlararo va fuqarolar totuvligi, tinchligi va barqarorlikni saqlash uchun shunday bo‘lishi zarur, bu yo‘lda men jonimni fido qilishga tayyorman. Ta’bir joiz bo‘lsa, demokratiya sari harakat qilish uchun ham shunday bo‘lishi zarur”, deb alohida ta’kidlagan edi.

Mintaqamizdagi qo‘shni davlatlarda 1991 yildan keyingi voqealar rivoji ham bu tamoyilning naqadar to‘g‘ri ekanligini amalda isbotladi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov mamlakatga rahbarlik qilgan davrda umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimiga asoslangan mustaqil O‘zbekistonning rivojlanishiga poydevor qo‘yilib, ilg‘or demokratik tamoyillarga asoslangan milliy davlatchilik institutlari to‘liq shakllandi.

Mazkur demokratik tamoyillarga asoslangan milliy davlatchilik institutlarini qaror toptirishda “demokratiya o‘yinlari”ga emas, milliy manfaatlarga ustuvorlik berildi.

Bugungi kunda, davlat rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan mantiqiy izchillikka asoslanib “Xalqi boy bo‘lgan davlat, qudratli bo‘lur” degan tamoyilning olg‘a surilishi ham milliy davlatchilik rivojlanishidagi “Inson – oliy qadriyat” deb nomlangan hozirgi bosqichining mazmun mohiyatini to‘liq belgilab beradi.

Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan olg‘a surilgan “Inson – oliy qadriyat”degan tamoyilning zamirida ham tub milliy manfaatlar ifodalangani har bir vatandoshimiz uchun juda katta ahamiyatga ega ekanligini hech qachon yoddan chiqarmaslik kerak.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida mamlakatda mustaqillik davrida siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida shakllangan qadriyatlar tizimining mazmuniga qisqacha to‘xtalamiz.

(Davomi bor)

Obil Safarov



Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 2950 | Рейтинг: 0| Рейтинг: O‘tish davri
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 15:28
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное