O‘zbekistonlik kelinchakni Instagram’dagi ochiq-sochiq surati uchun eri o‘ldirishiga bir baxya qoldi
O‘zbekistonlik erkak rafiqasini bolasini emizayotib tushgan suratini Instagram ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirgani va bu surat WhatsApp, Telegram messenjerlarida tarqalib ketgani uchun o‘ldirishiga bir baxya qoldi. Mazkur surat va bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari orasida katta bahs-munozaralar kelib chiqmoqda.
Gap shundaki, yosh juvon ijtimoiy tarmoqqa bolasini emizayotgan holat aks etgan suratni joylashtirgan. Ayolning turmush o‘rtog‘i bu suratlarni ko‘rgach, unga pichoq bilan tashlanib, tanasining bir necha qismiga jiddiy jarohat yetkazgan. Shundan so‘ng, ayol eri tomonidan yetkazilgan jarohatlarni suratga olib ijtimoiy tarmoqqa joylashtirdi. Suratlardan ko‘rinib turibdiki, ayolning ahvoli u qadar yaxshi emas. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning aksariyati bu holatda yosh kelinchakni ayblashmoqda.
So‘nggi vaqtlar uyali aloqa telefonlari, ijtimoiy tarmoqlar er-xotin o‘rtasida oxiri yo‘q mojarolarning kelib chiqishi, mahalla ko‘y, qo‘ni-qo‘shni oldidagi sharmandagarchiliklarga, oxir oqibat guldek oilaning jar yoqasiga kelib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bugun kelinlar sepiga birinchi bo‘lib uyali aloqa telefoni solinyapti. Ta’lim va tarbiya berish o‘rniga, zeb-ziynatga ruju qo‘yish o‘rgatilyapti. Boshimiz borib devorga urilganida, qanchadan-qancha oilalar ajrashib, norasidalar yetim qolayotganda esa attang qilamiz.
Oila – muqaddas dargoh! Uning ertasini qandaydir matohlar, ko‘ngilxushliklar hal etmasligi kerak. So‘nggi xulosa o‘zingizdan...