Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » PSIXALOGIYA, OILA

Orzular ushaladi, ishoning!



Gulxumorning kelin bo`lganiga uch kundan oshib, to`rtinchi kun boshlandi. Qizlar to`rtta yaltir-yultur ko`ylakka uchib, turmushga chiqib ketaveradi, degani rost ekan. Bo`lmasa, orzulari osmon, Zebunnisodek shoira bo`lishni istagan 18 yoshli qiz bugun obdasta ko`tarib, hayajonlanib u yoqdan bu yoqqa chopib, ko`ylaklarining zarini to`kib, goh qo`lini kuydirib, goh tekis yo`lda qoqilib yurarmidi?

Hali uning hissiyotlari yangi, hali bu hayot yaxshimi yoki yomon, aniqlab olishga vaqti bo`lgani yo`q. Nimalar qilayotganini, kimga nima deyotganini tushunmayapti ham. Hamma uning chiroyli kelinchakligini aytadi, dasturxonidan shirinlik olib qaytadi. Gulxumor esa barchaga birdek kulib qarashga, ko`nglini olishga harakat qiladi.

Kechki ovqat paytida o`n besh jonga mos dasturxon tuzaldi, ularning har biriga uchtadan idish ketsa ham, ularni yuvish marosimi 45 daqiqaga cho`ziladi. Ora-sira mehmonlarni kuzatish esa undan ham ko`p vaqtni oladi. Oxiri tarvuz so`yilgan laganni yuvib bo`lgach, engil tin oladi. Qaynota-qaynonasi tomon javdiraydi. Qaynota xorij telekanalidagi portlash oqibatida yakson bo`layotgan shahar haqidagi jurnalistlarning ehtirosli gaplariga mahliyo. Qaynona esa katta kelinining bolasini tizzasiga o`tkazib olganicha rasm chizdirish bilan band. Ular atayin emas, shunchaki yangi kelinchakni unutib qo`ygandek, «Kelinposhsha, uyingizga kiraqoling», demaydi. Kelinchak ko`zlari bilan soatni axtaradi. Kiyimini almashtirish bahonasida xonasiga kirib chiqsamikan? Yo`q, negadir bunga jur`at etolmaydi. Onasining «Hadeb xonangga kirib olaverma!» degan nasihatiga amal qilishni burchi deb biladi. Oshxonadagi soat millari 22:00ni ko`rsatadi. Ko`cha eshigi jiringlaydi. Uyning an`anasiga muvofiq, qaynota borib eshikni ochadi. Ikki o`g`il kirib kelishadi. Qizaloq dadasiga quchog`ini ochib yuguradi, mullakasi bolasini bag`riga oladi. Ovsini ham uning qoshiga peshvoz chiqadi. Gulxumor oldinga yurishga iymanadi, yangi kuyov esa boshini xam qilganicha yog`och so`riga borib o`tiradi. Kelinchak ularga yana boshidan choy, ovqat tayyorlaydi, yana tarvuz so`yadi. Yana bo`shagan idishlarni yig`ishtirib oladi. Ovsini Gulxumorga yordamlashadi, ora-sira «bular (o`zining turmush o`rtog`ini nazarda tutadi), ko`k choy emas, achchiq pamil choy ichadilar, bular non emaydilar» kabi maslahatlar, tushuntirishlar berib turadi. Kelinchak «ha-a, ha-a» degancha yodda saqlashga harakat qiladi. O`zining turmush o`rtog`i nimalarni yoqtiradi, unga qanday muomala qilish kerak — shularni so`ragisi keladi-yu, uyaladi. Erkaklar va qaynonasining suhbati 23:30gacha cho`ziladi. Ungacha kelinlar bir chekkada televizorga termulgancha o`tiraverishadi. Uydan ovsinining bolasi tovush chiqargani uchun katta kelin yugurib kirib ketadi. Gulxumor yolg`iz qoladi. Kuyovning nigohini axtaradi, turmush o`rtog`i uning bor-yo`qligiga ahamiyat ham bermaydi. So`ng hamma o`z xonasiga tarqaladigan payt keladi. «Ming bor shukr», deydi ichida uch kunlik kelinchak. Avvaliga turmush o`rtog`i uyga kirib ketadi. U bir sidra yuvingan bo`lib, so`ng botinmaygina xobgohga kiradi. Turmush o`rtog`i kiyimlarini ham almashtirmasdan orqa o`girgancha yotgan bo`ladi. Gulxumor hozirgi qizlardan emas, u qadriyatlarni mahkam ushlagan. Turmush o`rtog`i bilan hatto yuzma-yuz qolganda ham ismini aytib chaqirmaydi. «Assalomu alaykum», deydi titrab, g`o`ldirab... U tomondan javob bo`lmaydi. «Charchamadingizmi?» deydi yutinib. Yana javob bo`lmaydi. Kelinchak «Nahotki besh daqiqa ichida uxlab qoldi?» deb o`ylaydi ichida. Tilla taqinchoqlarini echadi, kiyimlarini almashtiradi. Karavotga omonat cho`ziladi. Hozirgina uyqusi kelayotgandi, endi esa xuddi ikkinchi nafasi ochilgandek, o`zini toliqmagandek his qiladi, lekin ruhiyatidagi tushkunlik vujudidagi engillikni bosib ketadi. «To`yga rozi bo`lmaslik kerak edi, Toshkentga ketish kerak edi, o`qishga topshirish kerak edi!!!» Gulxumor allamahalgacha o`zi bilan o`zi olishib yotadi. «Hali ham kech emas!!!» degan qarorga kelgan vaqtda uyqu uning ichidagi g`alayonni enggadi...

Soat tonggi to`rt. To`rt kecha-yu to`rt kunduz o`tdi. Gulxumorning kelin bo`lganiga to`rt kundan oshib, beshinchi kun boshlandi. Qo`shnining ko`chasini ham supurayotgan mahalda, oq ipni qora ipdan ajratishning imkoni bo`lmagan tong qorong`usida o`ziga o`zi savol beradi: «Farhod Moniydan naqqoshlikni, Boniydan sangtaroshlikni o`rganganmidi yoki Qorandanmi?» «Farhod va Shirin»ni Navoiy nechanchi yil yozgan edi?» Nahotki, bir yillik mehnati, yod olganlari, o`qiganlari shunchalik tez esidan chiqib ketdi? Agar imtihon kuniga ruxsat ololsa, natijalari yomon chiqsa, hamma ustidan kulmaydimi? Yaxshilab o`qimaganiga, endi hech qachon o`qiy olmasligiga achinib, o`zini o`zi koyiydi.

Kun yana takrorlandi. Ikki mahal ovqat, kelganlarni kutib olib, ketganlarni kuzatib qo`yish bilan kech tushdi. Darvoqe, bitta yangilik: kuyovning katta ammasi ertaga uyida yangi kelin uchun chaqiriq qilar ekan. O`sha yoqqa mehmonga boriladigan bo`ldi, Gulxumorga biror patnis to`ldiradigan pishiriq tayyorlash vazifasi topshirildi. Rosti, har doim o`ng qo`lini o`ynatib tayyorlaydigan tvorogli pishirig`i pishib, ustiga qand upasi sepgunga qadar hayajonlanib, «Yaxshi chiqsin, shishib pishsin», deb necha martalar duo qildi bir o`ziga, bir Xudoga ayon. Turmush o`rtog`i va mulla akasi kirib keldi. Tabiatan quvnoq aka «O-ho, oshxonadan nimaning shirin hidi chiqayapti, qani olib keling-chi, kelinposhsha!» dedi. Gulxumor taraddudlanib qoldi. Qaynonasi «Olib kelavering, ertaga boshqatdan pishirarsiz», dedi jilmayib. Gulxumorning mustaqil tayyorlagan birinchi pishirig`i sinovdan o`tdi, hamma maqtab edi, turmush o`rtog`idan sado chiqmadi, unga berilgan bo`lakni og`ziga ham olmadi. Gulxumor kuyovini kuzatdi. U oilaning boshqa a`zolari bilan gaplashadi, hatto kuladi, hazillashadi, jiyanini erkalaydi. Lekin o`z kelinchagiga nisbatan umuman bee`tibor. «Shaharda 6 yil o`qigan, ishlagan, yashagan yigit meni o`ziga munosib ko`rmaydi-da. Balki kimnidir qattiq sevgan. Men unga kulgili qiz bo`lib ko`rinsam kerak. Shuning uchun mulla akam bilan birga do`konga ketib, unga qarashganini bahona qilib, kech qaytadi. Yuzimga tuzukroq qaramay, uylangan, menga ters o`girilib yotadigan, hatto yangalarni ham aldagan kuyovning asl maqsadi nima? Nima qilay? Hech kimga aytmay to`g`ri qilayapmanmi?» Gulxumor shular haqida to yana xobgohga kirishga ruxsat bo`lguncha o`ylayverdi, o`ylayverdi... Tushlikda dam ololmagani, erta turib, kech yotayotgani hammasi bir bo`lib, charchoqqa aylandi-yu butun vujudini iskanjaga oldi. Biroq yana kechagi holat takrorlandi. Xonasiga kiriboq o`zida yangi tug`ilgan kuchni sezdi. Yana uxlab qolgan, ehtimol o`zini uxlaganga solgan kuyovining ro`parasiga borib uzoq termulib o`tirdi. Piq-piq yig`lay boshladi. «Uyg`onar, e`tibor qaratar» degan maqsadi ham bor edi bu xo`rlik yig`isining. Lekin yigit «uyg`onmadi».

Gulxumor shkafiga yashirib qo`ygan kundaligini oldi. O`sha har doim dilida saqlagani, yod olgan gaplarini takrorlab yoza boshladi: «Cevgi ham hurmat, ham qat`iy ishonch, ham tan harorati, ham dil otashi, ham yurak tepkisi, ham ko`zlar yolqini, vujudni parchalovchi kuchli bir intilish, sadoqat-la tillashish, o`zingni kimgadir ega va yana o`sha kimgadir tobe` kabi his qilish, asov otdek bo`ysunmas MENni nazokat-la tutqazish, uning xayoli va uning hayoti bilan yashamoq va o`zni har qachongidan baxtli his qilmoq...

Men shunday muhabbatni umid qilgandim, bilmayman, o`qish haqidagi orzum sob bo`layozdi, endi baxt ham tutqich bermasligi rostga o`xshab qoldi»

Toshoynaning oldida shularni yozib turib uxlab qoldi...

Soat to`rt bo`lganida soat bong urdi, kelinchak seskanib uyg`onib ketdi. Boshini ko`tarishga zarra ham madori yo`q, lekin amallab turdi. Karavotning narigi tomoniga istamaygina qaradi. Turmush o`rtog`i yo`q! Apil-tapil kiyindi, hovliga chiqdi, yuvindi. Supurgi, hokandozini olib ko`chaga chiqdi. Ajabo, turmush o`rtog`i katta supurgini olib, qo`shnining darvozaxonasini ham tozalab yuribdi. Ko`zlariga ishonmadi, boshqa birovmikan deb ikkilandi hatto. «Hoy» deb ovoz berib ko`rdi qorong`uda. «Men o`zimman» dedi turmush o`rtog`i ham g`udranib.

— Assalomu alaykum, — dedi qo`rqibgina Gulxumor.

— Yaxshi dam oldingizmi? — ovozi dadillashdi kuyov bolaning.

— Rahmat, o`zingiz-chi? — shivirlagandek tuyuldi kelinchak.

— Siz she`r yozasizmi?

— Oz-moz…

— Bu yil filologiyaga topshirmoqchimidingiz? — kuyov kelinchak tomon ikki qadam tashladi.

— Ha... — Gulxumor kundalikda shu kungacha nimalar yozganini eslashga urindi, kuyov barini o`qib chiqqaniga hech shubha yo`q edi-da…

— Hujjat qabul qilish yana ikki kundan keyin to`xtaydi. Bugun tushdan so`ng Toshkentga ketamiz. Hujjatlaringiz tayyormidi?

— Yo`q, to`y bir oyning ichida bo`lib ketdi, ulgurolmadim...

Tushdan keyin kuyov mashinaning boshqarib, kelinchak orqa o`rindiqda Toshkent tomon yo`l olishdi.

Gulxumor kelin bo`lganiga 40 kun bo`lganida talaba ham bo`ldi. Ta`tili tugashi bilan Toshkentga jo`nab qolishni ko`zlagan, bir turmush ko`rib, so`ng ajrashgan hamkasbiga ko`ngil qo`ygan kuyovto`raning rejalari o`zgarib ketdi. Ish joyini o`zgartirdi, shaharda ham do`koncha ochdi, axir u endi talaba va ijodkor rafiqasini har tomonlama qo`llab-quvvatlashni burchi deb bilardi. Gulxumorni o`zi bilan olib ketdi va hech qachon ajralmadi. Bugun Gulxumor yosh ijodkor qizlarga beriladigan davlat mukofoti sohibasi, ikki bolaning onasi, qator kitoblarning muallifi, turmush o`rtog`ining sevimli yori...

 


Категория: PSIXALOGIYA, OILA
Просмотров: 6792 | Рейтинг: 1| Рейтинг: Orzular, oila
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 00:25
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное