Rossiyada koronavirus yuqtirib olish bo‘yicha 61 ta yangi holat qayd etildi
Rossiyada COVID-19’ga chalinganlik bo‘yicha 61 ta yangi holat qayd etildi. Bu haqda tezkor shtab bergan ma’lumotga asoslanib “RBK” xabar berdi. Eng ko‘p kasallanganlik holati Moskvada qayd etilgan – 54 ta. Koronavirus yuqtirib olganlar orasida xorij davlatlarining fuqarolari ham bor. Shuningdek, kasallanish holatlari Novgorod (1 ta), Kirov (2 ta), Arxangelsk (1 ta), Bryansk (1 ta) viloyatlarida hamda Udmurtsk Respublikasida (2 ta) ham kuzatilgan. Tezkor shtab ma’lumotlariga ko‘ra, kasallanganlar koronavirus tarqalgan xorij davlatlarida bo‘lib qaytgan. Ular kasalxonaga yotqizilgan va infeksion xonalarda saqlanmoqda. Yangi kasallanganlarni qo‘shib hisoblaganda Rossiyada koronavirus yuqtirib olganlar soni 367 nafarga yetgan. Moskvaning o‘zida COVID-19’ni yuqtirganlar 191 nafarni tashkil qiladi. 20-mart holatiga ko‘ra, 52,7 ming nafar odam tibbiy kuzatuvlar ostiga olingan, pandemiya boshlanganidan beri 104,5 ming nafar odam koronavirus gumoni bilan shifokorlarga murojaat qilgan. Rossiyada koronavirus tufayli bir nechta yo‘nalishlarda cheklovlar o‘rnatilgan. Xorijdan kelganlarning hammasi o‘z uyida ikki haftalik karantinda bo‘lishi belgilangan. Fuqarolar kasallik alomatlari sezilganda zudlik bilan shifokor chaqirish zarurligi qayd etilgan. Bundan tashqari Rossiya hududida yuqori darajadagi safarbarlik rejimi e’lon qilingan. Ko‘plab maktab va OTMlarda masofaviy ta’limga o‘tilgan, shuningdek barcha ommaviy tadbirlar bekor qilingan. Koronavirus yuqtirib olish holatlarining yarmidan ko‘pi qayd etilgan Moskva shahrida kasalxona va maktablarga borish cheklab qo‘yilgan, basseynlar, fitness-markazlar va boshqa obyektlar yopilgan. Hukumat ayni kunlarda mamlakatda amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar koronavirus infeksiyasining hozirgi tarqalish holatini bartaraf qilish uchun yetarli darajada ekanini ma’lum qilgan. Avval O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xorijiy fuqarolarning RF hududida vaqtincha bo‘lish muddatlarining uzaytirilgani yuzasidan izoh bergani, koronavirusning Markaziy osiyolik migrantlarni Rossiyaga “qamab qo‘ygani”, Rossiyada harbiylar va mahbuslar tibbiyot niqoblarini ishlab chiqarishga jalb etilishi hamda Rossiyada koronavirusning to‘rtinchi testi ishlab chiqilayotgani haqida xabarlar berilgan.