Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

“Sevgi iztirobi”dan orttirilgan asoratlar badalini ko‘p yillar to‘laymiz

Inobat Matyoqubova, “Qalampir.uz” internet nashri bo‘lim muharriri Barcha sohalarda yangicha yondashuv bilan maydonga chiqqan O‘zbekiston tashqi munosabatlarda ham bir qadar noodatiy mezonlarga tayanmoqda. Yangicha ma’no va mazmun kasb etayotgan mustahkam aloqalar samarasi o‘laroq, bugun telekanallarimizda turk seriallari yana o‘zining munosib o‘rnini egallab bormoqda. Seriallar haqida gap ketganda, tomoshabinlar orasida turk seriallari muxlislari ko‘plab topilishiga shubha yo‘q. Boisi, bugun ko‘cha-ko‘yda, o‘qishda, ishda, hattoki, maktabda, boringki, o‘zaro gap-gashtaklarda ham buning guvohi bo‘lish mumkin. Tan olish kerak, turk kino ijodkorlarining bu boradagi faoliyati, erishgan yutuq va muvaffaqiyalari havas qilsa arzirli. Ular tomonidan tayyorlanib, taqdim etilayotgan kinofilm va seriallar ichida tahsinga loyiqlari juda ko‘p. Ayniqsa, turk xalqining buyuk o‘tmishini, boy madaniyatini, an’ana va qadriyatlarini targ‘ib etadiganlari talaygina. Ammo, biz e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan jihat boshqa. Aslida ularda ilgari surilayotgan har qanday g‘oya ham to‘g‘rimi? Aniqrog‘i, biz zo‘r ishtiyoq bilan tomosha qilayotgan ayrim seriallar o‘zbek xalqining milliy ma’naviyatiga, mentalitetiga mos keladimi? Qiziqishlarimiz deb qadriyatlarimizga putur yetmayaptimikan? Xayolimda tinmay charx urayotgan og‘riqli savollar meni ushbu maqolani yozishga undadi. Bugun Navoiy va Bobur haqida so‘rasangiz iymanibgina yerga qaraydigan maktab bolasi ham Kamol va Nihon, Amir va Zaynab degan ismlarni zavq bilan tilga oladi. Mabodo, vaqtingiz bo‘lmay, o‘tkazib yuborgan qismlaringiz bo‘lsa, shu qadar mahorat bilan aniq va lo‘nda bayon qilib berishadiki, ularning xotirasiga muhrlangan so‘zlarni xuddi qahramonning o‘zidan eshitayotganday bo‘lasiz. Ha, ha, ishonavering, bu ayni haqiqat! Buning ustiga, ularga o‘xshashga, ularday bo‘lishga intiladiganlarini aytmaysizmi? Agar u qadar yaxshi eslay olmayotgan bo‘lsangiz, yo‘q, to‘g‘rirog‘i, adashtirayotgan bo‘lsangiz, bu “ZO’R TV” telekanali orqali namoyish etilayotgan o‘sha mashhur turk seriali “Sevgi iztirobi” (“Kara sevda”)dagi qahramonlarning nomlari. Bu “qahramonlar” ko‘plab kino muxlislarining, ayniqsa, turk seriallari ishqibozlarining ko‘ngliga shu qadar yaqin bo‘lib ketdiki, hatto, oramizda sevimli qahramonlarining taqdiri uchun qayg‘urib, ko‘z yosh to‘kayotganlar ham topiladi. Bu gaplarni aytib kimningdir jig‘iga tegmoqchi, yoki serial ko‘rmang demoqchi emasman. Faqatgina ko‘rayotgan narsangizni birozgina fikr chig‘irig‘idan o‘tkazib tomosha qiling-da. Yoki kiygan kiyimi, yashayotgan uyi, haydayotgan mashinasi chiroyli bo‘lsa bo‘ldimi? Biron marta o‘ylab ko‘rdingizmi, bu jimjimador hashamat ortidagi qahramonlardan nimani o‘rganyapmiz? O‘zimiz bilmagan holda, ularning qanday qarorini qo‘llab-quvvatlayapmiz, eng yomoni, qaysi hislatlaridan o‘rnak olyapmiz? A, labbay, men ularning xatti-harakatini yoqlamayman deysizmi? Xo‘sh, unda birovning nikohida bo‘la turib, boshqasi bilan “ko‘ngilxushlik” qilayotgan va buni “sevgi iztirobi” deb atayotgan, o‘z muhabbati uchun singlisini qurbon qilgan yoki kelin bo‘lib tushgan xonadonining kuyovi bilan “ishq o‘yini” o‘ynayotgan “qahramon”larning qaysi jihati bizni o‘zigi ko‘proq mahliyo etib qo‘yyapti? Nega ularga nafrat bilan emas, aksincha, havas bilan, gohida esa ularning ayanchli taqdiriga o‘kinch bilan termulamiz? Qachondan beri o‘z jufti-halolidan kechib, o‘zganing oilasini buzayotganlar biz uchun “xaloskor”ga aylanib ulgurdi?! Axir muqaddas dinimizda oilani buzish eng katta gunoh sanaladi-ku! Har qanday sabab bo‘lmasin, xiyonat hech qachon oqlanmaganini nahotki bilmasak? Esingizda bo‘lsa bir paytlar o‘sha turk kino ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Choliqushi” seriali efirga uzatilgan edi. Buyuk turk adibi Rashod Nuri Guntekin asar qahramoni timsolida ayollik nafosatini, matonatini, sabru-bardoshini, sadoqatini shu qadar mahorat bilan ochib berganki, bunday jasorat oldida har qancha bosh egsa, ibrat olsa, boringki, “qahramon” qilsa arziydi. Ana endi bir tasavvur qiling, bugun biz “dardiga sherik bo‘layotgan” serial qahramonlarining bizga o‘rnak bo‘layotgan jihatlarini. Nazarimda, masalaning bu tomonini hamma ham o‘ylab ko‘rmasa kerak. Sababi, tomoshabin sinchkov, zukko bo‘lganida edi, yaltiroq qog‘ozga o‘ralib taqdim etilayotgan “og‘u”ning domiga bu qadar tez tushib qolmagan bo‘lar edi. Bundan 10 yil avval efirga uzatilgan “Ishq ertagi” turk serialini tomoshabinlar yaxshi eslaydi. Ushbu serialda aka-uka, ota va o‘g‘il munosabatlari bizning xalqimizga yaqin holda ko‘rsatib berilgan edi. Arxanlar oilasining o‘z xizmatkori bilan quda bo‘lishi, oila boshlig‘ining yoshlikda qilgan xatolari keksayganida bo‘yniga omoch bo‘lishiyu oilani o‘yinchoq bilishning ayanchli oqibatlari ko‘rsatilgandi ushbu serilda. Bu serial suratga olinganiga 14 yil, uning O‘zbekiston telekanallarida namoyish etilganiga esa 12 yil to‘libdi. O‘shanda ham xalqimiz oriyatni, qadriyatlarni birinchi o‘ringa qo‘yardi va bu tushunchalar hamon o‘zgargani yo‘q, o‘zgarmaydi. Yo bo‘lmasa “Kelin”ni olaylik. Bundan 7 yil avval efirga berilgan, shu kunlarda qayta namoyish etilgan serial ko‘p jihatdan ayolarimizga, qizlarimizga o‘rnak qilib ko‘rsatsa arzigulik edi. Undagi insonlar o‘rtasidagi mehr-muhabbat, oila muqaddasligi har qanday xalqda ulug‘lanishi, shak-shubhasiz. Seriallar haqida gap ketganda ma’lum muddat davomida TV ekranlarni yoppasiga egallagan koreys seriallarini eslab o‘tmaslikning ilojisi yo‘q. “Saroy javohiri”, “So‘nggi qirolicha” seriallari ham bizga mosligi, ham g‘oyaviy jihatdan durustligi bilan ajralib turardi. Biroq “Jumong”dan nima oldik, boshqalaridanchi? Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida bugungi davrda mafkuraviy poligonlar yadro poligonlaridan xavfliroq ekanini alohida ta’kidlagani yodimga tushadi. Bugun TV ekranlarida namoyish etilayotgan ayrim seriallar, xususan “Sevgi iztirobi”ni ko‘rib shu fikr xayoldan o‘tdi. Biz oddiy serial-ku deb qarayotgan TVdagi odobsizlik zamonlar o‘tib asoratini ko‘rsatishini taxmin qilmayman, aniq ayta olaman. Bu haqida gap ochilsa, TV ijodkorlari, serialni namoyish etishga bosh-qosh bo‘lganlar tarbiyani TVdan, serialdan axtarmang, deyishi mumkin va ular bu borada 100 foiz haqlilar. Bugun TV tarbiya bera oladigan kuchga ega emas, boisi unda chiqayotganlarning ko‘plariga tarbiya kerak. Biroq masalaning ikkinchi tarafi bor. Biz qachongacha tarbiyani TVdan olma, tarbiyani konsertdan qidirma, deb yashaymiz. Aytaylik, shu serialni farzandlari bilan ko‘rib o‘tirgan ota-onaning aql-xushi joyida emas. Kattalarning farosatsizligi badalini nima uchun farzand to‘lashi kerak? Ishontirib ayta olamanki, har 10 oiladan 7 tasida ushbu serial farzandlar davrasida ko‘rilyapti. Xususiy telekanallar ko‘proq tomoshabin to‘plash, daromad topish maqsadida “Sevgi iztirobi” kabi seriallarni namoyish etishni kanda qilmayotgandir. Biroq mutasaddilarning, milliy ma’naviyat deb bong uradiganlarning ko‘zi qaerda? Qiziq, yoshlar ma’naviyatini Rayhon va Lolaning 3 daqiqalik klipi buzyaptimi yo xorijdan kelayotgan seriallarmi? O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat-targ‘ibot markazi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasidagilar nima bilan ovora, ularga nega jim qarab turibdi? Prezident jamoatchilik nazoratini kuchaytirish haqida gapirganda aynan shunday ma’naviy tahdidlarga qarshi turishni nazarda tutmaganmidi? Turklar serial borasida bizdan ancha oldinda. Hali-beri ularga yetib olomasak kerak. Lekin yetib ololmas ekanmiz, deb ular nimani bersa o‘shani xalqimizga uzataverishimiz adolatdanmi? Har holda arzonning sho‘rvasi tatimasligini, tekin pishloq esa qopqonda bo‘lishini xayoldan qochirmasak, yaxshi bo‘lardi. Qopqonga tushganimizdan keyin undan chiqishimiz uchun yillar, ishonavering yillar xarj etamiz. Demadi demang, balog‘at ostonasida turgan yigit-qizingiz bu kabi “ishq o‘yin”larini sevgi, muhabbat deb atasa gaplarimni eslaysiz.


Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 10384 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Sevgi Iztirobi
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
farhod8483 ha tog'ri erinmasdan uqib chqdim
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 00:07
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное