Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. Kelin - Soundtreck (Hind serial)
. Yoz Ifori - Soundtreck2
. Saroy Javohiri-Soundtreck3
. Vorislar - Narin ne (serial korea)
. Yoz Ifori-Soundtreck
. Pazanda - Soundtrack
. Mohim - Oq Ro'molim (OST Meni Kechir)
. Sherlock Holmes - soundtreck (offical)
. Ishdagi Ishq - Нас в набитых трамваях
. Pazanda - Im Loving You
. Iyun Oqshomi - Yagmur (soundtreck)
. Ko'sem - Soundtreck music (Turk serial)
. Oppog'oy Zamonaviy talqinda-Белоснежка.2012 (soundtreck)
. Qaqnus - Soundteck (korea)
. Saroy Javohiri-Soundtreck4
Главная » Файлы » KINO YANGILIKLARI

Ulug‘bek Qodirov va Majnun filmi rejissyori o‘rtasidagi mojarolar qanday yakun topdi?

“Majnun” filmi bilan bog‘liq mojarolar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylanib, muhokamalar tobora jiddiy tus ola boshladi. Bunga aktyor Ulug‘bek QODIROVning “Instagram” tarmog‘idagi shaxsiy sahifasiga birgina “Majnun” bu – so‘nggi rolim bo‘lishi mumkin edi...” degan birgina kinoyali izoxi sabab bo‘ldi. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida aktyor Ulug‘bek Qodirov hamda rejissyor Jahongir Ahmedovni ogohlantirmay, ikkovini bir vaqtga suhbatga chaqirdik. Kelishilgan vaqtga yetib kelgan ikki ijodkor bir-birini ko‘rgach, avvaliga suhbatdan bosh tortishdi. O‘zaro yuzaga kelgan norozilik tobora avj olib, muxlislarning bor e’tibori yangi filmning mazmun-mohiyatini anglash emas, balki ijodkorlarning mojarosiga qaratilayotganini tushuntirganimizdan so‘nggina g‘azablarini biroz jilovlab olishdi... 
 
— Avvalo ikkingizni ogohlantirmay, bir vaqtga chaqirganim uchun uzr so‘rayman. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida shu yo‘lni tutishga majbur bo‘ldim. Aslida kelishmovchilikka nima sabab bo‘ldi?
Ulug‘bek Qodirov: — (Jahl bilan) Bu savolga rejissyor javob bersin. Nega qo‘ng‘iroqlarimga javob bermaydi?
Jahongir Ahmedov: — Agar menga Ulug‘bekdan qo‘ng‘iroq bo‘lganida albatta javob bergan bo‘lardim.
— Kim kimga qo‘ng‘iroq qildi, nega javob bermadi, kabi savollar bilan maydalashish kelishmovchilikni avj oldirsa oldiradiki, sira chek qo‘ymaydi. Ulug‘bek aka, film suratga olinishidan avval ssenariyni boshidan oxirigacha o‘qiganmidingiz?]
U.Q.: — Albatta! Ssenariyni o‘qib, menga taklif qilingan rol manzur kelgani bois suratga tushishga rozilik bildirganman. Lekin rejissyorga bergan birinchi savolim shunday bo‘lgan: “Bo‘rilar bilan bog‘liq sahna qanday suratga olinadi?” 
J.A.: — O‘shanda sizga aytgan javobimni o‘z og‘zim bilan aytishim mumkin. “Yirik planda o‘zingizni tasvirga olamiz, bo‘rilar o‘rnida esa ularga o‘xshash itlar bo‘ladi va kaskadyordan foydalanamiz”, deganman. Buni yashirmayman, o‘sha javobni aytganimdan tonmayman ham. 
U.Q.:  — Lekin shu gap gapligicha qoldi. Suratga olish maydonchasida na kaskadyorni va na itlarni ko‘rdim. Atrofni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirib, ochig‘i hayratimni yashira olmadim. Nima bo‘layotganini so‘rab, “Rolingizni o‘zingiz ijro etasiz!” degan javobni oldim. Bu odam o‘zini jarlikka tashlashdan boshqa narsa emas, axir. Nega avvaldan kelishilgan gapning amaldagi isbotini ko‘rmayotganimga izoh talab qilganimda, “Itlarni olsam, film ishonarsiz chiqar ekan. Keyin sizni gavdangizdagidek kaskadyor topolmadim”, deydi. “Izlagan topar imkon, izlamagan bahona”, deganlari shu bo‘lsa kerak-da... Oramizdagi dastlabki baxsga shu sabab bo‘ldi. Besh soatlik tortishuv, asab buzarlik hozir aytishga oson. Oltita bo‘rini orasida qo‘rquvni chetga surib qo‘yib, rol ijro etishni tasavvur qilyapsizmi?  
— Avvaliga bo‘rilar bilan olinadigan sahnada ishtirok etishdan bosh tortibsiz. Oxirigacha kaskadyor talab qilsangiz bo‘lardi-ku!
U.Q.:  — Suratga olish maydonchasini tashlab ketishga g‘ururim yo‘l qo‘ymadi. “Ulug‘bek aktyor bo‘la turib, shu sahnani o‘ynolmay qochib ketdi” yoki “aktyorlarimiz shunday xatarli sahnalarni o‘ynolmaydi”, degan gap-so‘zlarga qolishni istamadim. Rosti jahl ustida qanday shaxd bilan liboslarimni kiyib, “motor!” deganimni bilmay qoldim. 
J.A.: — Ochig‘i, ijodiy guruh ham, men ham suratga olish bekor qilinadi, degan o‘yda edik. Oxiri “texnikalarni yig‘inglar”, deganimni bilaman, kutilmaganda Ulug‘bek “motor”, deb qoldi. Shashtini qaytargim kelmay ishni davom ettiraverdim.
U.Q.: : — Bilasizmi, menga nima alam qildi. Aynan shu sahnani rejissyor “Ertaga suratga  olamiz, indinga ko‘chdi”, qilib cho‘zib yurib-yurib, suratga olishning eng so‘nggi kuniga taqagani. 
— Ulug‘bek aka, rejissyorning o‘zi qarshingizda o‘tiribdi. Nega menga qarab gapirasiz?
U.Q.:  — Qarashim shart emas, ovozim eshitilyapti. 
J.A.: — Tushunmadim, men nega o‘tiribman?! (Rejissyor shaxd bilan o‘rnidan turib ketishga chog‘landi. Maqsadimiz ularni murosaga keltirish bo‘lgani bois bunga yo‘l qo‘ymadik. Ikkisi ham asabini jilovlab olgach, suhbatni davom ettirdik)
U.Q.:   — Boya gapim chala qolgandi. Latifa aytib bermoqchi edim (kuladi). Bir rejissyor aktyorga “mana shu baland ko‘prikdan pastga sakraysan”, debdi. Aktyor “Ie, o‘laman-u” desa, rejissyor “oxirgi kadr-ku!” dermish.  
— Ulug‘bek aka, yaxshigina vazn tashlabsiz...
U.Q.:   — (Norozi ohangda) Ha-a, ijodiy jamoa maza qilib ovqatlanayotganida, men bir burchakda salat tanovul qilish bilan kifoyalanardim. 
J.A.: — Bir sirni ochay, Ulug‘bek studiyaga kirib kelgach, o‘zimga o‘zim “tamom bo‘ldim”, degandim. 126 kilogram vaznli aktyor filmimning bosh qahramoniga to‘g‘ri kelmasdi-da. Endi shu rolga mos aktyorni qaerdan topaman, degan savol o‘ylantira boshlagandi. Ulug‘bekni professionalizmingizga qoyil qoldim, bir oyda yaxshigina vazn tashladingiz.  
— Hamma hayvonni qo‘lga o‘rgatsa bo‘ladi, lekin bo‘rilarni emas. Ularni qaerdan topdingiz?
J.A.: — Ochig‘i, o‘nlab bo‘riga o‘xshash itlar ko‘rsatishdi. Rejissyor sifatida ularning birortasini bo‘ri, deya qabul qilolmadim. Chunki itlarning ko‘zida bo‘rinikidek vahshiylikni ko‘rmadim. Bo‘rini aynan kimdan topganimni aytolmayman, chunki o‘sha odamni hadeb bezovta qilishlarini istamayman.
U.Q.:  — Agar o‘sha haqiqiy oltita bo‘ri bo‘lmaganida hozir shu yerda tortishib o‘tirmagan bo‘lardik. Baxtim shunda bo‘ldi-ki, bo‘rilar odamga biroz bo‘lsa-da o‘rgangan ekan. Lekin vahshiy baribir vahshiyligini qiladi. 5 metr oraliq masofa bilan rol ijro etdim. Bo‘rilar bilan har xil rakursda suratga olindi. Taxta va arqonlar bilan bo‘rini ushlab turishdi. Eng xavfli sahna bu – bo‘rini o‘tovni atrofida aylangani edi. Faqat o‘zimni emas, barcha ijodiy jamoaning xavfsizligi haqida qayg‘urganimdan nizo kelib chiqdi. Rosti, bo‘rilar irrillaganda yuragim boshqacha ura boshlagandi, buni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan film “treller”larini ko‘rganimda shu xotiralarim gavdalanib, g‘azabim qo‘zg‘adi-da. Yana o‘sha muhitga qaytgandek bo‘ldim. Sudga berib yo janjal qilgim kelmay, intsagram orqali rejissyorga bo‘lgan munosabatimni “Rahmat...” deya kinoya bilan bildirgandim.  
— Jahongir aka, xavfsizlikni ta’minlash bu sizning vazifangiz edi!
J.A.: — O‘ynashing shart, deb ikki oyog‘imni bir etikka tiqib olganim yo‘q, axir. To‘g‘ri xavfsizlikni ta’minlashim kerak edi. Ulug‘bekni vajohat bilan bo‘rilar orasiga kirib, rol o‘ynayotganini ko‘rib, shu sahnani suratga olishga ishtiyoqim yuqorilik qildi, chog‘i. 
U.Q.:  — Suratga olish tugagach, birga montaj qilib, bo‘ridan hadiksirab turganim bilinmaydigan sahnalarni tanlashga kelishganmidik? Ish tugagach, dom-daraksiz ketdingiz? Kutilmaganda ijtimoiy tarmoqlar orqali filmning “treller”lari tarqaldi. Jonimni xavf-xatarga qo‘yib rol o‘ynasam-u, evaziga shu javobni olsam. Har qanday odamga alam qiladi.  
— Ulug‘bek aka, film uchun asabdan tashqari aktyor sifatida qanday “qurbonlik”lar qildingiz? 
U.Q.:  — Bir oy davomida ot minishni o‘rgandim. Suratga olishga chiqqanimizda ham Matyoqub Matchonov, Muhammadiso Abdulxairov va menga alohida-alohida ot berildi. Uch kun ularni o‘zimizga o‘rgatdik. Agar ot bilan bog‘liq sahna uchun kaskadyor berishganida rad etardim. Ular bilan bog‘liq xafli sahnalarni o‘zim ijro etdim. Lekin Muhammadiso Abdulxairovning otiga minaman, deganimda ot yotsirab tepgandi, belimdan zarba yedim. Ziyraklik qilmaganimda jiddiy lat yeyishim hech gap emasdi. Muxlislarga ham hayronman, belimni ushlab jon azobida o‘tirsam, “rasmga tushaylik”, deydi-da. Yo‘qsa, ot tepganini ko‘rishdi, “bukchaygancha o‘tiravering, rasmga tushsak bo‘ldi”, deyishsa bo‘ladimi...   
— Ulug‘bek Qodirov, deganda muxlislar ko‘z oldida romantik qahramon paydo bo‘lardi. Biroq bu film “treller”i sizni aktyor sifatida yanada shakllanib, ulg‘ayganingiz, jiddiylashganingiz, “tosh”i og‘ir rollar o‘ynashda davom etayotganingizdan darak beryapti...
U.Q.:  — Gapingizda jon bor. Bilasizmi, “treller”lar menga yoqdi, lekin yaxlit filmni ko‘rgim kelyapti. Ssenariy boshqa, film ekranga chiqqach boshqa manzara kasb etadi. Taqdimotdan so‘ng rolimga munosabat bildirishim mumkin. Avvalo tomoshabin fikri qiziq.      
— Balki mojaroningizga mablag‘ ham sabab bo‘lgandir?
U.Q.:  — Aslo! 
— Aksariyat rejissyor va aktyorlar ishga jiddiy munosabatda bo‘lmasligingizdan nolishadi...
U.Q.:  — Aktyor suratga olish maydonchasida haqiqatda ish bo‘layotganini his qilsa, sovuqqonlik bilan yondoshmaydi. “Baliq boshidan sasiydi”, deb bejiz aytishmagan. Rejissyorni to‘qqiz soatlab kutgan istalgan aktyorning ertasi kuni qaytib, o‘sha suratga olish maydonchasiga borishi dargumon. Men haqimda salbiy fikr bildirganlarni o‘zi mas’uliyatsiz bo‘lsa kerak.
J.A.: — Yana bir sirni ochishga to‘g‘ri kelyapti. Bosh qahramonga Ulug‘bek Qodirov tanlovida to‘xtaganimni bilgan ba’zi ijodkorlar “Bekor qilyapsiz, Ulug‘bekni suratga olish maydonchasida soatlab kutib o‘tirasiz, dublyajga kelmaydi”, deya salbiy fikr bildirishgandi. Birovning fikri bilan ish qiladigan bo‘lmaganim uchun Ulug‘bek bilan hamkorlik qilishni lozim topdim. Bir-birimizni sira kutganimiz yo‘q. Butun ijodiy jamoa yaxshi ko‘rib qolgan asarnigina suratga olish kerak ekan, shunda aktyorlarga qo‘ng‘iroq qilib “kelayapsanmi?” degan savollar bo‘lmas ekan.
— Yana shu kabi xavfli sahnalarda rol o‘ynash taklif qilinsa...
U.Q.:  — O‘zbek kinosining har taraflama rivojlanishi, tomoshabinga sifatli film yetkazish tarafdoriman. Ikkinlanmay xavfli sahnalarda ishtirok etishim mumkin. Faqat bu masalaga jiddiy yondashib, xavfsizlikni ta’minlashsa bas. 
J.A.: — Ulug‘bek, siz aytgandek bo‘rilar bilan suratga olishni atay oxirgi kunga qoldirganim yo‘q. Kaskadyorlar orasida haqiqatda sizga o‘xshaydiganini topib berisholmadi. Lekin oxirgi damlarga qadar “topilib qolar”, degan umidda kutgandim. Shu vaj bilan aynan shu sahnani suratga olish ortga cho‘zildi. 
— Jahongir aka, saytlardan biriga aktyorlar haqida “Axir qachongacha tomoshabin kinoga faqat aktyorlarning qosh-u ko‘zini ko‘rish yoki chiroyli ovozini eshitish uchun boradi...” degan ochiq munosabat bildiribsiz? (Ulug‘bek Qodirov qoshini chimirib, rejissyorga norozi nigoh tashladi) 
J.A.:  — Ssenariyni muhokama qilganimizda, Ulug‘bekni o‘zi “ijodimda tomoshabin o‘rgangan bosh qahramonlar roli talay. “Tosh” bosadigan rol ijro etgim kelyapti”, degandi. Haqiqatda rejissyorlar tomonidan aktyorlarning boshqa qirradagi mahorati ochiladigan shart-sharoit yaratib berishimiz kerak. Bugungi kunda o‘zbek kinosida zabardast aktyorlar ansambli shakllangan. Kamchiligimiz aktyorlarga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rishga majbur qiladigan haqiqiy vazifa topib berolmayapmiz. Fursatdan foydalanib, butun ijodiy jamoaga rahmat aytmoqchiman. Tog‘ sharoiti bo‘lishiga qaramay, hamma bir-biriga yordam berib ishladi. Birorta aktyor kelmay qolishi yo “ketaman”, deb harxasha qilganiga guvoh bo‘lmadim. Xulosam shunday bo‘ldiki, aktyorlar ssenariyni ichiga kirib, berilib ishlasa hamjihatlik bo‘lar ekan.    
U.Q.:  — Ochig‘i, Jahongir bilan ishlashga rozilik berganimning sababi, meni film muhitiga olib kira oldi. Hatto libos tanlashda biz aktyorlarning o‘zimiz faol bo‘ldik, bu zavqli jarayon. Qolaversa, muhokama vaqtida liboslar borasida og‘iz ko‘pirtirib, amalda bajarishga kelganda oqsash bu – bor ssenariyni ham yo‘qqa chiqaradi. Shukr, bu filmda unday bo‘lmadi.  
— Ikkingizni bir-biringiz bilan ilk hamkorligingiz mojarodan boshlanibdi-da
J.A.: — Tortishuvdan boshlangan do‘stlik munosabati bardavom bo‘ladi (kuladi). 
U.Q.:  — (Istehzoli kulib) Ishni tortishuvdan boshlaymiz, deb sira o‘ylamagandim-da.
— Saytlardan birining savoliga “Premeraga bormayman”, degan javob qaytaribsiz...
U.Q.:   — Rejissyor “montajga chaqiraman”, deb dom-daraksiz ketdi. Premera ham mensiz o‘tsa kerak, deb o‘yladim-da.  
J.A.: — Ulug‘bek, premera sizsiz o‘tmaydi. Filmga yaxshigina mehnatingiz singgan. Nasib bo‘lsa, keyingi uchrashuvimiz premerada bo‘ladi. 
“Ikkita do‘stning munosabati qanday yakun topishi uchinchi kishining ishtirokiga bog‘liq”, degan gap topib aytilgan. Kimningdir orasiga tushishdan avval yetti o‘lchab bir kesing. Zero, bu hisobingiz kimningdir zarariga xizmat qilmasin!   
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.


Категория: KINO YANGILIKLARI
Просмотров: 3823 | Рейтинг: 1| Рейтинг: Ulug'bek Qodirov, Majnun
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 07:33
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное