Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Exclusive Intervyu

Ziyodadan Exclusive Intervyu


So‘nggi ikki yil o‘zbek san’akorlari uchun juda ham omadli keldi, desak, adashmaymiz. Chunki aynan shu yillarda ko‘plab mashhurlarning baxt to‘ylariga guvoh bo‘ldik. Bugungi suhbatdoshimiz Ziyoda ham  24 noyabrda sevgan insoni bilan o‘z visol oqshomini nishonlagan edi. Shu kunlarda esa ona bo‘lish arafasida. Bugun uning xonandonida mehmon bo‘lar ekanmiz, suhbatimiz faqat oila mavzusiga qaratilishiga harakat qildik.


— Kelinlik "lavozim”iga erishganingizga ham yarim yildan oshdi. Ancha o‘rganib qolgandirsiz...


— Bugungi hayotimdan, baxtimdan, oilamdan juda xursandman. Ilgari turmush qurgan dugonalarimning qiynalganini ko‘rib, "hayot shumi?”, degan xayol o‘tardi yuragimdan. Ammo bugun oilam bilan baxtli hayot kechirayapman deb bemalol ayta olaman. To‘g‘ri, qiyinchiliklar bor, mas’uliyati ham katta. Ishimizdan tashqari oilamiz uchun vaqt ajratib, ro‘zg‘orga ham ulgurishimiz kerak. Ammo bularning barini bajarish men uchun zavqli. O‘rganib qolganimdanmi, bugun hech qanday qiyinchilik sezmayapman.



— Kunni reja asosida o‘tkazsang, hamma narsaga ulgurasan, deyishadi... Siz ham kunni rejadan boshlaysizmi?


— (Kulib) Bizning sohada reja bilan ishlashning iloji yo‘q. Chunki "bugun ishim yo‘q, bor vaqtimni uyda o‘tkazib, ro‘zg‘or yumushlarini qilaman” deganimda albatta, kutilmagan xizmat vazifalari chiqib qoladi. Shu sababli reja uchun ortiqcha vaqt sarflab o‘tirmayman.


— Aksariyat turmushga chiqmagan qizlar negadir qaynonalar haqida salbiy fikrda bo‘lishadi. Siz-chi?


— Tan olaman, turmush qurishimdan avval menda ham yomon xayollar bo‘lgan. "Qaynonam qanday bo‘lar ekan? "Ayrim filmlarda ko‘rsatiladigandek zug‘umkor bo‘larmikan?” deb o‘ylaganman. Lekin doim yaxshi niyat qilardim. Alloh niyatga qarab yetkazar ekan, bugun qaynonam mening ikkinchi onam. Bizlar uchun barcha sharoitni yaratib berganlar. Ishimni, san’atimni tushunib qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi. Bizlarni alohida uyga chiqarib, hech narsaga chalg‘imasdan ijod bilan shug‘ulanishimga imkon yaratganlar. Qaynonam bilan birga yashamasak-da, dam olish kunlari borib xabar olib turishni kanda qilmaymiz. Kelinlik vazifamni bajarishni yaxshi ko‘raman.

— Shu sabab ham turmushga chiqqaningizdan keyin ijoddan to‘xtamagan ekansiz..


— Ha. Yangi oila a’zolarim, sevimli turmush o‘rtog‘im ishlashim uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishdi. To‘ydan bir hafta o‘tib, doimgidek ishimni davom etiraverganman. Lekin turmush o‘rtog‘im doim yonimda. Birga ishlaganimiz uchun ijodimni  tanaffussiz davom ettirdim.


— Demak, prodyuser, ma’murlik vaziflarini unga topshirgansiz?


— Yo‘q. U ular mening doimiy hamrohim, ko‘makdosh, suyanchig‘im. Ammo prodyuserlik va ma’murlik qilmaydi. 


— Bugun yana bir katta baxtga erishish arafasiz...


— (Jilmayib) Yaratganga shukr, meni shunday baxtga munosib ko‘rdi. Yuragimdan o‘tayotgan hislar haqida gapirishning o‘zi hayajon bag‘ishlaydi. Qalbimda kechayotgan hislar to‘fonini so‘zlar bilan tushuntirib berolmayman. Ilgari onalardan "bolamga kiyim olsam, o‘zim kiyadigandek xursand bo‘lib yuraman” degan gaplarni eshitardim. Bu haqiqat ekan. Farzandim hali dunyoga kelmagan bo‘lsa ham unga xarid qilgan liboslarni o‘zim kiyadigandek sevinib yuraman.


— Ona bo‘lishingizni bilganingizda-chi?


— Bu xabarni bilganimda, ochig‘i ko‘zimdan tinimsiz yosh quyilavergan. Birinchi bo‘lib turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilib quvonchim bilan bo‘lishganman. Mening  holatimni ko‘rib turmush o‘rtog‘im ham ko‘ziga yosh olgan edi.  


— Sir bo‘lmasa, o‘g‘il kutyapsizmi yoki qiz?


— Xudo yetkazgani. Menga qolsa, birinchi farzandim  — qiz, keyingisi o‘g‘il bo‘lishini istayman. Sababi, ayolga yordamchi kerak. Ammo bu fikrimga turmush o‘rtog‘im qo‘shilmayapti. Hamma erkaklar singari u ham birinchi farzandi o‘g‘il bo‘lishini istaydi. Ammo oldindan farzandimizning jinsini bilishga shoshilmayapmiz. Bizga qizmi, o‘g‘ilmi farqi yo‘q. Asosiy maqsadim - sog‘lom farzand ko‘rish.

— Homiladorlikda ko‘pchilik ayollar biroz injiq bo‘lib qoladi...


— Bu bor gap. Ochig‘ini aytsam, mening ham ancha-muncha yangi "qiliq”larim paydo bo‘lgan (kuladi). O‘z-o‘zidan injiqligim tutib, hech narsa yoqmay qoladi, hamma bilan urishib qolaman, sababsiz yig‘lashim ham mumkin. Hatto turmush o‘rtog‘im bilan ham gap talashadigan bo‘lib qolgandim. Avvaliga bu narsani unchalik tushunmay, o‘zim ham hayron bo‘lardim. Ammo onam, qaynonam bu tabiiy hol ekanligini, bularning hammasi o‘tib ketishini tushuntirishgach, yon-atrofimdagilar ham mendan xafa bo‘lmaydigan, o‘zim ham injiqliklarimdan xijolat chekmaydigan bo‘ldim.


— Ona tug‘ilajak farzandi bilan ko‘p suhbatlashishi kerak deyishadi...


— Ha, bu haqida men ham eshitganman. Ko‘pincha yolg‘iz qolganda u bilan gaplashib, ertak kitoblar o‘qib beraman. Birga qo‘shiq tinglaymiz. Tug‘ilajak farzandim bilan muloqotni uzmaslikka harakat qilaman. Chunki u meni eshitadi, ba’zida harakatlari bilan menga javob ham qaytaradi (kuladi).


— So‘nggi vaqtlarda ijodingizda yangi qo‘shiqlar nisbatan kam. Lekin to‘y xizmatlarini kanda qilmayapsiz...


— To‘g‘ri. Lekin doim shifokorim nazoratidaman. U menga doim harakatda bo‘lishni tavsiya etgan. Ayol homiladorligida doimiy harakatda bo‘lsa, farzand qiyinchiliksiz dunyoga kelarkan. Bundan tashqari, ko‘z tegmasin sog‘lig‘im ham ishlashimga imkoniyat yaratyapti. Imkoniyat bo‘lsa, nega endi ishlashdan to‘xtashim kerak? Buni odamlar noto‘g‘ri tushunmasligini istardim.


— To‘y-hashamlarda, odamlarning nazari tegishidan qo‘rqmaysizmi?


— (O‘ylanib)  Qo‘rqaman. Lekin Allohga ishonaman.  Uning O‘zi yomon ko‘zlardan asrasin. 


— O‘zingizni onalikka tayyorman deb o‘ylaysizmi?


— (Jilmayib) Bilmasam, qo‘ldan kelguncha yaxshi ona bo‘lishga harakat qilaman. Kelgusida farzandlarimga yaxshi imkoniyatlar yaratib berish niyatidaman. Ayol kishi uchun berilgan bu baxtni hech narsani bilan o‘lchab bo‘lmaydi.


— Ko‘pchilik onalar tashqi ko‘rinishini saqlab qolish uchun farzandini sun’iy yo‘l bilan oziqlantirishga  harakat qiladi...


— Men bu narsaga mutlaqo qarshiman. Ona va bolaning mehri aynan ona suti orqali o‘tishini eshitganman. Buni bila turib bolamni turli sun’iy ozuqalar bilan boqish niyatim yo‘q. Farzandimni rizqidan ayirmayman, qaddi-qomat vaqt o‘tsa, to‘g‘rilanishi mumkin.


— Farzandingiz dunyoga kelgandan keyin ijodingizda tanaffus bo‘ladimi?


— Rosti, tanaffusga chiqish niyatim yo‘q. Chaqaloqning chillasi chiqqach,  ijodimni davom ettiraveraman. Ammo uyda o‘tirgan kezlarimda ham oldin kuylangan qo‘shiqlar va ularga suratga tushirilgan kliplar "aylanaveradi”. Tinglovchilar uyda qirq  kun o‘tirib qolganimni sezishmaydi ham (kuladi).


— Demak, farzandingiz tarbiyasida enaganing yordamidan foydalanasiz?


— Oilamizda enagalar juda ko‘p (kuladi). Bolamni begonalar qo‘liga emas, o‘zimning opa-singillarim qo‘liga topshiraman. Ammo o‘zim ham chetda qarab turmayman. Ular faqat vaqtim bo‘lmagan kezlardagina menga yordamga kelishadi.


— Irimlarga e’tiborlimisiz? Masalan, oldindan farzandingizga ism tanladingizmi?


— Aslida irimchi emasman. Ammo bolamizga ismni tug‘ilgach, tanlashni istadik. Ismlar kitobini ham olib kelib qo‘yganmiz. Farzandimiz eson-omon dunyoga kelgach, unga ism tanlaymiz. Irim qilmasdan qanchadan-qancha kiyimlarni ham xarid qilib qo‘yganmiz.

IJOD HAQIDA QISQAChA


—Jahongir Poziljonov bilan kuylagan so‘nggi "Olaver” nomli duetingizni ko‘pchilik tanqid qildi. "Ziyoda bu kabi qo‘shiqlar kuylab, o‘z ovozini qadrsizlantiryapti” deganlar ham bo‘ldi.


— Ijodimni ilk boshlagan yillarimda "Bojalar” guruhi bilan juda ko‘p duetlar kuylaganmiz. Ammo so‘nggi yillarda hamma o‘z ijodi bilan ovora bo‘lib qolgandi. Bu xonanda bilan  birgalikda ijod qilishni sog‘inganimiz uchun duet kuylashga qaror qilgandik. Hazilomuz qo‘shiq va klip bo‘lgan. Tinglovchilar buni noto‘g‘ri tushunishlarini istamasdim.

Tez kunlarda "Sevadi yorim mani” nomli yangi qo‘shig‘imga olingan klipni taqdim etamiz. Aynan shu sho‘x tarona tinglovchilarga yoqadi degan umiddaman.

Ziyoda bilan suhbat jarayonida uning baxtidan sarxush ekanini sezdik. Oilasi, onalikka tayyorlanayotgani haqida sevinch bilan gapirib charchamadi. Biz ham u bilan xayrlashar ekanmiz, undagi mayin tabassum, baxtli nigohlar bir umr tark etmasligini tilab qoldik. 

 



Категория: Exclusive Intervyu
Просмотров: 10235 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Ziyoda
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 19:32
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное