Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Zulayho Boyxonova: "Hayotimning yaxshi-yomon kunida ham shukr qildim!"


Atrofingdagi insonlarga qancha ko`p yaxshiliklarni sog`insang, shu qadar yuksalib boraverasan. Suhbatdoshim bu fikrga qattiq ishonadi. Hayotining har bir yaxshi-yomon kunlari asli sinov ekanini e`tirof etadi. Qo`shiqlari orqali kimgadir taskin, kimgadir quvonch ulashishni istaydi. "So`g`diyona" gazetasi samimiy, ko`ngilchan va dilkash ayol, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Zulayho BOYXONOVA bilan intervyu uyushtirdi.

— Mashhurlik hammaga turli davrlarda beriladi. Sizga bu o`rta yoshingizda nasib etdi. Ertaroq shu darajaga erishishim ham mumkin edi, degan o`y bo`lganmi hech?

— San`at yo`lini tanlagan har bir ijodkor xalqning e`tirofiga sazovor bo`lishni niyat qiladi. Menda ham shunday bo`lgan. Har narsaning o`z vaqti-soati borligiga ixlosim baland bo`lgani bois mehnat qilaverdim. Bilasizmi, hayotning oq-qorasini tanib, aql-zakovatingiz to`lganida, past-balandliklarni bosib o`tolganingizdan so`ng mashhurlikka erishish boshqacha bo`lar ekan. Havolanib ketmas ekansiz. Davralarda qo`shiqlarimga jo`r bo`lishlari, suhbatlar, s`yomka, uchrashuvlarga takliflar, ko`cha-ko`yda yurganimda hurmat-e`tibor ko`rsatishlaridan qanday qilib taniqli san`atkorga aylanganimni ham sezmay qoldim. Muxlislarning olqishi yangraganida niyatlaringiz ushalayotganidan quvonarkansiz va nahot mashhurlikka erishdim, derkansiz beixtiyor.

— Asli mana shunisi qadrliroq bo`lsa kerak, to`g`rimi?

— Albatta! Halol mehnat va tinimsiz harakat ortidan erishilgan natija hamisha aziz bo`ladi. Ishlaysiz, izlanasiz va bir kun kelib atrofingizga qarab, niyatlaringiz ijobatini ko`rasiz.

— Ko`p yillar mobaynida Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida faoliyat yuritdingiz. Qadrdon dargohdan ko`ngil uzishingiz qiyin kechgan bo`lsa kerak?

— Bilsangiz, men hamon teatrdaman! Teatr aktrisasi sifatida sahnada charhlanganim mening yutug`im! Teatr va rassomchilik institutini tamomlagach, Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqali drama teatrida ish boshlaganman. Sahnada qo`shiq kuylab rol ijro etardim. Xonandalikka ishtiyoqim baland bo`lgani uchun keyinchalik maqomchilar ansambliga qatnay boshladim. Orifxon Hotamovdan mumtoz qo`shiqlarni o`rgandim, ustozim O`zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov bilan tanishdim. U kishining ko`magida ilk taronam «Gar sog`insam» dunyoga keldi. Bugunga kelib, asosiy faoliyatim xonandalikda bo`lsa-da, hamon Muqimiy teatrining aktrisasiman. Bir gap aytaymi, teatrni qizlik uyimga o`xshataman. Har zamon yo`qlab turmasam, xalovatim yo`qoladi. Haligacha ovozni sozlash mashqlari uchun teatrga boraman.

— Rollaringizni sog`inasizmi?

— Ha! Arxivga kiritilgan spektakllar namoyish etilsa, televizordan ko`zimni uzmay tomosha qilaman. Va nuqul kamchiligimni axtaraman. Turob To`la asari asosida sahnalashtirilgan Nodirabegim spektaklidagi bosh qahramonni 28-30 yoshlarimda ijro qilganman. Ellik yoshdagi Nodirabegimni mana endi gavdalantirsam, haqiqiy dardini ko`rsatib bera olgan bo`larmidim, deb o`ylab qolaman. Rollarimni sog`inaman, juda ham...

— Teatr aktyor-aktrisalarining aksariyati kinoda ham o`z o`rnini topishga harakat qilishadi. Ammo sizni ijodingiz bundan mustasno. Sababini bilsam bo`ladimi?

— Ko`plab filmlardan takliflar tushgan, ssenariysi bilan tanishgach, rad etganman. Ekranda ko`rinsam bo`ldi ekan deb, duch kelgan rolni ijro qilaverish men uchun emas. Kartina rejissyori kim, qahramonim orqali nima demoqchiman, qanday tarbiyaviy ahamiyati bor — hammasiga ahamiyat beraman. Chindan ham aynan men kutgan asar bo`lsa, balkim kelgusida rollarim bo`lar hali.

— Yuqorida e`tirofga sazovor bo`lish haqida gapirdingiz. San`atkorning nazarga tushishi ham baxt, ham sinov...

— Ha, hayotda hamma narsa sinov uchun beriladi. Go`zallik, yoshlik, mansab, molu dunyo, hatto, faqirlik ham. Sinovli davrdan o`ta olish uchun dunyoqarashingiz keng, zehningiz o`tkir bo`lishi lozim. Mutolaa, tarixiy asarlarni tomosha qilish, bilimli insonlar bilan hamsuhbat bo`lish — mana shular qarashlaringizni boyitadi. Atrofimizda adashib qolayotganlar kam deysizmi? Kimdir oz fursatda mashhur bo`ladi. Kimlardir salgina keyinroq. Aql-zakovati, tajribasi etarli bo`lmay erishgan mavqeidan o`zini yo`qotib qo`yganlarni ham ko`rdik. Shu bois ham har narsaning o`z vaqti-soati bor deyman.

— Menimcha, siz hayotning past-balandliklariyu g`irromliklaridan ham minnatdor bo`ladigan ayolsiz, adashmadimmi?

— To`g`ri topdingiz. Halol, pokiza insonlarning farzandiman, sevgan kasbimda hurmat topdim, meni har tomonlama qo`llab-quvvatlaydigan umr yo`ldoshim hamisha yonimda, Yaratgan o`g`il-qiz berdi, nega minnatdor bo`lmay? Yaxshi kunlarimda qanchalik sevinsam, hayotning qora chiziqlarini ham mardanovar qabul qilaman. Yaqinda bir hikoya o`qigandim, Sulaymon podshoning uzugida «Bu kunlar ham o`tib ketar» degan yozuv bo`lgan ekan. Podsho shodligu qayg`usida ana shu uzukdagi so`zlarni yodga olarkan. Chindan ham yaxshi kunlarimiz ham, aksincha yomonlari ham o`tib ketadi. Muhimi, insoniyligimizni yo`qotmaylik.

— Zulayho opa, keling, ijodingiz haqida suhbatlashsak. Repertuaringizdagi qo`shiqlaringiz mavzusini takrorlanmas, deb bo`lmaydi. Ammo har biri o`z muxlisiga ega. Ehtimol buning bir siri bordir?

— Eng avvalo qo`shiq uchun tanlangan she`r ma`noli bo`lishi kerak. Shunda bastakor ham ilhomlanib kuy bastalaydi. Saviyali asar esa hamisha o`z tinglovchisini topadi.

— Tayyor kuyga so`zlarni moslashtirish-chi, buni qanday izohlaysiz?

— Aranjerovkachilar bilan hamkorlik qilayotgan xonandalarni nazarda tutayapsiz. Aranjerovkachi bastakor emas. U kuy bastalamaydi, balki tayyor musiqaga sayqal beradi. So`ng musiqaga moslab so`z tanlanadi. Birovni ayblash fikridan yiroqman. Ammo bu ijod emas. Haqiqiy bastakorlar bilan yaratilgan qo`shiq uzoq umr ko`radi. Anor Nazarovning qo`shiqlarini qarang, umrboqiy taronalar.

— «Mening hayotimni kuylabsiz...» Muxlislaringiz bu kabi fikrlarni ko`p aytib turishsa kerak?

— Ha! Ko`p ayollar aytishadi «Shu qo`shig`ingiz xuddi menga atalgandek», deb. To`y xizmatlari, tadbirlarga borsak, kimdir «Rashk»ni so`raydi, kimlardir «Kimnidir sevganmisan?» qo`shig`ini eshitgisi keladi. Ba`zan o`zim ham kutmagan taronalarimni aytib, kuylab bering, deyishadi.

— Bir suhbatimizda onalar haqidagi qo`shiqlardan qattiq ta`sirlanaman, degandingiz. Volidangizning aynan qaysi jihatlarini ko`p esga olasiz?

— ...Onajonim bilan tushlarimda ko`rishgim keladi. Qaniydi shunday bo`lsa... Singlim bilan qo`ng`iroqlashganimda «Bugun onamni tush ko`ribman» desa, «Tuzukmikan, egnilarida qaysi liboslari?» deyman hovliqib. Onasi hayot bo`lganlarga havas qilaman (ko`zlari yoshlandi). Volidam o`n olti yil avval vafot etgan. Institutdan ta`tilga chiqib uyga borganlarimda, ertalab onam boshimni silab niyat qilardi, «Iloxim, baxting butun, martabang ulug` bo`lsin, bolam», deb. Uyg`onib ketsam, so`zlari bo`linib qoladi deb, indamay yotaverardim. Ko`zlarimdan dumalayotgan yoshlar yostiqlarimni ho`l qilgach, chidolmay o`rnimdan turardim-da, onamni quchoqlab olardim. Shu damlarni ko`p eslayman. U kishi kamgap, vazmin, oqila ayol edi. Oilada yolg`iz farzand bo`lgani uchun buvim daraxt yoki tomga chiqishiga ruxsat bermagan, biror kor-xol bo`lmasin deb, ayagan ekan. Biz singillarim bilan chopqillab yursak, «Maza qilib daraxtlarga chiqib olinglar», derdi nuqul «Keling, sizni ham chiqaramiz» desak, «Oyoqlarim qaltiraydi, qo`yaveringlar», derdi. Hovlimizdagi gilos daraxtiga otam halinchak qurib bergandi. Opa-singillar halinchakka onamni o`tkazardik-da, uchirardik. Onam dadam qaytmagunicha tamaddi qilmasdi, mahallada biror yig`in bo`lsa, «Chiqaveringlar, etib olaman», derdi-da, otam kelganidan so`ng ruhsat olib, so`ng ostona hatlardi. Volidamning mana shu fazilatlarini yodga olib, o`zimni ko`p solishtiraman. Balkim xalq xizmatida bo`lganimiz uchunmi, kezi kelganida «Dadasi, falon yoqqa ketayapman», deyman-da, onam «Borsam maylimi?» derdi-ya, deb qolaman. Onamdan so`ng otam rahmatli ham boshqa uylanmadi.

— Oxiratlari obod bo`lsin!

— Ilohim!

— Farzandlaringiz ham ulg`ayib qolishdi. Hademay to`ylarga tayyorgarlikni boshlab yuborsangiz kerak?

— Onamiz-da, hamma yaxshiliklar bolamga bo`lsin deymiz. Ko`cha-ko`yda biror chiroyli buyumni ko`rib qolsak, farzandimga deb ilinamiz. Qo`sha-qarigan insonlar bilan hamsuhbat bo`lsak, «Bolalarim haqiga duo qiling», deymiz. Nasib qilsa, chiroyli to`ylar qilishni niyat qilaman. Lekin hozircha qizimni shoshiltirayotganim yo`q. Turmush qurish jiddiy masala. Bu ishda, albatta, bolalarimning ko`ngliga qaraymiz.

— San`atkorlarning farzandlariga ham oson emas. Ota-onasiga otilgan toshlarning bir uchi ularning ham elkasiga tegadi?

— Haq gapirdingiz. Qiyin damlarda yolg`iz men tashvishdaman, deb o`ylaysiz, ammo farzandlaringizga ikki hissa og`irroq bo`ladi. Hissiyotlarini jilovlab, sizning ham ko`nglingizga qarashadi. Odamlar orasidagi turli gap-so`zlar, ig`volar... Hazm qilish oson deysizmi? Shukr, farzandlarim es-hushli. Meni ranjitadigan ish qilishmaydi.

— San`atkorlar orasida xushmuomalangiz bilan ajralib turasiz. Tabassum ortiga yashiringan dardlar ham yo`q emasdir, Zulayho opa?

— Ota-onamdan so`ng singillarimdan biri vafot etdi. O`sha paytlari bag`rimni tuproqqa berib, hech nimani o`ylamay qo`ygilarim kelgan. Jigaringizni yo`qotish juda og`ir bo`larkan. Ammo taqdir-da, ilojsizmiz. Oilaning to`ng`ichi bo`lganim uchun uka-singillarimga boshman. Bexosdan ko`zim uchsa ham, «Singlim tinchmikan, ukam omonmi?» deb darrov qo`ng`iroq qilaman. Biror dardim bor deb nolimayman, shukr, oilam tinch, farzandlarim salomat.

— Dard ko`rmang sira!

— Aytganingiz kelsin!

Blis:

— Kimningdir xatosiga guvoh bo`lsangiz?

— Agar guvohligim yaxshilikka xizmat qilsa, xatosini aytaman.

— Ishonchingizni yo`qotgan insonga yana bir bor imkoniyat bera olasizmi?

— Yo`q! Munosabatlarimga nuqta qo`ymasligim mumkin, ammo ortiq ishonch bildirmayman.

— Yiqilib, egilib qolmaslik uchun sizga nima kuch beradi?

— Sabr-qanoat, aql va vaqt.

— Turmush o`rtog`ingizning ko`p aytadigan tanbehi?

— O`zingni ehtiyot qil, dam olishing kerak, deydi.

— Har bir ayol bilishi kerak bo`lgan uch qoida?

— Ayol ayolligini yo`qotmasligi kerak. Menimcha, mana shuning o`zida barcha qoidalar jam bo`ladi.

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: G`ayrat UBAYDULLAEV



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 1983 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Zulayho Boyxonova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 15:01
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное