Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. Qaqnus - Soundteck (korea)
. Vorislar - Serendipity (serial korea)
. Kuz ertagi-Piano [soundtreck]
. O'zga Sayyoralik Mahbubim - Hello-Goodbye
. Qaxvaxona - soundtreck
. So'nmas Sevgi - I Love You [soundtreck]
. Qish Sanatasi-Soundtreck2
. Klon-soundtreck
. Ayol Qalbi - You can't say (english version)
. O'zga Sayyoralik Mahbubim - In Front Of Your
. Ishdagi Ishq - Служебный роман
. Muxabbat va Extiros - Soundtreck (love)
. Yoz ifori-Piano [soundtreck]
. Bola Uyda yolg'iz-[Один Дома] soundtreck2
. Qirolicha - Soundtreck (Bidam Love)
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Aida Yunusova: “qat’iyatsizligim ko‘p pand bergan”


O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aida Yunusova o‘ziga nisbatan tanqidiy ko‘z bilan qaraydigan ijodkor, tortinchoq va yumshoq tabiatli ayol. O‘zbek kino durdonalari — “Chinor ostidagi duel”, “Olovli yo‘llar”, “To‘ylar muborak”, “Ajoyib xayolparast”filmlarida turli obrazlar yaratgan aktrisaning tobi yo‘qligi haqida eshitib, xonadoniga yo‘l oldik. Tomoshabinni sog‘intirgan va o‘zi ham shirin diydorni kutayotgan qahramonimiz hayoti va undagi bekatlar haqida so‘zlab berdi...

“AYTGANIM — AYTGAN, DEGANIM —DEGAN”

— 1948 yil Marg‘ilonda, ziyoli oilada tug‘ilganman. Dadam — huquqshunos, onam — texnikumda o‘qituvchi edilar. Inson xarakteri oilada shakllanadi, deb bekorga aytishmas ekan. Kichikligimdan onam “Qiz bola degan nozik, muloyim va kamgap bo‘ladi”, deb o‘rgatganlar. Bu gaplarni deyarli har kuni, qayta-qayta eshitardim. Ularning ta’sirida mendagi uyatchanlik, yumshoqlik va qa’tiyatsizlik paydo bo‘lgan, desam adashmayman. Ikki opamdan keyin tug‘ilgan, oilaning eng kenja va erka qizi edim. Mening aytganim — aytgan, deganim — degan edi. Balki shuning uchun ham san’at yo‘lini tanlaganimda qarshilik bildirishmagandir. Bugun Marg‘ilonni qanchalik sog‘inganimni, hovlimizni, maktabimiz xonalarini qo‘msashimni, yugurib yurgan ko‘chalardan yana qayta-qayta yurishni qanchalik istayotganimni so‘z bilan tushuntirib berolmasam kerak. Bolalik poshsholik, deganlaridek, eng baxtli davrim edi o‘sha yillar.

“FARMASEVT DEB, AKTRISA BO‘LGANMAN...”

— Esimni tanibmanki, dugonalarim bilan turli aktyorlarning suratlarini to‘plardik.. Ularning rollarini ko‘rib, ular ta’sirida shu sohaga kelib qolganman, deb o‘ylayman. Oilamizda san’atkorlar bo‘lmasada, san’at biz uchun juda qadrli edi. Ayniqsa, dadam ikkimiz viloyatimizga kelgan birorta teatr truppasining spektakllarini o‘tkazib yubormaganmiz. Lekin Aida aktrisa bo‘ladi, degan habar ko‘pchilikni chindan hayron qoldirgan.

Marg‘ilondan Toshkentga yo‘l olar ekanman, yaqinlarimning opalarim kabi farmasevt bo‘lishimga ishonchi komil edi. Lekin men poytaxtga kelib o‘zimning bolalikdagi orzuimni amalga oshirishga qaror qilganman. Hozirgi O‘zbekiston san’at va madaniyat institutiga hujjat topshirdim va birinchi urunishning o‘zidayoq talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lganman. Lekin tan olishim kerak, imtihon oson kechmadi. Sababi maktabda rus tilida savod chiqarganman, bu yerda o‘zbek tilida gapirishga to‘g‘ri kelgan. Ustozlarim iqtidorimni ko‘rib, mendagi mavjud kamchiliklarga ko‘z yumgan holda talabalar safiga qo‘shishgan. Keyingi eng qiyin masala bu xabarni onamga yetkazish edi. Chunki aytganimdek uydagilarning men bilan bog‘liq orzulari butkul boshqa bo‘lgan. Telefon orqali yangilikni aytganimda, onam bir og‘iz gapirmay go‘shakni qo‘yib qo‘yganlar. Ammo qaysi ona o‘z bolasidan uzoq xafa bo‘ladi, deysiz. Bir-ikki oylik arazdan so‘ng yana gaplashib ketganmiz. Filmlardagi rollarimni ko‘rgach esa kasbimni qabul qildilar. Turli davralarda men haqimda faxr bilan gapirganlari haligacha esimda...

“HAYoTIMDAGI JUDOLIKLAR...”

— 16 yoshimda hayotimdagi birinchi ayriliqqa duch keldim. Infarkt tufayli otamdan ayrilganmiz. Dadamning erka qizi bo‘la turib bu kunlarni boshdan o‘tkazish, ular yonimda emasliklarini bilib yashash og‘ir bo‘lgan...

Men uchun hayotimdagi ideal ayol, bu — onam. Volidamni ham kun kelib yo‘qotib qo‘yishimni tasavvur ham qilolmasdim. Ularning betob bo‘lib qolishlari men uchun fojia edi (ko‘ziga yoshga to‘lib). Hayotining so‘nggi onlarigacha yonlarida o‘tirganman. O‘lim haq, Olloh buyurganda, biz bandalar ojizlik qilamiz. 30 yoshga to‘lganimda, onam ham yurak xurujidan vafot etdilar. Xastalanib yotganlari bugun ham ko‘z o‘ngimdan qalqib o‘tadi. Yuragim eziladi... Ilohim, joylari jannatdan bo‘lsin!

“HAMON ORZUIMDAGI ROLNI KUTYaPMAN”

— Institutga qanday osonlik bilan kirgan bo‘lsam, ilk rolimni ham tasodif tufayli ijro etganman. Ikkinchi kurs talabasi edim. “O‘zbekfilm”, “Yoz yomg‘iri” kinokartinasiga kasting uyushtirgan va meni tanlashgan. Qahramonim Matlubaning xarakteri shu qadar menikiga o‘xshash edi-ki, ijodimdagi hech bir rol uning o‘rnini bosolmadi. Bilmadim, balki birinchi ishim bo‘lgani uchunmi, Matluba obrazini, bugungacha eng sevimli rolim, deb tilga olaman.

Ijodimdagi yorqin filmlardan biri “Ajoyib xayolparast” haqida ham alohida gapirib o‘tmoqchiman. Bu filmga kusdoshim O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov ikkimizni kinosinovsiz qabul qilishgan. O‘sha paytlarda men “O‘zbekfilm”da, aktyorlar studiyasida faoliyat yuritardim. Filmdagi obrazim qiyinchilik tug‘dirmagan. Chunki uning xarakteri, hayoti menikaga yaqin edi. Film namoyishidan keyin ko‘cha-ko‘yda meni ko‘rib qolganlar “Quyonlar ko‘payishib qoldimi?” deb so‘raydigan bo‘lishdi. Hamon bu filmni yaxshi ko‘rib eslashlaridan xursandman. Hozir o‘ylab qarasam, qahramonim Tamilla bugungi kun ayollariga sabr-qanoatni, boriga shukr qilib yashash kerakligini o‘rgatadi. “Ajoyib xayolparast”30 yillik ijodiy tanaffusga chiqishdan oldingi, ijro etgan eng so‘nggi rolim bo‘lgan.

Aslida hamma rollarimda bir-biriga o‘xshashlik seziladi. Chunki rejissyorlarning aksariyati hayotdagi xarakterimni bilib, menga shunday rollarni topshirishardi. Tan olaman, bu juda zerikarli jarayon. Chunki ijodkor sifatida, hayotdagi Aidaga qarama-qarshi fe’lli ayolni gavdalantirishni istardim. Ammo bu hozircha, orzuligicha qolmoqda...

“HAYoT YO‘LLARI AYRO TUShGANDA”

— Institutda o‘qib yurgan paytlarim turmush o‘rtog‘im bilan tanishib, oila qurganmiz. Bu qarorimizga yaqinlarimiz ham qo‘llashgan. Yillar davomida uch farzandli bo‘ldik. Ammo taqdir ekan o‘n uch yildan keyin yo‘llarimiz ayro tushgan. Yillar o‘tib, ikkinchi bora turmushga chiqdim. Baxtimdanmi yoki omadimmi bilmayman, biroq ikkinchi turmush o‘rtog‘imni farzandlarim qabul qilishdi. Ularning munosabatida o‘gaylikni sezmaganman. Yillar davomida yana ikki o‘g‘ilning ota-onasi bo‘ldik. Shundan keyin men o‘zimni faqat oilamga bag‘ishlaganman.

Birinchi oilamdan bo‘lgan farzandlarimga sira otasi haqida yomon gapirmaganman, shuning uchunmi ular hanuz otasining holidan xabar olib turishadi.

30 YILGA ChO‘ZILGAN TANAFFUS

— Ishdan voz kegach, 30 yil davomida uyda bo‘ldim. San’atning nonini yegan inson undan voz kecholmaydi, deyishardi. Haqiqat ekan. Ishonasizmi, bolalarimning tashvishi bilan yursam ham, bir kunda bir bor ishimni o‘ylab qo‘yardim. Televizorda hamkasblarimning rollarini ko‘rib qolsam, havas bilan termulib o‘tirganlarimni haligacha eslayman. Ishonasizmi, kunda, kunaro, tushlarimda tasvirga olish maydonchasiga borib kelardim (kuladi). Shunday sog‘inch bilan 2016 yili qoraqalpog‘istonlik kino ijodkorlar bilan hamkorlikda tasvirga olingan film orqali surtaga olish maydoniga qaytdim.

“ETARLIChA MEHR BERA OLMADIM”

— Bugun yoshim katta bo‘lib, yashab o‘tgan umrim, undagi qadamlar, qaror va xulosalarim haqida ko‘p o‘ylanaman. O‘qish va ijod bilan bo‘lib uch katta farzandimga yetarlicha mehr berolmaganman. Ayol uchun ishdan ko‘ra muhim bo‘lgan shaxsiy hayotimga va bolalarimga vaqtim yetmaganidan bugun afsuslanishdan foyda yo‘qligini his etish biroz og‘ir. Endi nevaralarimga e’tiborliroq bo‘lishga harakat qilyapman. Buni qaysidir ma’noda vaqtida qilgan aybimni yuvish istagi, desa bo‘ladi...

“BOLALARIMGA “KO‘NGILChAN BO‘LMA” DEYMAN”

— Yoshim ulg‘aygani sari xarakterimdagi qa’tiyatsizlikdan ko‘p pand yeganman. Hatto, uning ta’siri bolalarim tarbiyasida ham qiyinchilik tug‘dirgan. Bolalarga “ko‘ngilchan bo‘lma” deb o‘rgatish kerakligini o‘z tarjibamdan tushunib yetganman. Shuni bilgan holda farzandlarim va nabiralarimning shu jihatlariga e’tibor beraman. Xatolarimni ular qaytarmasligi kerak. Ammo ming harakat qilmang, qon tortar ekan.Sumayya ismli nabiramda o‘zimni ko‘raman. Ko‘ngli bo‘sh, juda yumshoq tabiat qiz.

OG‘IR XASTALIK...

— Ayol kishining joni qirqta bo‘ladi, deyishadi. Hayotiy tajribamdan bildimki, bu jonlar faqat kuchli va irodali erkakning qo‘llab-quvvatlashi bilan asralar ekan. Umr yo‘ldoshimning vafotidan so‘ng, oilaning barcha tashvishi o‘zimgaqoldi. 4 yil o‘tar-o‘tmay esa insult bo‘lib qoldim. Bugun mana ko‘rib turganingizdek, chap tomonim ishlamayapti. Doim harakatda, yugurib yurgan inson bir joyga mixlanib qolishini tasavvur qilish qiyin. Bolalarimga rahmat, ko‘nglimni olib, aylantirib kelishadi. Ammo harakatsiz qolganim uchun o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Yaqin kunlarda bir muolajaga tayyorlanyapman. O‘shandan so‘ng oyoqqa turib ketsam kerak degan umidim bor. Nasib qilsa, hali rollarim bilan tomoshabinlarni xursand etishni istayman.

“MEN BAXTLIMAN!”

— Hayot hech qachon bir tekis bo‘lmaydi. Uning o‘nqir-cho‘nqirlaridan o‘tish har birimizning peshonamizga yozilgan. Bugun men ham ortga nazar tashlab, bir qancha sinovlarni boshdan o‘tkazganimga guvoh bo‘laman. Shunga qaramay o‘zimni baxtli ayol deb his etishim esa quvonchli. Besh farzandim, o‘n nabiram va bir evaramning qurshovida yana uzoq yillar baxtni tuyib yashashni niyat qilaman...

****

Ota-onam, biz farzandlariga ism qo‘yishda albatta, ensiklopediyani ko‘zdan kechirishgan ekan. Ismning ma’nosi ular uchun muhim bo‘lgan. Masalan, o‘rtancha opamga adolat ma’budiga havas qilib Femida deya ism berishgan.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 4614 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Aida Yunusova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 17:49
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное