Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

"Avliyo Valentin kuni" – behayolik bayrami

So‘nggi yillarda G‘arb madaniyatiga taqlid shu qadar kuchayib ketdiki, hatto, o‘zga millatlarga taalluqli bo‘lgan ba’zi odatlarni ham ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirib olish avjiga chiqdi. Butun dunyoda globallashuv jarayonlari sodir bo‘layotgan bugungi kunda inson ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan turli mafkuraviy tahdidlar soni kun sayin ortib bormoqda. “Ommaviy madaniyat” deb ataluvchi, butun dunyo ahlini yagona madaniyat ostiga birlashtirishga qaratilgan bu harakat ortida qanday maqsad yotibdi? U kun kelib xalqlarning asrlar davomida sayqal topib kelgan milliy madaniyatini butunlay yo‘q qilib tashlashi mumkinligi haqida bilamizmi?

Qaerdaki biror millatning madaniyati oyoq osti qilinib, o‘zligiga putur yetkazilsa, uning tag tomiriga bolta urilsa, o‘sha yerda na jipslik va na taraqqiyot bo‘ladi. Har qanday jamiyatning ertangi hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarga yot mafkuralarni singdirish, turli odatlarga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishga undash manfur kimsalar qo‘lidagi eng ishonchli qurol sanaladi. Zotan, mafkuraviy poligonlar yadro poligonlaridan ustun bo‘lib borayotgan bugungi davrda yoshlar ongini zaharlash, ular orasiga “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib borish nimalarga olib kelayotganini hammamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Bu holat, ayniqsa, sharq xalqlarining asrlar davomida o‘rnak sifatida ko‘rsatilib kelgan uzoq ming yillik tarixga ega madaniyatiga xavf tug‘diryapti.

Bugun ham “ommaviy madaniyat”ning bir namunasi bo‘lgan – "Valentin kuni" deb nom olgan behayolik bayramini nishonlaydiganlar oramizda uchrab turadi. 14 fevral sanasi yaqinlashar ekan, savdo peshtaxtalari "yurakcha" shaklidagi turli sovg‘alar, “valentinka”larga to‘lib ketadi. Gul do‘konlarida esa sotuvchilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Restoran va kafe-barlarni aytmaysizmi...

"Valentin kuni"ni nishonlayotgan yoshlarimizning aksariyat qismi bu kunning tub mohiyati nimada ekanligini bilmaydi ham. Shu o‘rinda “Sevishganlar kuni” deb nom olgan ushbu mavludning tarixiga biroz nazar tashlasak.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, “Avliyo Valentin kuni” bir yoki bir necha “Valentinus” ismli xristian ziyolilarining nishonlashlaridan kelib chiqqan. Avliyo Valentin bilan bog‘liq eng mashhur martirologga ko‘ra, eramizdan avvalgi III asrda Rim imperiyasining Terni shahrida Valentin ismli ruhoniy yashagan. Nasroniylik dinining peshvolaridan bo‘lgan bu yigit shuningdek tabiblik bilan g‘am shug‘ullangan. Imperiya uchun suronli davrlar hisoblangan o‘sha kezlarda Rim imperatori Yuliy Klavdiy II o‘z askarlarining jangu-jadallar, harbiy yurishlardan chalg‘imasliklari, oilalariga bog‘lanib qolganlik vajidan uzoq muddatli janglardan bo‘yin tovlamasliklarini uchun uylanib oila qurishlarini ta’qiqlovchi taqiqlagan. Avliyo Valentin esa yoshlarning xohish-istaklariga ko‘ra, ularni maxfiy ravishda nikohlab kelgan. Bundan xabar topgan imperator uni qamoqqa tashlaydi. Hibsdaligida Valentin qamoqxona boshlig‘i Asteriusning qizi Juliyaning ojiz ko‘zlarini davolaydi.

Qamoqxona boshlig‘i qizi Juliyani davolagani uchun Valentinni ozod qilmoqchi bo‘ladi. Biroq, imperator uni oliy jazo – o‘limga hukm etadi. Afsonalarga ko‘ra, u qatl qilinishidan avval qizga “Sening Valentiningdan” deb xayrlashuv xatini yozadi. Uni 14 fevral kuni qatl etadilar. Shunga ko‘ra, nasroniylar Valentinni bir-biriga sevishgan yoshlarning homiysi deb bilib, uning sharafiga 14 fevralni “Sevishganlar kuni”, “Avliyo Valentin kuni” sifatida bayram qilishadi. Ushbu sana 496 yili Rim papasi Gelasiy I tomonidan Katolik cherkovining muhim bayramlari ro‘yxatiga kiritilgan, 1969 yili esa Pol VI tomonidan bu bayram ro‘yxatdan olib tashlangan ekan.

Boshqa manbalarda aytilishicha, bu kun qadimiy Rimda tug‘ilishni ko‘paytirish maqsadida shahvoniy festival sifatida joriy qilingan, deyiladi. O‘sha zamon va shahar madaniyati hamda axloqidan kelib chiqib, aytish kerakki, u davrlarda hali odob-axloq normalari tartibga solinmagan edi. Keyinchalik yevropaliklar tomonidan bu kun bayram sifatida targ‘ib qilina boshlangan. G‘arb va sharq o‘rtasida hamkorlik kuchaygani va g‘arb mamlakatlarining sharqdagi ba’zi davlatlarni zabt etishi natijasida bu kunni nishonlash boshqa xalqlar madaniyatiga ham kirib kela boshlagan.

Endi aytingchi, bu bizning ming yillar davomida shakllanib kelgan madaniyatimizga, azaliy urf-odatlarimiz, ota-bobolarimizdan qolgan qadriyatlarimizga to‘g‘ri keladimi? Haqiqiy sevgi uchun alohida kun zarurmikin? Chin muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘ulari ila band qalblar uchun bir-biriga shirin tilaklar izhor etishga alohida sana kerakmi?

Sevgi Yaratgan tomonidan inson qalbiga berilajak eng oliy tuyg‘u. Uni qandaydir matohlar, gullar va sovg‘alar bilan o‘lchashning o‘zi xato emasmi? Agar bizga muhabbat tarixi kerak bo‘lsa, uni g‘arbdagi yot g‘oyalardan emas, o‘zimizning mard bobolarimiz hayotidan izlaylik. Ulug‘ shoh va sarkarda Amir Temurning Bibixonimga bo‘lgan cheksiz hurmat va ehtiromini eslang. Yo Navoiyning Guliga bo‘lgan sof tuyg‘ularini yodga oling. Akbarshohning Mumtoz Mahalga atab bunyod etgan Toj mahali mana asrlarkim uning beg‘ubor muhabbatining nurini butun dunyoga yoyib turmayaptimi? Uzoqqa bormaylik, Zulfixonimning she’rlarini o‘qimagan odam topilmaydi. Shoira butun umr turmush o‘rtog‘i Hamid Olimjonga ta’zim qilib, uning sharafiga ash’or bitdi. Yo Sid Ahmad va Saida Zunnovaning muhabbati tillarda doston bo‘lmaganmidi? Ular o‘rtasidagi muhabbat avliyo Valentin ta’limoti ila dunyoga kelmagan edi. Ular sharqda sof va begard muhabbat timsollari sifatida tarixda qolishdi. Alisher Navoiy yaratgan ishq va vafo obrazlari Farhod va Shirin, Layli va Majnun sevgisi esa har qanday Valentin timsolidan yuz bor, ming bor ustun aslida.

Bu “bayram”ga o‘xshagan odatlar zamirida vayronkor g‘oyalar yotganini avvaliga payqamasmiz. Biroq “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib qilayotgan kimsalarning maqsadi xalqlarning milliyligi, o‘ziga xosligini yo‘q qilib, ularni manqurtlarga aylantirish ekanini dunyoning ko‘plab xalqlari hayotida ko‘rdik, guvohi bo‘ldik. Ma’naviy tomondan parchalangan millatni milliardlar ham, boy iqtisod ham saqlab qola olmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida aytilganidek, “Har bir ijtimoiy hodisaning ijobiy va salbiy tomoni bo‘lgani singari, globallashuv jarayoni ham bundan mustasno emas. Hozirgi paytda uning g‘oyat o‘tkir va keng qamrovli ta’sirini deyarli barcha sohalarda ko‘rish, his etish mumkin.

Ayni paytda hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda – ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin. Agarki bashariyat tarixini, uning tafakkur rivojini tadrijiy ravishda ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, hayotda insonni kamolotga, yuksak marralarga chorlaydigan ezgu g‘oya va ta’limotlar bilan yovuz va zararli g‘oyalar o‘rtasida azaldan kurash mavjud bo‘lib kelganini va bu kurash bugun ham davom etayotganini ko‘ramiz.

“Ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi”.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining kuyunchaklik bilan bildirgan mulohazalari kun sayin dolzarb bo‘lib bormoqda. Yana o‘sha "Valentin kuni"ga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu kun ko‘plab mamlakatlar yoshlari ongida fahsh kuni sifatida iz qoldirganiga ham alohida to‘xtalish lozim. Psixologlarlarning fikricha, qizil rang inson ruhiyatida zo‘ravonlikni keltirib chiqaruvchi, tajovuzkorlikka undovchi xarakterga ega. “Yurakcha” shaklining paydo bo‘lishini esa aytishga til ojizlik qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, ayollar badanining orqa tarafini anglatish maqsadida “yurakchi” tasviri o‘ylab topilgan va unga qizil rang ma’qul ko‘rilgan.

Endi o‘ylab ko‘ring, biz nimaning ortidan ergashyapmizu qanday kunni bayram qilyapmiz? Oqila, dono, husnda tenggi yo‘q Nodirabegim, Uvaysiy, Zulfiyaxonim izdoshlari bo‘lgan o‘zbek qizlariga, mard, jasur, mag‘rur, qadamidan o‘t chaqnaydigan Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur zurriyotlari bo‘lgan yigitlarimizga bu kunni “Sevishganlar kuni” sifatida nishonlash yarashadimi? Vatanimiz kelajagi, ravnaqi, yoshlar qo‘lidadir va shu ma’suliyatni his qilgan holda, keyingi avlodlarga milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizni bus-butun yetkazish bizning zimmamizda ekanini unutmaylik!
Ruslan Sulaymonov


Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 11661 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 1| Рейтинг: behayolik bayrami, Avliyo Valentin kuni
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 2
bekorchi kimningdir yuragi sen uchun urayotgang katta baxt
Like | 0
NuR_KR севиб севилиб яшайлик!
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 05:49
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное