Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » KINO YANGILIKLARI

Baxor [ISHKOMLI UY] xayotda xamma narsaga erishgan

«Ishkomli uy» seriali o‘z vaqtida yurtdoshlarimiz tomonidan sevib tomosha qilindi. Ushbu serialning muvaffaqiyatli chiqishida O‘zjon Deniz va Nurgul Yashilchoylarning hissasi katta. Ayniqsa, serialda Bahor rolini ijro etgan Nurgul Yashilchoy muxlislarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Xo‘sh, ushbu serialdan so‘ng aktrisaning hayotida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi? Ushbu sahifa orqali shu kabi savollarga javob topishga harakat qilamiz. 

Nurgul Yashilchoy 1976 yilning 26 mart kuni Izmirda tug‘ilgan. 2001 yilda Eskishahar Onado‘li universitetining teatr bo‘limini tamomlagan. Talabalik paytlari «Ikkinchi bahor» serialida Gulsum rolini ijro etdi va tez orada tilga tushdi. 2002 yilda rejissyor Chag‘an Irmoq uni «Ishkomli uy» serialiga taklif qildi. Aktrisa bu serialda Bahor Qoradog‘ obrazini yoritdi. Bu rol unga mashhurlik olib keldi. 2004 yilda «Malaklar oroli» serialida birga ishtirok etgan, o‘zidan 17 yosh katta rejissyor Jem O‘zer bilan oila qurdi. «Soxta kelin» filmidagi roli uchun 2005 yilda «Yilning eng yaxshi aktrisasi» nomiga sazovor bo‘ldi. 2005-2006 yillarda «Shadod qayinsingil» komik serialida bosh rolni talqin qildi. U ishtirok etgan «Hayot qirg‘og‘ida» filmi 60 marta o‘tkazilgan Kann kinofestivalida «Eng yaxshi ssenariy» yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. 2005 yil 22 mayda aktrisa ona bo‘ldi, o‘g‘liga Usmon Najot deb ism qo‘yishdi. Jem O‘zer bilan o‘tgan yili dekabr oyida ajrashdi. 

2010 yilda suratga olina boshlangan «Ishq va jazo» serialida Murat Yildirim («Osiyo» serialidagi Temir roli ijrochisi) bilan birga bosh rollardan birini ijro etdi. Ayni damda «Sensiz bo‘lmas» serialida ishtirok etmoqda. 

— Mashhurlik olamining o‘ziga yarasha qonunlari, o‘z tarozisi bor. Bu olamda ko‘pchilik o‘zini noqulay sezadi... 

— Chindan ham mashhurlikning yuki juda og‘ir. Avvaliga rosa kibrga berilasan. Ko‘pchlikni nazar-pisand qilmay qo‘yasan. Masalan, «Ishkomli uy» serialida ishtirok etdim. Bu serial reytinglarda yuqori pog‘onani egalladi. Shundan so‘ng menda ham kibr paydo bo‘ldi. Biroq serial tugashi bilan bari o‘z holiga qaytdi. Kechagina ko‘chada ko‘rib, bizga talpingan odamlar endi arang eslaydigan bo‘lishdi. Tan olish kerak, mashhurlik bugun bor, ertaga yo‘q, bo‘lishi mumkin. Ba’zan hamkasblarimiz muxlislar bezovta qilishidan nolishadi. Lekin san’at olami vakillari bir narsani idrok etishlari lozim: serial orqasidan pul topayotgan ekan, bunda tomoshabinning hissasi katta. Shu bois uning shaxsiy hayoti ham ommaning diqqatida bo‘lishi turgan gap, bundan jahli chiqishi emas chidashi kerak. Bu — kasbimizning eng mashaqqatli tarafi. 

— Hayotga nisbatan qarashlaringiz qanday? 

— O‘g‘lim sevib tomosha qiladigan asalari haqidagi mulfilmning boshlanishida shunday go‘zal jumla bor: «Shu paytgacha mavjud bo‘lgan aviatsiya qonunlariga ko‘ra, asalarilarning uchishi mumkin emas. Nozik qanotlari semiz qornini yerdan ko‘tarish uchun juda kuchsizlik qiladi. Shunga qaramay, asalarilar ucha olishadi. Chunki ularni insonlar o‘ylab topgan «imkonsiz» degan so‘z bezovta qilmaydi». Men o‘zimni juda baxtli his qilaman, yashashdan zavq olaman. Hayot bilan til topishishim oson. O‘g‘lim, sevgan do‘stlarim va ishim bor. Shukr qilib yashayman va «imkonsiz» degan aqidaga parvo ham qilmayman. Hayotda hamma narsaga erishsa bo‘ladi. 

— Boshdan kechirganlardan saboq chiqarasizmi yoki barini o‘z holiga tashlagancha yo‘lda davom etasizmi? 

— To‘g‘risini aytsam, hayotning har bir lahzasidan saboq olib yashayman. Ba’zan bir xatoni ikkinchi marta ham takrorlashim mumkin. Bu hali saboq olish hadisini yaxshi o‘zlashtirmaganimdan dalolat bo‘lsa kerak. Ba’zan tuyg‘ularga bo‘ysunaman, lekin aql bilan ish ko‘rishni ma’qullayman. 

— Kuchli ko‘rinasiz. Bu imijingizmi yoki o‘zingizni chindan ham kuchli deb bilasizmi? 

— Ha, men kuchli ayolman. Ikki opam bor. Men oilada eng kichik qiz edim. Uyimizning malikasi sifatida katta bo‘ldim. Qo‘limni sovuq suvga urmadim. Nimani istasam, muhayyo qilishdi. Shu bois biroz erkatoydirman. O‘z navbatida manmanligim ham bor, ba’zan avval o‘zimni, keyin boshqalarni o‘ylayman. 

— Xo‘sh, muhabbat oldida manmanligingiz taslim bo‘ladimi? 

— Qarshimdagi insonning qolipiga tushmayman. Tushsam ham ma’lum bir chegarada qolaman. Lekin uning dunyosida yashamayman, «U mening dunyoimda yashasin», deyman. 

— Sizni to‘g‘riso‘z ayol sifatida yaxshi bilamiz. Ajrashganingiz haqida esa sukut saqlashni ma’qul ko‘rasiz.
Nega? 

— Ochiq so‘zli bo‘lish bilan birovlar eshitishi kerak bo‘lmagan shaxsiy sirlarni fosh qilish bir-biridan farq qiladigan tushunchalardir. Bizning yaqin munosabatlarimiz tugadi. Jem endi mening do‘stim emas, faqat o‘g‘lim Najotning otasi, xolos. Tabiiyki, Najot tufayligina uchrashib turishda davom etmoqdamiz. Aslida yakuniga yetgan hech bir munosabatning ortidan gapirmayman. Tugagan munosabatning ortidan gapirish to‘g‘riso‘zlilik emas, axloqsizlik bo‘ladi, deb o‘ylayman. 

— Ajrashishdan keyin tushkunlikka tushgandirsiz? 

— Tushkunlikka tushish menga yot tushuncha. Chunki ichimda hayotdan zavq olishga ishtiyoq kuchli. O‘zgarishlarga tez moslashaman. Buning ustiga xobbilarim ham bor. Shuncha ish turganida, tushkunlikka tushish uchun sirayam vaqtim yo‘q. Hayot go‘zal, har doim shukr qilaman. Oila qurdim, bir farzandim bor, demak, o‘z o‘rnida bir muvaffaqiyatga erishdim. Bular meni ancha ulg‘aytirdi. Shu bois har tong uyg‘onishim bilan shukr qilaman. 

— O‘g‘lingiz kim bo‘lishini istardingiz? 

— Qaysi kasbni tanlashidan qat’i nazar, baxtli bo‘lishini istayman. Kasb tanlashni o‘ziga qo‘yib beraman. O‘g‘limning maktabiga borsam, o‘qituvchisi «Najot rasm darsidan yaxshi emas», deb qoldi. «Yaxshi bo‘lmasa, nima qilay? Qaysi fandan yaxshi bo‘lsa, o‘shani o‘zlashtirsin» deyman. Yosh bolalarga maktabda juda tig‘iz dars o‘tishlariga qarshiman. Aslida Najotning rejissyor bo‘lishini istayman. Albatta, talab qilmayman, tanlasa xursand bo‘lardim, xolos. 

— Ba’zi ijodkorlarni birgina roli bilan eslab qolishadi va ko‘chada ko‘rganda shu nom bilan chaqirishadi. Sizni-chi, ko‘proq nima deb chaqirishadi? 

— Muxlislar o‘zlariga yoqqan obraz nomi bilan chaqirishadi. Masalan, bolalar «Shaddod qayinsingil» deb chaqirishadi. Kimlardir «Hayot qirg‘og‘ida» filmidagi obrazimni eslab qolishgan. «Ishkomli uy» yaratilganiga ko‘p vaqt bo‘ldi, shunga qaramay, ba’zilar uchun hamon Bahorman. Bu rang-baranglik menga juda yoqadi. 

— «Ishq va jazo» serialida Murat Yildirim bilan birga ishtirok etdingiz. U bilan ishlash qiyin kechmadimi? 

— Murat aktyorlik sohasiga jiddiy yondashadigan talabchan inson. U ham ichki ovozga, ham ichki maromga quloq soladi. Shu bois u bilan ishlash oson bo‘ldi. Bizning sohada sheriginggizga ishonish juda katta o‘rin tutadi. 

Nurgul haqida ba’zi faktlar 

Eng qimmat aktrisa 

Nurgul Yashilchoy «Sensiz bo‘lmas» serialining har bir qismi uchun «Gold Film» shirkatidan 55 ming lira (27 400 AQSh dollari) miqdorida gonorar oladi. Bu borada u aktrisalar orasida birinchi pog‘onada bormoqda. Keyingi o‘rinlarda Beren Soat (19 200 dollar), «Osiyo»dagi Osiyo roli ijrochisi Tuba Buyukustun (16 500 dollar) va «Qashqirlar makonida»gi Elif — O‘zgu Namallar (16 500 dollar) borishmoqda. 

Seymanni ko‘rarga ko‘zi yo‘q 

Prodyusser Faruq Turgut «Ishkomli uy» serialining ikki qahramoni Bahor (Nurgul Yashilchoy) va Seyman (O‘zjon Deniz)larni «Sensiz bo‘lmas» serialida yana birga rol o‘ynatishni maqsad qilgan edi, biroq ular orasidagi mavjud ziddiyat tufayli orzusi amalga oshmay qoldi. Xabarlarga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zjon Deniz «Keyin-chi» filmi uchun Nurgulga taklif bilan chiqqan, biroq pul masalasida oralarida jiddiy tortishuv yuzaga kelgan ekan. 

* * * 

Nurgul Yashilchoy yaqinda boshlangan «Sensiz bo‘lmas» serialida «Osiyo» seriali orqali bizga yaxshi tanish aktrisa Tuba Buyukustunning real hayotdagi eri O‘nur Saylaqning rafiqasi rolini jonlantirmoqda. 

* * * 

Nurgul eri bilan ajrashgach, ma’lum vaqt izmirlik tadbirkor Mehmet O‘zgener bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan. Lekin munosabatlari uzoqqa bormadi. 

* * * 

Aktrisa «San’at maktabi» ko‘rsatuvida mashhur aktrisa Mujda Ar va Sinan Chetinlar bilan birgalikda hakamlar ha’yati a’zosi sifatida faoliyat yuritadi. 

* * * 

4 marta «Yilning eng yaxshi aktrisasi» mukofotini qo‘lga kiritgan. 

* * * 

Tarixiy obidalarga mehri baland bo‘lgani bois qadimiy Balat Chovush hammomini sotib olish uchun 1 million 500 ming dollar taklif qilgan.



Категория: KINO YANGILIKLARI
Просмотров: 19151 | Комментарии: 3 | Рейтинг: 1| Рейтинг:
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 3
Diyora пишет: | 28.04.2012 | 08:06 #3 Страница с комментарием Спам
аватар отсутствует smile
Like | 0
Diyora пишет: | 28.04.2012 | 08:05 #2 Страница с комментарием Спам
аватар отсутствует rahmat
Like | 0
shohrux_love zo'r chiqibdi rahmat silaga
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 06:07
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное