Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

“Baxtimga raxna solishlariga yo‘l qo‘ymayman!”


Sho‘x-shaddod, hayotga doim pozitiv nigoh bilan qaraydigan Nigina Anorboyeva o‘zbek kino va teatrining umidli yosh vakillaridan biri. U ekranda ham, sahnadagi faoliyatini ham teng olib borishga harakat qiladi. Aktrisa bilan o‘tgan yil sarhisobi, kirib kelgan yildagi rejalar haqida suhbatlashdik...

— Har bir yil yakunlangach, uni sarhisob qilib, bajarishga ulgurgan ishlarimiz tahlilini qilamiz...

— 2018 yilni odatdagidek oila davrasida, yaqinlar qurshovida kutib oldik. Ochig‘i, hali-hanuz bayram kayfiyati tark etmadi. Bunga asosiy sabab, yangi yil eng yaxshi ko‘rgan bayramlarimdan biri. Ikkinchidan esa, O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida “Kuch adolatda” nomli zamonaviy yangi yil ertagida qorqiz rolini ijro etayotganim. Teatrga kelgan bolajonlarga tomosha ko‘rsatib, o‘zim ham ertak qahramoniga aylanib qolgandekman. O‘tgan yilning sarhisobiga kelsak, teatrda bir qator rollarni ijro etdim. Uchta filmda ishtirok etib, dublyajda ham faol bo‘lishga harakat qildim. Bundan tashqari, bir qator ko‘rsatuv va loyihalarda boshlovchilik vazifasini bajardim. Nazarimda, 2017 yil men uchun judayam sermahsul o‘tdi. Qilgan mehnatlarim evaziga esa 25 dekabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi “Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi” nominatsiyasiga loyiq ko‘rishdi. Har bir ijodkor qilgan ishlarining ana shunday e’tirof etilishini istaydi.

— 2018 yilda nimalarni rejalashtiryapsiz?

— Tez kunlarda rejissyor Muzaffar Erkinovning “Hayot sinovlari” serialida suratga tushaman. U yerda O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilovaning yoshligini gavdalantiraman. Real voqealarga asoslangan serial tomoshabinlarni befarq qoldirmasligi aniq. Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diev boshchiligida teatrimizda “Zebiniso” spektakli sahnalashtirilyapti. Unda ham ishtirok etaman. Qisqasi, 365 kunning har bir daqiqasini sermazmun o‘tkazish maqsadim bor. Darvoqe, shaxsiy hayotimda ham albatta, rejalarim yo‘q emas. Faqat hamma sirlarni ochishni istamayman...

— Sizni doim mehnatda va izlanishda ko‘ramiz. 6 yoshingizdan ishlashni boshlagan ekansiz, shu rostmi?

— To‘g‘ri, o‘sha payt ilk gonorarimni telekanalarning birida boshlovchi sifatida ishlab topganman. “Bugunning bolasi” va “Bolaligim -podsholigim” ko‘rsatuvi uchun yaxshigina maosh berishardi (kuladi). Hozir o‘ylasam, mas’uliyatni bo‘ynimga juda erta olgan ekanman. Yaxshi eslayman, olti yosh bo‘lishimga qaramay, televideniega bir o‘zim metroda borib kelardim. Maktabga chiqqanimdan keyin tasvirga olish ishlariga vaqtim to‘g‘ri kelmay, “kasbim”ni o‘zgartirganman. Aniqrog‘i, maktabdagi darslarim tugagach, ota-onamga yordam bo‘lsin, deya kichkina bolalarga enagalik ham qilganman.

— Juda erta ulg‘ayishga majbur bo‘lganingizdan afsuslanmaysizmi?

— Yo‘q! Aksincha, ishlash, uydagilarimga yordam berish o‘zimga ham yoqardi. Ustiga-ustak oilaning to‘ng‘ichiman, ukamga o‘rnak bo‘lishim kerak edi-da.

— Qanday opasiz?

— Biroz qattiqqo‘l bo‘lsam kerak. Lekin ukam bilan xuddi do‘stdek gaplashamiz. O‘zimga yarasha mehribonligim ham bor.

— Turmushga chiqqaningizdan keyin siz haqingizda bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatishdi. Ularni eshitib, tushkunlikka tushib qolmadingizmi?

— Ochig‘i, bo‘ladigan gap-so‘zlarga oldindan tayyor bo‘lganman. San’atni ichida yurib, uning “qattiq” nonni yeb, el og‘ziga elak tutib bo‘lmasligini tushunib yetgandim. Faqat odamlar tarqatgan bo‘lar-bo‘lmas, yolg‘on ma’lumotlar turmush o‘rtog‘imning yaqinlariga og‘ir botdi. Chunki, sohamizning mana shu nozik tomonlarini bilishmasdi. Lekin nima bo‘lganda ham baxtimga birovlar raxna solishiga yo‘l qo‘ymayman! Shuning uchun ham irodamni mustahkam qilib, gap-so‘zlarga e’tibor bermaslikka harakat qilaman. Bugun turmush o‘rtog‘im, qaynona-qaynotam bilan tinch osuda hayot kechiryapmiz. Shuning o‘zi men uchun hamma narsadan ustun!

— Baxtingizga ko‘z tegmasin! Kelajakda o‘zingiz istagandek, egizak farzandlarning ota-onasi bo‘lib yurish nasib etsin. Suhbat uchun tashakkur.

— Rahmat.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 3555 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Baxt
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 07:27
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное