Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Bojalar Jahongir Poziljonov chizishni bilmaydi

Bu san'atkorning qo'shiqlari va filmlardagi rollari, tomoshabinlarga hamisha yaxshi kayfiyat taqdim etadi. U o'zi aslida hayotda qanday inson va uning o'ziga, qanday qo'shiqlar tinglaydi? Yaqin vaqtlarda,uning qo'shiqlari, negadir"jiddiy"tortgandek taassurot uyg'otmoqda. Ammo, sho'x, quvnoq qo'shiqlardan ham voz kechgani yo'q. O'tgan 2011 yilda esa, u suratga olgan va bosh rolni ijro etgan"Andijonlik mehmon"filmi"M&TVA"taqdimotida, yilning"eng yaxshi filmi"bo'ldi. Hozirda esa, u may oyida bo'lajak navbatdagi kontsert dasturiga tayyorgarlik ko'rmoqda. Bugungi"Dillashuv"sahifasining mehmoni"Bojalar"guruhi, xonanda, aktyor va rejissyor Jahongir Poziljonov. Saida Vahobova:- Qo'shiqlaringizga mavzu tanlayotganda ko'proq nimalarga e'tibor qaratasiz? Jahongir Poziljonov:-Qo'shiqqa mavzu tanlayotganimizda, ko'proq bugungi kunga e'tibor beramiz. Odamlarni ko'proq nima qiziqtirayotganiga, kerak bo'layotganiga va ko'proq ularning kayfiyatini ko'taradigan taraflariga e'tibor qaratamiz. Ularga qanday qo'shiq etkazsak, ular ko'proq xursand bo'ladi? O'zi bizlar ko'proq yig'latishga emas, kuldirishga, ko'proq siqilishga emas, xursandchilikka chaqiradigan narsalar qilishga, intilamiz. Saida Vahobova:- Lekin, negadir hozirgi kunda jiddiy mavzularda ham qo'shiqlar yaratyapsiz? Jahongir Poziljonov:-Hm... To'g'ri, lekin baribir, orada misol uchun, jiddiy mavzularda ham yaratib turish kerak. Mana yaqinda,"Ota-ona"deb nomlangan qo'shig'imizga olingan klipimiz chiqdi. Lekin,"Ota-ona"qo'shig'imiz ham, bir yig'latadigan yoki bir armonda qolib, aytilgan qo'shiq emas! Ota-onani qadri haqida yozilgan qo'shiq, va baribir, ruhiyatni juda ham tushirib yuboradigan emas! Biz u erda"ota-onalaringizni qadriga etinglar", degan narsani ko'rsatishga harakat qildik. Jiddiyroq qo'shiqlarimiz ham bo'lyaptiyu, lekin baribir ko'proq qo'shiqlarimiz, insonlarni yuziga tabassum ulashish haqida bo'ladi. Saida Vahobova:- O'zingizni ijodingizdan ota-onangizga qaysi qo'shig'ingiz juda ham yoqadi? Jahongir Poziljonov:-(o'ylanib) Menimcha, hamma qo'shiqlarimni mazza qilib eshitishadiyu (kuladi), lekin ko'proq onamlar"Jiydalar"ni yaxshi ko'radilar. Saida Vahobova:- Siz farzandlaringizni nimadan asraysiz va deylik kun davomida farzandlaringiz bilan qancha vaqt davomida birga bo'lasiz? Jahongir Poziljonov:-Farzandlarimni umuman, tarbiyasi buzilib ketishidan asrayman. Bolalarni yoshlikdan tarbiya qilib, tili chiqqanidan boshlab, yaxshi nima, yomon nima ekanligini tushuntirib, uni tarbiyalab, yaxshi tarafga boshlasangiz, o'shanda to'g'ri tarbiya bo'ladi, nazarimda. Misol, inson o'tib ketgandan keyin ham, yaxshi ishlari eslanadi. Hayotda ko'proq yaxshi ishlar qilish kerak. Shunday narsalar har doim qulog'ida tursa, bola ham ertaga yomonlikka qo'l urmaydi! Misol uchun, katta bo'lganda, hoh ota baqiroq, urishqoq bo'lsin, otadan qo'rqib emas, otasini hurmat qilib yashashi kerak! Misol uchun, yoshlikdan tarbiyasi bo'lmasa, katta bo'lganda uni urib tashlasangiz ham, qattiq gapirsangiz ham, uni faqat sindirib qo'yishingiz mumkin, lekin uni tarbiya qila olmaysiz. Meni o'zim, ko'zim bilan ko'rganman, otasini urganlar bor. Bolani yomon yo'lga kirib ketishdan ham asrash kerak, misol, katta bo'layotganda, bog'chada, maktabda yaxshi bolalar bilan o'rtoq bo'lsa, yaxshi do'st orttirsa, faqat yaxshi ishlar qiladi. Yomon o'rtoqqa qo'shilsa, o'sha yomon o'rtoqni gaplariga ko'nikishni boshlaydi. Shunga ham e'tibor qaratish kerak, nazarimda. Lekin, men ishonamanki, o'zim o'rgatayotgan narsalarim, gapiradigan gaplarim, qilayotgan halol mehnatim, farzandlarimga edirayotgan halol luqmalarim, ularning eb-ichayotgani halol mehnat bilan topilayotganidan ham, o'ylayman-ki, farzandlarim yaxshi tarbiya bilan katta bo'lishyapti. Endi ular bilan kun davomida qancha vaqt birga bo'lishimga kelsak, men o'zi ko'proq ertalab tursam, (kulibroq) bolalarim bog'chaga ketib bo'lgan bo'ladilar. Kechqurun kelsam, uxlab yotgan bo'lishadi. Kam ko'rishaman, lekin juda ham sog'ingan paytlarimda, keliningizga telefon qilib,"uxlatmay tur"deb aytaman. (kulib) U uxlatmay turadi. Keyin kelib, ozgina o'ynatib, ular bilan birga bo'laman. Saida Vahobova:- Har bir oilada bir o'ziga xos an'analar bo'ladi. Masalan, oyda ma'lum bir kunda yig'ilish, yangi yilni birga kutib olish kabi. Sizni oilangizda ham shunday o'ziga xos an'analar bormi? Jahongir Poziljonov:-Bizning oilada to'g'risini aytganda, bolalar bilan ko'p yig'ilib o'tira olmayman, chunki kech kelaman. Ko'proq shu oila bilan birga dasturxon atrofida birga o'tirib, 2-3 kunda bo'lsa ham, birga ovqatlanish, chunki, shuni o'zi ham katta gap. Misol uchun, boshqa narsaga vaqt ham etmaydi. Bizda oilaviy an'ana, yig'ilib, bolalar bilan birga o'tirib, o'zim ovqat qilib, osh damlayman! O'sha bir oyda bir marta bo'lsa ham, osh damlab, bolalarim bilan birga o'tirib ovqatlanaman. Saida Vahobova:- Ovqat qilishdan so'z ochdingiz. Birinchi marta qanday taom tayyorlagansiz? Jahongir Poziljonov:-Birinchi bo'lib, yoshlikda qozonkabobni o'rganganman! Saida Vahobova:- Bayramlarda yaqinlaringizga sovg'a tanlaganda, nimaga ahamiyat berasiz? Jahongir Poziljonov:-O'sha narsani yarashishiga ahamiyat beraman. O'sha narsa soatmi, buyummi, kiyimmi, farqi yo'q, birinchi navbatda o'sha insonga yarashadigan bo'lishi kerak. Gap narxida, qancha turishida emas, yarashsa bo'ldi. Misol uchun, men o'zim ham, o'zimga yoqadigan va yarashadigan narsani olaman. Masalan, ko'pchilik, qimmat kiyimlar kiyib yuradi, deb o'ylashadi. Yo'q, agar kiyim o'zimga yoqsa, yarashsa, bo'ldi, o'shani sotib olaman. Lekin, unaqa qimmat bozorlardan xarid qilmayman. Oddiylikni yaxshi ko'raman! Saida Vahobova:- Har bir kuningizni qanday rejalashtirasiz? Ya'ni, ertalab turibmi, yoki 2-3 kun oldin rejalashtirib qo'yasizmi? Jahongir Poziljonov:- Biz agar ijod tarafdan bo'lsa, rejalashtirib ertaga s'yomka, yoki indinga s'yomka, yoki bir haftadan keyin film boshlaymiz, yoki 10 kundan keyin boshlaymiz, deymiz. Lekin, boshqa ayrim shaxsiy ishlarim reja qilinmaydi. Chaqirib qolishsa boraman. Ijodda hammasi reja bilan qilinadi. Saida Vahobova:- Nima deb o'ylaysiz, san'atkorga ijod uchun eng muhimi? Jahongir Poziljonov:-Ijod uchun eng muhimi, charchamaslik deb o'ylayman. To'xtamaslik kerak! Eng muhimi, deganda oldinda, ko'p narsa turadi: to'xtamaslik, olg'a qadam va eng keraklisi, ijoddan suniy foydalanmaslik! Umuman, manfaatdan suniy foydalanmaslik va muxlislarni qadrlab, ular bilan bir xil inson bo'lish kerak! Aytmoqchi bo'lganim, mensimaslikdan qochish kerak! Hammani bir xil ko'rish kerak. Yulduzlik kasaliga uchramasligi kerak, deb o'ylayman. Saida Vahobova:- Rejissyor sifatida ko'plab filmlar suratga oldingiz. Rejissyorlikka qo'l urishingizga birinchi nima sabab bo'lgan? Jahongir Poziljonov:-O'zi yoshligimdan kinolarga, kino olishga qiziqish bo'lardi. Yoshlikdan orzu, havasmand bo'lganman-de. Shuning uchun imkoniyat bo'lganda qo'l urganman! O'zim ham yoshlikdan kinoda o'ynash orzuim bo'lardi. Bu orzuim edi! Shuning uchun ham, qo'shiqlar aytgandan keyin, imkoniyatlar bo'lganda, kino olishga harakat qildik. Saida Vahobova:- Mana o'tgan 2011 yilda suratga olgan filmingiz uchun,"M&TVA"mukofotini oldingiz. G'olib sifatida sahnaga chiqqaningizda, nimalarni his qildingiz? Jahongir Poziljonov:-Sahnaga chiqqanda yoshligimni his qildim. O'sha yoshligimda tomorqamiz bo'lardi, u erga tushib olib, og'aynilarim bilan ijodlar qilib o'tirardik. Ashula aytib, o'zimcha bir nimalar qilib yurardim. O'sha paytdan"imkoniyat bo'lsa,"Boyvachcha"degan bir kino qilardim", deb o'ylardim. Maktab davrlarda, yoshligimdan qiziqish bo'lgan. Menda qiziqish nimadan paydo bo'lgan? Maktablarda, umuman ko'cha-kuyda, misol uchun, menga odamlar ko'p e'tibor qilmasdi. Og'aynilarim ham kam bo'lgan, ko'p chiqishtirishmagan. O'sha paytlarda"hali taniqli bo'lib ketaman"derdim. O'shanda intilish ko'proq bo'lgan, lekin baribir, boshida boshqa ishlar bilan shug'ullanganman, boshqa joylarda o'qiganman, san'atga kirmaganman. Ammo, baribir 23 yoshimda san'atga kirib keldim. O'sha sahnaga chiqqanimda, ko'proq shu yoshligim esimga tushib ketdi. Saida Vahobova:-"Boyvachcha"filmingiz uchun ham M&TVA mukofotini olgan edingiz... Jahongir Poziljonov:-Ha, U birinchi M&TVA mukofotining, bu galgisi bilan farqi shundaki, u filmni sherigim Yodgor Nosirov bilan birgalikda olgan edik. Shuning uchun ham ikkita kuch bilan olingan. Har bir insonda xursandchilik bo'ladi. Bu safar xursandchilikdan hattoki, gapira olmadim. Faqat"rahmat"degan so'zni ayta oldim. Umuman gapirishga gap kelmay qoldi. Sahnada turib gapira olmadim ham (jilmayib), chunki hayajon katta edi. Oldingi safar sahnaga chiqqanimizda,"Boyvachcha"da ikki kishi rejissyor bo'lganimiz uchun ham, Yodgor Nosirov yaxshi gaplar gapirganda, ilhom kelib, men ham yaxshi gaplar gapira olganman. Lekin, bu gal hayajon kuchli edi. Saida Vahobova:- G'alabaga ishonganmidingiz? Jahongir Poziljonov:- Har bitta inson yangi ish boshlayotganda, baribir"mana shu eng yaxshi film bo'lsin", yoki"eng zo'r mukofotlarni oladi"deb ish boshlaydi. Biz ham shunday deb, ish boshlaganmiz. Besh yildan beri, har safar niyat qilamiz. Nasib qilgan ekan, bu safar olib qoldik. Saida Vahobova:- O'zingizni ruhiyatingizga qanday qo'shiqlar yaqin? Jahongir Poziljonov:- (o'ylanib) Meni o'zimni ruhiyatimga... Ko'proq og'ir qo'shiqlar eshitaman. Endi san'atkor odam shunaqa-ki, ichidagi dardi bo'lsa ham, hattoki otasi o'tib qolsa ham, kechqurun teatrda yoki, u bu, bir joyda biror bir film sahnasida ko'rinishi bo'lsa, agar hali otasi ko'milmagan bo'lsa ham, o'sha erga chiqishi shart. Shunaqa qonun-qoidalari bor. Shunga o'xshagan bizlar ham, o'zimizning dardimizni, yoki boshqa narsamizni xalq bilan bo'lisha olmaymiz. Chunki, har bir kishi o'zining dardini ichiga yutmasdan, misol uchun, ayol kishi gaplashib, ozgina dardlashib, yig'lashib yoki yana kimdir bilan g'iybatlashib dardini chiqarib yuboradi. Erkak kishi esa, na yig'laydi, nimadandir chiqara olmaydi, ichiga yutadi va oxir-oqibat qanaqadir bir kasalliklarga duch keladi. Har kimni o'zini qanaqadir dardi, o'ziga yarasha muamolari bo'ladi. Menda ham, qanaqadir tushkunlik bo'lib qolsa, qanaqadir muammo kelib qolsa, o'shanda ko'proq og'ir ashulalar, Ozod aka Nazarbekovni qo'shiqlarini ko'proq eshitaman, mashinada ozgina ko'zimga yosh keladi, ko'proq qo'shiq eshitib ichimdagilarni chiqarib yuboraman-de. Masalan, ko'proq"Jiyda gulim"ni eshitaman, og'ir ashulalaridan hozirgi kunda"Kimlar"degan qo'shiqlarini, ko'proq eshityapman. Bilmadim, balki bu qo'shiq menga ko'proq yoqqani uchundir? Hozir bu narsani aytsam, kimdir"Jahongirni hozir bu gapirgan gapidan, kimdir sindirmoqchidir, kimdir nimadir qilmoqchidir, shu sabab shu qo'shiqni eshitib yuribdi", deb o'ylashi ham mumkin. Yo'q! Unday narsa yo'q! Chunki, holat shunaqa-ki, odamga nimadir shunaqa ta'sir qilib qoladi. Misol uchun, shunaqa insonlarni ko'rganman-ki, u insonda shunaqa muammo bo'lgan-ki, ishdan haydab yuborishgan, yana u bu narsa qilishgan, sindirib qo'yishgan-de. U inson, ya'ni yaxshi yashab yurgan inson birdan nol bo'lib qolgan. Keyin u inson shunaqa mavzudagi narsalarni eshitib hordiq chiqarmagan, lekin ko'proq sevgi-muhabbatga tegishli bo'lgan qo'shiqlarni, ko'proq sevgi mavzusidagi hind filmlarini ko'rib, o'sha dardini chiqargan. Chunki, uning yoshlikdan yaxshi ko'rgan narsasi shu ekan, sevgi-muhabbat kuylarini, ko'proq hind filmlarini ko'rishni, yaxshi ko'rgan ekan. Shuning uchun, sevgi-muhabbat haqidagi qo'shiqlarni eshitib, filmlarni ko'rib, yangi hayotga qadam bosib, yana intilishni boshlagan. Hayotda yashashda davom etish kerak, bu bilan to'xtab qolish kerak emas, deb fikr yuritgan. Keyin o'sha insonga"nimaga o'zingizni dardingizga oid narsalar eshitmaysiz", degan savol berilganda, u odam"men bu bilan o'zimni yana botqoqqa tiqib nima qilaman"degan. Meni ham bu qo'shiqni eshitishim, aynan bu mavzu bo'lgani uchun emas! Sababi, meni o'zim ijoddan to'xtab qolib, ijodda qanaqadir yangiliklar qila olmasam, yo'limni topa olmasam, qanaqadir juda ham siqilib qolaman. Agar shu ijodni qilmasam, o'zimni o'zim sindirib qo'yaman. Shuning uchun, o'zimni o'zim sindirib qo'ymay deb, shu qo'shiqni ko'proq eshitaman. Shu sabab, qo'shiq nimagadir menga ta'sir qilib qolgan. Shuni eshitaman, eshitaman va bu menga ijod qilishga dalda beradi. (o'ylanib) Mana shu oxirgi paytda"Klyosh"qo'shig'idan oldin, bizlarda juda ham to'xtash bo'lib qoldi. Bir yangilik yaratmadik. Ahamiyat bergan bo'lsangiz, oxirgi paytlarda, ijodimizdagi qo'shiqlar, filmlar bir-birga o'xshash bo'lib ketgandi. Go'yoki bitta sharni, quduqni ichiga tushib qolgandik. O'shanda juda siqildim va mana shu"Kimlar"qo'shig'i, menga ko'proq yangi yangi ijod qilishga bir dalda berdi, (jilmayib) quvvat bo'ldi. Saida Vahobova:- O'zingizni 3 ta so'z bilan yaxshi va salbiy tarafingizni aytib bera olasizmi? Jahongir Poziljonov:- Maqtaydigan narsam yo'q! (kulib) Yomon tarafim... (o'ylanib) Ijoddan hecham to'xtamasligim! Bu ham 3ta so'z. Saida Vahobova:- Hozirgi kunda sizni nima hayron qoldirishi mumkin? Jahongir Poziljonov:-Hozirgi kunda meni (kulib) insonlar hayron qoldirishyapti! Saida Vahobova:- Qanday insonlar? Jahongir Poziljonov:-Ko'proq hayron qoldiradigan narsa, shu insonlarning (o'ylanib) har xil holati-de. Misol uchun, mana shu erda ham, ishxonamizni o'zida ham, ko'p hayron qoldirgan narsa, mana shu erda bitta inson yig'lab turibdi. Kayfiyati yo'q, kim gapirsa ham,"bor yo'qol"deb tashlayapti-de, ikki minut o'tdimi-yo'qmi, kirdim-chiqdim, qarasam haligi inson kulib turibdi-de. Tushunyapsizmi? Hayron qoldiradigan narsa, uni yig'lab turib, keyin kulgani emas! O'zgarganini tagida yotgan sababi! Insonlarni bir-biriga bo'lgan oqibati, umuman e'tibori! Shu inson bilan gaplashib, so'rab"nimaga unaqa darrov kulib, o'zgardingiz"desam, uning to'yi bo'layotgan ekan. To'yi birdan to'xtagan va u yig'lab, hech kimni yoqtirmay, janjal qilib turgan. Ikki minutdan keyin, telefon qilishib,"to'y davom etadi"deyishgan va to'yni davom ettirib yuborishgan. Meni hayron qoldirgan narsa, buning sababi! Qiziqib bilsam, ular ya'ni kelin taraf jo'natib yuborishgan mebel kuyov tarafga yoqmagan va to'yni to'xtatishgan-de, kelin taraf mebelni boshqachasini olishgandan keyin, to'y davom etgan. (kulib) Meni hayron qoldirgan narsa, shu oddiy mebel hayotni hal qilyapti! U narsa, hayotga foyda beradigan narsa emas! Hayotda umuman foyda bermaydi! Misol uchun, o'shanda kiyimingiz turadi. Kiyimingiz karavotni ustidami, stulni ustidami, turaveradi-ku, juda borsa uyingizni bir joyiga taxlab qo'ysangiz ham turaveradi! Misol uchun, bizda ham mana shu yoshga etibman, uylangunimcha shkafda kiyimlarim taxlanib turmagan. Bitta xonada erga ko'rpachalarni to'shab qo'yib, 3-4 bola katta bo'lganmiz. Shunchaki, meni aytmoqchi bo'lganim, bitta mebel hayotni hal qilib qo'yib, baxtsiz qilib, baxtli qilib qo'yyapti. Agar,"yaxshi mebel olib beramiz"deganda, to'y davom etgan bo'lsa, undan ko'ra, men o'ylardimki, aksincha kelin taraf to'yni to'xtatishi kerak, degan xulosaga kelardim. Chunki, u baribir bitta mebel bilan baxtli bo'lib ketdi, degani emas, ertaga yana bir narsa bo'lsa, yana biror gap bo'lishi mumkin. Bitta og'izdan chiqqan gapdan, yana boshqa gap ham kutiladi-de. Baribir gapiriladigan til, gapiradi. U inson bo'lsa, xursand turibdi. Men unga"baxtli bo'ling"dedim. Saida Vahobova:- Agar siz pul topishni, moddiy tarafini o'ylamay, yana qo'shimcha ravishda boshqa ish qilaman deganingizda, bu qanday ish bo'lishi mumkin edi? San'atdan tashqari yoki san'atning ichida? Jahongir Poziljonov:-Bilmadim, o'ylab ko'rmagan ekanman. Lekin, men ko'proq qurilishga qiziqaman. San'atdan tashqari ish desangiz, balki, qurilish bilan shug'ullangan bo'lardim. Chunki, qiziqaman, shunga o'rganganmiz, obodonlashtirish, qurilishga yoshlikdan havas bo'lgan. 5 ta farzand boya aytib o'tganimdek, 4 xonali uyda katta bo'lganmiz. Uy-joy qurishga yoshlikdan havas qilganman. Orzu-havaslarga erishib, uy-joy ham qurdik. Agar san'atga aloqador ish bo'lsa, mana misol uchun, qo'shiq aytib turib, film ham suratga olyapmiz, rejissyorlik ham qilyapman, rol ham ijro etyapman. Shuni o'zi ham 3-4 ta ish bo'lyapti. Saida Vahobova:- San'atda qaysi yo'nalishda umuman, ijod qilmagan bo'lardingiz? Yoki shu yo'nalishda ijod qila olmaysiz? Masalan, ba'zilar teatrda rol ijro eta olmaydi, ba'zilar jonli kuylay olmaydi. Siz-chi? Jahongir Poziljonov:-(o'ylanib) Kecha xuddi shu narsalar haqida institutda ham aytib o'tdim. 3 - kursda San'at institutida o'qiyotganimda, sog'lig'im tufayli akademik ta'til olib ketganman. Endi esa, ariza yozib, o'qishimni qayta tikladim va hozirgi kunda 3-kursda, drama rejissyorligi yo'nalishida tahsil olyapman. O'qituvchim Olim aka Salimov. Kecha, ular ham,"Shuncha ishlar, shuncha amaliyot qilindi. Shuncha filmlardan keyin, kelib o'qishingizni davom ettirishingiz, diplom uchunmi?"deb so'radilar. Men"yo'q, meni o'zi tajribam etishmayapti, meni o'zim uchun kerak"dedim. O'zim 34 yoshga kiryapman, lekin institutdagi o'qishimni tiklab, davom ettirib, o'zimga tajriba orttirib, o'zimni mustahkam, haqiqatdan, qonuniy ravishda rejissyor va aktyor bo'lmoqchiman. Misol uchun, meni agar hozirgi kunda teatrga chaqirishsa, men tayyor emasman. Biror-bir rol berishsa, o'ynab bera olmayman. Teatrda jonli rol ijro etish, juda ham qiyin! Misol uchun, men qiynalaman. Sabab, balki filmlarga o'rganganim uchundir? Filmlarda dubl, dubl bo'ladi. Endi yaxshilab o'qib, tajribamni oshirsam, xudo hohlasa, o'ynashga harakat qilaman! Meni ustoz san'atkorimiz Murod aka Rajabov, teatrga rol o'ynashga taklif qildilar. 2-3 marta bordim, lekin u erda bo'layotgan mehnat va mahoratli insonlarni ko'rib, xuddi san'atga birinchi marta kirgandek, meni ozgina hayajon bosib turdi-de. Shunaqa insonlar bor, taniqli emas, lekin teatrda ularni hamma taniydi. Shunaqa mahorat bilan rol o'ynashadi, ularni ko'rsangiz, ulardan ish o'rganish kerak. Saida Vahobova:- Jurnalistlarning sizga eng ko'p beradigan savoli? Hech kuzatganmisiz? Jahongir Poziljonov:-Ko'proq savollari,"Nima uchun unaqasiz? Nima uchun bunaqasiz?"Ko'proq tanqid qilishni yaxshi ko'rishadi. Tanqid ham kerak! Tanqid bu san'atkor uchun kelajak mevasi, deb o'ylayman, juda ham yaxshi ko'raman. Men masalan, internetni ham yaxshi tushunmayman, tushunganlar aytishadi, gazetalarda ham, saytlarda ham, bizni masalan, tanqid qilishadi, yomonlab yozishadi. Lekin, tanqid yaxshi narsa! Har bir insonni, har bir jurnalistni o'z fikri bor. Masalan, xatosi bo'lsa,"mana shu san'atkor xato gap gapirdi, xato ish qildi, mana bu erda noto'g'ri rol ijro etdi. Yoki umuman, kinosi yaxshi chiqmabdi. Shu ashulasi umuman bo'lmabdi. Yoki mana bunday bo'libdi". Bular, bitta odamni fikri, bitta jurnalistni o'z fikri! U buni gapirishga haqli. Undan hech xafa bo'lib, hech bir narsa qilish kerak emas. Aksincha, bunaqa yozishsa, men xursand bo'laman!"Yozishibdi sizlarni, mana bunaqa deyishibdi. Gapirmaysizlarmi?"deyishsa, men,"nima deyishibdi?"desam,"mana bunaqa-bunaqa"deyishsa, men"voy, zo'r bo'libdi-ku"deyman! Aksincha, buni hech tushunishmaydi, mana chet ellarda, Amerikada, aynan, shunday tanqid qiladiganlar bilan aksincha ularni o'zi gonorar to'lab, shunaqa narsalar qildirishadi. Chunki, u san'atkorni qancha tanqid qilib, qancha uni sinchiklab, uni qancha yomonlashsa, xalq uni shuncha yaxshi ko'raveradi, qiziqish bo'ladi."Voy yomonlayapti, nega yomonlayveradi? Yaxshi qo'shiq aytadi-ku... Mana bunaqa-ku... Zo'r qo'shiqchi-ku, zo'r bola-ku..."deb, rahmi kelib, yoki qiziqib, insonlar uni yaxshi ko'rishni boshlashadi. Bizda esa, bu narsani ko'plar qadriga etishmaydi va tushunishmaydi. Men esa xursand bo'laman, balki chet davlatlarga ko'p chiqqanligim uchundir? U erlarda ko'p ko'raman. Biz chet elga chiqqanimiz, bilan shundoq borib, qaytishmas, u erda misol uchun, 3-4 kun vaqtimiz bo'lsa, ularning ijodi bilan ham tanishishga harakat qilamiz. Ular nima qilishadi, qanaqa yo'nalishda ishlashyapti? Umuman, ularning san'atkorlarini ob-havosi qanaqa? Ularda ketayotgan har xil holatlar, san'atkorlarni ustida ketayotgan fikrlar, ularni jurnalistlari va san'atkorlariga bo'lgan xalqning e'tibori qanday? Qanday narsani yaxshi ko'rishadi va yomon ko'rishadi? Shuni ko'rib, fikrlashga, ularning maktabini ham o'rganishga harakat qilamiz. Masalan, ko'p joylarga, Moskva, Xitoy, Amerika, Hindistonga borganimizda, kuzatganmiz, ularda ko'proq"antireklama"degan narsa bor. Ularda,"reklama"juda katta pul turadi, misol uchun, bitta klipni chiqarish, millionlarni hal qiladi. Bizda yana ham, san'atkorlar uchun imkoniyatlar juda katta. U erda esa, bitta qo'shiqni chiqarib, bitta insonni darajasini ko'tarishi uchun, ancha mablag'sarf qilishlari kerak. Ular esa, shu mablag'ni sarf qilmasdan, kamroq mablag'berib turib, mana shunday"antireklama"lar bilan, obro'sini ko'taradigan ish qilishadi. O'sha insonni, yaratgan bitta qo'shig'ini tanqid qilib, ajiotaj qilib turib, vahima qilib, hamma gazetalardan tanqid qilib yozishadi-da, keyin uni televideniyalarga chaqirib, intervyularda uni gap, tanqid bilan"urib", uning san'atini qoralab tashlashadi. Qarabsizki,"Nega unaqa qilishyapti? Nimaga?"deb, tomoshabinlar orasida, gaplar boshlanib ketadi. O'sha inson haqida"intriga"bo'lib, qarabsizki, uni hurmati yana oshib turibdi! Shunda o'sha san'atkor, muxlislari uning uchun, qancha jon kuydirishini, yoki qanchalik u kerak emasligini, sezadi. Bu uni obro'sini oshiradi, deganim, o'sha san'atkorni xalq yaxshi ko'rib, ko'tarishida emas, o'sha inson haqida qancha yomon gap tarqab, qancha unga qancha tanqid bo'lsa, xalq agar u haqida qancha jon kuydirib, hammayoqda gap-so'z bo'lsa, demak,"meni xalq yaxshi ko'rar ekan", deb, shularni ishonchini oqlayman deb, yana ijod qiladi. Yanada yaxshi narsalar yaratadi. U xalqni fikrini bilmoqchi! Agar siz, har bir insondan, har bir xonadondan"men qanday ijod qilishimni hohlaysiz"deb, so'rab chiqaman, desangiz, bir oy ham etmaydi! Bu esa, bitta intriga bilan bilib oladi! Agar bu haqida xalq jon kuydirmasdan, ko'p gapirishmasdan,"a, nima bo'pti?"deb, tanqidlarga shunchaki beparvo o'tib ketishsa,"demak, men xalqqa yoqadigan hech narsa qilmabman"deb, yana bir necha baravar ijod qiladi! Nima kerakligini bilib oladi!"Men qanday ijod qilsam ekan? Qanday qo'shiq kuylasam, qanday rol o'ynasam ekan?"Bitta tanqid bilan hammasini bilib oladi! Shuning uchun, tanqid san'atkor uchun kelajak mevasi, deb bekorga aytilmagan. Har tomondan inson mana shu tanqid orqali, xalqqa nima etkazish kerakligini, nima qo'shiq qilish, nima kino qilish kerakligini bilib, xalq va muxlislarni ishonchini qozonib, ularning e'tiboriga yanada yaxshi mahsulot etkazishga harakat qiladi! Saida Vahobova:- Birinchi yaratgan qo'shig'ingiz muvaffaqiyat keltirganmidi? Jahongir Poziljonov:-Birinchi qo'shiq,"Yoringman"qo'shig'i edi. Shu qo'shiq chiqqandan keyin, metrolarda, avtobuslarda yurganimizda, odamlar qo'li bilan ko'rsatib, dastxatlar olishgan. Birinchi dasxat berganimiz ham yodimda,"Alisher Navoiy"nomli ("Panorama") kinoteatr yonida dasxat berganman. O'shanda maktab o'quvchilari 3-4 sinf qizchalari kelib, dasxat olishganda, o'shanda tanish san'atkorlardan biri"Jahongir, kichkina bolalar kelib, dasxat olishyaptimi, yosh bolalar seni yaxshi ko'rishyaptimi, demak, bu kelajaklaring bor degani! Demak, yaxshi ijod boshlayapsizlar! Bo'shashmay davom ettiringlar!"degandi. O'shanda o'sha gap ham, bizga katta kuch bag'ishlagan. Saida Vahobova:- Qo'shiqlaringiz mavzusini bugungi kunda insonlarni nima qiziqtirayotganligiga qarab tanlayman dedingiz, bunga ko'ra, qo'shiqlaringizni ommalashishi va xit bo'lishini ham oldindan bilasizmi? Jahongir Poziljonov:- Yo'q, bunday emas. Masalan, bizga omad keltirgan qo'shiq"Jiyda gullaganda"qo'shig'ini aytgimiz kelmasdan kuylagandik. Boshida shu qo'shiqni yaratganimizda, endi ko'rinayotgan paytimizda, bizga aytishgan,"bu kichik bolalar aytadigan qo'shiq-ku, endi ko'rinyapsizlar"deyilgan, shunday fikrlar bo'lgan. Ko'pchilik gapirib, ko'pchilik eshitganda kulgan ham."Shunaqa ham qo'shiq aytasanmi?"deyishgan. Keyin biz ham aytgimiz kelmay, aytaylikmi, mayli, deb aytib, juda yoqmasa, albomga kiritmaymiz deganimizda, qaerdandir qo'shiq, pirat bo'lib, ko'chaga chiqib ketib qolgan. Keyin ko'chaga chiqib ketganini eshitib qolib,"ha, mayli, chiqib ketib qoldi"deb, radiolarga tavakkal qilib, berib ko'rganmiz. Birdan omad keltirib yuborgan shu qo'shiq! Kutilmagan holatda bo'lgan, shu qo'shiqni aytgimiz kelmay, kuylaganmiz! Ba'zi qo'shiqlarni"zo'r, xit"bo'ladi, deb kuylaganimizda, bo'lmagan. Saida Vahobova:- Sizni hayot falsafangiz qanday? Har bir insonni hayot falsafasi bo'ladi. Jahongir Poziljonov:-Men boya aytganimdek, yaxshilikdan to'xtamaslik, fikrim bor. Faqat, yaxshilik! Misol uchun, inson nima qilishidan qat'iy nazar o'g'rilik qilmasdan, birovni kamsitmasdan, biror-bir yaxshilik qilsa, u yaxshilik to'xtamaydi! Misol uchun, o'tib ketayotgan bir insonni sumkasini ko'tarishib, yo'lni narigi betiga olib o'tib bersangiz ham, shu ham yaxshilik,"rahmat, baraka top, otangga rahmat"deydi. Misol uchun, biz ham bir qo'shiq aytdik, insonlar eshitib"rahmat, baraka top, otangga rahmat"deyishyaptimi, demak, yaxshi ish qilyapmiz. Bizni ham ko'p insonlar eshitadi, muxlis bo'lishadi. Misol, bir xil joylarga borganimizda, yoshi katta insonlar, otaxon-onaxonlar"baraka top, otangga rahmat"desa, xursand bo'laman. Menga otam,"otangga rahmat degan gapni eshitish qanchalik yaxshi, bilasanmi?"deb yoshligimda juda ko'p, aytardilar. (eslab, kulimsirab) Yoshligimda meni deb ko'p gap eshitganlar, mahalla oqsoqollari ko'p shikoyatlar qilishgan. Sho'x bo'lasiz, yoshlikda bo'ladigan narsalar. O'shanda ko'p urishib,"otangga rahmat"degan gapni eshitishni o'rniga sen bunday qilyapsan? Otangga rahmat, degan gapni eshitish qanchalik zo'r, sen hali bu narsani bilmaysan. Senga gapirganim bilan qulog'ingga kirmasligi mumkin. Lekin, qachon ota bo'lasan, o'shanda tushunasan!"deganlar. Haqiqatdan, ota bo'lib, mana hozir tushunib etganimda, misol uchun, otam o'tib ketganlar. Hozir shu to'yxonalarga kirsam,"otangga rahmat"desa xursand bo'laman-de. Men o'ylayman, bolalarim ham katta bo'lishganda"otangga rahmat"degan gap eshitarmikan, ishqilib, shu gapni eshitsin deb, niyat qilaman. Saida Vahobova:- Ba'zilar farzandlari bolaligidayoq qaysi kasb egasi bo'lishini o'ylab qo'yishgan bo'lishadi. Sizda qanday? Jahongir Poziljonov:- Hali o'ylab ko'rganim yo'q. Agar meni kasbimni tanlaydigan bo'lishsa, rozi bo'lar edim, nima deyman? Agar qiziqishi shunchalik zo'r bo'lsa! Misol uchun,"yo'q"deyishim ham mumkin. Lekin, qaysi sohani tanlashidan qat'iy nazar, o'zi astoydil yopishib, qiziqsa, demak unda shunga ishtiyoq katta! Adashmaydi! Ertaga,"voy bu kasb sal bo'lmadi, boshqa kasb tanlayman"desa, bu bo'lmaydi. O'zimda ham, to'g'risini aytsam, boshida san'atga kirishimga dadam qarshi bo'lganlar! Har xil ishda ishlab ko'rganman, lekin hadeb san'atga yopishaverganimni, ishtiyoqimni ko'rib, oxiri"nima o'zi, gapir dardingni"deganlarida,"san'at"deganman. Shu bilan"bo'pti"deb ruxsat berganlar. Qarasalar, astoydil shu ekan, haqiqatdan, shu kabsni ushlab, shu kasbdan elga ko'rinib,"otangga rahmat"degan gapni eshitib yuribman. Saida Vahobova:- Insonning eng zo'r yoshi, davri qachon deb o'ylaysiz? Jahongir Poziljonov:-(kulib) Menimcha, 3 yoshgacha bo'lgan payti. Chunki, tashvishi bo'lmaydi, hech narsani tushunmaydi, muammosi yo'q. Yoshligimda 5-6 yosh paytlarim, mahalladagi oqsoqollar, yoshi kattalar,"senlarga maza hech narsani tushunmaysanlar, na bir tashvishing bor, yashab yuribsan-de"deyishgan. O'sha esimda qolgan, shuning uchun! Saida Vahobova:- Ko'plab shogirdlaringiz bor. Shularni ichida qaysi birini o'zingizdan o'tgan deb o'ylaysiz va tan olasiz? Jahongir Poziljonov:-Hammasi. Hali hech qaysisi yuzimni erga qaratmagan. Mana eshitaman, hammasiga,"ustozingni ehtiyot qilgin, ustozing baraka topsin"deyishadi. Lekin, hech qaysisi yuzimni erga qaratmagan. Ammo, hali men o'zimni ustoz deb bilmayman. Hali shogirdlik darajasidan o'tganim yo'q, lekin, shunchalik ustoz deb bilishganidan men xursandman. Masalan, administratorim Javlon Shodmonov menga sherik hisoblanadi, misol uchun, ijodni birga boshlaganmiz, ijodni endi boshlagan vaqtlarimiz, Mo'min Oripov bilan birgalikda, o'shanda birinchi chiqqan xizmatimizda, Javlon Shodmonovni ham qo'li bor. Birinchi bo'lib, sahnaga chiqqan kunimiz men, Javlon Shodmonov va rahmatli Mo'min Oripov birgalikda qatnashganmiz. Men film olishni boshlaganimdan keyin ham, ish uslubimni o'rganib yonimda yurgan. O'zi uchun ustoz deb bilgan bo'lsa, men xursandman. Uni yaxshi ijodkor deb bilaman, biz qilgan narsalardan ham yaxshi qilib qo'ygan narsalari bor, men buni tan olaman. Suratga olgan filmlarini ko'rganimda ham, men o'zim maza qilib ko'rganman, havasim kelgan. Filmlaridan menga"Kichkina xo'jayin"juda ham yoqqan. Saida Vahobova:- Kliplaringiz va filmlaringizda doim do'stlaringizdan foydalanasiz. Har safar bir xil yuzlarni ko'rib, sal tomoshabinlarni zeriktirib qo'yishdan cho'chimaysizmi? Jahongir Poziljonov:-Yo'q, nimagaki, ular serqqira ijodkorlar! Ular har gal chiqishlarida, har xil ko'rinish, qiyofa, obraz, xarakter yaratadilar. Ularga ishonganim uchun ham, ko'proq ulardan foydalanaman. Qisqa savol javoblar Saida Vahobova:- Agar birov sizga ishonib sir aytsa, buni qancha vaqtgacha saqlab yura olasiz? Jahongir Poziljonov:-Men iloji boricha sirini eshitmaslikka harakat qilaman. Chunki, saqlab turish, menda qiyin. Sirli gap desa, aytmay qo'ya qol, deyman. Saida Vahobova:- Arazchimisiz? Jahongir Poziljonov:- Sal-pal... Saida Vahobova:- Siz uchun qanday dam olish ma'qul, biror davlatga sayohat yoki... Jahongir Poziljonov:- To'g'risini aytsam, dam olishga vaqt yo'q! Dam olishga vaqt bo'lsa, o'z uyimda 2 kun maza qilib uxlasam, o'sha eng zo'r dam olish! Saida Vahobova:- Oxirgi marta qachon, yolg'on gapirgansiz? Jahongir Poziljonov:- Eslay olmayman. Lekin, yaxshilikka bo'lsa, yolg'on ishlatishga harakat qilaman. Bugun ham misol shunday bo'ldi, atrofimdagi bolalar bitta narsa ustida bir-biri bilan urishib ketganda, o'sha narsani men,"aslida yo'q edi bu, bunaqa edi, sizlar noto'g'ri tushunibsizlar", deb men yolg'on gapirib yarashtirib qo'ydim. Yaxshilikka yolg'on gapirish mumkin deb, o'ylayman. Men, biror bir biznesda, mana buncha pul tiksam, buncha foyda bo'ladi deb aytmoqchimasman. Bu erda yolg'on ishlatib foyda qilish emas! Insoniylik taraflama aytmoqchiman. Biror insonni yarashtirish, yoki biror inson tuhmatda qolsa, kimdandir gumon qilyaptimi, u inson aslida unaqa emasmi, masalan, men bilaman u inson shu ishni qilmagan. Shu yolg'on gapirib turib, bir-biriga mehr-oqibatini tiklab qo'ysa, misol uchun, ikki turmush buzilib ketyapti, o'sha erda borib yolg'on gapirib, o'sha ikkalovini yarashtirsa, ular birga yashab ketsa, farzandi bo'lsa, otasiz qolmaydi, yoki onasiz qolmaydi. Saida Vahobova:- Dunyoda hamma odam rost gapirsa, nima bo'ladi? Jahongir Poziljonov:- O'sha davrlarning eng zo'ri bo'ladi. Saida Vahobova:- Bolaligingizda qaysi filmni yoqtirardingiz? Jahongir Poziljonov:-"Shum bola"Saida Vahobova:- Yoshligingizda nimadan qo'rqasiz? Jahongir Poziljonov:- Qorong'ilikdan Saida Vahobova:- Eng uzoq gastrol safaringiz? Jahongir Poziljonov:-15-16 kun bo'lgan, viloyatlarga chiqilganda. Saida Vahobova:- Bugungi kunda sizni san'atingizga nima etishmayapti? Jahongir Poziljonov:-O'zimni san'atimga ozgina tajribam etishmayapti, deb o'ylayman. Saida Vahobova:- Rasm chiza olasizmi? Jahongir Poziljonov:- Chizishni bilmayman.

 
Saida Vaxobova suhbatlashdi
18.04.2012


Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 6132 | Комментарии: 5 | Рейтинг: 0| Рейтинг:
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 5
Damir_95_ Joxon aka bilishiz shartmas
Like | 0
@Kamilla@ Suhbatga gap yoq! v
Like | 0
muslima97 Pfffff
Like | 0
muslima97 Shu ham yengilimi
Like | 0
begim4155 Nima qibdi endi bilmasa. Tovbaaa
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:33
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное