Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Bollewood (Xindiston yangiliklari)

Bollivud yulduzlari qalbiga nazar: O‘zbekistonga borish – orzu!

Bollivudning eng nufuzli taqdimoti 16-marosimi 13-yil o‘tib, Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tdi. AQSh, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, BAA, Avstraliya kabi qator davlatlardan tashrif buyurgan OAV safida Markaziy Osiyo mintaqasidan faqat bizning saytimiz  ham rasman ishtirok etib, hind kinosining eng yorqin yulduzlari bilan yuzma-yuz uchrashib, shov-shuvli taqdimot marosimini yoritishga muvaffaq bo‘ldi! Ushbu eksklyuziv maqola voqea joyidan, aynan Kuala Lumpurdan tayyorlandi!
Xalqaro Hind filmlari Akademiyasi (IIFA) taqdimoti turli mamlakatlarda o‘tkaziladi. Bollivud filmlari tomoshabinlari, hind kinosi muxlislari dunyoning turli nuqtalarida millionlarni tashkil etadi-da! Axir, bir yilda 2000 dan ortiq film ishlab chiqaruvchi katta industriya – Bollivud bu ko‘rsatkichda Hollivudni ham ortda qoldiradi. E’tibor bersangiz, Hindistonda 365 kunning biron kuni bir necha kinopremerasiz o‘tmaydi!
IIFA ilk marta Janubiy Afrikaning Sansiti shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, shu paytgacha, ulkan taqdimotning katta “safar”i Malayziya, Niderlandiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, BAA, Singapur, AQSh kabi davlatlar bo‘ylab kezdi. IIFA 2015 an’anaga muvofiq 3 kun davomida turli tadbirlardan iborat keng madaniy haftalikni Kuala-Lumpur shahrida yorqin tarzda taqdim etdi. Tadbirlar orasida eng yiriklari: IIFA Rocks, IIFA Fashion Extravaganza, IIFA Gala Screening hamda haftalikni nihoyalovchi -IIFA awards!
IIFA & OSCAR! FAKTLAR:
IIFA – Bollivudning eng nufuzli taqdimoti hisoblanib, endi 16 yoshga to‘ldi. Hollivudning bosh taqdimoti - “Oskar” “otaxon” sanalib, u bu yil 87-marotaba o‘tkazildi.
IIFA – ilk bora JARda o‘tkazilgan bo‘lib, 10.000 taga yaqin tomoshabinni xursand qilgan. Chiptaning eng arzoni 100 dollar. “VVIP” («juda, juda muhim inson”) chiptalar narxi 5000 dollargacha!  “Oskar” ilk marta 1929-yil “Hollivud Ruzvelt” mehmonxonasida 270 kishilik tomoshabin oldida g‘oliblarni taqdirlagan. O‘shanda chipta narxi 5 dollar (hozirgi 69 dollar qiymatda) bo‘lgan.  
IIFA – har yili turli davlatlarda eng katta arena yo stadionlarda nishonlanadi. “Oskar” o‘tkaziladigan joy aniq – Los- Anjelesdagi “Kodak” teatri.
“Oskar”dan farqli o‘laroq, bu taqdimotda yulduzlar qizil emas, yashil yo‘lakchadan o‘tishadi.
IIFA haykalchalari oltindan emas, “Oskar” “yarimtilla”dan!
IIFA sahna dekoratsiyasida yaltiroq sariq rangdan “bearmon” foydalanadi. “Oskar” esa sariq rangli bahaybat haykallar o‘rnatishni xush ko‘radi! 
“Oskar” taqdimotida sahna “Kodak” teatri imkoniyatlari doirasida yaratiladi. IIFA esa serhashamlikda hatto Hollivudda dong‘i ketgan! Sahna haddan ziyod katta. Chiroqlar bir necha 10.000 donani tashkil etadi, ekrandan esa aslo muammo yo‘q!
IIFA da raqqosalar soni 1000 dan oshadi, “Oskar”da bu ko‘rsatkich 8 marotaba kam.
IIFA da yulduzlar o‘tadigan yo‘lakcha uch kun mobaynida eng asosiy tadbirlar oldidan tashkil etiladi (bu yil 4 marta), “Oskar” qizil yo‘lakchani bir marta to‘shaydi.
IIFA 2015. TAFSILOTLAR:
IIFA haftaligiga tashrif buyurgan Bollivud yulduzlari ro‘yxati: Anil Kapur, Anupam Kxer, Shankar-Ehsan-Loy (mashhur bastakorlar), Priyanka Chopra, Pariniti Chopra, Jeki Shroff, Tayger Shroff, Shraddha Kapur, Dipika Padukon, Anushka Sharma, Bipasha Basu, Ritesh Deshmukx, Neha Dxupia, Ranvir Singx, Dia Mirza, Arjun Kapur, Shahid Kapur, Farhan Axtar, Boman Irani, Jaklin Fernandes, Aditi Roy Haydari, Sonakshi Sinha, Vivek Oberoy, Gulshan Grover, Ayushman Xurrana.
IIFA Rocks – haftalikning birinchi kunidagi yirik tadbir hisoblanib, unda texnik nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanadi.
Maxsus effektlar – Reupal Raval («Zarba»)
Eng yaxshi prodakshn dizayn – Subrata Chakraborti  & Amit Roy (“Haydar”)
Eng yaxshi saund-miksing – Debajit Changmay (“Haydar”)
Eng yaxshi operator – Binod Pradhan (“2 shtat”)
va boshqalar.
Shouni Ayushman va Pariniti olib bordi.
IIFA Fashion Extravaganza – haftalikning ikkinchi kunidagi feyshn kechadir. Bu yilgi shouda Vivek Oberoy va Neha Dxupia boshlovchilik qildi. Masaba, Rocky S va Gaurang Shah liboslari namoyish etildi.
IIFA Gala Screening – yangi filmning yulduzli premerasi. Bu yil Zoya Axtarning “Yurak ursin” filmi katta shov-shuv ila namoyish etildi. Unda bosh rollarni talqin etgan barcha yulduzlar ishtirok etdi. Premera uchun Priyanka Chopra Mumbaydan bir kunga uchib keldi va ertasi kuniyoq yana Mumbayga uchib ketdi. “Yurak ursin” – komedik-drama janrida suratga olingan bo‘lib, asosiy voqealar ulkan kemada kechadi. Dengizdagi sayohat bir oila rishtalarini qay biri mustahkam, qay biri ojiz ekanligini  ochib beradi.  
IIFA AWARDS 2015
Hammasi yashil yo‘lakchadan boshlanadi... Biron yulduz kelganini muxlislar qichqirig‘idan bilib olsa bo‘ladi. Yulduzlik darajasini esa shu “qiy-chuv”larning past balandligidan! Bu yil yashil yo‘lakchada aksariyat aktrisalar qizil libosda namoyon bo‘lishdi. Ulardan birgina Dipika Padukon bejirim hindcha sarida ko‘zga tashlandi.
Intervyumiz chog‘ida esa Bolli-yulduzlarning xarakterlari yaqqol ko‘zga tashlandi. Ayrimlarini kuzatib, ularning botiniy olami haqida  ham yetarlicha xulosa qilish mumkin edi.
Dipika filmlarda sho‘x-shodon ko‘ringani bilan juda bosiqqina. Tabassumi esa esda qolarli. Anil Kapur haddan ziyod aristokrat. Kiyinishi ham, gapirishi ham. Ingliz tilida sof so‘zlaydi. Madam Tyusso muzeylarida yelim haykali o‘rnatilgan, mashhurligi bobida Shohruh Xondan keyin turadigan superyulduz Ritik Roshan jiddiy va bir paytda hazilkash. O‘zini qanday tutishni yaxshi biladi. Ranvir Singx va Arjun Kapur esa hali “g‘o‘r bolalar” ekan! Mashhurlik “kasali”ga chalingan. Anushka Sharma esa uncha-munchani mensimaydi. Suratga tushish ilinjida muxlislarning uzatilgan qo‘llari xor bo‘lib qolib ketdi... Tishi oq, terisi oq – shungami, u o‘zini boshqa hamkasblaridan ustun ko‘radi. Balki, kinodagi ilk qadami superyulduz Shohruh Xon bilan boshlangani uchundir?
Endi Putra Indoor stadioni ichiga kiramiz.  9000 dan ortiq tomoshabin. Stadionning bir tomoni esa ulkan sahna! Necha ming odam ter to‘kkani ma’lum. Chiroqlar, chiroqlar, chiroqlar... Juda serhasham! Ta’bir joiz bo‘lsa, Ozodbek Nazarbekovning konsertidan ilhomlanibmi, ular ham butun sahnani ekran bilan qoplagan!
ESDA QOLGAN YoRQIN LAHZALAR:
Taqdimotni bugungi Bollivuddagi raqib hamda do‘st Ranvir va Arjun olib bordi.
Dipika Padukon har gal sahnaga chiqqanida Ranvir she’rlar o‘qidi. “Ram va Lila” yodiga tushgan ko‘rinadi!
Sonakshi Sinha savat ichida stadion tomidan sahnaga kelib tushdi va raqsga tushdi.
Shahid Kapurning “og‘ir rok” uslubidagi chiqishi raqs bobida Ritikka yaqinlashganini ko‘rsatdi!
“Yil ayoli” nominatsiyasi bo‘yicha Dipika Padukon taqdirlandi. Hali yosh aktrisa bo‘lishiga qaramay, “Woman of the year» bo‘lish unga erish tuyuldi shekilli, Padukonning atir-upaga bo‘yalgan ikki yuzi yanada qizarib ketdi!
“Hind kinosi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” Subxash Ghay taqdirlandi. Mukofotni esa rejissyorni mashhur qilgan kartinasi “Ram va Lakhan” bosh qahramonlari Anil Kapur va Jeki Shroff topshirdi! Anil og‘a sufflyor ekranidagi yozuvlarni uzoq o‘qib bergan bo‘lsa, Subhash amakining ilhomi keldi, chog‘i, tomoshabinlar tinmay esnaguniga qadar gapirdi. Zal uning nutqi qachon tugashini orziqib kutardi... “Yiqilasiz, o‘smoq uchun, yana qayta turmoq uchun!” deya so‘zini yakunlagach, uxlab qolganlar ham turib, qarsak chalishdi!
Ritik Roshan “Raqs qiroli” ekanligini isbotladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, agar uning chiqishi marosim so‘ngiga qo‘yilmaganida, zal allaqachon bo‘shab qolishga ulgurardi. Agar, u kelmaganida, IIFA bu yilgi reytingini ushlab qololmasdi. Mana, qanday raqsga tushish kerak! Tomoshabinlarmi desak, “bollivud”chilarning o‘zlari ham Ritikning raqslariga devona bo‘ldi!
Nozli oyimcha – Anushka Sharma o‘zi bosh rol talqin etgan yangi filmi -“Bombey Velvet” xitlariga moslab, sahnada shou ko‘rsatdi. Uning imijida Hollivudning “Buyuk Getsbi” filmiga juda taqlid sezildi. Anushkaxonning sahnada shov-shuvli raqsga tushishiga hali ancha bor ekan. Viqori baland yulduz o‘z ustida xo‘b ishlashi lozim ekanligini ko‘rsatdi. Olqish ham shunga yarasha bo‘ldi. Besh soatdan oshiqroq shouda tomoshabin bo‘lishning o‘zi bo‘ladimi? Yo och qolishgan yo shu qadar charchashganki, qarsakning “sak”i eshitilmay qoldi. Yo‘q, nazdimda, Sharma hayratga solganida, qarsak uchun tomoshabin holsiz bo‘lsa ham kuch topar edi.     
Xullas, g‘oliblar ro‘yxati:  
Eng yaxshi debyut: Kirti Sanon (“Heropanti”)
Eng yaxshi debyut rejissyor: Omang Kumar (“Meri Kom”)
Eng yaxshi debyut rejissyor: Sajid Nadiadvsla (“Zarba”)
Eng yaxshi musiqa: Shankar-Ehsaan-Loy (“2 shtat”)
Eng yaxshi kadr orti qo‘shiqchisi: Ankit Tivari
Eng yaxshi kadr orti qo‘shiqchisi: Kanika Kapur
Komik roldagi eng yaxshi ijro: Varun Dhavan (“Men sening qahramoningman”)
Eng yaxshi debyut: Tayger Shroff  
Negativ roldagi eng yaxshi ijro: Key Key Menon (“Haydar”) 
Ikkinchi darajali roldagi eng yaxshi ijro: Riteysh Deshmukx (“Ek Villian”)
Ikkinchi darajali roldagi eng yaxshi ijro: Tabu (“Haydar”)
Eng yaxshi mahalliy film: Lai Bhari
Eng yaxshi ssenariy: Vikas Bahl, Chaytalli Parmar va Parviz Sheyx (“Qirolicha”)
Eng yaxshi rejissyor: Rajkumar Hirani (“PK”)  
Bosh roldagi eng yaxshi ijro: Shahid Kapur (“Haydar”)
Bosh roldagi eng yaxshi ijro: Kangana Ranaut (“Qirolicha”) 
Eng yaxshi film: “Qirolicha”
Shu o‘rinda fikr tug‘iladi. “Qirolicha” filmi qaysi jihatlariga ko‘ra bir necha mukofotga munosib topildi? Axir, nomzodlar orasida minglab tomoshabinlarning “Eng zo‘r film” deya ta’riflangan kartinalar ham bor edi-ku?! Masalan, “Yangi yil bilan”! Yo buyog‘i tanish-bilishchilik bo‘ldimikan? Ustiga-ustak, Kangana taqdimotga kelgani ham yo‘q. Shu qadar ishi ko‘p desak, Dipika, Anushka kabi superyulduzlar kelib turibdi-ku?! Balki, yorqin yulduzlar yog‘dusida yo‘qolib qolmay degandir-da, Ranaut xonim! Shahid Kapur – “Eng yaxshi aktyor”?! Uning raqiblari Shohruh Xon va Ritik Roshan kabi yulduzlar edi! Shu nominatsiya e’lon qilinganida zalning yarmi Shohruh desa, yana yarmi Ritik deya baqirdi. Biroq, haykalchani ilib ketgan Shahid bo‘ldi. Kimning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi, kim hind tilida nimalardir deb norozilik fikrlarini bildirdi! “Ayfa”chilar ham Shahid Kapurning so‘nggi yillarda taqdimot marosimidagi “eshshakdek” xizmatini inobatga olmasa, insofsizlik bo‘ladi degan xayolga borgan bo‘lsa, ne ajab?!
Bollivud yulduzlari O‘zbekiston haqida:
Ritik Roshan: “O‘zbekistondagi barcha muxlislarimga qalbimdagi bor muhabbatimni yo‘llayman! Yangi filmlaridan birida suratga olinishi shart bo‘lgan joylardan biri sifatida betakror Registonni tanladik! Nasib etsa, ko‘rishamiz!”
Pariniti Chopra: “O‘zbekistonga juda borgim keladi! Va bu orzuim yaqin orada amalga oshishidan umidvorman!
Sonakshi Sinxa: “Salom, O‘zbekiston! Meni sevganlarga men ham sevgimni yuboraman. Xuddi shunday rishta davom etsin!”
Farxan Axtar: “O‘zbekistondagi barcha do‘stlarimga iliq salomimni yo‘llayman! Do‘stlarim – bu yurtingizda meni taniydigan barcha insonlar!”
Dipika Padukon: “O‘zbek va hind xalqlarini azaliy tarix bog‘laydi. Shundanmi, bir-birimizga mehrimiz boshqacha. Barcha muxlislarimga baxt va muhabbat yor bo‘lsin! O‘zbekistonga taklif qiling, albatta, boraman!”
Shahid Kapur: “O‘zbekistonda filmlarimni sevib tomosha qilishlaridan juda xursandman! Bu go‘zal mamlakatga qachondir albatta borishimni yuragim sezadi! 
Shraddxa Kapur: “Hayotimda birinchi marta o‘zbek bilan gaplashayapman! Yurtingiz odamlari haqida ilk tasavvurim paydo bo‘ldi. Gullab-yashnayotgan O‘zbekiston haqida ko‘p eshitganman. Eshitganlarimni reallikka aylantirishning bir yo‘li bor – O‘zbekistonga borish! Va buni allaqachon rejalashtirganman ham! 
Jeki Shroff: “Men o‘zbeklarni sevaman!” (aktyor bu so‘zlarni o‘zbek tilida izhor etdi!)
Bollivud – rang-barang raqslar, diltortar qo‘shiqlar, muhabbat tantanasi! Hind filmlarida hissiyotlar, inson qalbining kechinmalari, romantika betakror tarzda ko‘rsatilgani uchunmi, unga bexosdan bog‘lanib qolamiz. Real hayotdan uzilib, orzular ummoniga g‘arq bo‘lamiz. Balki, Bollivudning siri shundadir? 
Nasib etsa, keyingi yil ham IIFAdan eksklyuziv reportaj tayyorlaymiz! Yana uchrashguncha!  
 
Jasur HAMROYEV


Категория: Bollewood (Xindiston yangiliklari)
Просмотров: 12827 | Комментарии: 10 | Рейтинг: 1| Рейтинг:
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 10
Rameo_bek Hmm shu gaplarga klasss
Like | 0
Jamshid_77 Narmalne izoh yozsamham na izohim chiqadi na javob berasiz admin e qoyile
lekin tarona.net N1
админtez chiqmasligi mumkin, yozilganku 48 soat ichida chiqadi deb, mana bu izohingizga javob yozayapman. boshqalarini hali ko'rmadim!
Like | 0
Jamshid_77 Admin shaxsan tarona.net xodimlari kuala lumpurga bordelami
Like | 0
Muxtor95 "Bollywood" Qiroli Shoxruxhon kelsa zo"r iw bulardi lekin...!!!
Like | 0
jentilment O'zbekistonimiz gullab yawnasin hindlarni kutib qolamiz
Like | 0
vaqt23 Qoyil qachon kelarkan bular yomin xam intizormanku bu hindlarga
Like | 0
azamat568 O'zbekistonga shohruhxon kelsa o'zbekiston bir zumda mashxur bo'lib ketardi hamma joyda shahruh o'zbekistonda deb show shu bo'lardi.
админDavlatimiz o'zi shundoq ham juda mashxur xisoblanadi... Dunyo olimlari etirof etiadi, faxrlansak arziydi!
Like | 0
Azamat4846 Hm kutib qolamiz kelishsin albattam
Like | 0
temur87 Xaqiqatdan xam fahirlansak arziydi bizni O'zbekistoni ko'rish ishtiyoqida bo'lgan insonlar soni cheksiz ekan qayerdansan deb surashgan fahirlanib O'zbekistondanman desangiz darov shirin mevalarimizni surashadi albatta tinchlik hukum surayotgan yurtga kimi kelgisi kelmaydi iloxim yurtimiz tinchligiga ko'z tegmasin yurtboshimiz xam omon bulsin.
Like | 0
shirin20 Hritik Roshanni kutib qolamiz
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 22:53
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное