Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

E’tirof-2014! Eng shov-shuvli tafsilotlar!

“E’tirof-2014”! Keng qamrovli taqdimot eng munosiblarni e’tirof etdi. Musiqa, kino, TV, radio, sport va amaliy san’at rivojida yil davomida mehnatini ayamagan yurtdoshlarimizdan bir guruhi taqdimot haykalchasi va 2 million so‘mlik chek bilan uyiga qaytdi!
Bunday yuksak maqomdagi shou dasturini tashkil etishning o‘zi bo‘lmaydi. Qancha mehnat, qancha asab, qancha g‘oya kerak!
Keling, taqdimot marosimi tafsilotlariga to‘xtalamiz.
1.Bu gal taqdimot bosh rejissyori Sa’dulla Abdullaev yelkasiga yuklatildi. Aniqrog‘i, ishonib topshirildi. "E’tirof-2013”da rejissyor Rustam Shamsutdinov bo‘lgandi. Ikki “gigant” rejissyor o‘ziga xos yo‘nalishga ega. Barmoqlari uzukka to‘la (bu uning o‘ziga xos imiji) Shamsutdinov ko‘proq kreativlikka yondoshsa, “Ona Zamin yulduzlari” va “Sen aziz va muqaddassan, ayol” shoulari bilan tanilgan Abdullaev shov-shuv ko‘tarishni xush ko‘radi.
2.Shov-shuv ”Istiqlol” saroyi vestibyulidan boshlandi. “Tirik” haykallar, “jonli” kartinalar tomoshabinlar diqqatini tortdi. Shar ustidagi qiz, malikani bir qo‘lida ko‘targan pahlavon ko‘rinishlari ko‘pchilikni hayratga soldi. Axir, ikki soat davomida qimirlamasdan, go‘yo loydan yaasalgandek qotib turishning o‘zi bo‘ladimi?! “Tirik” haykallarning sabriga qoyil! Bu ham mayli. Kartina qutisida obraz yaratib turganlar-chi? Ular orasida mashhur raqqosa Parizodani ham uchratish mumkin edi. Oppoq libosda “Bahor malikasi” qiyofasida “jonli” kartina yaratgan raqqosani suratga olish ishtiyoqidagilar naq yarim zalni to‘ldiradigan tomoshabinlar edi desak mubolag‘a bo‘lmas! Axir, sahnada tinmay raqsga tushadigan “raqs parisi”ning “qotib” turishini har doim ham kuzatavermaysan-da, kishi! Yana 3 metrlik musiqachilarni aytmaysizmi? Ularning musiqiy asbobni shunchaki ushlab turmay, jonli musiqada kuy chalgani tahsinga arzigulik!
3.Endi sahna ortiga o‘tsak. Buncha odam ko‘p? 4200 tomoshabin zalda bo‘lsa, naq shuncha odamning yarmiga teng ijodkorlar sahna ortida halak! Raqs guruhlari, musiqachilar, doirachilar, aktyorlar, jurnalistlar, ovoz sozlovchilar, operatorlar, xonandalar, administratorlar... Xullas, yulduzlar va yulduz bo‘lmaganlar bir-birlari bilan yaqindan ko‘rishishga, suhbatlashishga, “ichidan yonishi”ga, qay biri kibrini ko‘rsatishga, qay biri soxta xushomadlarini bildirishga muvaffaq bo‘lishdi!
4.Sahna dekoratsiyasida biron “global” yangilik yo‘q. Shu ekranlar bor bo‘lsin! Mukofotning ramziy baland haykallari va... Yo‘q, boshqa hech narsa! Balki, ortiqchalik qilgandir? Biroq, ayrim xonandalarning yakkaxon konsertlarida bundan-da hashamatli sahna dekoratsiyalarini ko‘rganmiz. Mablag‘ni tejashgan yo ortiqcha dabdabani xushlashmagan!
5.Zalning old qatorlarida bashang liboslardagi (dizaynerlarning bozori chopib, butiklar savdosi chaqqonlashgan bo‘lsa, ajabmas)  mashhurlarning nominatsiyaga qo‘yilganlari qattiq hayajon bilan o‘tirdi. Eng qizig‘i, odatda ayrim taqdimotlarda kim g‘olib bo‘lishidan zudlik ila xabar topishardi! Bu galgi sir tutishlar “Oskar”dan qolishmadi. Konvert ochilib, g‘olib nomi e’lon qilinmaguniga qadar yulduzlar hayajondan zir titrashdi!
6.Eng shov-shuvli musiqiy chiqishlar Alisher Fayzning Rayhon va Yigitaliga bag‘ishlab kuylagan hazil taronasi jarang sochganda “darg‘azab” Yigitalining sahnaga chiqib, Fayzni “qo‘rq”itgani va NiluFar kuylaganida, yog‘dirilgan sun’iy yomg‘ir bo‘ldi!  Sa’dulla Abdullaev “yomg‘irshunos” bo‘lib ketgani rost. U bir paytlar Gulsanam Mamazoitovaning yakkaxon konsertida ham shunday g‘oyani reallikka aylantirib, tomoshabinlarni hayratga solgandi!  
7.Shouning juda uzoq davom etgani kimlarni xursand qilgan bo‘lsa, kimlarni zeriktirib qo‘ydi. Hamma narsada me’yor bo‘lgani yaxshi! Konsertda musiqiy chiqishlarni barmoq bilan bir necha marotaba sanash mumkin!
8.Mukofot topshiruvchilar va g‘oliblarning dilidagilarni so‘zlashi uchun ma’lum vaqt belgilanmaganligi pand berdi-yov... Shouning  5 soatdan ortiq davom etgani och qolganlar yegulik olib kirib, zalni taom hidiga to‘ldirishiga ham sabab bo‘ldi!
9.”Yil aktyori” nominantlari e’lon qilinganda, zaldagilar Matyoqub Matchanov uchun chalgan olqishlari quloqni “yirtib” yuboray dedi. Biroq, g‘olib Mirza Azizov bo‘ldi. So‘ngra, uni ham shunday olqishlashdi. “Yil xonandasi”da ham shunday hol yuz berdi: “Shahzodamaniya”chilar qiyqirig‘i uning naqadar mashhurligidan nishona berdi. “Munisa Rizayeva!” deb qichqirganlar ham topildi. G‘oliblik Munisaga nasib etganida, xonandaning quvonch ko‘zyoshlari makiyajini yuvdi. U mukofotni ilhaq kutganidan nishona bu! Mukofotni qo‘lga olar ekan, hayajondan titrab, uzoq kutgan haykalchani tushirib yubordi... Tomoshabinlar orasida pichir-pichir boshlandi: “Ko‘z tegdi!”
10.Marosimning haddan ziyod cho‘zilganini inobatga olib yo mas’ul xodimlarning jo‘yali maslahatlariga tayanibmi, rejissyor rejadagi 30 daqiqalik musiqiy chiqishni qisqartirdi. O‘sha “olib tashlangan” qismda Ozodbekning fransuz tilidagi opera xonishi, Gulsanam Mamzoitova va Otabek Muhammadzohid dueti kabi shov-shuvli ijrolar bor edi!
11.Ma’lumotlarga qaraganda, taqdimotda ishtirok etgan 4 yulduz bitta dizayner liboslarida namoyon bo‘lishdi. Dildora Qosimova bunday baxtli voqeaga shohid bo‘lish uchun ulardan ko‘z uzmadi. Shahzoda, Dilso‘z, Gulsanam va Ozodbek kabilar Qosimova ishining muxlislari ekanligini anglash mumkin!
12.Bir necha boshlovchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatdi. Ular orasida Nilufar Sotiboldiyev va Akmal Mirzo iste’dodiga tan bermasdan iloj yo‘q! Yaxshiyam, ularni tanlashibdi! Bo‘lmasa... Nilufar “interneyshnl” boshlovchi. U o‘zbek, rus va ingliz tillarida (yana boshqa xorijiy tillarni ham mukammal bilishiga shubha yo‘q!) juda ravon va mantiqan so‘zlovchi eng mashhur boshlovchi sanaladi. Buni ko‘p bora isbot eta olgan. Akmal Mirzoning mikrofonsiz ham zalning oxirgi qatorlariga yetib borguday jarangdor ovozi shouni jonlantirgani rost! Ovozmisan, ovoz! “Ming‘ir-ming‘ir” sas chiqargan ayrim boshlovchilar ulardan o‘rnak olsa, o‘zlari uchun foydadan xoli bo‘lmasdi!
11.”E’tirof-2014” g‘oliblari va boshqa voqealarni telekanallarda tomosha qilib, yanada batafsilroq ma’lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin!
“E’tirof-2015”ga yil davomida tayyorgarlikni boshlashsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi. Axir, bu taqdimot ikki yil ichida “Eng nufuzli shou”ga aylanishga ulgurdi. San’at va madaniyat, sport ahli uchun bu mukofot - intilish muqarrar bo‘lgan yana bir bosh maqsadga aylanganini inobatga olsak, ular yil davomida xalq va davlatning chin e’tirofini qozonishga yonib-kuyib harakat qiladi, bor imkoniyatini ishga soladi! Muhimi, “E’tirof”ni qo‘lga kiritganlar yanada javlon ursin, fidoyilikdan charchashmasin! Axir, o‘rnak bo‘lganlarga qarab, shu mukofotni qo‘lga kiritish, iste’dodni ko‘proq ishga solish ishtiyoqi kuchayadi-da! Hammaga omad yor bo‘lsin!
Jasur HAMROYEV 


Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 5201 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 0| Рейтинг: E’tirof-2014
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
kineksi Menimcha bu gal nohaqlik yuz berdi.Masalan eng yaxshi ayol xonanda nomiga Ziyoda ko'proq loyiq edi. Eng yaxshi aktiyor nomiga esa Matyoqub Matjonov ko'proq munosib edi.
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 07:46
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное