Ertaga, 25 fevral kuni aktyor Sanjay Datt qamoqdan chiqadi
Bollivud aktyori Sanjay Datt ayni damda Maxarashtra shtatining Puna shahridagi qamoqxonalardan birida jazo muddatini o‘tayotgani haqida xabar bergan edik. Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston kino “yulduz”i tez orada Yerwada qamoqxonasidan ozodlikka chiqarishili lozim, degan xabarlar tarqaldi.
56 yoshli aktyor 1993 yilning 12 martida Mumbayda sodir etilgan terroristik harakatlarda ishlatilgan noqonuniy ravishda qurol saqlaganlikda ayblanib, 5 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingandi.
Hukumat vakillari Sanjayning qamoqdan ozod etilishini kichik uchrashuv tarzida o‘tkazilishi uchun oila a’zolari tomonidan qilingan iltimosnomaga rad javobini berdi. Uchrashuvni tashkillashtirishdan maqsad uning xavfsizligini ta’minlash edi.
Sanjay Dattning ozodlikka chiqish sanasi o‘tgan yilning iyun oyida oshkor qilingan edi. Gap-so‘zlarga ko‘ra, u namunali xulqi uchun muddatidan avval ozodlikka chiqishi aytilgan.
Datt berilgan 5 yillik muddatning 50 oyini, aniqroq qilib aytganda 4 yilu 2 oyni o‘tab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Sanjay Datt Mumbay sobiq polisiya komissari A.S.Samraning buyrug‘iga muvofiq noqonuniy tarzda qurol asragani uchun hibsga olingan.
18 oylik qamoq jazosidan so‘ng u garov evaziga ozodlikka chiqqandi. 2013 yilning mayida esa mamlakat Yuqori sudi unga 5 yillik qamoq jazosini oxirigacha o‘tashi lozimligi borasidagi qarorni e’lon qildi va aktyorni Punadagi qamoqxonaga yuborgandi.