Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Hosila Rahimova Shahzoda, Rayhon yoki Lola bilan duet kuylashi mumkinmi?


O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila RAHIMOVA qaltis savollarimizga qanday javob bergani sizlarga ham qiziq bo`lsa, ajabmas...


1. Bir yili konsertingizda yupqa va sumalak taomlarini tashrif buyurgan har bir muxlisga tarqatgandingiz. Bu qarorga kelishga nima sabab bo`lgan va nega buni keyingi konsertlaringizda an`anaga aylantirmagansiz?

— Xotirangizga qoyilman. Haqiqatda ko`chaga o`tov qurdirib, muxlislarni karnay-surnay sadolari bilan kutib olganmiz. Va Surxondaryodan tayyorlab keltirilgan sumalak va surxondaryolik momolar pishirgan yupqa taomini tarqatgandik. Xorijliklar “O`zbekning mehmondo`stligini namoyon qiluvchi konsert bo`libdi”, deya e`tirof etishgandi. Bilasiz, bahor aynan Surxondan boshlanadi. Shu ma`noda vohaning qizi sifatida tomoshabinlarni xonanda emas, mezbon bo`lib kutib olishni lozim topganman. Biroq tozalik borasida “Istiqlol” san`at saroyining belgilangan qonun-qoidalari bor. Tashrif buyurganlarning hammasi ham bunga rioya qilmagani bois yangiligimni an`anaga aylantirolmadik. Agar konsert zal ma`muriyati ruxsat bersa, albatta, boshlagan ishimni davom ettirardim.

2. Ikki yilda bir marta muxlislarini “Istiqlol” san`at­ saroyiga jam qiladigan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila Rahimova nega to`liq jonli ijroda konsert berolmaydi?

— Folklor qolipga solib bo`l­maydigan yo`nalish. Shu bois rejissyor ham “Falon qo`shiqda unday harakat qilasiz, bunday raqs tushasiz”, deya ko`rsatmalar bermaydi, (kulib) jinim tutib qolganda jo`shib raqs tushib, hansirab qolishim natijasida tomoshabinning g`ashiga tegadigan holat bo`lmasligi uchun ham ayrim bloklarda fonogrammadan foydalaniladi.

3. Ukangiz Abdumannon Rahimov, kuyovingiz Bahriddin Zuhriddinov: ijod taraflama qay biri ustun?

— Fikrimni kuyovini tarafini olishga yo`ymang-u, tan olib aytish kerak, ijodiy ustunlik Bahriddinjonda. Ikki marta konsert taqdim etdi. O`ziga xosligi ukam men singari folklor yo`nalishda ijod qiladi. Lekin erinchoqlik qildi yo poytaxtni zabt etishga cho`chidi. Bahriddinjon esa zamonaviy estradada o`z “men”ini topib ulgurgan o`ziga xos uslub egasi.

4. Hosila Rahimova folklor emas, zamonaviy estradada ijod qilganida bugungi darajaga chiqa olarmidi?

— Zamonaviy estradada balki bugungi darajamga erishmagan bo`lardim. Lekin aynan folklor bilan tanilganim — tanlovim xato bo`lmaganidan darak.

5. Shahzoda, Munisa Rizaeva, Lola Yo`ldosheva, Rayhon G`anieva. Qay biri bilan duet ijro etardingiz?

— (Jilmayib) Har biri bilan bajonidil duet ijro etgan bo`lardim. Munisaning ijodi menikiga yaqin, ba`zi qo`shiqlarida folklorning nafasi bor. Lola ta`sirli qo`shiqlari bilan hamisha meni lol qoldirib kelgan. Shahzoda nafisligi bilan ajralib turadi, o`ziga xos ijod egasi. Rayhonning sahnadagi harakatlari rom qilgan. Juda qiziq qirralarga ega xonandalarni sanadingiz. Haqiqatda ular estrada, men folklor yo`nalishida kuylasam, o`zgacha uyg`unlik hosil bo`lardi.

6. “Toshkentlik xonanda­lar restorandagi to`y­lar­gagina boradi. Men esa shahargami, qishloqqami to`yga aytishsa, boraveraman, degandingiz. Bu tanqid “tosh”lari poytaxtdagi to`ylarda deyarli yo`qligingiz uchun otilyaptimi yo soxta kamtarlik qilyapsizmi?

— Hech qaysi hamkasbimga “tosh” otmaganman. O`shanda “Biz ham Hosilani ko`raylik”, deya sahnani to`sib qo`ygan bolalarga otilgan kesak tasodifan menga tekkan. Muxlis ajratmay kelganimga rahmatinglar shumi, deya jahl ustida siz ta`kidlagan gapni aytganman. O`shanda sog`ligim yomonligiga qaramay, muxlis istagini bajarish uchun bir to`yga borgandim. Soxta kamtarlik qilmayapman, bu haqiqat. Reytingi baland istalgan xonandaga jurnalist emas, muxlis sifatida qo`ng`iroq qilib, “Dalada to`y qilayotgandik, qatnasha olasizmi?” desangiz, rad javobini olasiz. Bu ayrim hamkasblarimga “tosh” otish emas, haqiqat, xolos.

7. “Roksana” qo`shig`ingizni nazarda tutib, “Rus tilida qo`shiq kuylashim uchun talaffuzim kamchiliksiz bo`lishi va bu tilni yuz foiz bilishim shart emas“, degandingiz. Bundan chiqdi, ko`plab rusiyzabon xonandalarning o`zbek tilidagi qo`shiqlarini maroq bilan tinglarkansiz-da?

— O`zbek xonandasi tarixni folklor yo`nalishning chizgilari bilan kuylayotganini bildirish uchun ham o`z shevamda kuylaganman. Rusiyzabon xonandalarning ijod namunasi zo`r bo`lsa, bajonidil tinglayveraman. Hatto, bu haqda o`zlariga ham tan olib aytishdan uyalmayman.

8. Kurash, ko`pkari haqida qo`shiqlar kuylagansiz. Nega millionlar o`yini bo`lmish futbol yo boks haqida qo`shiq kuylab, stadion, ringda klip suratga oldirmaysiz?

— (Miriqib kuladi). Sizga qoyilman, zo`r g`oya berdingiz. Buni albatta, rejamga kiritib qo`yaman. Futbol o`ynab, boks tushib qo`shiq kuylashdan uyalmayman. Chunki sportchilarimizni ruhlantiradigan qo`shiq chiqishiga ishonaman.

9. Labingizni ba`zi yosh xonandalarnikidek o`zgar-tirganingizdan ke­lib chiqsak, tabiat bergan go`zallikdan qoniqmadingizmi?

— (O`ylanib, jahl bilan) Nima meni yosh xonandalar qatoriga qo`shmaysizmi? Yosh buviman, ayolman! Shunday ekan, hamisha go`zal ko`rinishga intilaman. Haqiqatda labimning shaklini o`zgartirdim. Bu tabiat bergan husnimdan qoniqmadim, degani emas. Kosmetologlar tavsiyasiga quloq tutgandim, xolos. Bilasizmi, 2004 yilda qovoq sohasida plastik jarrohlik qildirganimni ham sira yashirmayman. Shunchaki, go`zalligimga urg`u berishga harakat qilgandim, xolos.

10. Maxsus savol! Gulbahor Erqulova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist

— Ijodni mumtoz qo`shiqlar bilan boshlagandingiz, keyin yo`nalishingiz o`zgardi. Nazarimda, sof folklorda o`z “men”ingizni topish uchun ham mumtoz qo`shiqlarga murojaat­ qilgansiz-a?

— Folklor xonandasi bo`lish bolalik orzuim edi. To`g`ri, ijodni mumtoz va folklor yo`nalish bilan boshladim va san`atga o`z “men”im bilan kirib keldim. Kimgadir taqlid qilmay, unutilayotgan sheva, urf-odatlarimizni qo`shiqda “jonlantirdim”. Muxlislar Hosilani folklor xonandasi sifatida qabul qiladi, bu men uchun faxr!

Sadoqat Allaberganova tayyorladi


Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 3686 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Rayhon, Shahzoda, Hosila Rahimova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:53
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное