Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

Keliniga qo`l ko`targan qaynota




Oila har birimizning mustahkam qo`rg`onimiz hisoblanadi. Hayot o`nqir-cho`nqirlardan iborat bo`lganidek, bu qo`rg`onda nimalar ro`y bermaydi, deysiz. Azaldan erkaklarni oilaning asosiy ustunlari sanaymiz. Ba`zida esa ana shu ustunlarning o`zi noto`g`ri harakati bilan oiladagi munosabatlar darz ketishiga sabab bo`ladi. 

“Yuragimda saqlaganlarim” rukniga Xorazm viloyatidan maktub yo`llagan otaxon qizining oilasida ro`y bergan voqealarni bayon qilgan. Bu voqea ham kimlargadir saboq, boshqalarga oilasidagi vaziyatni bosiqlik bilan hal etishiga turtki bo`lsa ajabmas, degan niyatda chop etmoqdamiz. 

...2009 yilda yaxshi niyatlar bilan qizim Dildorani o`z tug`ishgan ukamning o`g`liga kelinlikka uzatdim. Begona emas, yaqinim bilan quda bo`lganimdan bir tomondan ko`nglim to`q edi. O`shanda ko`pchilik “yaqin qarindoshsizlar, yaxshilab o`ylab ish tutinglar, turmushda past-balandliklar bo`ladi”, deyishganida e`tibor bermay, "aka-uka bo`lsak, bir-birimizni qo`llaymiz”, deb o`ylagandim. Lekin hayot biz o`ylagandek bir tekis kechmas, o`z qondoshingiz bilan yuzko`rmas bo`lib ketish ham hech gap emas ekan. Mana, men hozir ana shunday ahvoldaman. Qizimning oilasidagi notinchliklar meni tashvishlantiryapti. 

2015 yil dekabrining boshlarida tushga yaqin uyimizga ukam, ya`ni qudam kirib keldi:

— Qizingiz bilan o`g`limning orasida sal gap qochib qolibdi. Men oraga tushib, qizingizni bir og`iz urishgandim, o`zimni o`ldiraman, deb aytdi. Borib qizingiz bilan gaplashib qo`ymasangiz bo`lmaydi, - dedi. Men hayron bo`ldim. O`zim borishga nimagadir oyog`im tortmadi. Qon bosimim oshib, mazam bo`lmay turgandi. 

— Borib singlingdan xabar olib kel-chi, nima gap ekan, - deb katta qizimni jo`natdim. Ancha payt o`tsa ham, ulardan darak bo`lmadi. Kechga yaqin katta  qizim qaytib keldi. 

— Nima gap ekan, Dildora qani?

— Uning qo`li, oyog`i chiqqan, boshqa joylariyam ko`karib ketgan, lat egan. Tabibga olib bordik, qo`lini chiqqan joyiga soldi, tanasidagi ko`kargan joylarni ko`rib, buni tezda shifokorga olib borib, rentgen qildirish kerak, suyak singan yoki yorilgan bo`lishi mumkin, dedi. Amakimni bu darajaga boradi, deb o`ylamagandim... Dildorani kaltak bilan uribdi...

-  Nimalar deyapsan?.. Nega urarkan, so`radingmi o`zidan?..

Ma`lum bo`lishicha, janjal ko`taradigan gap ham bo`lmagan ekan,  aslida. Ertalab qizingiz to`yga borish uchun qaynonasidan ruxsat so`rabdi. Lekin qaynonasi ruxsat bermapti. Dildora arazlab ichkariga kirib ketibdi. Shu payt kuyov kelib qolib, uyga kirib unga baqiribdi. 

- Nega yotibsan? Tur, o`rningdan, idishlarda suv yo`q, quduqqa borib suv olib kel! 

— Ha, faqat ish buyurishni bilasiz, meni yozin-qishin qulday ishlatasiz... Bir kunga ammamnikiga boraman, desam, ruxsat bermadingiz. Suvni o`zingiz olib kelsangiz bo`lmaydimi? 

— Olib kelmasang, olib kelma, o`zim boraman... — deb eri ikkita chelakni ko`tarib ketishga chog`lanayotgan ekan, onasi o`g`lini tezlab:  

— Xotiningga ish buyurib qildira olmaysan, qanaqa ersan o`zi? – deb janjalga aralashibdi.  Onasining gapi bilan kuyov chelakni qo`lidan qo`yib, xotinining ustiga bostirib kirib, uni ayovsiz tepkilay boshlabdi. Zarbalarga chidolmagan qizingiz tashqariga yugurib chiqib, alamdan to`lib turgani uchun hovli burchagida turgan arqonga ko`zi tushib, uni qo`liga olibdi.  

— O`zimni o`ldiraman, bunday yashash jonimga tegdi, — deb molxona tomonga yo`l olibdi. 

Ichkaridan yugurib chiqqan qaynotasi tandir yonida yotgan uzun tayoqni olib, yugurib borib kelinni jon-jahdi bilan savalay boshlabdi. Qizim, “bo`ldi ota, tavba qldim, urmang” deganiga qaramay, “hali senmi o`zini osadigan” deb battar kaltaklabdi. Etmaganiga molxonaga sudrab kirib, yana do`pposlabdi. Otasining vajohatidan qo`rqib ketgan kuyov yugurib kelib uning qo`lidagi tayoqni tortib olmoqchi bo`lganida: 

— Senga xotin kerak bo`lib qoldimi? Xotiningni tarafini olib, otangga qo`l  ko`tarmoqchi bo`lyapsanmi, —  deb o`g`liga ham baqiribdi.

— O`lging kelayotgan bo`lsa, bor, ana otangnikiga borib o`l, bizga og`irliging tushmasin, — deb do`q uribdi qaynotasi. O`zi bir ahvolda joni og`rib yotgan Dildora:

—  Mayli, meni otamnikiga olib borib qo`yinglar, —  deb yalinibdi....

...Katta qizimdan bu gaplarni eshitib, juda g`azablandim. Oldin ham ularning oilasida kichik janjallar bo`lib turardi, kuyovim qizimga qo`l ko`tarishini ham bilardim. 

Hamma oiladayam bunaqa kelishmovchiliklar bo`ladi, o`zlari kelishib ketishar, deb indamagandim. Bu galgisi oshib tushdi. Qaynota kelinni ursa, bu nima degan gap? Juda haddidan oshib ketibdi ukam. Hozir borsam, men ham g`azabdan biror nojo`ya ish qilib qo`yaman, deb, mahalla oqsoqoliga borib uchrashdim. Qizimnikiga borsak, shifokorga olib borish masalasida qaynota ham, er ham jim.   

— Qizimni o`zim shifoxonaga olib boraman, — dedim.

— Yo`q, siz aralashmay turing, o`zimiz olib boramiz, deb meni yaxshi gapirib uyga jo`natib yuborishdi. 

O`sha kuni kelinni uyda olib o`tirib, ertasiga doktorga olib borishdi. Tuman markaziy shifoxonasidagilar kelinchakning ahvolini ko`rib, nima bo`lganini taxmin qilib, uni so`roqqa tutishgan. Shunda qizim oilasining keyingi taqdirini o`ylab, bo`lgan voqeni aytmaslikka qaror qilibdi.

— Molxona tomiga chiqmoqchi edim, narvonda oyog`im sirpanib ketdi, tepadan yiqilib tushdim, — debdi. 

Uning gapiga ishonmagan shifokorlar tuman IIBga xabar berishgan. Qizim esa yiqilib tushdim, degan gapida turaverdi. 

Ertasiga qizimni ko`rgani shifoxonaga bordim.  

— Otajon, iltimos, qaynota-qaynonamga, erimga hech nima demang, milisiyaga  ham ular ustidan shikoyat qilmang, — deb yalindi. — Ota, iltimos, oilam buzilib ketishini istamayman, — deb yig`ladi. 

Shifoxonadan chiqib, uyga ketguncha qizimning yig`lab aytgan gaplari ko`z oldimdan ketmadi. Mahallamizga kiraverishda mo`ysafid chollar yig`ilib turgan ekan, ularga maslahat solsam:

— Qizing to`g`ri aytyapti, nevaralaringni ham tirik etim qilmay desang, ularning ustidan da`vo qilma, deb tayinlashdi. Qudalarimdan juda darg`azab bo`lib turgandim, lekin o`zimni bosib, ularga da`vo qilishdan bosh tortdim. 

Turib-turib, juda alam qilyapti. Nega ular jazosini olmasligi kerak, deb xafa bo`laman. Qizimdan ham xatoliklar o`tgandir, lekin oilaning kattalari bu darajaga bormasligi kerak edi. 

Ayni o`sha kunlari, dekabr oyi boshlarida hurmatli Prezidentimiz 2016 yilni “Sog`lom ona va bola” yili deb e`lon qildilar. Bu gaplarni eshitib, o`z-o`zimga achinib ketdim. 

Mana, onalar va bolalarga davlatimiz qay darajada e`tibor ko`rsatyapti! Biz esa arzimagan bahonalar bilan kelinlarimizni urib, mayib qilib o`tiribmiz. Mening qudalarimga o`xshab, ayrimlar o`z kelinini mayib qilsa, u qanday sog`lom ona bo`la oladi? Qanday qilib kelajakda farzandlarini tarbiyalaydi? Ularga qanday g`amxhrlik qiladi?

Qarindoshga qiz berib, katta xato qilganimni tushunyapman. Begona bo`lganida bu darajaga bormasmidi?.. O`ylab-o`ylab, sizlarga maktub yozishga qaror qildim.? O`zimni qanday ovutishni bilmay, sizlardan maslahat so`ramoqchiman. 

J.X.   


Tahririyat: Biz ushbu maktubni muxlislar e`tiboriga havola etishga qaror qildik. Albatta, bu bir tomonning fikri, xolos. Aslida voqea qanday bo`lganini haqqoniy tarzda ifodalashning esa iloji yo`q. Shu bois, voqea qaharmonlari nomlarini to`liq yozmadik. Agar shu voqea yuzasidan fikr-mulohazalaringiz bo`lsa, tahririyatga qo`ng`iroq qilib, bildirishingiz mumkin.
 
Maktubni Mohitobon oqqa ko`chirdi


Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 5589 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Kelin, oila
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 2
kichkintoy96 :'( tovba hammaga insof bersin oziga
Like | 0
Dilasal21 Qanaqa noinsof qaynotalar bor a????
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 15:31
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное