Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Malika va Narimon Sultonxo`jaevlar: «Sevgi, bu — orzularning ushalishi!»



 

Klipmeyker, prodyusser, operator, aktyor, kaskadyor va eng asosiysi,  baxtli oilaning sultoni! U Malikasini bir ko`rishda sevib qolgan ekan. O`ziga o`zi sovchi bo`lgani, to`y kunidagi hangomalarini eshitsangiz, sarguzasht asar o`qigandek bo`lasiz. Loyihamizning navbatdagi ishtirokchilari Malika va Narimon Sultonxo`jaevlar bilan bo`lgan suhbatimiz sizni hayron qoldiradigan, o`ylantiradigan va quvnoq kayfiyat ulashadigan lahzalarga boy bo`ldi. 

— Narimon, muhabbatingizni suratga olish maydonchasida uchratgan ekansiz?

Narimon: — Suratga olish maydonchasidagi uchrashuvimiz sal keyinroq bo`lgan. Ilk bor Malikani Mavluda Asalxo`jaevaning klipida ko`rganman. Bir qarashdayoq shu qizga qandaydir mehrim tushib qolgan. Keyin u haqida surishtirdim. Dizayner Hilola Sher bilan yaqin dugona ekanligini bilib, «Nima qilib bo`lsa ham, shu qizni suratga olish maydonchasiga olib kelasan», dedim. Yaqindan tanishish maqsadida Munisa Rizaevaning «Bollivud-Gollivud» nomli qo`shig`iga ishlanayotgan klipga taklif qildim. «Akasi ruxsat bermayotgan ekan» deyishlariga ham qaramay, «Ko`ndir, bir ilojisini top», deb Hilolani holi-joniga qo`ymagandim. Uchrashuvimizga ham aynan Hilola sababchi bo`lgan. Xullas, Malika kelgan. U yoq-bu yoqdan gapga solaman, qani endi biror nima desa. «Ha», «Yo`q»dan nariga o`tmaydi. Ichimda «Kamgapgina ekan, ayni menbop», degandim. 

— Nega aynan Malika? Axir klipda suratga tushadigan qizlar kammi?

Narimon: — U tasavvurimdagi idel ayol obraziga mos keldi. Avvaldan taqdirimni bog`laydigan ikkinchi bo`lagim maqtanchoqlikdan yiroq, kamgap, sabrli, odobli va chiroyli bo`lsa derdim. Lekin hamma hislatlarni o`zida mujassamlashtirganini uchratmaganimdan so`ng bunaqasi yo`q ekan-da, deb shashtimdan qaytgandim. Malikani uchratganimda esa unda o`zim izlagan barcha fazilatlarni ko`ra olganman. Meni o`zimga rom qilgani ham shu. 

— Narimon haqidagi ilk taassurotingiz qanday bo`lgan?

Malika: — Menda aksincha, Narimon aka tasavvurimdagi yigit obraziga mos kelmasdi, ochig`i (kuladi). Uchrashuvimizga qadar Narimon Sultonxo`jaev degan klipmeyker borligini bilmaganman ham hatto.  

— Fikringiz o`zgarishiga nima turtki bo`ldi?

Malika: — Onam «Haqiqiy muhabbat to`ydan keyin boshlanadi. Muhimi, erkak kishining sevgisi, mehri e`tibori. Biz — ayollar ko`nikuvchan bo`lamiz», deb aytardi. Yosh edim, lekin volidamning so`zlariga kirib, to`g`ri qilganimni bugun anglab etayapman. 

Narimon: — S`yomka jarayoni tugagach, onam va buvim rahmatli bilan maslahatlashib, Malikalarnikiga sovchilikka borganmiz. Buvimga «Siz boshlab bering, qolganini o`zim davom ettiraman», deganman. O`zim uchun o`zim gapirib, non sindirib, to`y kunini ham belgiladim. Qaynonam meni bir ko`rishdayoq yoqtirib qolgan. Shu sababli Malikaga «Yaxshi yigit, rozi bo`laver», degan-da.  

Malika: — Aslida, to`yimiz uch oydan keyin bo`lishi kerak edi. Narimon aka qo`ng`iroq qilib, «Yigirma kundan keyin to`y!» deganida men ham, yaqinlarim ham shoshib qolganmiz. 

Narimon: — Fikru xayolim to`y bilan band bo`lib qolgani uchun qo`lim ishga bormay qolgan. Shuning uchun tezlashtirganman. 

— Sevgi qissangizda dil izhori qachon yangradi?

Narimon: — «Seni sevaman!» deb butun olamga jar solmaganman. Uchrashuvga chiqqanimizda sovg`a-salomlarimni berganman-da, «Yaxshi-yomon kunimda hamisha yonimda bo`lishga tayyormisan?» deb so`raganman. Sukut saqlagan. «Ko`ngling bo`lsa, rozi bo`l. Agar ishonching bo`lmasa, hali ham kech emas», deya aytganim ham yodimda. 

— Uylanish qaroriga kelishdan oldin rafiqangizni sinaganmisiz?

Narimon: — O`qishidan chiqishida kutib olib, Yunusoboddan to «TTZ» dahasigacha piyoda kelganmiz. Yuribmiz-yuribmiz, qarasam uyiga ham etay, deb qolibmiz. Panaroqda Mirjalol do`stim mashinada bizni kuzatib kelayapti. Unga avvaldan tayinlab qo`ygandim, «Ishora bersam, kelasan» deb. Oyoqlarim toliqqanidan Mirjalolni imlab chaqirganman. «Yur, mashinada ketamiz», deganimda «Ozgina qoldi-ku» deb oxiyri uyigacha piyoda olib borgan. Sabrini sinamoqchi bo`lgandim. Chunki turmushning og`ir-engili bo`ladi, irodasi etarmikan deganman-da.

— To`y kuni rafiqangizga atab qo`shiq kuylagan ekansiz?

Narimon: — Ha, Tohir Sodiqovning «Umrimda birinchi bor...» deb boshlanadigan ashulasi bor-ku, o`shani. O`zimizni-o`zimiz tabriklaganmiz. Avvaldan to`yimda maza qilib raqsga tushaman, xursandchilik qilaman, deb niyat qilardim. Axir to`y bir marta bo`ladi! Yasatilgan qo`g`irchoqdek o`tirish nimasi? 

— Uylanganingizdan keyin kun tartibingiz o`zgardimi?

Narimon: — Uylanishimdan avval asosiy vaqtim ijod qilish bilan o`tardi, yigitlar bilan ijaraga olgan ofisda «yashardik». Ijodiy guruhimizdagi yigitlar Sanjar Matkarimov, Muhammadali Iskandarov, Sasha Kim va Maksim Borisov uchun ofis bo`ydoqlar hujrasi edi. Mendan avval Maksim uylandi. Bir kuni ofisga kelib, «Yigitlar uylanayapman» degan-da, narsalarini yig`ishtirib ketgan. Undan keyin bu an`anani men davom ettirdim. So`ngra qolgan yigitlar ham oilali bo`lishdi. Xullas, bo`ydoqlar ro`yxati yakunlanib, ofisni ham topshirib yubordik. Olaxurjun elkamga tushgach, uyga erta qaytadigan bo`ldim. O`sha damlarni hali ham kulib eslayman. 

— Rafiqangiz iqtisodchi. Oila byudjetini o`zi nazorat qilsa kerak?

Narimon: — Hisob-kitob mening qo`limda. Malika faqat sarflashni biladi. 

Malika: — Pulni to`g`ri sarflashga ham uquv kerak-ku, axir!

— Malika, mutaxassisligingiz bo`yicha ishlayapsizmi?

Malika: — Hozircha yo`q. Soch turmaklash va vizaj mahorati bo`yicha dars oldim. Tikuvchilikni o`rgandim, egnimdagi ko`ylakni ham o`zim tikkanman.  

Narimon: — Oyim biror joyga boradigan bo`lsalar, pardoz-andoz qilib qo`yadi. Bo`sh qolishdi deguncha, biror turmakni tajriba qilishadi. Ko`z tegmasin, qaynona-kelin juda ahil. 

— Qiziq, hayotingizda rashkka o`rin qolganmi? 

Narimon: — Bo`lmasam-chi?! Rashk bo`lishi kerak va shart! Ammo me`yorni unutmaslik lozim. 

Malika: — Avvallari Narimon akani rosa qizg`onardim. O`g`limiz tug`ilgach, bu odatim salgina yumshadi. Hozir unchalik rashk qilmayman. 

Narimon: — Homiladorligingda juda rashkchi bo`lib qolganding, eslaysanmi?! «Bunaqa rashk qilaversang, uyga kelmayman», derdim. 

— Gap-so`zlaringizni tinglab, jahlingiz tez bo`lsa kerak degan taxminga borayapman.

Narimon: — Topdingiz. Yaqinlarim yaxshi bilishadi, jahlimni chiqarish kerak emas. Kimnidir qattiq ranjitib qo`yishim mumkin.

— Turmush o`rtog`ingizning ob-havodek o`zgaruvchanligiga  qanday ko`nikkansiz, Malika?

Malika: — Osmonimizni bulut qoplayotganini ko`rishim bilan, jim bo`laman (kuladi). 

Narimon: — Burjim egizak. Ba`zida ikkinchi Narimonning gapiga kirib, o`zimni nazorat qilolmay qolaman. Fe`limni bilganim bois birovning dilini og`ritib qo`ymay deb, harakat qilaman.

— Narimon, oshxonaga faqat ovqatlangani kirasizmi?

Narimon: — Albatta. Ayolim pazanda, pishir-kuydirni boplaydi. Juda mehrim tovlanib ketsa, tuxum qovurib beraman. Bu ishni qoyillataman. 

— 2014 yil farzandli bo`ldingiz. O`g`lingiz Arslonbekning tug`ilishi biringizni ota, biringizni ona maqomiga ko`tardi. 

Narimon: — To`yimizdan so`ng bir yilcha rafiqamning bo`yida bo`lmadi. Hammasi yaratganning qo`lida deb, yaxshi niyat qildik. Bolaligimdan sport bilan shug`ullanaman. O`sha kezlarda ayolimni ham o`zim bilan jismoniy mashqlarga olib borardim. Keyin homilador bo`ldi. Jismoniy faollik sog`ligini ijobiy tomonga o`zgartirgan ekan. Ota bo`lishim haqidagi xabarni eshitishni xayolan tasavvur qilardim. Lekin haqiqatan yuz berganida, rosti, qo`rqib ketdim. Ichimdan xursandman, ammo juda quvonib ketmaslik kerak, eson-omon dunyoga keltirib olsin, deb niyat qildim.

Malika: — Homiladorligimda Narimon aka atrofimda parvona bo`ldi. Tobim bo`lmaganida 17 kun o`zlari ukol qilgan, yana qoringa olinadiganini. Boshqa erkakning balki matonati etmasmidi, ammo turmush o`rtog`im shunday asrab-avaylardilarki, shunday insonga ro`baro` qilganiga Yaratganga shukrona aytardim. 

Narimon: — Homiladorlikda ayollarning fe`li o`zgarib turarkan-da, ayolimda ham shunaqa holatlar bo`lgan. Ammo juda injiqlik qilib qiynamagan. 

— Ilk bor o`g`lingizni qo`lingizga olganingizda nimalarni his etgansiz?

Malika: — Ko`zim yoriganini eshitgach, turmush o`rtog`im tug`ruqxonaga kelgan-da, kira solib, «Malika qani, Malika, Malika?» deb so`ragan.

Narimon: — Sendan xavotir olganman-da. O`g`limni qo`limga tutqazishganida... tasvirlab berolmayman, quvonch, hayajon, ma`suliyat — hammasi bir vaqtda paydo bo`larkan. Ko`zlari katta-katta, barmoqlari uz-u-un, bolalarga o`xshab yig`lamaydi, atrofni kuzatadi. 

Malika: — O`shanda ham urishib bergandingiz, yodingizdami? 

Narimon: — Urishaman-da, bolaning kiyimlarini mashinada unutib qoldirishibdi. Qish bo`lsa, sovuqda bolani qanday qilib kiyintirasizlar, nega qolib ketadi, deb jahlim chiqqan. 

— Buncha talabchan bo`lmasangiz?

Narimon: — Fe`lim shunaqa. Hech narsaga befarqmasman. 

— O`g`lingiz tarbiyasida ham qattiqqo`l bo`lasizmi?

Narimon: — Otam tarbiyamiga qattiq turgan. Qo`l jangi bo`yicha murabbiy, bolaligimda «Mashg`ulotga borgim kelmayapti» desam, majburlab olib ketardi. Aqlimni taniganimdan so`ng otam yaxshiyam shunday qilgan ekan, deb minnatdor bo`lganman. Sport yordamida o`zimga ishonchim oshgan, irodam mustahkamlangan. O`g`limni ham otam singari tarbiyalashni istayman. Zamonga qarab, moslashishim mumkin, asosiysi, dangasa bo`lishiga yo`l qo`ymaslik. Chunki erkak kishi dangasa bo`lib qolsa, bundan yomoni yo`q. Bobom rahmatli kichikligimizdan «Yalqov bo`lmanglar, mehnatdan qochmanglar» deb ta`kidlardi. Hovliga borsak, sira bo`sh qo`ymasdi. Shu narsa hayot tarzimga aylanib qolgan. Mehnat qilsam, barcha orzularimga erishaman. Labz qildimmi, bajarishim shart. Biror manfaat ko`rmasam ham. Kimgadir yaxshilik qilganim qoladi-ku, deyman. Kimgadir yaxshilik qilsam, albatta, o`zimga qaytadi. Bunday voqealar hayotimda ko`p bo`lgan. 

— O`g`lingiz bolaligingizga o`xshasa kerak? 

Narimon: — Ayniqsa, sochini kalga oldirsak, ota-bola bir xil bo`lib qolamiz. 

Malika: — Oyijonim «Xuddi Narimonning bolaligi», deydi. 

— Suhbat yakunida baxtli va mustahkam oila siri?

Narimon: — Hurmat va ishonch! Mana shu ikkisi oilaning baxti va mustahkamligidir!

— Oilangizga ko`z tegmasin! Hamisha bir-biringizga mehr-muhabbatda yashang! 

QISQA SATRLARDA...

— Ijodkor kitob mutolaa qilishi kerak. Bu sizga qanchalik yaqin?

— Avvallari ko`p kitob o`qirdim. Hozir esa vaqtim bo`lganida, uyali telefondagi elektron nusxasini o`qib turaman. O`qishim kerak bo`lgani uchun mutolaa qilishni istamayman. Kitobni sog`inib qo`lga olsangiz, ana uning gashti boshqacha bo`ladi. 

— Mashhurlik yoqimli tuyg`umi?

— Bir tarafdan yoqimli, ikkinchi tomondan yuki ham bor. Hammasi qanday qabul qilishingizga bog`liq. 

— Narimon Sultonxo`jaevning hayotiy prinsipi?

— Nima bo`lganda ham, hammasi yaxshilikka bo`lishiga ishonish, faqat olg`a borish va odamlarning dilini og`ritmaslik. 

— O`zingizni omadli insonlar safiga qo`shasizmi?

— Do`stlarim omadlisan deyishadi. Mehnatimga yarasha omadim ham bo`lsa kerak-da. 

— 30 yosh. Bu davr haqida nima deysiz?

— Yaqinda 30 yoshga kirganda qanday o`zgarishlar bo`lishi mumkinligi haqida o`qidim. Bu yoshda ham «o`tish» davri bo`larkan. Ba`zilar hayotda hech nimaga erishmadim, deb o`ylab qolishi mumkin ekan. Lekin o`z ustida ishlashda davom etsa, harakatda tinmasa, muammo bo`lmaydi. Har qalay men shunday qilayapman. O`zimga-o`zim «Faqat oldinga, ijod qilishda davom et, semirib ketma», deb tinmay takrorlayman. 

«Mo``jizalarga ishonaman...»

— Qishda mahallamizdagi hamma bolalar ko`chada chang`i uchishardi. Ular bilan birga o`ynashni xohlardim-u, ammo chang`im singandi-da. Uyda chang`imni sim bilan mahkamlardim, biroq ko`chaga chiqqach, yana sinib qolardi. Yaxmalak ucholmaganim alam qilganidan uyga kirib, derazadan osmonga qarab, yig`lardim. «Ey Xudoyim, nega mening chang`im sinib ketaveradi? Mening ham omadim kelsin» deb bolalarcha nola qilardim. 

Do`stlarim omadlisan deyishganida o`sha voqeani eslayman. Hozir o`zimning farzandim bor, lekin hali ham bolalarcha mo``jizalarga ishonaman. 

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 5718 | Рейтинг: 1| Рейтинг: orzularning ushalishi!», Sevgi, Narimon Sultonxojaev
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 00:24
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное