Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

Moliyaviy piramida nima? Unga sarmoya kiritish kerakmi?

Rahmatli Nuriddin Haydarovning “Do‘stim meni aldadi” degan qo‘shig‘i bo‘lardi. Moliyaviy piramida tashkilotchilariga baho berganda mana shu satrlarni bemalol aytish mumkin.  Moliyaviy piramida aynan yaqin qarindoshlarning, tanish bilishlarning tashviqoti bilan sodda kishilar ishtirokida tashkil etiladi. Moliyaviy piramidaga odamlarning tezroq boyish va oson daromad olishga bo‘lgan intilishi sabab bo‘ladi. Moliyaviy piramidalarda avvaliga mo‘maygina mablag‘ tikishingiz zarurligi aytiladi, katta foizlar va’da qilinadi, bergan pulingiz tezda qaytishiga ishontiriladi, daromad ko‘rish uchun sizdan tanishlaringizni jalb qilishingiz so‘raladi, ular ham o‘z mablag‘larini tikishi lozim bo‘ladi. Moliyaviy piramida pul mablag‘larini doimiy ravishda jalb qilib turgan holda tuzilma ishtirokchilarini daromod bilan ta’minlab turish demakdir. Uning boshqacha nomi sarmoyaviy piramida deb yuritiladi. Bunda birinchi ishtirokchining daromadi ikkinchi va boshqa ishtirokchilarning pul mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi. Bu daromadlarning manbai ko‘p hollarda ko‘rsatilmaydi. Yoki soxta nomlar bilan deklaratsiya qilinadi. Bu kabi holat firibgarlikdan boshqa narsa emas. Qoidaga ko‘ra moliyaviy piramida tashkilotchilari mijozlarga olam-olam va’dalar berishadi. Biroq ishtirokchilarning hammasiga va’da qilingan pullarning qaytarilishining imkoniyati yo‘q. Odatga ko‘ra, moliyaviy piramidalar tijorat muassasi sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va qandaydir loyihani moliyalashtirish bahonasida mablag‘ to‘play boshlaydi. Agar loyihaning haqiqiy daromadi mijozlarga berilgan va’dalardan kam bo‘lsa, yoki umuman daromad ko‘rilmaydigan bo‘lsa, u holda so‘nggi mijozlarning mablag‘lari birinchi mijozlarga beriladi. Ya’ni, Alining do‘ppisi Valiga kiydiriladi. Buning oxir oqibati loyihaning kasodga uchrashi bilan yakunlanadi. Oddiy so‘z bilan aytganda eng so‘nggi a’zo bo‘lgan mijozlar qo‘llarini burunlariga tiqqanicha qoladi, ya’ni bir qo‘shiqdagi “bilmam adashdim yo to‘g‘ri qildim” degan satrlarni xirgoyi qilib yuborganlarini o‘zlari bilmay qolishadi.  Ular moliyaviy piramidaga kiritgan sarmoyalaridan mahrum bo‘ladi. Chunki to‘plangan mablag‘lar likvid aktivlarini sotib olishga emas, balki avvalgi sarmoyadorlarga pullarni qaytarishga sarflanadi. Moliyaviy piramida faoliyat qancha uzoq davom etsa, mijozlarga pullarni qaytarish imkoniyatlari ham kamayib boraveradi. 
Moliyaviy  piramidalar bir qator mamlakatlarda qonunga zid deya e’lon qilingan. Masalan, AQSh, Avstraliya, Avstriya, Albaniya, Braziliya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Dominikan Respublikasi, Eron, Islandiya, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Kanada, Xitoy, Kolumbiya, Malayziya, Meksika, Nepal, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Rossiya, Ruminiya, Tailand, Tayvan, Turkiya, Ukraina, Filippin, Fransiya, Shveysariya, Shvesiya, Shri-Lanka, Estoniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Yaponiyada moliyaviy riramidalar faoliyati taqiqlangan. Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoyda moliyaviy piramidalar tashkil etib, faolyatini yuritganlar o‘lim jazosiga hukm qilinadi.
Bugungi kunda moliyaviy piramida va firibgarlik so‘zlarini sinonim sifatida ko‘rish mumkin. Moliyaviy piramidaga a’zo bo‘lmoqchi bo‘lgan yangi mijozning puli uni taklif qilgan ishtirokchi va undan avvalgi ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanadi. Yangi ishtirokchi esa ikki va undan ortiq kishini jalb qilgan taqdirdagina foyda ko‘rishi mumkin. Lekin yangi a’zolar soni muntazam o‘sib borishining imkoni yo‘q. Piramida ishtirokchilari butun bir mamlakat aholisining hammasini qamrab ololmaydi, olgan taqdirda ham bu piramida qachonlardir tannazzulga uchrashi aniq. Chunki piramidaning 7-10 bosqichga chiqishining iloji yo‘qligi tan olinadi. Yangi a’zolarni jalb qilishga muvaffaq bo‘lmagan ishtirokchilar nafaqat daromaddan, balki o‘zlarining pullaridan ham ayriladilar. Tahlillarga qaraganda, piramida ishtirokchilarining 90 foizi bir tiyin ham foyda ko‘rishmaydi. “Sarmoyadorlarning pullari piramida tashkilotchisini boy qiladi”, degan  fikrlarda ham jon yo‘q. Ko‘p hollarda tashkilotchining o‘zi ham kasaodga uchraydi.
Moliyaviy piramidaning tarixi  18 asrga borib taqaladi. O‘sha davrdan shu kunga qadar 100 mingta moliyaviy piramida faoliyat yuritgan. 2016 yil boshida  jahonda 5 mingdan ortiq moliyaviy piramida borligi aniqlangan. AQShda ilk moliyaviy piramida kelib chiqishi italiyalik bo‘lgan  Charlz Ponsi (Ponti)  tomonidan 1919 yilning  avgust oyida tashkil etilgan. U tashkil etgan piramida sxemasida birinchi ishtirokchi ikkinchi ishtirokchini taklif qilishi shart  bo‘lmaydi. Tashkilotchi birinchi ishtirokchiga o‘zining shaxsiy mablag‘lari hisobidan pul beradi. Shu tariqa odamlar orasida pul topishning yangi ko‘rinishi  haqida tassavurlar paydo bo‘ladi. Moliyaviy piramidaga pullar kelib tusha boshlaydi. Tashkilotchi bu pullarni yangi sarmoyadorlarga foyda sifatida  tarqatadi. Bu  sxema ma’lum muddat ishlaydi. Sarmoyadorlar bergan pullaridan-da ko‘p foyda ko‘ra boshlaydi. Biroq, pul yig‘ishdan boshqa ish qilmaydigan  firmaga yangi a’zolar kelishi kamayib boradi, oxir-oqibat moliyaviy piramida qulaydi. Tashkilotchilar esa to‘plangan pullarni yig‘ishtirib, quyonni  rasmini chizib, qochishadi. Bugungi  kunda zamonaviy piramidalar aynan amerikalik  Ponsi sxemasi asosida ish yuritadi. Ish rejasi ikir-chikirigacha tashkilotchilar tomonidan ishlab chiqilgan bo‘ladi. 
 “Moliyaviy piramidalarda ishtirok etish kerakmi yoki kerak emasmi?” degan savol o‘rtaga chiqadi. Bunga “yo‘q-yo‘q, kerak emas” deb javob berish kerak. Buning sabablari bor.
Birinchidan,  moliyaviy  piramidadan daromad topganlarni hech kim aniq ko‘rmagan. “Falonchi shuncha foyda ko‘ribdi”, degan so‘zlar odamlarni chalg‘itishdan iboratdir. Foyda ko‘rgan bir-ikki mijoz -  bu chalg‘ituvchi holat hisoblanadi. 
Ikkinchidan, bu tuzilma avval ham, hozir ham ishonchli bo‘lmagan va kelajakda ham ishonchli bo‘lmaydi. Chunki bergan pullaringizni qaytarib olishning kafolati yo‘q. 
Uchinchidan, bu yo‘l bilan daromad topishning o‘zi insonlar uchun noqulaydir. Moliyaviy  piramida tashkilotchilardan so‘ng piramida tepasida turib qolganlargagina daromad keltirishi sir emas. 
Tashkilotchilarning va’dalariga ishonib, uy-joylarini, mol-mulklarni sotib, mablag‘larini moliyaviy piramidaga kiritgan fuqorolarning hatti-harakatlarini nima deb atash mumkin. Shu sababli ham moliyaviy piramidalarga mablag‘larini qo‘yish niyatida bo‘lganlarga qarata ruslarning “tekin pishloq qopqonda bo‘ladi” degan maqolini eslatib qo‘yish kerak. O‘zbeklarning esa “Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur” degan maqoli ham bejizga aytilmagan. 
So‘nggi yillarda moliyaviy piramidalar internet tarmoqlarida ham paydo bo‘lmoqda. Bu kabi piramidalar tashkilotchilari o‘z saflariga mijozlarni jalb qilish maqsadida yangi-yangi usullardan foydalanishmoqda. Agar internetdagi elektron pochtangizga boyib ketishingiz borasida yordam berishlari mumkinligi borasida xat kelgan bo‘lsa, ogoh bo‘ling, bu firibgarlikdan  boshqa narsa  emas. 
Har qanday moliyaviy piramida qachonlardir tannazzulga yuz tutishini aslo esdan chiqarish    kerak emas. Xalqimizning “Halolidan bo‘lsin” degan donishmandona gapi naqadar to‘g‘ri ekanini hayotning o‘zi isbotlamoqda.
Sharofidin To‘laganov


Manba:kun.uz
Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 5489 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Moliyaviy piramida
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 17:49
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное