Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Exclusive Intervyu

Munisa Rizayeva: “Fe’lim og‘ir emas, Uddaburonlarni yoqtiraman”

Bu xonanda haqida turli gap-so‘zlar eshitishga o‘rganib qolganmiz.  Ayniqsa so‘ngi besh yil ichida do‘stlar xiyonati,  ijodiy inqiroz qaddini biroz bukkandek bo‘ldi-yu, lekin fe’lidagi qa’tiyat uning  sinishiga yo‘l qo‘ymadi. O‘z sohasining fidoiysi, mehnatkash ijodkor — Munisa Rizayeva bugun mehmonimiz. Shunday ekan uning hayoti va ijodiga doir muxlislarni qiziqtirgan barcha savollarga javob olishga harakat qilamiz.  
—  Sizning bo‘sh vaqtingizni topish qiyin bo‘lib qolgan. Doim bandsiz...
— Shou-biznesda harakatsiz turish mumkin emas. Shou-biznes aslida doim harakatda bo‘l, degani (kuladi). Shu qoidaga amal qilganim uchun ham yangilik axtarish bilan bandman. Kuni kecha yangi qo‘shig‘imning klipini suratga olish ishlarini yakunladik. Xorazm san’ati yo‘nalishidagi “Lol qolaman” qo‘shig‘ini kuylashda Hulkar Abdullayevadan dars oldim. Chunki bu yo‘nalish oson emas. Ohang, so‘zlaridagi shirani yetkazib berishda mutaxassis yordamiga tayanib ish ko‘rmasam bo‘lmasdi.  
—  O‘zbek shou biznesida Munisa Rizayevadek ma’murini ko‘p o‘zgartiradigan xonanda yo‘q deyishadi. Bunga fe’lingiz og‘irligi sababmi?
— (kulib) Bu antiqa ta’rifni o‘zim ham eshitdim. Og‘zi kuygan odam qatiqni ham  puflab ichadi, degan naql bor-ku. Shu narsaga amal qilyapman, shekilli. Sobiq ma’murim Jahongir bilan ishlash juda oson edi. Bir kun kelib u meni aldab ketishi hatto xayolimga ham kelmagandi, lekin hamma o‘z qilmishiga yarasha jazosini oladi. Undan keyingi ma’murlarim Jahongirdek uddaburon chiqishmadi, u bajargan ishni yuzdan birini ham bajara olishmadi. Ular bilan turli sabablarga ko‘ra shartnomani bekor qildik. Bir yilda olti marta yordamchi almashtiribman! Hozirgi ma’murim bilan ishlash ancha qulay. O‘ylaymanki, bundan keyin yonimdagilarning xiyonatiga duch kelmayman. 
— Bu mavzudan keyin sizni aldab ketgan ma’muringizni taqdiri bilan qiziqmaslikning iloji yo‘q. 
— Uni qidiruvga bergandik, topdik. Ammo men da’vomni qaytib oldim va ikki yil avval bo‘lgan voqeani butkul unutishga qaror qildim. 
— So‘nggi paytlarda depressiyaga tushib qolganingiz haqida eshitdik. Sababi nimada?
—  Bu holat shaxsiy hayotimdagi voqealar bilan bog‘liq. Matbuotga rasman e’lon qilmagan bo‘lsamda, hamkasblarim, yaqinlarim turmushga chiqishni rejlashtirayotganimni bilishardi. To‘y kunini o‘tgan yildagi konsertimdan keyinga rejalashtirgandik. Ammo sevgan insonimning xiyonati tufayli to‘yimiz to‘xtatildi. Shundan keyin uch oy o‘zimga kelolmadim. Qalb jarohati bitishi qiyin ekan. Uni unutish maqsadida, ko‘proq sayyohatda yurishga harakat qildim. Hozir bu haqda biroz oson gapiryapman. Ammo uch oy oldin “nega xiyonat qildi?”, “odamlar to‘yim haqida so‘rashsa nima deyman?”, kabi savollar ich-etimni kemirib ado qilgandi. Qolaversa, san’aktorlar doim barchaning diqqat markazida bo‘lishadi. Ochig‘i, yana gap-so‘zlarga qolishdan qattiq xavotirga tushgandim. Chunki salbiy gaplarni eshitish oson emas. Ammo vaqt hamma narsaga davo ekan. Oradan oylar o‘tib, endi-endi uni unuta boshladim... Hayotning turli zarbalariga chidash uchun insonning irodasi kuchli bo‘lishi kerak ekan. Bundan keyin hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonaman.
— Lekin to‘yingiz haqidagi gaplarni konsert oldi piari deganlar ham bo‘ldi...
— Men shou-biznes odami bo‘lsam-da, bunday qaltis piar qo‘l urmayman! Avvalo o‘zbek farzandiman, ustiga ustak qiz bolaman. Bunga tarbiyam ham, g‘ururim ham yo‘l qo‘ymaydi...
—  Chunki bir konsertingiz oldidan ma’muringiz xiyonati haqida, ikkinchisidan oldin esa turmushga chiqishingiz haqida gap tarqaldi va asosli ravishda “bu piar” degan xulosa kelib chiqdi... 
— Hayotimdagi voqealar ayni shunday kunlarda sodir bo‘layotganiga men aybdor emasman. Agar kimdir buni “piar” deb o‘ylasa, bu uning xohishi, nima ham derdim. Ammo muxlislarim oldida vijdonim toza. Meni ayblayotganlar oldida haqligimni  isbotlash istagim yo‘q. 
— O‘tgan yilgi konsertingiz o‘tgandan so‘ng ham tanqidga uchradingiz. Dasturdagi xorijiy mashhurlarning sizga atalgan tabrigi soxtaligi ma’lum bo‘ldi.
—  Bu ham men turmush chiqmoqchi bo‘lgan yigitning tug‘ilgan kunimga atalgan “syurpriz”i ekan. Bu narsani konsert dasturimga menga aytmasdan, rejissyor bilan maslahatlashgan holda kiritgan ekan. Chunki, unga ishonganim uchun ijodiy ishlarimga aralashishiga ham qarshilik qilmasdim. Kutilmagan sovg‘a sifatida bu rolik katta ekranda namoyish etilganda,  hayratdan dovdirab qolganimni zaldagi tomoshabinlar ham sezishgan bo‘lsa kerak. Shunday ekan, Munisa boshqalarga atalgan tabriklarni o‘zlashtirib olibdi, deganlar qattiq adashishadi.
— Bilamizki, mehmonxona biznesingiz bor. Eshitishimizcha, yaqinda do‘kon ham ochibsiz. Hammasiga qanday ulgurasiz?
— Muxlislarim ko‘pincha mening imidjimga qiziqib liboslarimni qaerdan olganimni so‘rashadi. Liboslar, aksessuar, sumkalar mavzusida savollar yog‘ilavergach, do‘kon ochib, o‘zimning nomim bilan kolleksiya yaratish fikri tug‘ildi. Ammo san’at sohasida ishlagan odam hadeb boshqa yumushlarga chalg‘iyversa, bo‘lmaydi. Shuning uchun hozir do‘kon ishlarini singlim yurityapti.
— Yaqinda instagramdagi folloverlaringizning biri bilan gap talashganingizga guvoh bo‘ldik...
— Suratlarim ostiga yozilgan har bir fikrga e’tiborliman. Hatto tanqidlarni ham javobsiz qoldirmayman. Shu sabab ham ko‘pincha muxlislarim bilan tortishib qolaman. Siz aytayotgan “janjal”da esa folloverlardan biri meni noo‘rin tanqid qildi, men unga javob qaytardim xolos. Gap shundaki, ilgari suratlarimga rus tilida izoh yozsam, “Nega ruscha yozasiz, o‘zbeksiz-ku” deb tanqid qilishardi. Keyin faqat o‘zbek tilida izoh yozadigan bo‘ldim. Keyin esa rusiy zabon internet foydalanuvchilari gapimga tushunishmayotganidan norozi bo‘lishdi. Shundan keyin suratga uch tilda — o‘zbek, rus va ingiliz tilida izoh yozadigan bo‘ldim. Afsuski, tirnoq tagidan kir qidiradiganlar shunda ham mendan kamchilik topishdi: “Bilamiz, siz juda  aqllisiz. Buni ko‘z-ko‘z qilib, bitta gapni uch tilda yozish shartmi? O‘zimiz tushunib olamiz.” deya yana tanqid qilishdi. Men ularga javob qaytardim. shunda biroz tortishib qoldik. 
— Kelin ko‘ylak kiyib tushgan suratingizni instagramga joylashtirib, unga norozilik ham bildirgandingiz... 
— Internet saytlaridan birining loyihasida kelinlik libosini kiyib suratga tushgan edim. Avvaliga juda yaxshi taklif ekan deb xursand bo‘ldim. Keyin qarasam o‘sha suratlarimga turli gap-so‘zlarni yozib, tarqatib yuborishdi. Shundan keyin bunday loyihalarda ishtirok etmaslikka ahd qildim.  
— Yaqinda jarrohlik operatsiyasini boshdan o‘tkazganingiz haqida eshitdik. 
— Disk churrasini jarrohlik yo‘li bilan oldirdim. Ochig‘i, jarrohlik amaliyotidan so‘ng juda qiynaldim. Bunga sabab operatsiya bo‘lgan kunimning o‘zidayoq to‘y xizmatiga borishimga to‘g‘ri keldi. Bir qarashda bu telbalik, ammo men uchun san’atdan muhim narsa yo‘q. O‘zingiz o‘ylang, kimdir necha yillik orzusi — farzandining to‘yiga niyat qilib meni taklif qilgan bo‘lsa-yu, men rad eta olamanmi?  Hozir ancha yaxshiman. Qiyinchiliklar ortda qoldi. 
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi


Категория: Exclusive Intervyu
Просмотров: 5606 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Munisa Rizayeva
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:04
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное