Nega marhum xonanda Shahnozabonu konsert reklamasiga kiritildi?
Yil boshidan konsertlar mavsumi boshlanadi. “Kimdir atirgul shaydosi, kimdir lola”, deganlaridek, tomoshabin ham hamyonni to‘ldirib, kassaga yo‘l olishdan avval konsert banner, plakatini sinchkovlik bilan ko‘zdan kechiradi. Gap gala-konsert borasida ketganida, tomoshabin banner, plakatdanxonandalarning guldastadek terilgan rasmlari orasidan ko‘ngliga yaqinini izlay boshlaydi. Biz bejiz bu haqda so‘z ochmadik. Boisi, kuni kecha tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilgan muxlisning shikoyati e’tiborimizni tortdi. Muxlisning iltimosiga ko‘ra uning ism-familiyasini oshkor etmadik…
— Ishxonamizga odatdagidek chiptalar olib kelishdi. Kimning konsert dasturi ekan, deya qiziqib konsertning plakatiga nazar tashladim. 22-23 may kunlari “Turkiston” yozgi saroyida o‘tadigan “Poytaxt navolari” nomli konsert ekan. 29 nafar san’atkorning rasmi joylangan. Ular orasida anchadan buyon sahnada ko‘rinmayotganlari ham bor edi. Birdan marhum xonanda Shahnozabonuning rasmiga ko‘zim tushib, lol bo‘lib qoldim. Bilsam, chiptalar bir oydan buyon sotilayotgan ekan. Va shu zahoti “Darakchi” tahririyati bilan bog‘lanishga qaror qildim…
Muxlis murojaatini tekshirish maqsadida konsert plakatini izlab topdik. Shikoyat bejiz emasligi o‘z isbotini topdi. To‘g‘ri, ish bor yerda xato bo‘ladi, lekin bu darajada emas! Plakat yilning boshida tayyorlangan taqdirda ham 14 fevralda vafot etgan xonanda Shahnozabonuning rasmini olib tashlab, plakatni qayta chop etish shart va zarur edi.
Masalani chuqurroq o‘rganish maqsadida, “Turkiston” saroyining kassasiga qo‘ng‘iroq qildik, biroq qo‘ng‘iroqqa hech kim javob bermadi. So‘ng saroyning xodimlar bo‘limi bilan bog‘langanimizda xodimlardan biri “Kassaning telefoni ishlamayapti”, deya chindan ham 22-23 may kunlari “Poytaxt navolari” nomli konsert qo‘yilishini aytdi.
Shunda “Xonandalarning konsertda ishtirok etishidan xabari bormikan?” degan haqli savol tug‘ildi. Va erinmay plakatdan rasmlari joy olgan xonandalarga qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdik. Anvar G‘aniev, Alijon Isoqov, Bahrom Nazarov, Sardor Mamadaliev, “Ummon” guruhi, Kaniza konsert haqida umuman ma’lumotga ega emasligini aytishdi. Munisa Rizayevadan “O‘sha kunlari Namanganda gastrolda bo‘lamiz, siz aytayotgan konsertdan xabarimiz yo‘q”, degan javobni oldik. Ulug‘bek Rahmatullaev 22-23 mayda boshqa tadbirda band ekanini ma’lum qildi. Shohjaxon Jo‘raev esa o‘sha kunlari viloyatda xalq xizmatida band ekan. Otabek Mutalxo‘jaev, Yodgor Mirzajonovning prodyuseri esa hali konsertda ishtirok etish uchun rozilik berishmaganini ta’kidladi. Xonandalar Husan, Hilola Hamidova, “ELDIDO” va “Surxon” guruhlari, Vohidjon Isoqov, Sherbek, Farhod va Shirin konsertda ishtirok etishlarini aytishdi.
Shundan keyin haqli savollar tug‘ildi. Qiziq, konsert berish vaqti, plakat ommaga taqdim etilishidan avval xonandalar bilan bog‘lanib, konsert haqida kelishib olinishi kerakmasmi? Yo tashkilotchi avval chipta sotib, so‘ng konsertda qaysi xonandalar qo‘shiq kuylashini aniq qiladimi? Yoki tomoshabinni plakatdagi san’atkorlarning rasmlari bilan aldab, chipta sotib, sanoqligina xonanda bilan konsert o‘tkazadimi? Bu harakati bilan tashkilotchi kimni aldayapti, tomoshabinnimi yo o‘z vijdonini?
Oxiri ko‘rinmaydigan savollarimizga javob olish maqsadida avvalo konsert tashkilotchisi Rahmatilla Akbarov bilan bog‘landik.
— 22-23 may kunlari konsert taqdim etayotgan ekansiz. Dasturda kimlar ishtirok etadi?
— “Poytaxt media” tashkilotining taqdimot konsertini o‘tkazyapmiz. 20 dan oshiq san’atkor ishtirok etadi. Sherbek Shodiev, Husan, Farhod va Shirin, “ELDIDO” guruhi, G‘ayrat Usmonov, “Ummon” guruhi, Sardor Mamadaliev, Alijon Isoqov, Hilola Hamidova, Sharof Muqimov, Yodgor Mirzajonov, Otabek Mutalxo‘jev, Dilnoza Akbarova, Nilufar Saidova, Dildora Niyozova, Oybek va Nigora, Qilichbek Madaliev konsertda qo‘shiq kuylaydi. Yana ba’zi xonandalar bilan gaplashganmiz, o‘sha kunlari vaqti bo‘lsa kelishadi, jumladan Ziyoda Qobilova ham kelishi mumkin. (Oybek va Nigora bilan bog‘langanimizda konsertdan xabari yo‘qligini aytdi. Qilichbek Madaliev esa o‘sha kunlari konsertda ishtirok etishga vaqti yo‘qligini bildirdi. - S.A.)
— Konsert chiptalari bir oydan beri sotilayotgan ekan-a?
— Bir oy emas-u, ikki haftadan buyon sotilyapti.
— Konsert qo‘yish uchun ruxsatnoma olganmisiz?
— Ha.
— Lekin “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Konsert tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasidan konsert qo‘yish uchun ruxsatnoma olib, dasturda kimlar ishtirok etishi tasdiqdan o‘tkazilmagan-a?
— To‘g‘ri, bu hujjatlarni “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga endi topshiramiz.
— Unda chipta sotishga kim ruxsat berdi?
— Kim sizga chipta sotilyapti, dedi?
— Yuqorida ikki haftadan buyon sotilayotganini ta’kidladingiz-ku!
— Ha, sotilyapti. (Sukut saqlab, savolga javob bermadi).
— Konsert banneri chiqqanmi?
— Yo‘q, banner uchun ruxsatnoma olish kerak-ku.
— Lekin chiptalar tashkilotlarga olib borilayotganida plakat ko‘rsatilayotgan ekan-ku?
— Konsertda kimlar chiqishi aytilganda...
— Demak, konsert plakatida qaysi san’atkorlarning rasmlari turganidan xabaringiz bor-a?
— Xabarim bor, albatta.
— Plakatda Shahnozabonuning ham suratini ko‘rdik...
— Shahnozabonu bilan hayotligida shartnoma tuzgandik.
— Nega plakatni yangilamadinglar?
— O‘sha vaqtda 100 ta chiqarilgandida. Shunga chiptalar eski plakat bilan sotilyapti. Hozirgisida Shahnozabonuning rasmini olib tashlaganmiz.
Tashkilotchining yuqoridagi javoblaridan xulosa chiqarish o‘zingizga havola…
Shu o‘rinda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Konsert tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Yo‘ldoshev bilan ham bog‘landik.
— Qobil aka, tashkilotchi konsert qo‘yishidan avval “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan ruxsatnoma oladimi?
— Albatta! Bir martalik konsert o‘tkazish uchun ruxsatnoma olinishi kerak. Buning uchun konsert ssenariysi, dasturda kimlar ishtirok etishi, qanday mazmundagi qo‘shiqlar ijro etilishi ko‘rib chiqiladi.
— Banner, plakatdan o‘rin olgan xonandalarning konsertdagi ishtiroki nazorat qilinadimi?
— Albatta!
— 22-23 may kunlari “Turkiston” yozgi saroyida o‘tadigan “Poytaxt navolari” nomli konsertdan xabaringiz bormi?
— Xizmat safaridan endi qaytdim. Agar tashkilotchi bizga xat bilan murojaat qilgan bo‘lsa, o‘rnatilgan tartibda ssenariysini topshiradi. Va komissiya ko‘rib chiqib, xulosaga ko‘ra ish tutiladi.
— Tashkilotchi bilan gaplashganimizda hali hujjatlarini sizlarga taqdim etmaganini aytdi. Lekin chiptalar sotilayotgan ekan?
— Demak, noqonuniy ish qilyapti. Ruxsatnoma olmay turib, chipta sotishga haqqi yo‘q. Bu “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga xilof. “O‘zbeknavo”dan ruxsatnoma olgani “Konsert qo‘yish mumkin”, degani emas. Ssenariyning tasdiqlanganligi, konsert o‘tkaziladigan joyning tayyorgarligi to‘g‘risida, bizni tashkilot bergan bir martalik ruxsatnoma tegishli komissiyaga taqdim etilganidan so‘nggina konsert qo‘yishga ruxsat beriladi. Undan keyin reklama qilib, chipta sotishi mumkin bo‘ladi.
— Plakatdagi marhum Shahnozabonuning rasmini ko‘rganingizda siz ham hayratlangan bo‘lardingiz. Hatto, rasmi plakatdan joy olgan ko‘pchilik xonandalarning yuqorida ta’kidlangan konsertda ishtirok etayotganidan xabari ham yo‘q...
— Sizni tushundim. Tashkilotchi sahnaga chiqarmoqchi bo‘lgan xonandalarning lisenziyasi bor yo yo‘qligini tekshirishimiz shart. Qaysi san’atkorlarning konsertda ishtirok etishi shundan keyin ma’lum bo‘ladi. Tashkilotchini chaqirib, masalaga oydinlik kiritamiz. Agar rostdan chipta tarqatilgan, sotilgan bo‘lsa qonun doirasida chora ko‘ramiz.
Nazarimizda ortiqcha izohga hojat yo‘q. Muxlislar “Falon gala-konsertga borgandik, falonchi qo‘shiqchi kelmadi-ku?”, degan xonandalarga nisbatan e’tirozli savollariga javob topishgan bo‘lsa, ajabmas. Ko‘pincha bu jarayonda xonandalarning emas, tashkilotchilarning “xizmat”i katta bo‘ladi! Mazkur maqola ba’zi tashkilotchilar, nomlari plakatlarda turganidan bexabar san’atkorlar va, albatta, “Sevimli xonandamni ko‘raman”, deya peshona teri bilan topgan mablag‘iga chipta sotib olib konsertga tushadigan muxlislarni ham hushyor torttirgan bo‘lsa, ajabmas!
Darvoqe, “Turkiston” saroyi rahbariyati kassaning telefonini tez fursatlarda ishlashini ta’minlaydi, degan umiddamiz. Undan avval esa kassada o‘tiradigan xodimlarning ish vaqtida ish joyida o‘tirgan yo yo‘qligini ham bir nazorat qilishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Boisi, biz kassaga borganda muxlislar anchadan beri hech kim yo‘qligini aytib shikoyat qilishdi, birgalikdagi kutishlarimiz ham besamar ketdi...
R/S: Gazeta sahifalanayotgan kunda (22 aprel) “Turkiston” saroyining kassasiga qo‘ng‘iroq qildik, go‘shakka hech kim javob bermadi. So‘ng saroyning boshqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, mazkur konsertga chipta sotilmayaptimi, deb so‘raganimizda, tashkilotchining raqamini berib, chipta masalasida o‘zi bilan gaplashishimizni aytdi. Biz esa “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining Konsert tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Yo‘ldoshev bilan qayta bog‘landik. Va tashkilotchiga tarqatilgan plakatlarni qaytarib olishi aytilgani va tegishli hujjatlarni taqdim etgandan so‘nggina mazkur konsert dasturini o‘tkazishga ruxsat berilishi ma’lum bo‘ldi.