O‘z sevgilisini ustiga benzin sepib yoqib yuborgan o‘zbekistonlik yigit Rossiyada qamaldi
Kemerovo viloyatida 24 yoshli yigit va uning sevgilisi o‘rtasida janjal kelib chiqdi. Yigitning qizga atir uchun pul bermaganligi sababli yuzaga kelgan nizo mudhish oqibatlarga olib keldi. Bu haqda Kemerovo viloyati prokuraturasi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 2016 yil dekabr oyida yuz bergan janjal vaqtida yigit jihozlarni sindirgan, keyin esa kiyimlarini yig‘ishtirib, uydan chiqib ketgan.
Kechki 23:00 atrofida yigit qaytib kelgan va oynaning temir to‘sig‘iga chiqib olgan. Singan oyna orqali qizning ustiga benzin sepgan va yonib turgan gugurtni uning ustiga uloqtirgan.
Qiz va uning xonasi bir zumda olov ichida qolgan. Qiz dahlizga chiqishga ulgurgan va olovni bartaraf etishgan. Yong‘in sabab 2 ta xona butunday yonib ketgan.
Tibbiy ekspertiza xulosalariga ko‘ra, qiz tanasining (teri sathining) 47 foizi kuygan.
Leningrad tumani sudi mazkur holat yuzasidan sud eshituvini o‘tkazdi. Aniqlanishicha, 24 yoshli yigit O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Shuningdek, u Rossiya hududida noqonuniy ravishda yashaganligi ham ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston fuqarosi 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Yong‘in sabab 2 ta xonaga yetgan iqtisodiy zarar miqdori 281 ming hamda 55 ming rubl ekanligini aniqlandi. Xonalarning egasi nafaqaxo‘r bo‘lgan va ularni ta’mirlash uchun yetarli mablag‘i bo‘lmaganligi sababli sotishga majbur bo‘lgan.