Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. Kuz ertagi-soundtreck 2
. Великолепный Век-Soundtreck 2
. Sevgi Iztirobi - Yllar Sonra (turk seriali)
. Efir Sirlari - Soundtrack 2
. Sevgi Iztirobi (Kara Sevda) - Soundtreck 2
. Saroy Javohiri-Soundtreck4
. Kuz ertagi-soundtreck
. Zoirbek - Katta Odam (SOUNDTRACK)
. Yoqotilgan Yillar-Soundtreck2
. Tabib-soundtreck (koreya)
. Choli Qushi-soundtreck
. Ishq Jodusi - Call My Name
. Qirolicha - Soundterck
. Dengiz hukumdori - Offical soundtreck
. Kara Para Ask - Soundtreck
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

O‘zbek shou-biznesidagi eng qimmat klip va klipmeykerlar

Bugungi kunda kuylanayotgan qo‘shiqlarni kliplarsiz tasavvur etish ham mumkin-u, ammo muxlislar qo‘shiq mazmunidan kelib chiqib tasvirga olingan "mini-film”ni tomosha qilib aniq taassurotlarga ega bo‘lishlari va shunga ko‘ra  xulosa yasashlari ham bor gap.

Xo‘sh, ayni kunda tajribali va ko‘p tilga olinayotgan klipmeykerlar kimlar va ular yaratayotgan kliplarga kamida qancha mablag‘ sarflanadi?

Taniqli shou-biznes vakillari bilan bu galgi munozaramiz shu xususda kechdi.

 Xonanda Ulug‘bek Rahmatullaevning matbuot kotibidan bu haqda so‘raganimizda, u moliyaviy ma’lumotlarni oshkor qilishni istamadi. Sardor Rahimxon esa Narimon Sultonxo‘jaev suratga olib bergan "Mohitobonim” klipi uchun taxminan yigirma million so‘mdan ortiq mablag‘  sarflanganini aytdi. 

 Hosila Rahimova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

—      Klipni eng qimmat suratga oluvchi rejissyor sifatida Nozim Jumaevni tilga olgan bo‘lardim. Lekin tan olish kerak, Nozim Jumaev qimmat suratga olsa ham, ketgan xarajatni oqlab, sifatli va chiroyli klip yaratib bera oladi. Bunga oxirgi "Roksana” qo‘shig‘imga o‘ttiz besh million so‘mga klip suratga oldirib, amin bo‘ldim. 
P/S: Asosiy mablag‘ dekoratsiya va qahramonlarga yangi liboslar tiktirilganligi uchun umumiy byudjet shuncha so‘mni tashkil etdi. "9999” studiyasi bilan hamkorlikdagi eng qimmatga tushgan klipim "To‘maris”dir. Bu klip uchun o‘n ikki million so‘m ketgan. 

 Shuhrat Qayumov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

—      Oxirgi "Baxtim,  seni kutganman uzoq” qo‘shig‘im klipiga ketgan mablag‘ meni esankiratib qo‘ydi. Nahotki, bitta klipga shuncha pul ketsa…

P/S: Xonanda klip byudjeti necha so‘mni tashkil etganligini aytmadi. Ammo rejissyorlarning ma’lumot berishicha ushbu klipga kamida uch yoki to‘rt million so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lishi kerak. Jumladan, shuni aytib o‘tish kerakki, xonanda Shuhrat Qayumov qo‘shig‘iga suratga olingan kliplar syujeti, mazmuni sodda va tushunarli bo‘lsa-da, ularga  ko‘pincha oddiy, eskicha usulda suratga olinganligi uchun unchalik esda qolarli emasdek...  Ya’ni xonanda ijodida mazmunan har xil bo‘lgan kliplar faqat bir rejissyor tajribasi va fantaziyasidan foydalangan holda suratga olinib kelinganligi seziladi.  

 QISQAChA MA’LUMOT:

Kliplar ham kino singari komediya, melodramma kabi janrlarga, trekli,  syujetli, myuzikl kabi turlarga bo‘linadi. Trekli klip —musiqali nomer  (musiqali chiqish)dir. Bunday kliplarda — qo‘shiqqa mos qurilgan dekoratsiyalarda, yashil yoki oq fonda, chiroyli manzarada xonandaning kuylashi, raqqosaning raqsga tushishi va qo‘shiq uslubiga xos harakatlari suratga olinadi. Syujetli klip turida esa asosan qo‘shiq matniga xos kirish, voqelar rivoji, kulminatsiya va yechimga asosan voqea o‘ylab topilib, suratga olinadi.  Myuzikl kliplari voqealar davomida dialogdan foydalanilgan holda suratga olinadi.  

 Klipmeykerlar nima deydi?

Suhbat davomida yana bir savolning javobi bilan qiziqdik, ya’ni ayrim klipmeykerlar yurtimizda suratga olish mumkin bo‘lgan ko‘plab xushmanzara joylar qolib, nuqul to‘rt devor ichida dekoratsiya qurib ishlashlari va buning uchun katta mablag‘ ketadi deyishlari g‘alati. Bu savolga javobni klipmeykerlarning o‘zidan olsak.

Narimon Sultonxo‘jaev, operator va rejissyor: 

—   Aslida, klip byudjeti qanchalik katta bo‘lsa, suratga olish jarayonida sharoit va imkoniyatlar shunchalik yaxshi bo‘ladi. Klipga ajratilgan mablag‘ga, ssenariyga qarab texnikadan foydalaniladi. Ijodiy jamoadagi xodimlar, ya’ni dizayner, dekorator, rassom, pardozchi (grimmchi) tekinga ishlamaydi-ku? Ularning mehnatiga yarasha haq to‘lashingiz kerak. Mablag‘ni san’atkorning o‘zi sarflaydi. Demoqchi bo‘lganim, suratga olish jarayoni tugagunicha pul san’atkorlarning o‘zida turadi. Shu sababli bitta klipga qancha mablag‘ ketishini hisoblab ko‘rmabman ham. Bu borada klip oldirgan san’atkorlarning o‘zidan so‘rab ko‘rish kerak.


P/S: Narimon Sultonxo‘jaev eng qimmat suratga olgan klipi kamida necha so‘mni tashkil etganligi haqida bizga aniq ma’lumot berishni istamadi.  Uning aytishicha, kliplar suratga  olingunga qadar mablag‘ni san’atkorlarning o‘zi sarflar emish... Ammo o‘zlari haqida aniq yozishimizni istamagan san’atkorlarning gapiga ko‘ra Narimon Sultonxo‘jaev kamida o‘ttiz, qirq besh million so‘m atrofidagi mablag‘ evaziga klip suratga olarkan. Lekin tan olish kerak, Narimon Sultonxo‘jaev suratga olgan kliplar uning syujeti, mazmuni jihatidan qiziqarli va esda qolarlidir. Shuningdek, bu borada Jasur Shametov yaratgan kliplarni ham inobatga olish mumkin. 

 

Jasur Shametov, rejissyor, operator:

– Ochiq aytadigan bo‘lsam, hozirgi kunda eng arzon klip suratga oluvchi rejissyor men bo‘lsam kerak. Bir narsaga hech tushunmayman, ba’zi klipmeykerlar shuncha summaga klip suratga oldim deb maqtanadi yoki o‘zlariga yuqori baho qo‘yib olishadi. Bilmadim, balki shunaqa "piar”ni ma’qul ko‘rishar?  San’atkorlar  klipmeykerlar uchun uncha katta gonorar to‘lashmaydi.  Bizga odamlar o‘ylagandek katta  gonorar to‘lashsa, milliarder bo‘lib ketamiz-ku (kuladi). Men O‘zbekistonda qimmat klip suratga olmaganman. Ammo chet elda bo‘lgan bunaqasi.

 P/S: Rejissyor va klipmeyker Jasur Shametov bugungacha juda ko‘p mashhur san’akorlar bilan hamkorlikda ijod qilib kelyapti. Shuningdek, "Qalbim o‘g‘risi” filmini ham aynan rejissyor Jasur Shametov ijodiga tegishli. Bugungacha klipmeyker Rayhon, Shahzoda, Nilufar Usmonova, Lola Ahmedova, Shoxruhxon, rep qo‘shiqlari ijrochilaridan Shohrux va Shahriyor, Sardor Rahimxon va boshqa ko‘plab san’akorlar bilan ijodiy hamkorlikni davom ettirib kelyapti. Klipmeyker o‘zi suratga olgan kliplar byudjeti necha so‘mni tashkil etganligi haqida bizga ma’lumot berishni istamadi. Biroq, ayrim san’atkorlarning ma’lumot berishicha, Jasur Shametovning eng qimmat suratga olgan klipi kamida o‘ttiz besh, qirq million so‘mni tashkil etarkan.

 

Nozim Tolipov, rejissyor, operator:  

—   Eng qimmat  klipim Shoira Otabekovaning "Guli” qo‘shig‘iga ishlangan. Klipning umumiy byudjeti uch yarim million so‘mni tashkil etgan. O‘ylab qarasak, rejissyorlar orasida eng arzon klip suratga oluvchi rejissyor Nozim Tolipov shekilli.

 Muhammadali Iskandarov, rejissyor, operator:

—   Hozirgi kunda professional klipmeykerlardan Jasur Shametov, Yodgor Nosirov, Rustam Murodov, Narimon Sultonxo‘jaevlar birinchilikni egallab turishibdi. O‘zim suratga olgan kliplar haqida esa...  Iltimos, shu haqda yozmay qo‘yaqoling. Men bu reytingdan o‘z ixtiyorim bilan chiqib ketishni istayman. Muxlislarimiz meni klipmeyker emas, rejissyor deb tan olishlarini xohlardim. To‘g‘ri, kliplar suratga olayotganim rost. Lekin bu kliplar mening kinorejissyorlik tajribamni orttirish uchun suratga olayotgan "mini-film”larimdir. Eng qimmat klipim esa... Bu haqda aytmay qo‘ya qolay.


P/S: Uzunquloq gaplarga qaraganda esa Muhammadali Iskandarov suratga olgan klipning umumiy byudjeti kamida o‘n besh, yigirma million so‘mni tashkil etarkan...

 

Prodyuserlar haqiqati


Feruza Nodirova, telejurnalist,  prodyuser:
— Narimon Sultonxo‘jaev, Jasur Shametov, Yodgor Nosirovlar, qimmatmi arzonmi, bilmadimu, lekin eng sifatli  kliplarni  suratga olishadi. Mana hozirgi kunda Shuhrat Mavlonov o‘zini yaxshi klipmeyker sifatida ochishga harakat qilyapti. Otabek Mutalxo‘jaevning eng qimmat suratga olingan klipimiz "O‘zga sayyoralik” bo‘ldi. Unga yigirma, yigirma besh million so‘m sarflandi. Klipni Dilmurod Turdiboyev zamonaviy talablarga javob beradigan holda suratga olib berdi. 

 

Dilbar Ahmedova, prodyuser:

—     Bugungi kunda eng qimmat kliplarni Narimon Sultonxo‘jaev suratga olyapti. Tasavvuri boy, yosh bo‘lsa ham o‘ziga yarasha tajribali. Ammo juda ham qimmat klip suratga olishi bois, hozirgi kunda cho‘ntak ko‘tarmayapti...  Lola Ahmedova ijodidagi eng qimmat klip uning "Baxtli sevgi” qo‘shig‘iga suratga olingan. Klip byudjeti o‘n, o‘n ikki million so‘mni tashkil etgan.

 

"Darakchi" gazetasi tomonidan muxlis va san’atkorlar orasida o‘tkazilgan og‘zaki kichik so‘rovnomaga ko‘ra eng sifatli klip suratga oluvchi rejissyorlarning qo‘yidagi reytingi tuzildi. 

 

Demak, reyting bo‘yicha:

1. Narimon Sultonxo‘jaev (operator, prodyusser)


2. Jasur Shametov — (rejissyor, operator)


3. Yodgor Nosirov — (rejissyor, operator)


4. Nozim Jumaev — (rejissyor, operator)


5. "9999” studiyasi — (Xurshid va Nodir Sobirovlar — operator, rejissyor)


6. Nozim Tolipov — (rejissyor, operator)


7 Sardor Ahmedov — (rejissyor, operator)


8. Sarvar Karimov — (rejissyor, operator)


9. Javlon Shodmonov — (kinoaktyor, rejissyor va operator)

 

Manba:darakchi.uz



Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 10275 | Рейтинг: 1| Рейтинг: Klip, shou-biznesidagi, eng qimmat, va, O‘zbek, klipmeykerlar
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 00:45
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное