Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. Qalbim Chechagi-soundtreck
. Ko'ngil bog'i-soundtreck [feat Girl]
. Qor Alangasi - Soundtreck [Dream]
. Yoqotilgan Yillar-Soundtreck2
. Tabib-Sara hi kiyo (soundtreck koreya)
. Ziyoda-Super Qaynona [soundtreck]
. Sa Rasta Rastare-soundtreck (Indea)
. Pazanda - Did You Forget (Soundtrack)
. Choli Qushi-soundtreck
. Saroy Javohiri-Soundtreck7
. Osiyo-Soundtreck
. Efir Sirlari - Soundtrack 5
. O'zga Sayyoralik Mahbubim - Lyn My Destiny
. Qish Sanatasi-Soundtreck2
. Yoz Ifori - Soundtreck
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

O‘zbekistonda yangi vazirlik tashkil etildi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 2 aprel kuni “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmon matni O‘zAda e’lon qilindi.

Quyida farmon bilan to‘liq tanishishingiz mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni


Arxitektura va qurilish sohasini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish hududlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, hayot va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan shaharsozlik faoliyatini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishning muhim sharti hisoblanadi.

Shu bilan birga, tahlillar qurilish sohasida davlat boshqaruvini tashkil etishda zamonaviy shaharsozlik uslublari, normalari va qoidalarini keng joriy qilishga, raqobatni rivojlantirishga, yangi sub’ektlarning innovasion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar bilan bozorga kirib kelishiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni ochib berdi. Xususan:

birinchidan, shaharsozlik faoliyati, loyiha va pudrat xizmatlari bozori, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishning holati hamda rivojlanish tendensiyalari kompleks tahlil qilinmagan, oqibatda hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirishning o‘rta muddatli va istiqbolli yo‘nalishlari belgilanmagan;

ikkinchidan, arxitektura va qurilish organlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi qurilish va rekonstruksiya jarayonlarini to‘liq kuzatib borishni ta’minlash, shuningdek, qurilish-montaj ishlari sifatini samarali nazorat qilish uchun mavjud resurslarni safarbar etishga imkon bermayapti;

uchinchidan, arxitektura va qurilish organlari funksiyalarining tarqoqligi hamda ular faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasining pastligi shaharsozlik sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning maksimal shaffofligi va samaradorligini ta’minlamayapti;

to‘rtinchidan, ko‘pchilik aholi punktlarining bosh rejalari mavjud emasligi hududlarni kompleks qurishga, ishlab chiqarish va infratuzilma ob’ektlarini joylashtirishga, tadbirkorlik va ishbilarmonlik faolligini rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, shuningdek, qurilish jarayonida puxta o‘ylanmagan qarorlarni qabul qilishga sabab bo‘lmoqda;

beshinchidan, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar ancha eskirgan hamda ularda arxitektura-qurilish ishlarini olib borishning innovasion uslublarini, energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng qo‘llash e’tiborga olinmagan, bu esa loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ob’ektlarni qurish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;

oltinchidan, qurilish ishlarini tashkil etish, innovasion g‘oyalar va ishlanmalarni joriy qilishda ayrim hollarda tor idoraviy manfaatning ustunlik qilishi byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanmaslikning sabablaridan biri hisoblanadi;

ettinchidan, qurilish sohasi va qurilish materiallari sanoatida istiqbolli investision loyihalarni, innovasion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ilgari surish va amalga oshirishda, shuningdek, innovasion mahsulotlarni joriy etish uchun infratuzilmani takomillashtirishda davlat-xususiy sherikligidan foydalanishga yetarlicha e’tibor berilmayapti;

sakkizinchidan, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning amaldagi tizimi arxitektura-qurilish sohasini jadal rivojlantirish vazifalarini samarali ro‘yobga chiqarishga imkon bermayapti, kadrlarni moddiy rag‘batlantirish darajasining pastligi esa malakali mutaxassislarning tizimdan ketib qolishiga olib kelmoqda.

Arxitektura-qurilish sohasini boshqarishning shaharsozlik faoliyatiga innovasion g‘oyalar, ishlanmalar va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish imkonini beruvchi zamonaviy tizimni yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi);

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hamda Ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bazasida Vazirlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilsin.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi Vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi;

Qurilishda standartlashtirish va sertifikatlash respublika markazi Qurilishda standartlashtirish respublika markazi etib qayta tashkil qilinsin.

3. Quyidagilar:

qurilish sohasida tegishli faoliyat turlarini lisenziyalash funksiyasini Vazirlikka o‘tkazgan holda Qurilish sohasida islohotlarning amalga oshirilishi monitoringi va faoliyatni lisenziyalash bo‘yicha Respublika komissiyasi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Shaharsozlik faoliyatini axborot bilan ta’minlash markazi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish markazi tugatilsin.

Belgilansinki, Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan holda
1-ilovada nazarda tutilgan lisenziyalarni beradi.

4. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish, mehnat unumdorligini oshirish, qurilish-montaj ishlari qiymatini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan energiya samarador va energiya tejaydigan innovasion loyiha va qarorlarni qurilish faoliyatiga joriy etish;

respublika hududida aholini joylashtirishning bosh sxemasini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritish;

shaharsozlik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, arxitektura-qurilish faoliyatini rivojlantirishning uzoq muddatli va o‘rta muddatli davlat dasturlarini ishlab chiqish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tarmoq va hududiy dasturlarini tayyorlashda ishtirok etish;

loyiha ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish va hududiy tarmoqlarini kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo‘llaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish;

shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish norma va qoidalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish, loyihalash, qurilish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish ishlarini amalga oshirish;

arxitektura, loyihalash va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonining darajasi va sifatini tubdan yaxshilash, qurilish sohasida, jumladan, chet eldagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ko‘maklashish.

5. Belgilab qo‘yilsinki, Vazirlik:

O‘zbekiston Respublikasida arxitektura va qurilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;

mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash, raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, yangi turdagi yuqori sifatli qurilish materiallariga bo‘lgan ichki talabni qondirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish borasida “O‘zqurilishmateriallari” AJ faoliyatini muvofiqlashtiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtiriladi.

6. Quyidagilar Vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarga qat’iy muvofiq ravishda kompleks qurilishi, aholi punktlarini rejalashtirish va qurish, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish va ulardan foydalanishda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka, shaharsozlik norma, qoida va standartlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

buyurtmachi texnik nazorat va loyiha tashkilotlari mualliflik nazorati olib borishi ustidan monitoring o‘tkazish.

7. Qurilish-montaj tashkilotlari reestrini yuritish to‘g‘risidagi talab bekor qilinsin.

Barcha tadbirkorlik sub’ektlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar qurilishi doirasida tovar (ish, xizmat)larni xarid qilish bo‘yicha tanlov (tender) savdolarida belgilangan tartibda ishtirok etish huquqi berilsin.

8. Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda qurilish sohasida ayrim faoliyat turlarini lisenziyalashning quyidagilarni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan mexanizmini tasdiqlasin:

lisenziya shartnomasini imzolash zaruratini bekor qilgan holda, aniq va to‘liq lisenziya talablari va shartlarini;

lisenziya talabgorining lisenziya talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirishning samarali mexanizmini;

moddiy javobgarlik hamda lisenziat tomonidan lisenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishni.

Vazirlik 2018 yilning oxiriga qadar 1-ilovada nazarda tutilgan ilgari berilgan lisenziyalarning ushbu Farmon bilan belgilangan lisenziyalashning yangi mexanizmini hisobga olgan holda qayta rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi 2018 yil 1 iyulga qadar muddatda akkreditatsiya mexanizmini joriy etish orqali, jumladan, akkreditatsiya organining mustaqilligini ta’minlash, sub’ektlarning malaka talablariga muvofiqligini baholash tartibini belgilashni nazarda tutgan holda, qurilish sohasida texnik nazoratga oid davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha taklif kiritsin.

10. Qurilish faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

11. Vazirlik Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sodiqov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat MIRZIYoEV

Toshkent shahri, 2018 yil 2 aprel

Firdavs BEK



Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 3276 | Рейтинг: 0| Рейтинг: vazirlik
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 14:43
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное