Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Ozoda Nursaidova: Kechagi hiylalar bugun o‘tmaydi

Qani
mehrli so‘zlar,
Qayda qandrdon ko‘zlar,
Hamma oqibat izlar,
Odamlar kechagimas...
Radioda taralayotgan qo‘shiqdagi ushbu satrlar chindan ham kishini fikrlashga undaydi. Kimdir bugun zamon o‘zgardi desa, yana birov esa odamlar o‘zgarganini aytadi. Menimcha, zamon o‘sha-o‘sha, faqat odamlar kechagimas. Xonanda Ozoda Nursaidovaning mazkur «Odamlar kechagimas» taronasi bugungi kunda tobora unutilib borayotgan sof tuyg‘ularni ifoda etgan, desak mubolag‘a bo‘lmas.
«Yor-yor», «Orzularim», «Sen bo‘lmasang boshqasi», «Xolos», «Ketma» kabi qo‘shiqlari orqali muxlislarining qalbidan joy olib, ularning dardiga malham bo‘la olgan xalqaro miqyosida tan olingan bastakor, xonanda Ozoda Nursaidova uzoq muddat sahnada ko‘rinmay qoldi. So‘nggi paytlarda u yangicha imij, shijoat, g‘ayrat bilan yana ijodga qaytdi. Bularning bari muxlislarni hayratda qoldirmoqda. Qisqasi, o‘z qo‘shig‘ida aytganidek, salgina egilib, ammo sinmaganini isbotladi. Yana san’atga qaytdi, chindan, endi Ozoda kechagimas. U muxlislarini qanchalik sog‘ingan bo‘lsa, muxlislarning sog‘inchi ham haminqadar.
Dardli va dolzarb mavzular kuychisi, xalqaro miqyosidagi bastakor, xonanda Ozoda Nursaidova bilan suhbat uyushtirdik. U hatto «qitiq pati»ga tegadigan savollarga ham chuqur mulohaza, vazminlik bilan javob qaytardi.
Imijingizni ancha o‘zgartiribsiz. Bu «Ozoda kechagimas»ning isbotimi?..
— (kuladi) Oldindan hech narsani gapirishni xohlamayman. Bu xatti-harakatlarim bejiz emas, albatta. To‘g‘ri, bugungi kunda nafaqat tashqi ko‘rinish jihatidan, balki ruhan ham o‘zgardim. Ko‘pchilik meni san’atdan ketdi, deb o‘ylashdi. Aksincha, ijoddan to‘xtaganim yo‘q! Faqat katta sahnalarda biroz muddat ko‘rinish bermadim. Qo‘shiqchining qalbi kuylamasa, san’atdan ketgan hisoblanarkan. Mening esa qalbim doim yangi kuylar izlanishda bo‘ldi. San’at eshigini muxlislarimning mehri to‘la dil kaliti orqali qayta ochdim. Shavqatsiz, toqatsiz, zolim bu yillar birin-ketin ortda qolib, xotiralarga muhrlandi. Aytganingizdek, Ozoda endi kechagimas. Ba’zi «provakator»lar shuni bilishlarini istardim. Endi menga kechagi hiylalari bugun o‘tmaydi.
Ayrim san’atkorlar katta sahnalarda bo‘lmasa-da, yiliga yangi albomini taqdim etyapti-ku. Siz nega bunday yo‘l tutmayapsiz?
— Shuncha yil sahnada ko‘rinmaganimga sabab hech qachon muxlislarimga sifatsiz va arzon qo‘shiq bermadim. Aytganingizdek, ba’zilarga o‘xshab yiliga yuztalab mantiqsiz, faqat bo‘shliqqa yetaklaydigan qo‘shiq aytishni o‘zimga ravo ko‘rmayman. Shunday muxlislarim borki, ular umrim davomida qayg‘u va xursandchilik kunlarimda sherik bo‘lishdi. Minnat qilyapti deyishmasinu, muxlislarim, yaqinlarim haqqi hurmati uchun hayotimda ko‘p narsadan voz kechdim. To‘g‘ri, shaxsiy hayot meniki, lekin meni ko‘rib-bilib yurganlar bor. San’atga qaytish, sahnada bo‘lish, olqishlar uchun menga qo‘yilgan yaxshi sharoitlarga uchib, hayotiy prinsiplarimdan qaytmadim. O‘zbekistonimni sotib keyin yana qaytib kelib, xalq bilan o‘ynashmadim. Aytmoqchimanki, xalqni aldamadim. Undan ko‘ra san’atdan chiqaman, ammo bunday qabixlikni qilmayman.
San’atda «pauza» qilishingizning sabablaridan bir og‘ir kasallikni boshdan kechirganingiz, menimcha...
— Ba’zan ko‘chada «bolalagan» mish-mishlar uydagi gap-so‘zlarga to‘g‘ri kelmasligini hammamiz bilamiz. Raqobatchilar tomonidan tarqatilgan bundayin mish-mishlarning aksariyatini to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Xudoga shukrki, hech qanday o‘ladigan, og‘ir kasallikka chalinmadim. Faqat oshqozonim kasal bo‘ldi. Operatsiyadan so‘ng dieta qildim. Nazarimda, odamni jismonan o‘ldirgandan ko‘ra, ruhan o‘ldirish osonroq deganlari shu.
Chindan ham siz haqingizda ko‘p mish-mishlar yuradi. Har biriga e’tibor berasizmi yoki «piar», reklamaga xizmat qiladi, deb qo‘l siltab qo‘yasizmi?
— Bunday «piar»ga ishim tushmagan, tushmasin ham. Piar ortidan kun ko‘radigan pastkashlikka tobim yo‘q. Hammasi kundek ravshan-ku, meni san’atdan chalg‘itish, turli fitnalarga tortish maqsadida qasddan uyushtirilayotgan uydirmalar. Ko‘piga ahamiyat bermaslikka harakat qilaman. Achinarlisi, shu gaplarni tarqatayotgan odamlarning ayrimlari bilan birga ishlayapman, atrofimda yuribdi.
Do‘stlar qovunga o‘xshaydi: bir dona yaxshisini topish uchun yuztasini tekshirish kerak. Tobora dolzarb bo‘lib borayotgan do‘stlik tuyg‘usi haqida nima deya olasiz? San’atkorlar bir-biri bilan do‘st bo‘lmaydi, deyishadi...
— Kishining atrofida tanish-bilishi ko‘p, ammo do‘sti sanoqli bo‘ladi. Hayotiy pallaga qarab do‘st tutinadi, qaysidir paytda ko‘proq, qaysidirida esa kam. Tan olib aytish kerak, biz aksariyat san’atkorlarda soxtalik, mag‘rurlik kabi kamchiliklar uchrab turadi. Do‘stlarim bor, faqat ular san’at sohasidamas.
Yarangizni yangilamoqchimasmizu lekin bu voqea haqida haligacha turli mish-mish yuradi. 2005 yillar Ozodaning osmonini qora bulutlar qopladi, jumladan, Xorazmdagi to‘y mashmashasi. Bugun shu voqeani eslasangiz beixtiyor xayolingizdan nimalarni o‘tkazasiz?
— Har bir ijobiy va salbiy holat inson hayotida iz qoldirarkan. Ammo metin irodali bo‘lishga harakat qildim, barchasiga chidadim. Ba’zi insonlarning hayoti davomida bo‘lib o‘tgan hodisalar bir maktab bo‘lib, qilgan xatolarini yana qaytarmasa kerak, degan umidda bo‘lasan kishi... Afsus, o‘zgarmaydigan odamni hech qanday yo‘l bilan ham o‘zgartirib bo‘lmas ekan… Mana shu Xorazm mash-mashasini uyushtirganlar haligacha shu qabix niyatini odat tusiga aylantirib olganini xalq o‘zi bilib olayapti. Yaqinda Dilfuza Ismoilovaning ochiq-oydin qilgan tuhmatini bunga misol qilib keltirishim mumkin. Nahot, Dilfuza Ismoilovaning ustozi bilan bo‘lgan munosabatimizni Dilfuza opa unutgan bo‘lsa?.. Qarshi bo‘lmasangiz, bu savolga javobni chuqurlashmasdan, shu yerda to‘xtatmoqchiman.
Ixtiyoringiz. Shayboniyxon davrida shoh bir mashshoqni huzuriga chorlab, undan biror kuy chalib berishni so‘ragan ekan. Mashshoq qandaydir sababga ko‘ra kuyni maromiga yetkazib ijro eta olmabdi. Bu holatdan jahli chiqqan xon mashshoqni qamchi bilan savalabdi. Bu usul san’atga jiddiy qarashga xizmat qilgan ekan. Guruch kuramksiz bo‘lmaganidek, bugungi kunda estradamizda ham sarson bo‘lib yurgan san’atkorlar yo‘q emas. Balki ularga ham shunday yo‘l tutish kerakdir, nima deb o‘ylaysiz?
— Ko‘chma ma’noda aytadigan bo‘lsak, qamchilash, jazolash kerak. Xuddi dehqon niholni qanday parvarishlab, ko‘kartirsa, san’at ham shunday mehnat talab qiladi. San’atkorlar qatorini egallab turgan ayrim «qo‘shiqchi»larni, besamara ijod qilayotganlarga ham shunday yo‘l tutish kerakdir, balki. Yaxshi otga bir qamchi deganlaridek, birgina fikr-mulohazadan to‘g‘ri xulosa chiqaradigan, o‘z ustida tinmay ishlab, yangicha ruh va shijoat olib kirayotgan yoshlarni rag‘batlantirish kerak, albatta.
Yuqorida yosh ijodkorlar haqida gapirildi. Ayrim yoshlar hatto borligidan kechib, san’atkor bo‘lishni orzu qilishadi. Aksariyatining esa iqtidori yo‘q. Siz bu holatga qanday izoh berasiz?
— Bilasizmi, ularga aytadigan gaplarim juda ko‘p. Lekin gapni qay biridan boshlashni bilmayman. Chunki ko‘p gapirilgan, ammo e’tibor berilmagan. Menimcha, qo‘lidan hech narsa kelmaydigan, hamma narsadan umidini uzganlar, san’atga qadam tashlayapti. Bir savol meni qiynaydi: bunday iqtidorsizlarni ko‘paytirayotganlar qaerga qarayapti? Kim ularga san’atkor bo‘lishiga ruxsat beryapti? Ularning aksariyatiga pul olmay, tekinga ishlab, qo‘g‘irchoq bo‘lish sharti qo‘yiladi. Sun’iy yetishtirilgan meva qanchalik chiroyli ko‘rinmasin, ta’mi baribir tabiiy mevanikiga yetmasligi kabi adashib qolgan «qo‘shiqchi»ning samarasiz ijodidan xalq o‘zi bilib oladi.
Sizga ham shunday murojaat qilishganmi?
— Ha, juda ko‘p. Lekin to‘g‘ri maslahatimni berib, bundaylar bilan ishlamasligimni aytganman. Shuning uchun «UzSTAR» loyihasiga qo‘l urdim. Mazkur loyiha ana shunday yoshlar, chinakam iste’dodlarni topish ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilindi.
Bugun estradamizda tarjimon, o‘g‘ri xonandalar ko‘paydi. Birovning qo‘shig‘ini o‘ziniki qilib olganlar haqida fikringiz bormi?
— (kuladi) Plagiatchilarni bekorga savol qilib bermayapsiz, shekilli. Bir dona plagiat qo‘shiq aytganman, tan olaman. Lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirmaganman, ancha o‘zgartirganman. 
O‘zini juda aqlli hisoblab, o‘g‘irlagan qo‘shig‘ini mendan boshqa hech kim bilmaydi, xalqimizga yetib kelmaydi, deb o‘ylaydiganlar ham yo‘q emas. Oxirgi paytlarda ba’zi san’atkorlarimiz meni qo‘shiqlarimni chet ellik qo‘shiqchilar o‘g‘irlab aytishdi, deb maqtanishdi. Aslida ikkovining o‘zagi bir, ya’ni ikkalasi ham bir joydan o‘g‘irlangan. Xalqni aldash o‘zini aldash bilan barobar-ku! Shu bois, plagiatchilarga qarshiman. Mendan xafa bo‘lishmasinu, deyarli 90 foiz hamkasblarim o‘zi asar yaratmayapti.
Nega?
— Ijod, mehnat qilish yo‘q. Hatto o‘zimning asarlarimni xalqqa chiqqunicha o‘g‘irlashdi-ku. Shu qatorda, bugungi kunda bizda g‘oya o‘g‘rilari ham chiqqan. G‘oyangizni bilib olib, boshqaga pullavoradi. San’at ilohiy tuyg‘u, unga qalb berish kerak. Ayrim ijodkorlar qalb berish u yoqda tursin, hatto janrlarni ham bilishmaydi. Bu juda achinarli hol...
Ayol xonandaning fojiasi nimayu saodati nima?
— (uzoq o‘ylanib) Shaxsan menga bu mavzuda gapirish juda og‘ir. Ayol xonanda doim xalqning ko‘z o‘nggida bo‘ladi, ya’ni konsert, to‘y-tadbirlarda yuradi. Hamma onalardek farzandiga yetarlicha vaqt ajrata olmaydi. Turmushida ozgina ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkin. Balki bu sinovlarni yengganlar bordir, biroq kam, deb o‘ylayman. Ayol xonanda turmush, baxt-saodatni ko‘rishi qiyinroq, oddiy ayoldek baxt ko‘rolmaydi. U metin irodali bo‘lishi kerak. Fojeasi shunda deb o‘ylayman. Saodati esa qo‘shiqlari orqali ayollarning kechinmalarini, tug‘yonlarni kuyga solib, dardiga malham bo‘la olishi, menimcha.
Odamni ikki narsa buzadi: boylik hirsi va ko‘p gapirish. Siz ham shular tufayli pand yeganmisiz?
— To‘g‘risini aytsam, pand yeganman. Boylik hirsi deyolmaymanu, lekin topgan-tutganim bilan maqtanganman. Niyatilarimni bilib-bilmay ko‘pchilikka aytib pand yeganman. Ba’zan tilim haqiqatan ham o‘zimga qarshi ishlagan. Ortiqcha gapirganman, tan olaman.
Bugungi kunda kimlar bilan hamkorlikda ishlayapsiz?
— Ko‘proq o‘zim musiqani bastalayman. Asosan shoira Rislig‘oy Xotamova bilan hamkorlikda ishlayman. Hozirda yaxshi shoirlarni ham izlayapman.
Ommaviy axborot vositalaridan-chi?
— Hech qaysi sayt, gazeta, bloggerlar bilan hali to‘laqonli hamkorlik qilishga ulgurmadim. Yaqinda o‘zimning www.ozoda.com saytim ishga tushdi. Muxlislarim o‘sha yerda ijodim borasidagi xabarlarni o‘qib, yangi qo‘shiqlarimni ham tinglashi mumkin.
Avtobiografiyangizdan olingan qo‘shiqlaringiz bormi?
— Ijodkor faqat o‘z dardini doston qilavermasdan, el dardini ham his qilib, kuyga solishi kerak. Bu uning vazifasi hisoblanadi. Men ham xalqqa qanday qo‘shiq kerak, shuni o‘rgaman. Metroda, tramvayda, bozorda yurib, odamlarning gapini, dardini eshitaman. O‘sha yerdan mavzu topaman. Bu esa haqiqiy ijodkorga ilhom beradi. 
«Xolos», «Yor-yor», «Omonat» qo‘shiqlarimning ayrim so‘zlari o‘z hayotimdan olingan.
Jonibek MA’RUPOV suhbatlashdi.


Manba:kun.uz
Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 6510 | Рейтинг: 1| Рейтинг: Ozoda Nursaidova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 07:40
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное