Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Ozodbek Nazarbekov: “xalq o‘z qahramonlarini tanishi kerak”


O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning muxlislarga taqdim etgan “Mendirman o‘sha” tarixiy klipi chin ma’noda katta loyiha bo‘ldi. Mazkur ezgu ishga sarflangan mehnat, vaqt va mablag‘ o‘zini to‘la oqlagani ham ayni haqiqat. Shu ma’noda, kadr ortida qolgan mehnatni yoritish maqsadida ijodiy guruh a’zolari: O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, “9999” studiyasi rejissyorlari Xurshid va Nodir Sobirovlar, shoir Botir Ergashev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan artist Maxset Otemuratov, bosh rol ijrochisi Mirkamol Karabaevlar bilan suhbat uyushtirdik...

“O‘ZBEK KLIPChILIGIDA INOVASION LOYIHA BO‘LDI”

— Ozod aka, aynan tarixiy qo‘shiq yozib, unga mini film suratga olishga nima turtki bo‘ldi?

— Turk yozuvchisi Yovuz Baho­durning “Xorazm” asaridan juda ta’sirlangandim, g‘oya shundan tug‘ilgan, loyiha direktori o‘zim (kuladi). Qo‘shiq she’ri tashabbusim bilan shoir Botir Ergashev tomonidan yozildi, musiqasini ham bastakor Nodir Umarov bilan birgalikda yozganmiz. Har bir bayram, tadbirlarga maxsus qo‘shiq yozishga odatlanganmiz. Shu ma’noda, Jaloliddin Manguberdi haqidagi “Mendirman o‘sha” qo‘shig‘i 2016 yilning dekabr oyida yozilgan. Aniqrog‘i, bu qo‘shiq 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangandi va shu bayramda ijro etishni rejalashtirgandim. Lekin tadbirlarning o‘z qonun-qoidasi bor, shu jihatdan bu qo‘shiq bayram repertuaridan o‘rin olmadi. “Shunday qo‘shiq uvol bo‘ladimi?” degan afsusda tarixiy klip suratga olish fikri tug‘ildi. Kayfiyatim yaxshi bo‘lgan kunlarning birida rejissyorlar Xurshid va Nodir Sobirovlarni chaqirib, tarixiy klip suratga olish kerakligi, mablag‘ va boshqa taraflarini o‘ylamay, chegarasiz fikrlash lozimligini aytdim. Shu tariqa ish boshlandi. Gohida “Ishni to‘xtatsakmikan?” degan ikkilanishlar ham bo‘ldi...

— Klipda professional aktyorlardan foydalanmaslik ham o‘ziga xos g‘oyamidi?

— Yangi chehralardan foydalanishga qaror qilgandik. Epizod borasida aktyorlarga murojaat qilinsa, asosiy qahramon bo‘lmagani uchunmi, javobgarlikni bo‘yniga olgisi kelmaydi va suratga olish maydonchasiga vaqtida kelmay, istagan vaqtida ketib qolish holatlari ham kuzatilishi mumkin. Klipni suratga olish jarayonida eng sadoqat bilan xizmat qilgan bu – harbiylar bo‘ldi. Klip suratga olishda ishtirok etgan barchaga, har­biy­larga esa alohida minnatdorlik bildiraman.

— Mazkur ijod mahsuli haqiqatan e’tirofga lo­yiq. Klipni esa bemalol mini film, deyish mumkin!

— To‘g‘ri, klipni – o‘zbek klipchiligida innovasion loyiha, deyish mumkin. Boisi, hali bunday klip taqdim etishga hech kim jazm qilgani yo‘q. Klip xalq uchun manfaatli loyiha bo‘ldi. Ochig‘i, ijodimda o‘z­garish qildim, son emas, sifat ko‘rsatkichiga erishmoqchiman.

"TARIXIY SIYMOLARIMIZ TO‘G‘RISIDA MA’LUMOTGA EGA BO‘LMASLIK, BU – JINOYaT!"

— Botir aka, tarixiy qo‘shiq yozish tashabbusi Ozodbek Nazarbekovdan emas, shoir sifatida sizdan chiqishi kerak emasmidi?

— Savolingiz tahdiddek tuyulyapti. Shoir bu – hamma mavzuning tashabbuskori, degani emas. Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur, Alisher Navoiy haqida she’rlar yozganman, to‘g‘ri, ular qo‘shiq bo‘lmagan. Lekin Jaloliddin Manguberdi haqida qog‘oz qoralamagan ekanman-da. Ijodkorga kimdir turtki bo‘ladi, ilhom beradi. Ozod akadan taklif tushganida ta’sirlandim, Jaloliddin Manguberdi haqiqatan ulug‘ sarkarda bo‘lgan. Bu tarixiy shaxs haqidagi bilimimni ko‘pay­tirish uchun jurnalist Jaloliddin Sadinovning Jaloliddin Manguberdi haqidagi katta risolasi va Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” tarixiy dramasini o‘qidim. O‘rganish jarayoniga bir hafta vaqt ketdi, bu mavzu butun o‘y-xayolimni qamrab olgandi.

— Qo‘shiq she’rida Maqsud Shayxzodaning “Kim yurtidan yovni quvsa, mendirman o‘sha” satridan foydalandingiz...

— Boisi, bu misra meni hayajonga soldi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, qo‘shiq shu misraga “qurilgan”. Bas­takor Nodir Umarov ham she’rga mos o‘ziga xos musiqa bastalab bergan. Ijodiy jamoada bu mavzuni serial qilish fikri ham tug‘ildi, lekin bu aniq reja emas. Shu gap qulog‘imga chalinganidan beri “Jaloliddin Manguberdi haqidagi tarixiy filmning ssenariysini yozib bering”, deb qolishlari mumkin-ku deya, imi-jimida manba to‘plashda davom etyapman. Ochig‘i, shu yurtda yashab turib, tarixiy siymolarimiz to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lmaslik, bu – jinoyat! Va “Shu yoshga kirib, nega Ozodbek aytmagunicha bu fikr xayolimga kelmadi?” deb o‘zimni koyidim. Lekin o‘zimni oqlaydigan jiha­tim – hali yoshman, katta-katta loyihalar oldinda. Tan olib aytay, suratga olish maydonchasida ishtirok etib, hozirgi holatimdan norozi bo‘lib qaytdim. Va shu kungacha qilgan ishlarim qanchalik “mayda” ekanini angladim. Mavjud kamchi­liklar kelasi ishlarda ularni bartaraf etish uchun zamin yaratadi. Muhimi, Ozodbek Nazarbekov tomonidan tamal toshi qo‘yildi!

"BUNDAY KATTA LOYIHADA IShLASh IMKONIYaTI YILLAB KUTILADI"

— Nodir aka, xabarim bor, Xurshid aka ikkovingiz sira film suratga olmagansizlar. Tarixni aks ettirgan mini film suratga olish biroz cho‘chitmadimi?

— Bunday katta loyihada ishlash imkoniyati yillab kutiladi, axir. Aslida har bir ishning o‘z mas’u­liyati bor. Klip suratga olish doimiy qilib yurgan ishimiz, “Mendirman o‘sha”ning boshqalardan farqi faqat katta loyiha ekanida. Ko‘pchilik bilan hamfikrlikda ishlaganimiz uchun qiyinchiik tug‘­dirmadi. Faqatgina mini filmdek bo‘lgan klipning tasavvurini shakllantirib olish uchun bir oy vaqt ketdi. Kadrlar borasida tasvirchi Rustam Murodov, rassom Anvar Shodiev bilan haftalab tortishardik. Oxiri Anvar har bir kadrning maketini yasab, tasavvur hosil qil­dirib berdi. Qaysidir jarayonda oqsasak, Ozod aka doim o‘sha soha mutaxassisi bilan uchrashtirib, mavjud kamchilikni to‘ldirishga ko‘maklashadi.

— Xurshid aka, tarixni o‘rganish uchun nechta kitob o‘qidinglar?

— Asosiy suyangan manba­miz – Yovuz Bahodurning “Xorazm” asari.

— Bosh rol – Jaloliddin Manguberdi qahramoniga nomzod topish qiyin bo‘l­madimi?

Nodir Sobirov: — Suratga olish ishlari 9 mayda boshlangan bo‘lsa, 1 mayda ham bosh qahramon yo‘q edi. Bir nechta taniqli aktyorlar kinosinov topshirdi, rolga tasdiqlanmadi. Maqsadimiz yangi chehrani olib chiqish bo‘lgani uchun ham bir to‘xtamga kelolmayotgandik. “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga borganimizda dizayner Sevara Zunnunova “Mirkamol Karabaevni bir ko‘ring”, deb qoldi. Fotosinov qildik va ijodiy jamoa bir ovozdan uni bosh rolga tasdiqladi. — Xonanda Maxset Ote­muratovni Chingizxon roliga sinab ko‘­rish kimning xayoliga kelib qoldi?

Xurshid Sobirov: — Bu rolga ham aktyor tanlashda ikkilanib yurdik-da, oxiri Qoraqalpog‘istondagi akt­yorlardan foydalanamiz, degan fikrga keldik. Yordam olish maqsadida Maxset akaga qo‘ng‘iroq qilib, “Teatr aktyorlaridan munosib nomzodlar rasmini yuboring”, dedik. Lekin birorta nomzod ma’qul kelmadi. Kunlarning birida Chingizxonning juda ajoyib rasmini yubordi, hammamiz lol qoldik. Qolgan tafsilotni o‘zi aytib bergani qiziqroq (kuladi).

— Klipda asli necha foizi kompyuter grafikasi?

N.S.: — Jang sahnasining o‘zida 60 foiz kompyuter grafikasidan foydalanilgan. Aslida esa suratga olish maydonchasida 30 ta Jaloliddin Manguberdi va 30 ta Chingizxon askarlari saf tortgandi. Kompyuter grafikasi bo‘yicha mutaxassis Ulug‘bek Abdusamadov ishini a’lo darajada uddalagan.

— Ish jarayonida “Klip­ni qanday suratga olaman?” degan o‘ydan ko‘ra “Natija qanaqa bo‘larkin?” degan savol ko‘proq qiynaydi...

X.S.: — Haqsiz! Muhimi – natija va soha mutaxassislari, xalqning qabul qilishi. Shukr, iliq fikr­lar eshit­yapmiz. Rosti ham tarixiy film va doimiy kliplarda uchraydigan xatolarni imkon qadar takrorlamadik.

— Umumiy natijadan ko‘ng­lingiz to‘ldimi?

N.S.: — Ros­ti, yuragim alanga bo‘lib “yonmayapti”. Suratga olingan kadrlar yetarli edi, faqat bir yarim oylik montajga ketgan vaqt kamlik qildi. Bu mutaxassis sifatidagi fik­rim, xolis bahoni, albatta, xalq beradi.

"JALOLIDDIN MANGUBERDINING SIYMOSINI GAVDALANTIRIShDA HAYaJON QIYNADI"

— Mirkamol, aktyorlar bunday tarixiy rolni yillab kutadi. Sizga esa baxtli tasodif bu imkoniyatni taq­dim et­di...

— Ochig‘i, aynan tarixiy rollarni ijro etish yoshlikdagi orzum edi. Chin dildan orzuga ishonsa, u albatta amalga oshishiga amin bo‘ldim. Fotosinov topshirganimda ham rolga tasdiqlanishimga ishongandim.

— Qaerdan bu yuz foizlik ishonch?

— Yoshlikdan ham jismonan, ham ruhan, ham bilim jihatdan tayyorlanib kelganimdan.

— Tayyorgarlik jarayoni­dagi mas’uliyat hissi qan­day bo‘ldi?

— Jarayon boshlangunga qa­dar bir hafta tayyorgarlik ko‘rdim. Bu suratga olish maydonchasida ham davom etdi. Yashirmayman, Jaloliddin Manguberdining siymosini gavdalantirishda hayajon qiynadi.

— Yoshlikdagi orzu yuz foizlik emas ekan-da, yo‘q­sa rolingizning ma’lum qismlarini kaskadyorlarga topshirmagan bo‘lardingiz?

— (Kuladi) Tryuklarni, yuz foiz bo‘lmasa-da, sakson foizga o‘zim bajardim. Agar jiddiy tryuklar uchun maxsus tayyorgarlikka bir oy vaqt berishganda yuz foizlik natijaga erishgan bo‘lardim, bunga ko‘zim yetadi.

— Bunday jiddiy roldan keyin sizni yengil-elpi filmlarda ko‘rmasak kerak-a?

— Oldin ham rol tanlab, “yuk”i bor film­larda ishtirok etganman. Ssenariysi sayozroq kinokartinaga katta gonorar evaziga cha­qirishsa ham o‘ylab ko‘­ra­man, o‘sha filmda ishtirok etmasligim esa sakson foiz aniq.

— Klipdagi rolingizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?

— Klip har taraflama juda zo‘r ishlangan. Lekin o‘zimning aktyorlik mahoratimdan ko‘nglim to‘lmadi. Tayyorgarlikka ko‘proq vaqt berilganida rolimni bundanam yaxshi ijro etgan bo‘lardim.

HAZIL ORTIDAGI EZGU ISh

— Maxset aka, o‘zingizni Chingizxon roliga qanday munosib ko‘rdingiz?

— Asli Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrining vokal xonandasiman. Ozodbekning iltimosiga ko‘ra, Alpomishdek tarixiy qahramonlarni sahnada gavdalantirgan besh-oltita aktyorlarning rasmlarini yubordim, yoqa­vermadi. Teatrimiz rejissyorlari nega rasm yig‘ib yurganimni so‘rab qolishdi, vaziyatni aytdim. Shunda “Qiyofangiz Chingizxonnikiga o‘xshaydi, o‘zingizni sinab ko‘rsangiz-chi?” deyishdi. Teatrdan Chingizxonning libosini olib, grim qilib, fotosessiya qildim-da, Ozodbekka yubordim. “Izlayotganim aynan shu aktyor! Telefon raqamini bering”, deya javob yozdi. Ochig‘i, tanisa-da hazillashyapti, deb o‘ylab, “Bu Gollivudda ham katta-katta rollarni o‘ynaydigan aktyor, sizning klipingizda rol o‘ynamaydi”, deb javob yozdim. “Mayli, bir bor bo‘lsa ham gaplashib ko‘ray”, deb qoldi, o‘zimning raqamimni yozib yubordim, hech nimani pay­qamadi (kuladi). Dar­rov qo‘ng‘iroq qildi, ovozimni o‘zgartirib “Kim bu?” – de­dim. Salom-alik qilgach, “Aka, Ozodbek Nazarbekovman”, deb maqsadga o‘tdi va keyingi javobimdan ovozimni tanib qoldi. “Rasmdagi o‘zingiz ekaningizni nega avvalroq aytmadingiz?” deb so‘radi. “Hazillashyapsiz deb o‘ylab, men ham sir boy bermagandim”, dedim (miriqib kuladi). Shu tariqa Chingizxon roliga tasdiqlanib qoldim.

— Hazil ortidan kelgan bu tarixiy rol taq­dirning sizga bergan in’omi ekan-da?

— Albatta, bu – omad! Lekin bu imkoniyatdan to‘liq foydalana oldim, deyolmayman. Biroq grim qilayotganda o‘zimni klipda emas, tarixiy kinoda suratga tushayotgandek his qildim.

— Klipdagi aktyorlik mahoratingizni necha bahoga baholaysiz?

— Talabalik davrlarimda rollar ham o‘ynardim. Rejissyorlar “Sendan yaxshi aktyor chiqadi”, derdi. Savolga aniq javob bersam, rolimdan qoniq­madim. To‘g‘ri, tashqi ko‘­rinishdan o‘xshagan bo‘­lishim mumkin, lekin yuzimda Chingizxondagi sovuqqonlik, ko‘zidagi qonxo‘rlikni professional aktyorlardek ko‘rsatib bera olmaganman. Xolis bahoni, albatta, muxlislardan kutamiz.

So‘ngso‘z o‘rnida shuni aytish mumkinki, tarixni bilish va o‘zlikni anglash har qachon muhim va dolzarb masala. Shunday ekan, istagimiz san’at vakillari O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov boshlab bergan katta loyihaning davomchilari bo‘lishsin!

FAKT:

Grim ustasi: Valentina Abduqunduzova.

Liboslar bo‘yicha dizayner: Sevara Zunnunova. Ozodbek Nazarbekovdan tashqari 30 ta Manguberdi, 30 ta Chingiz askarlari uchun 60 ta libos tikildi.

Bosh tasvirchi Rustam Murodov. Umumiy tasvirchilar soni: 3 ta.

Rassom: Anvar Shodiev.

Jaloliddin Manguberdining o‘g‘li rolida marhum san’atkor Muhriddin Xoliqovning nabirasi Asilbek Xoliqov.

BILASIZMI?

Klip Jizzax viloyati Dashtobod tumanining Ravot qishlog‘ida 9 kun, Chirchiqda 6 kun davomida suratga olingan.

Ravot qishlog‘ida joylashgan chegara qo‘shinlarining askarlari jalb qilingan.

150 ta nayza, 200 ta qilich, 30 ta bolta maxsus yasattirilgan. Umumiy rekvizitlar soni 1000 dan oshiq.

Tayyorgarlik jarayoniga 3 oy vaqt ketgan.

Suratga olish 15 kun davom etdi.

Klip suratga olish jarayonidagi hamkor tashkilotlar: O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, “O‘zbekfilm” kinostudiyasi, Jizzax hokimiyati.

Ijodiy jamoa soni: 60 ta.

Vladimir Isaev, Dilshod Ismoilov boshchiligidagi 8 ta kaskadyorlar guruhi ishladi.

Klipda Jaloliddin Manguberdi va Chingizxonning so‘nggi katta jangi tasvirlangan.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 2806 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Ozodbek Nazarbekov
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 19:14
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное