Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Exclusive Intervyu

Ra’no Shodiyeva: “san’atimni deb oilamga vaqt ajratolmaganman”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodievani sahnadan tashqarida kuzatish men uchun hamisha maroqli bo‘lgan. Uning odamlar bilan samimiy munosabatidan tashqari o‘ta madaniyatli ekani ham ko‘zga tashlanadi. Ochig‘ini aytishim kerak, shaxsan men bunday san’atkorlarni juda kam uchratganman. Bu aktrisaning ko‘zlari gapiradi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, rollari ham hayotiy, ularda soxtalikni sezmaymiz. Uning ko‘zlarida baxtdan tashqari, taqdirning turfa kechmishlari qoldirgan izlar bor.

— O‘zbek ayoli har bir bayramni o‘zi uchun yangicha kashf qiladi. Siz uchun 8 mart qanday bayram?
— To‘g‘risi, bu bayramni kutmayman, desam yolg‘on bo‘ladi. 8 martni kutmaydigan, e’tiborda bo‘lishni istamaydigan ayollar, qizlar bo‘lmasa kerak. Ammo bayramning qanday o‘tishi bizga emas, ko‘p jihatdan oiladagi erkaklarga bog‘liq. Ishonsangiz, o‘sha kuni qo‘limni sovuq suvga urmayman, hatto choy ham qo‘ymayman. Axir ayolman, yilda bir marta bu ishni erkaklarga yuklashga haqqimiz bor-ku, axir. Xullas, an’anaga ko‘ra, shu kuni turmush o‘rtog‘im bizni oilaviy sayrga olib chiqadi. Kutilmagan sovg‘alar tay­yorlashga harakat qiladi. Sovg‘a o‘z yo‘liga, lekin ayol kishi uchun eng katta sovg‘a, bu — e’tibor, ikki og‘iz shirin so‘z, unga bir kun bo‘lsa-da, ayolligini his qilib, o‘zini sevishga imkon yaratish.
— Ra’no Shodieva o‘zini baxtli ayollar safiga qo‘sha oladimi, degan savolni berishning hojati yo‘q, menimcha. Men baxtli ayolman, deyishga beshta sabab bormi?
— Albatta, bor. (O‘ylanib) Men uchun baxt oilamning tinchligi, farzandlarimning salomatligi, turmush o‘rtog‘imning menga bo‘lgan muhabbati. Hamma ayollar kabi erta tongdan turmush o‘rtog‘im, farzandlarimni ishga, o‘qishlariga jo‘natish, kechki payt esa shirin ovqatlar tayyorlab kutib olishning o‘zi men uchun katta baxt. Men baxtliman deyishga sabablar soni beshtaga yetdimi yoki yo‘q, bu muhim emas. Muhimi, men ana o‘sha baxtni to‘la-to‘kis his qilib yashayotganimda, o‘zimni baxtli ayol, deb bilayotganimda. Tabiiyki, hayot hech qachon bir tekis ketmaydi. Buni turmush, deb qo‘yibdi. Uning o‘ziga yarasha “musht”lari bor. Ana shu zarbalarga bardosh bera olganlar, sabr-bardoshini sinovdan o‘tkazib, Yaratganning o‘zi belgilagan taqdirga shukr aytib yashayotganlar chinakam BAXT sohiblari. Darvoqe, ayolning jamiyatda tutgan o‘rni ham so‘zsiz oiladagi muhitga bog‘liq. Ba’zida turmush o‘rtog‘imga “Sizga haykal qo‘yish kerak”, deyman. Chunki san’atkorning turmush o‘rtog‘i bo‘lish, uning ijodiga ijobiy nigoh bilan qarash oson ish emas.
— Turmush o‘rtog‘ingiz o‘ta rashkchi, deb eshitganmiz. Shu rostmi?
— Axir qaysi erkak rashk qilmaydi?! Turmush o‘rtog‘im ham ko‘cha-ko‘yda, odamlar orasida rashk qilgani bilan san’atimga cheklov qo‘yib, ijodiy jamoamdan, rejissyor, aktyorlardan rashk qilmaydi. Shukrki, peshanamga san’atni tushunadigan, hurmat qiladigan oqko‘ngil inson bitilgan ekan. U kishi yonimda bo‘lsa, o‘zimni erkin his qilaman. Meni qo‘llab-quvvatlayotganidan kuch olaman.
— Ra’no Shodieva kinoda o‘zini o‘ynab bo‘ldimi?
— (O‘ylanib) Bilmadim, chunki har bir rolimda o‘zim­ning­ ichki kechinmalarim, fe’l-atvorim, taqdirimdagi o‘x­shash­liklar yotadi. Aynan bitta rolda hayotdagi Ra’no aks etgan, deyolmayman.
— Siz suratga tushgan film­­lar haqida gap ketganda ko‘z o‘ngimda munis, oilaparvar ayol obrazi gavdalanadi. “Osmon yaqin” filmidagi rolingiz esa boshqalaridan butkul farq qiladi. Men filmda Ra’noni umuman boshqacha kashf etgandim. Qahramoningizga xos shaddodlik, cho‘rtkesarlik, biroz surbetlik Shodievaning yangi qirralarini namoyish etgandek. Nega bunday rollaringiz kam?
— (O‘ylanib) Fikringizda jon bor. Ammo bunday e’tirozlar faqat menga bo‘lmasligi kerak, deb o‘ylayman. Chunki aktrisaning yuzaga chiqishi, yangi janrda o‘zini ko‘rsata olishi ko‘p jihatdan rejissyorlarga bog‘liq. Agar rejissyor meni umuman boshqa janrda, yangi ampluada ko‘ra olsa, o‘ylaymanki, o‘sha rolni o‘ynab berishga imkoniyatim yetadi. Ba’zida filmlarda yomon qahramonlar rolini berishganda, “Yo‘q, Ra’no yaxshisi sen bu rolni o‘ynamay qo‘ya qol, chunki ko‘zlaring tomoshabinni aldashga qodir emas, ular seni qiyofangdagi salbiy qahramonni yomon ko‘rib qolishlari kerak”, degan gaplarni aytishgan. Lekin men faqat muxlislar yoki rejissyorlarning balandparvoz gap­laridan havolanib, o‘zimga katta baho bermayman. Aksincha, o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga harakat qilaman.
— “Sukunat” filmidagi rolingiz hayotingiz­ga qanchalik yaqin?
— Bu film­da ikki  hayot­ni — ham qahramonning shaxsiy hayotini, ham san’atdagi hayotini ko‘rsatishga harakat qil­ganmiz. Qahramonimning san’atdagi ijodi meni va boshqa hamkasbla­rim­ni­ki­ga juda o‘x­shash. Goh tasvirga olish jarayonlari, goh teatr, goh uchrashuv­lar, dublyaj, oila, bola-chaqa degandek... Agar eslasangiz, filmda shunday sahna bor: qahramonim kun davomida tasvirga olish jarayonlari, teatr­dagi repetisiya­da bo‘lib uyga qaytadi-yu, o‘sha kuni o‘g‘lining tug‘ilgan kuni ekanini unutgan bo‘ladi. Shaxsan men film­da rol o‘ynayotib qizimni ko‘z oldimdan o‘tkazdim. Ijodiy safarlar, xalqaro kinofestivallar sabab to‘rt yil davomida qizimning tug‘ilgan kunida qatnasha olmaganman. To‘g‘ri, qo‘limda sovg‘alar, xalqaro mukofotlar bilan qaytardim, lekin hech narsa qizimning o‘sha kundagi quvonchini qaytarib bermasdi. Bir kuni u menga shunday shart qo‘ydi. “Agar yana bir marta tug‘ilgan kunimda yonimda bo‘lmasangiz, men hech qachon bu kunni nishonlamayman”, — dedi. Albatta, men san’atning ortidan oilamga vaqt ajratolmaganman, deb nolimoqchi emasman. Xalqqa, odamlarga kerakli bo‘lganimizga ming bor shukr. Lekin to‘rt yil ichida qizimni qattiq ranjitganman.
— Arziydimi?
— (O‘ylanib) San’atni, ishimni farzandimdan ortiq ko‘rdim, desam vijdonim qiynalib, “Men qanday onaman?” degan savolni beraveraman. Evaziga esa yurtimga, xalqimga, san’atimizga foydam tegdi. Oila va jamiyat — bular bir-birini to‘ldirib turadigan tushunchalar. Shuning uchun farzandlarim katta bo‘lishgach, san’atning og‘ir kasb ekanini to‘g‘ri tushunishyapti.
— Keling, yangi filmingiz haqida gaplashsak. Alisher Uzoqov rejissyorligidagi “Kuzda gullagan daraxt” filmi bahorning eng kutilgan filmi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zingizning ko‘ng­lingiz to‘ldimi?
— Albatta. Bilasizmi, boshqa filmlarimni chetga surib qo‘yish niyatida emasman-u, lekin aynan shu filmni juda uzoq kutdim. Xalq orasida shunday gap yuradi — kino tomoshabinni tarbiyalashi kerak. Tomoshabin bu film­dan qanday xulosa chiqaradi, qanday tarbiya oladi bilmadim-u, lekin unda o‘zini, hayotni, biz yashab turgan jamiyatni ko‘rishi aniq. Unda hayotni boricha ko‘rsatishga harakat qildik. Birinchi nav­batda professio­nal aktyorlar guruhi jamlangani, ssenariyning puxtaligi, mavzuning hayotiyligi tomoshabinlarni befarq qoldirmayotganidan xursandman. Ochig‘i, bu film­dan umidim katta.
— O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat ins­titutining magistratura bosqichida tahsil olyapsiz. Hozirgi zamonaviy aktrisa uchun magistraturada o‘qish shartmi? Holbuki, ko‘p aktrisalarimiz hattoki, bakalavrlik diplomini ham olishmagan.
— O‘qishni, bilim olishni juda yaxshi ko‘raman. Magis­traturaga kirishimga qaynog‘am va uning turmush o‘rtog‘i sababchi bo‘lishdi. Ular juda ziyoli, o‘qimishli insonlar bo‘lishgani uchun magistraturada ham o‘qib olishingiz kerak, deb qolishdi. Turmush o‘rtog‘im ham shu fikrda edi. Ularning daldalari bilan Qo‘g‘irchoq teat­ri­ yo‘nalishida o‘qishga kirdim. O‘zingizga ma’lum, imkoniya­ti cheklangan bolalarga saboq ham ­beraman. Shu sabab qo‘g‘irchoq teat­ri yo‘nalishini tanladim. Maqsadim, aynan imkoniyati cheklangan bolalar uchun qo‘g‘irchoq teat­rining yangi, zamonaviy uslub­laridan foydalanib, tushunarli, qiziqarli spektakllar namoyishini yo‘lga qo‘yish.
— Ijod, oila, ish, o‘qish... Qiynalmayapsizmi?
— Men ayolman, demak, hammasiga ulgurishim kerak. (Kulib) Bolaligimdan vaqtimni to‘g‘ri taqsimlashga o‘rganganman. Uyda uchalamiz — talaba o‘g‘lim, qizim va men birgalashib dars qilamiz. Shukrki, kenjam hali bog‘chaga boradi. Hammasiga ulgurishga vaqt topayapman, albatta.

— Menimcha, suhbatni yakunlasak ham bo‘ladi. Uni yaxshi kayfiyatda boshlagandik, ana shunday kayfiyatda tugatsak. Bayram yaqin, ayollarga tilak­laringiz...

— Men dunyoning juda ko‘p­ davlatlarida bo‘ldim. Turli millat ayollari bilan muloqotda bo‘ldim, ularning turmush tarzini kuzatdim. Lekin uyim-joyim, oilam, bolam, deydigan, sabr-bardoshi bilan dunyoga namuna bo‘ladigan o‘zbek ayollariga o‘xshashini uchratmadim. Tilagim — avvalo Vatanimiz tinch bo‘lsin! Oilalarimiz mustahkam bo‘lib, hammamiz hayotda o‘z o‘rnimizni topib yashaylik, farzandlarimizning kamolini ko‘raylik. Bayramingiz muborak bo‘lsin dugonajonlar, munis onaxonlar!

 
Qamariddin ShAYXOV tayyorladi
Fotomuxbir: Bekzod MIRSODIQOV
Manba:darakchi.uz


Категория: Exclusive Intervyu
Просмотров: 6876 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Ra’no Shodiyeva
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 13:02
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное