Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Exclusive Intervyu

Rayhon: "Peshonamga nima bitgan bo‘lsa, Roziman!

Rayhonning bugungi erishgan mashhurligiga ko‘plab yoshlar, hatto yulduzlar ham havas qiladi. Chunki, u muvaffaqiyatlariga “aka”lar, “og‘a”lar yo homiylar ko‘magida erishmadi. O‘ziga xos ijodi, betakror konsertlari va xushtabiati bilan hurmat qozondi.
U o‘zbek shou-biznesida konsertni shouga aylantira olgan birinchi xonanda sanaladi. Bugun Rayhonning shov-shuvli shoulariga havasmand yo undan o‘zaman qabilida harakat qilayotganlar ham ancha topiladi. Biroq, tinmay yangilik yaratish bobida izlangan san’atkor faqat oldinga intiladi, faqat ildamchi bo‘lib, bayroqni yuqori ko‘taradi! Rayhon maqsadi butun san’atkor. Shundanmi, u necha yillarki, reytingini eng yuqori pog‘onada ushlab kelmoqda. Punktualligi e’tiborga loyiq. Intervyu uchun belgilangan aniq vaqtda hozir bo‘ldi va xushtabassumi ila qarshi oldi... 
-Go‘zalsiz. Necha yillardan beri bu go‘zallikni saqlab turishning siri nimada?
-Ota-onamdan o‘tgan bu go‘zallik ichga dunyomga uzviy bog‘liq. Nazarimda, inson ichki olamini g‘uborlardan toza tuta olsa, hammasi go‘zal bo‘ladi!
-Bugun sun’iy go‘zallik bilan reyting ushlab turishga harakat qilayotganlar bor. Sizningcha, kimlar tabiiy go‘zal?
-Munisa Rizayeva...Lola. Ha, Lola!
-Munisa deganingizga bir savol tug‘ildi. To‘yingizdan keyin u bilan munosabatingiz tashqaridagi havo kabi sovuqlashgandi. Shu kunlarda esa orangizga oftob tushganday. Birga tushgan suratlaringiz  ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘la boshladi. Siz shunday qayta tiklangan munosabatdagi ishonchni qanday baholaysiz?
-Biz o‘zaro anglashib oldik. Uni ayblashgandi. Biroq, hammasi odamlar aytganichalik emas ekan.  Hozirgi kunlarda Munisa aybsiz ekanini isbotlamoqda.
-Va siz unga ishonasiz?
-Ha.
-Qay darajada kechirimlisiz?
-Samimiy kechirim so‘raganlarni kechiraman.  Aslida har qanday xatoliklar vaqt o‘tib, unutiladi. Ichimda saqlamayman. Tez xafa bo‘laman va tez unutaman. Oldin xafa bo‘lsam, yonib ketardim. Emotsiyalarga berilardim. Yosh o‘tgan sari o‘zimni bosib olishni o‘rganyapman (kuladi).
-Necha yillardan beri Rayhon titulini saqlab kelyapsiz. Bu orada qanchasi paydo bo‘ldi va yo‘qolib ketdi. Yana necha yil reytingingizni saqlab turishga ko‘zingiz yetadi?
-Hammasi Yaratgandan. Qanday harakat qilsang, shunga yarasha natija bo‘ladi. Nolishdan oldin qilib qo‘ygan ishingni o‘ylashing kerak. Kimnidir aybdor qilishdan oldin o‘z xatolarimni muhokama qilaman. Oldinga intilgan ortda qolib ketmaydi. Insonning maqsadiga yarasha murodi hosil bo‘ladi!
-Odamlar og‘zida hanuz gap-so‘zlar yuribdi. Rayhonning o‘zi tug‘dimi yo egizaklarini asrab oldimi?  
-Qaerdan chiqdi, bunday mish mishlar?!  Men haqimda tarqalmagan mish-mish qolmadi-yov! Yuz xil kasallik, hatto, “o‘ldi”ga chiqarishdi... Odamlarning o‘zi adashib qoldi! Shu qadar ishonishmasa, qaysi poliklinikada rasmiy ro‘yxatda turganim, egizaklarimni qaysi tug‘ruqxonada dunyoga keltirganimni aytishim mumkin. Borib, tekshirib ko‘rishsin!  O‘zim tug‘dim. Qo‘shaloq farzand bergani uchun Yaratgandan bir umr minnatdorman! Farzandlarim – jajji mo‘’jizalarim!  Yana bir haqiqatni tushunib yetdimki, ayol uchun farzandli bo‘lguniga qadar hayoti hech narsa ekan. Hech narsa!
-Demak, hayotingiz o‘zgardi...
-Juda! Ular bilan xursand yashashni o‘rganaman. Hayotim nurga to‘ldi.  Egizaklarim mendan, men ulardan o‘rganaman. Haqiqiy ne’mat - bu farzand ekan. 
-Turmush o‘rtog‘ingizni undan ko‘proq sevasizmi?
-U ko‘proq sevsa kerak. Farzandli bo‘lgach, ayol kishi avval, Allohni, keyin dilbandlarini sevarkan. Boshqalarni bilmadim-u, shaxsan menda shunday!
-Bir kunda bir-biringizni “Sevaman!” deb necha marta aytasiz?
-(Kulib) Bu o‘ta shaxsiy savol!
-Dunyoning har yerida qandaydir muammolar, notinchlik. Shukrki, bizda osiyishtalik. Dasturxonimizda baraka bor. Shular haqida kuylash fursati yetmadimi?
-Biz baxtli odamlarmiz. Farzandlarimizning kamolini ko‘ryapmiz. Rivojlanyapmiz. Men sevimli kasbim bilan shug‘ullanyapman. Vatanimiz bergan ulkan imkoniyat bu! Tinchlik haqida albatta kuylayman. Yaxshi g‘oya berdingiz.
-Shoirlar bilan ishlayotganlar kam. Shou-biznes qayoqqa qarab ketyapti?
-Bir xonanda bundan istisno. Ozodbek Nazarbekov qo‘shiq yaratishni she’rdan boshlaydi! Bu san’atkor qo‘shiq matniga alohida e’tibor qaratadi. Ko‘pchilik qatori, talantli shoirlarga murojaat qilmasligim mening ham xatoim. Tinglovchilarga yengil mavzu kerak degan tushuncha paydo bo‘lgan. Musiqiy kanallar kamayganimi yo yana boshqa sabablar, xullas, shou-biznes  harakatdan to‘xtab borayotgandek. Hozir omma talabiga qarab, ijod qilib qolayotgandekmiz.
-Bugungi kun san’atkorida 3 ta muhim nima bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz?
-Estradada har bir xonanda o‘z individualligini  ko‘rsatishga harakat qilyapti. Har kimning o‘z tomoshabini bor. Reytingni ushlab turish juda qiyin. Nazarimda, uchta muhim omil bugungi kun kuychisi uchun juda zarur: qo‘shiq, imij va omad.
-Ishyoqmas, dangasa san’atkorlarga nima maslahat bergan bo‘lardingiz?
-Ishlashdan tolmang! Ishlagan  - tishlaydi!
-Estradamizda bugun kimlar yonib ishlayapti?
-Jahongir Otajonov, Munisa Rizayeva, Ozodbek Nazarbekov, Lola, Shohruhxon...
-Qaysi san’atkorni sog‘inasiz?
-Yulduz Usmonova konsertlarini. Ustozimiz u! Estradamizda ayollar liniyasi uning ijodidan ilhomlanish ila tarkib topdi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir paytlar Yulduz opa aytgandi: “Senda ovoz bormi? Senda ovoz yo‘q! Seni taqdir tanlagan. Shuning uchun ham shu tanlov qanchalar to‘g‘ri bo‘lganini isbot etishing kerak”! Bu fikrga qo‘shilaman.
-Shahzoda bilan yaqin dugona edingiz. Muxlislar do‘stligingizga havas qilardi. Hammasi o‘tib ketadi. Balki, oradagi muzliklarni mehr oftobi bilan eritib yuborish kerakdir? Qo‘msaysizmi, o‘sha paytlarni...
-Ichimda unga nisbatan xafagarchilik yo‘q. Shuncha gap-so‘zlardan keyin uchrashib, hammasiga nuqta qo‘yishga qaror qildik. Ig‘vo ko‘payib ketgandi. Yana turli savollar!  Hatto bir-birimizni takrorlamasligimiz uchun yozishib ham turdik. Yana nimadir bo‘lib, gaplashmay ketdik... Nima deyishga ham hayronman. Balki taqdir emas yoki shunday bo‘lishi kerak!?  Unga omad tilayman. Parallel ketyapmiz. Har birimizning o‘z yo‘limiz bor. Negadir hech uchrashmayapti, parallel yo‘llar...
-“E’tirof 2014” yaqin. Qaysi hamkasbingizga ovoz berasiz?
-Munisaga. Bu yil unga kutilmagan qiyinchiliklar yetarlicha  bo‘ldi. U bardoshli ekan. Hammasini yenga oldi. Uning o‘rnida men bo‘lganimda, balki sinib ketardim. U yiqilmadi. Konserti esa shov-shuvli bo‘ldi.
-Ayol hamkasblaringiz bilan kuylagan duetlaringiz xitga aylangan. Shahnoz, Manzura... Navbat Munisgami?
-U taklif bildirdi. Men rozi bo‘ldim. Biroq, hozircha jimjitlik!
-Baxtliman deyishingiz uchun hamma narsangiz bor: uy-joy, sevimli yor, farzandlar, mashhurlik... Nimaga muhtojsiz?
-Pushtirang bulutlar orasida suzyapman desam, bo‘rttirish bo‘ladi. Hamma kabi mening ham o‘z turmushimda og‘ir-engilliklar, orzu-armonlar yetarli. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Yaratganga shukur. Peshonamga nima bitgan bo‘lsa, roziman! Nimadir yo‘q bo‘lsa,shunisiga ham shukur. Yo‘qmi, demak, u narsaning keragi yo‘q, yo o‘z vaqti soati bor.
-Fevralda muxlislaringiz uchun ajoyib bayramcha bor:  yakkaxon konsertlaringiz. 2015 yil fevral konsertlaringizdan nima kutishimiz mumkin?
-2013-yilgi konsertlarimdayoq bu haqda g‘oyalar o‘ylab qo‘ygandim. Ularni reallikka aylantirish harakatidamiz. Mutlaq yangicha konsert bo‘ladi! Kichik bir sir. Yangi konsertimda orzuimdagi xonanda bilan duet kuyladik! Bu muxlislarimga unutilmas sovg‘a bo‘ladi!
Jasur HAMROYEV (shov-shuv.uz)
DAVOMI BOR!!!
 


Категория: Exclusive Intervyu
Просмотров: 15174 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Rayhon
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 2
atrgul Omad va faqat omad
Like | 0
Kapalak05 Rayhonim sizni sevamiz! Ijodizga omad! Kansertni kutamiz. OMAD! (K)
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 23:31
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное