Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Exclusive Intervyu

Sardor RAHIMXON: “Yulduzlik kasaliga chalinganim rost!”

Sardor Rahimxon... U bilan qancha ko‘p suhbatlashmay har gal aytishga arzigulik, o‘quvchini qiziqtira oladigan gap topiladi. Oxirgi bor u bilan bundan ikki yil avval suhbatlashgan edim. O‘shanda suhbat deyarli tanqidiy ruhdagi savollardan iborat edi. Bu orada Sardor ancha o‘sdi. Yana o‘z mavqeini tiklab oldi. Shuning uchun suhbat Sardorning bugungacha bosib o‘tgan yo‘li, kechasi, buguni va shu bugunidagi bo‘shliqlar haqida bo‘ldi. Darvoqe, u avvalgidan ancha o‘zgargan. Yulduzlik kasalidan asar ham qolmagan, desam xato bo‘lar-u, ammo dunyoqarashi, odamlar bilan munosabatida ijobiy o‘zgarishlar katta.

— Ko‘p vaqtdan buyon bir narsa meni o‘ylantiradi. Yo muxlislar Sardor Rahimxondan “to‘ygan”di yoki Rahimxon TVda ko‘rinmasa ham xuddi har kuni telekanallardachiqayotgandek odamlar buni payqamayapti...

— (Kulib) Buni payqashmayotganining sababi shuki,  reklamani boshqa tarafdan kuchaytirganman. Masalan, radiokanallarda qo‘shiqlarim tinmay “aylanyapti”, internet saytlarida ham yangi qo‘shiq va kliplarimni taqdim etib turibman. Internetdagi barcha ijtimoiy tarmoqlarda faolman. Vaqtimni ayamay ish jarayonidagi surat va videolavhalarni shaxsiy sahifamga joylash orqali muxlislar bilan muloqot o‘rnatganman.

— Xo‘sh, nima uchun TVda qo‘shiqlaringiz berilmayapti? Vaholanki, “Tanhoginam” nomli qo‘shig‘ingiz klipi o‘tgan yil yaxshi kliplar qatorida e’tirof etilgandi. Ustiga ustak xorijiy telekanallarda ham namoyish etilganidan xabarimiz bor...

— Bu savolni menga berishingiz noo‘rin! Tez orada bu muammolar hal bo‘lishidan umidvorman. Lekin shu vaqt oralig‘ida ijodim ancha toblandi. Klipsiz ham reytingni ushlab turish mumkinligini tushunib yetdim. Masalan, “Do‘st” nomli qo‘shig‘im hech qanday reklamaga muhtoj bo‘lgani yo‘q. Tildan-tilga o‘tib ommalashdi. Bolajonlarga atalgan “Chaqachum” qo‘shig‘im ham xuddi o‘sha muvaffaqiyatni davom ettiryapti.

— Nahotki Sardor Rahimxon shuni o‘ziga ep ko‘rsa? Odatda siz tutayotgan yo‘lni, ya’ni klipsiz qo‘shiq taqdim etishni ko‘pchilik san’atkorlar “katta maydon”ga xos usul, deb bilishmaydi...

— Izlagan imkon topadi! Hamma narsa doim biz istagandek bo‘lavermaydi. Aksincha, hozir ijod qilishimga juda zo‘r imkoniyat va qulay sharoit bo‘lyapti. Ishonaman, vaqti kelib hammasi iziga tushadi.

— O‘tgan 3 yil ichida internetdagi shaxsiy sahifalaringizga joylagan suratlar va yozgan izohlaringizdan tushkunlikka tushib qolganingizni sezish qiyin emasdi...

— Uch yil depressiya holatida yurdim. Hayotning kutilmagan zarbalari — ijoddagi muvaffaqiyatsizliklar, omadni boy berish, reytingni bir maromda ushlab tura olmaslik, oilaviy muammolar... bularning bari manaman, degan odamni ham yiqitishi tayin. Shu kabi muammolarga o‘ralashib, qayta o‘zini o‘nglolmagan ko‘pgina san’atkorlarni bilaman. Shukrki, men hammasini yengib o‘tdim. Eng muhimi, sinovlardan to‘g‘ri xulosa chiqardim! Biroz kibr-manmanlikka berilgan, “yulduzlik kasali”ga chalingan vaqtlarim bo‘lgandi. Xatolarimni to‘g‘irladim. Sinov bejizga berilmaydi. Undan to‘g‘ri xulosa chiqarib, xatolarni to‘g‘irlash, atrofimizni tozalash kerak.

— Ba’zi san’atkorlarni “yulduzlik” tark etsa ham, “yulduzlik kasali” tark etmaydi. Sizni 4 yildan buyon yaqindan bilsam, har yili o‘zgarish sezyapman. Bugun oddiy odamga aylangansiz.

— Mashhurlik — bu bizning ojizligimiz. Uning ortidan quvib, o‘zimiz bilmagan holda “yulduzlik”ning asiriga aylanib qolamiz. Bu jarayonda tarbiya, atrofdagi do‘st va yaqinlarning roli ham katta. Shaxsan mening oilamda ota-onam doim “o‘zingni “bosib” olgin! Tan olinganlar sendan oldin ham bo‘lgan, sendan keyin ham bo‘ladi”, deyishardi.

— Qachonlardir siz ham “yulduzlik kasali”ga chalingansiz. O‘sha vaqtlarda ko‘pchilik sizdan ranjigani aniq. O‘sha odamlar bilan hozir yuzma-yuz kelib qolsangiz qanday holga tushasiz?
— Tan olaman, o‘z vaqtida “yulduzlik kasalligiga” chalinganim rost. Lekin, uzr so‘rashdan or qilmayman. Inson kechirish bilan birga, kechirim so‘rashni ham bilishi kerak!

— Bugun “yulduz”misiz?

— Men o‘zimni “yulduz” deb hisoblamayman. O‘ylab ko‘rsam, hali hech nima qilmabman. O‘zbekistondan tashqariga chiqsam, meni hech kim tanimaydi. Dunyoning hamma burchagida meni tanishsa, ana o‘shanda o‘zimni “yulduz” desam arziydi. Bugun ba’zilar uchun mavqeingiz emas, balki mablag‘ingiz muhim. Bunday vaqtda “yulduz”ligingiz ham sariq chaqaga arzimay qoladi.

— Istaysizmi-yo‘qmi, doim kulib yurish, odamlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga majbursiz. Gohida ana shu samimiylik soxtalikka ham aylanib ketadi. Shu majburiyatdan charchamaysizmi?

— Charchayman, desam noshukrlik bo‘ladi. Bir paytlar “qaniydi mening ham bitta qo‘shig‘im mashhur bo‘lsa, meni ko‘cha-ko‘yda tanishsa, dasxat olishsa”, deb yig‘lab orzu qilganman. Endi esa oddiygina kulib yurish og‘irlik qilyapti, desam bu manmanlik emasmi? Ana shunday vaqtda boshingdagi omad qushi birdan yo‘q bo‘lib qolishi hech gap emas. Holbuki nimani xor qilsang, o‘shanga zor  bo‘lasan. Ochig‘i, o‘sha majburan kulib yurishga ham zor bo‘lgan paytlarim bo‘ldi.

— Siz bilan suhbatlashishdan avval bir qancha muxlislaringizning fikri bilan hamqiziqdim. Ko‘pchiligi bir mazmundagi “Sanjarning Sardorga aylanishi yaqinlari bilan munosabatida ko‘rinmas devor bo‘lmaydimi?” degan savol berishdi. Sizni doim“Sanjar” deydiganlar “Sardor” deb chaqirsa go‘yo begonani chaqirayotgandek...

— (O‘ylanib) Oilam va yaqinlarim uchun doim Sanjar bo‘lganman. Muxlislarim, san’at ortidan topgan yaqinlarim uchun Sardorman! Bu odamlar bilan yaqinligim yoki uzoqlashishimga o‘z ta’sirini o‘tkazolmaydi. San’atdagi faoliyatimni taxallus bilan boshlab, yaxshi qilgan ekanman, deya xursand ham bo‘laman. Chunki qaysidir ma’noda Sanjar ismim meni san’atning g‘iybat-bo‘xtonlaridan saqlab turadi. Oilamdagilar, yaqinlarim “Sanjar” deb chaqirishganining o‘zida yana o‘sha oddiy odamga aylanaman. Siz aytgan yuqoridagi majburiyatlarni ham butkul unutaman.

— Bitta konsert bilan yana avvalgi mavqeingizni tiklab oldingiz. “Do‘st” qo‘shig‘i esa Rahimxonga yana avvalgi omadini olib keldi. Lekin, “Chaqachum” Sardor Rahimxonga yarashmagan. Tinglovchilar sizdan bundan-da mazmunliroq qo‘shiqni kutgandi!

— (O‘ylanib) Fikringizda jon bor. Bu qo‘shiq uchun mazmunli, “yuk”i bor she’rni tanlashim, musiqasini ham boshqa yo‘nalishda qilishim mumkin edi. Biroq bu qo‘shiqni bolalar eshitmasdi. Bolalarga atalgan, kichkintoylarning sho‘xligi aks ettirilgan, kayfiyat ulashuvchi qo‘shiqni og‘irlashtirishning, bolalar tushunmaydigan so‘zlarni ishlatishning nima keragi bor? Qizim 3 yosh, leksikasida nari borsa 100 ga yaqin so‘z bordir. O‘sha so‘zlarni ham to‘g‘ri aytolmaydi. “Chaqachum”ni o‘z qizimga atab, uning dunyoqarashidan kelib chiqib, farzandini erkalayotgan ota sifatida aytganman. Shuning uchun ham qo‘shiq bolalarga yoqyapti.

— “Do‘st” qo‘shig‘ingiz Ulug‘bek Rahmatullaevga atalganmidi?

— (Kulib) Yo‘q, Ulug‘bekka atalmagan!

— Rahmatullaev ham sizdan avval shu mazmundagi qo‘shiq kuylagandi. Tinglovchilarning fikricha, go‘yo qo‘shiq orqali ikkingiz bir-biringiz bilan qasdlashyapsiz...

— Ulug‘bek Rahmatullaev qo‘shig‘ini muxlislarga taqdim etishdan avval yonimga kelib, “Sardor, do‘st haqida qo‘shiq yozyapman, bu senga atalmagan” degan. “Qo‘shiqni senga atab kuylabdi”, deganlar ham bo‘ldi. Qo‘shiqni eshitib ko‘rganimda, avvaliga biroz alam qildi, dilim og‘ridi. Keyin “Nega asabiylashyapman?! Axir Ulug‘bek meni ogohlantirgandi-ku!” deb shaytonga hay berdim. Mening qo‘shig‘imga kelsak, agar qo‘shiq Ulug‘bekka atalgan bo‘lganda, uni konsertimdan avval muxlislarga taqdim etib, yaxshigina reklama qilgan bo‘lardim. Qo‘shiq so‘zlari umumiy ma’noda keltirilgan. Hammaning dilidagi mavzu bo‘lgani, menga o‘xshab do‘stidan pand yeganlar borligi uchun ham qo‘shiq odamlar yuragiga yetib bordi. “Do‘st” meni “sotib” ketgan, do‘stlikning qadriga yetmagan, og‘ir kunimda yonimda bo‘lmagan “do‘st”larimlarga atalgan! Do‘st kim o‘zi? Boshingga ish tushganida puli tugul, jonini berishi kerak emasmidi?.. Afsuski, hatto pulini berolmaganlar bo‘ldi...

— Haqiqiy do‘stlar ham bor-ku!

— Siz aytayotgan o‘sha do‘stlarim tuxmatlar girdobida qolganimda, qarzga botib, yashab turgan uyimni sotmoqchi bo‘lganimda qaerda edi? Otam 3 yil kasalxonada yotganida, bir bora yo‘qlashga vaqt topa olmagan odamlarni DO‘ST, deyish mumkinmi? Xolbuki, atrofimdagi hamma “do‘st”larimning boshimga tushgan ishlardan xabari bor edi. Yoningizda suyanishga arzigulik do‘st topilmasa alam qilarkan. Bu — odamlarga nisbatan ishonchim yo‘qoldi, degani emas.  Men mana shunday chin do‘stlarni qidiraman!

— Yillar davomida Ulug‘bek ikkingiz do‘stligingiz haqidagi savollarga javob berishdan bo‘yin tovlashga harakat qildingiz. Bu mavzuda so‘z ochilsa “hali ham do‘stmiz”, deb qutilardingiz...

— Tan olaman, bugun Ulug‘bek bilan do‘st emasmiz! Lekin “bir-biri bilan hatto so‘rashmaydi”, degan gaplar noto‘g‘ri. Balki vaqti kelib, ikkimiz ham xatolarimizni anglarmiz, yana chin do‘st bo‘larmiz. Bir narsaga ishonchim komilki, bundan keyin meni Ulug‘bekdek, Ulug‘bekni esa mendek do‘sti bo‘lmaydi! Chunki, biz do‘stlashgan paytlarimiz hech kim emasdik. O‘rtamizda na manfaat va na mansab uchun kurash bor edi. O‘sha samimiylik, beg‘uborlikni ikkimiz ham qidirsak-da topolmaymiz.

— Prodyuserlik faoliyatingizga to‘xtalsak...

— Prodyuserlik faoliyatimni to‘xtatganman. “Bayon” guruhi ham, Dilso‘z ham mustaqil faoliyat yuritishyapti. O‘z vaqtida bu ishni boshlayotganimda ustozlarim Musaxon Nurmatov, Iqbol Muhammadjonov “prodyuserlik qilishingizga hali erta. O‘zingizning bajaradigan ishlaringiz ko‘p”, deya ko‘p bora ta’kidlashgan. Quloq solmadim, oxir-oqibat vaqtim ham, naqdim ham bekorga ketganini tushundim. O‘zimga keragidan ortiq ishonib yuborgan ekanman.

— Farzand tarbiyasidagi Sardor Rahimxonni qanday tasavvur qilish mumkin?

— (O‘ylanib) Farzand tarbiyasidan-da qiyin ish bo‘lmasa kerak. To‘g‘ri, ota-onalik bebaho baxt, ammo bu baxtni asrab-avaylash oson emas. Ishdan charchab kelganimda ularni bag‘rimga bossam ovunaman, charchog‘im chiqadi. Oila to‘kisligi, yaqinlar salomatligi bo‘lsa, ko‘nglingiz xotirjam bo‘larkan.

— Sochingizga oq oralagani yetmagandek, to‘kilishni ham boshlabdi?

— (Kulib) Bu muammo bugun butun dunyo erkaklarini qiynayapti, nazarimda. Sochim to‘kilayotganini yashirmayman, lekin oldini olishga harakat qilyapman. Eng muhimi, bu haqda o‘ylab, siqilmaslik kerak. Hamma narsaning borida, boricha qadriga yetsak, o‘sha narsadan to‘g‘ri foydalanishni bilsak, eng to‘g‘ri yo‘l shu menimcha. Bu nafaqat sog‘lig‘imiz, cho‘ntagimizdagi pulimiz yoki yaqinlarimiz misolida, balki tinchlikning ham qadriga o‘z vaqtida yetish kerak! Yoshlarga bu yurt o‘z-o‘zidan bunyod bo‘lmagani, shart-sharoitlarning qadriga yetish kerakligini tushuntirishimiz, o‘rnak bo‘lishimiz shart!

 
Qamariddin ShAYXOV suhbatlashdi.


Категория: Exclusive Intervyu
Просмотров: 8038 | Комментарии: 4 | Рейтинг: 1| Рейтинг: Раъно Ярашева
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 4
Damir_95_ Omad tiliman toliko
Like | 0
Damir_95_ Omad tiliman toliko
Like | 0
ibodulla7777 sardor aka bu yil kansert beradimi
Like | 0
boyvo44abola Yulduzlik Kasaligiga chalinganligini tan olishni ozi mardlik Sardor Raximxon endi bunday manmanlik qilmasa qolgani xammasi joyida omad tilab qolamiz unga
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 04:35
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное