Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Shahzoda: "Hamma o‘zi uchun javob beradi"

Bu xonandaning ismini eshitganda, istarali inson, iqtidorli aktrisa, ajoyib qo‘shiqchi, bir so‘z bilan aytganda, serqirra ijodkor siymosi ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Sahnada o‘zini tutishi, odamlarni ilhomlantiruvchi ijodi, qarashlari muxlislar uchun doim jozibali ko‘rinadi, qiziqarli tuyuladi.
Ha, xonanda Shahzoda san’at olamida 15 yildan buyon ancha “pishib”, qo‘shiqlari yoshu qari uchun birdek manzur bo‘lmoqda. Tinimsiz ijod, xato va kamchiliklarini vaqtida anglab o‘z ustida ishlashi uning yetti kun davom etgan 15 yillik yubiley konserti muxlislari tomonidan yaxshi kutib olinishiga katta yordam berdi. Bugun xonanda bilan suhbatimiz ham ayni shu mavzudan boshlandi.
— Yubiley konsertingizni taqdim etishda qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘ydim, deb o‘ylaysiz?
— Har bir konsert dasturi juda ko‘p mehnat talab etadi. 15 yillik ijodimga bag‘ishlangan ushbu hisobot-konserti avvalgilariga nisbatan o‘zgacha va esda qolarli bo‘lishi kerak edi. Dasturda milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirishga harakat qildik. Xatolarimga kelsak.... (o‘ylanib) tan olaman, juda ko‘p xato qildim. O‘z ustimda hali ko‘p ishlashim kerak ekan. Shu bilan birga, «To‘rt qadam» nomli qo‘shig‘imni jonli ijro qildim. O‘shanda muxlislarni aldab bo‘lmasligiga yana bir bora amin bo‘ldim. Jonli ijro baribir boshqacha ekan-da.
— Gapingizga qaraganda, keyingi konsert dasturlari jonli ijroda bo‘larkan-da?
— Albatta, jonli ijroda konsert dasturi taqdim etish niyatim bor. Bu yilgi konsertimda muxlislar jonli ijroni boshqacha qabul qilishini angladim. Bildimki, qo‘shiqni chin qalbdan ijro etish kerak, o‘shandagina muxlis zerikmaydi.
— Konsert dasturingizdagi monologda xiyonat, aldov, dugonalar bo‘htoni, dushmanlar... xususida to‘xtaldingiz... Ayrimlar bunga xonanda Rayhon bilan munosabati sabab, deb tushundi. Rostdan ham hozirda do‘stlik rishtasi uzilganmi?
— Rayhon bilan deyarli 8 yildan buyon gaplashmaymiz. Buning o‘ziga yarasha sababi bor. Oramizda bir-ikki muammo yuzaga kelgan. Hammasi o‘tib ketdi. Ortda qolgan gaplarni qo‘zg‘ashni yoqtirmayman. Bilasiz-ku, hamma o‘zicha haq. Shuning uchun unga sog‘liq tiladim. Hozir esa yaxshi-yomon kunlarimda yonimda turadigan do‘stlarim va yaqinlarim bor. Boshqalarga ham shunday do‘stlarni tilayman.
— Bugungi kunda san’atda kimlar bilan do‘stsiz?
— San’atkorlardan Nilufar Usmonovani aytishim mumkin. Eng yaqin do‘stim, sirdoshim bu — turmush o‘rtog‘im. Oila qurganimizga 8 yil bo‘ldi. Ota-onam hayotda qanday yashash kerakligini, ya’ni kimligimni o‘rgatgan bo‘lishsa, turmush o‘rtog‘im meni san’at olamida tarbiyaladi. Yana men uchun qadrli inson, san’atda hamisha yonimda hamroh, Davron Muqimov. Ukamday bo‘lib qolgan, unga ishonaman.
— Tadbirlarda asosan «To‘rt qadam» qo‘shig‘ingizni jonli aytarkansiz. Menimcha, bu qo‘shig‘ingizni boshqalaridan ko‘proq yaxshi ko‘rsangiz kerak?
— Yo‘q, har bir qo‘shig‘im men uchun qadrli. Lekin «To‘rt qadam» hissiyotlarimga yaqin. To‘g‘ri, qolganlarining ham o‘ziga yarasha dardi bor. Ammo aynan, ushbu qo‘shiqda dardni ko‘proq his qilaman.
— Biror qo‘shig‘ingizdan ta’sirlanib, kuylay olmagan paytlaringiz bo‘lganmi?
— Ha, bo‘lgan. «Tilayman», «Tirikmanmi?» qo‘shig‘imdan ta’sirlanib, ko‘zim jiqqa yoshga to‘lib, aytolmaganman.
Ko‘pchilik «Nimaga aynan shu qo‘shiqni yig‘lab ijro etasiz, sizni hayotingizdan olinganmi», deb so‘rashadi. Bu borada kichkinagina sirni ochishim mumkin, «O, Maryam, Maryam» filmini ssenariysini o‘qiganimda, onamning hayotiga o‘xshashligi uchun menga juda yoqgan va shu filmda rol ijro etishni xohlaganman. Undagi kundoshlik qismatlarini emas, balki, farg‘onalik rus tili va adabiyotidan dars beradigan hamda chevarchilik bilan shug‘ullanadigan oddiy ayolni ko‘rdim. Onamning qismatidan xabarim bor. Shuning uchun mazkur filmga ishlangan saundtrek taronani tinglaganimda ko‘z yoshimni yashira olmayman.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, bu yilgi konsertimda «Rahmat hayot» nomli qo‘shiq kuyladim. Bosib o‘tgan har bir qadamim, ortda qolgan izlarim, do‘st-dushman, xullas, hammasiga ro‘baro qilgan hayotga rahmat tariqasida aytishni istagandim. Bu istakni shoir Yakzonga she’r qilib berdi.
— Ko‘pchilik bilan duet kuylagansiz. Duetdoshni qanday tanlaysiz?
— Duetdosh tanlamayman. Hamisha duetdoshlarimning o‘zlari taklif bilan chiqishgan. Duetlarim yaxshi chiqyapti (kuladi).
— «Chikko» va uning davomi «Chikkito» ikkinchi o‘g‘lingizga atalgan ekan...
— Shu qo‘shiqni kuylaganimda ikkinchi o‘g‘lim Xolid hali tug‘ilmagandi. «Chikko» italyancha so‘z bo‘lib, «nihol» degan ma’noni anglatadi. Buni Italiyaga borganimda bilib, shu nom bilan qo‘shiq kuylash istagi paydo bo‘lgan. Lekin o‘g‘limni bunday nom bilan erkalatmayman. Bu qo‘shiq uchun oddiy bir g‘oyam edi, xolos.
— So‘nggi paytlarda ko‘plab xonandalarning sahnadagi kiyinish madaniyati ko‘p muhokama qilinmoqda. Xususan, Lola. Sizning bunga munosabatingiz qanday?
— (uzoq o‘ylanib) Menimcha, sababi yoshlik. Tan olaman, o‘zim ham 25-26 yoshdaligimda yoshlarbop, zamonaviy kiyinishga harakat qilganman. O‘shanda atay ochiq-sochiq kiyinib yurishni niyat qilmaganman, albatta. Insonning odobi kiyimidamas, ichki dunyosida bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Hech qachon hech kimni muhokama qilishni xohlamayman. Hamma o‘zi uchun javob beradi. Lolaga kelsak, u ham hozir yoshlarcha fikrlayapti. Sal kattaroq bo‘lganida tushunib yetadi.
— Shaxsiy imij borasida kimlar bilan ishlaysiz?
— Hech kim bilan ishlamayman. O‘z imijim ustida o‘zim boshqotiraman. Lekin Ilmira, Dildora Qosimova kabi dizaynerlar, vizajistlardan Yana, Behzod bilan doimiy hamkormiz.
— 5 yil avval matbuot anjumani o‘tkazganingizda, «Hech qachon xonanda bo‘lishni orzu qilmaganman, shou-biznes vakilasi emasman», degan ekansiz. Hozir ham shunday fikrdamisiz?
— Men san’atkormasman, deb aytmayman. Men qo‘shiqchiman, ishlayapman, harakat qilayapman.
— Demak, haliyam o‘sha fikrdasiz?
— Shou-biznes vakilasi emasman, degan fikrimda qolaman.
— Ayni paytda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining teatr tanqidchiligi bo‘limida o‘qiyotgan ekansiz. Qiziq, xonanda bo‘lib nega aynan teatr tanqidchiligini tanladingiz?
— (Uyalib kuldi) Hozir, akademik ta’tildaman. Teatr tanqidchiligi sohamga yaqinroq. Kinofilm va teatr bo‘yicha ko‘proq bilimga ega bo‘lishni istayman. Shuning uchun shu yerda tahsil olishni tanlagandim.
— Kinofilmlarda ham rol ijro etgansiz. Qaysi aktyorni o‘zingizga partnyor, deb bilasiz?
— Partnyorlarni asosan, rejissyor tayinlaydi. Lekin ssenariyni tanlayman. Avval hijjalab o‘qib, ma’nosini, natijasini o‘ylab keyin rozilik bildiraman. Balki shuning uchun so‘nggi kunlarda filmlarda rol ijro etmayotgandirman. O‘sha «Fotima va Zuhra», «Majruh» kabi qiziq, bir-biriga o‘xshamaydigan filmlar bo‘lsa o‘ynardim.
— Psixologiyadan ham xabaringiz bor ekan. Shunga qaramay, qattiq tushkunlikka tushgan paytlaringiz bo‘lganmi?
— Sahnada, hayotda doim kulib yurganim, ijtimoiy tarmoqlarda turli kayfiyatni ko‘taruvchi so‘zlarni yozganim bilan tushkunlikka tushaman, albatta. Lekin dardimni doston qilmayman. Oldinlari har bir mish-mishga e’tibor berib, yig‘lab, siqilib yurardim. Hozir e’tibor bermaslikka harakat qilyapman.
— Haqiqatdan ham siz haqingizda juda ko‘p mish-mishlar yuradi...
—Ha, to‘g‘ri aytasiz, o‘zim haqimda juda ko‘p mish-mish eshitaman (kuladi). Yaqinda meni o‘ldiga ham chiqarishdi. Eshitib hayron qoldim. Bir o‘lib, qayta tirildim-da.
Ko‘pchilik xonandalar: «Men haqimda mish-mishlar bo‘layaptimi, demak, men hali kimgadir kerakman, ijod qilayapman» deb aytishadi. Bu men uchun noto‘g‘ri fikr. Men mish-mishlarni emas, haqiqatni yoqtiraman.
— Ko‘pincha muxlislar bilan rasmga tushishdan bosh tortasiz, nega?
— Yo‘q unday emas, faqat erkaklar bilan suratga tushmayman (kuladi). Chunki bir kun xalq xizmatida bir yigit yonimga kelib, birga rasm tushishimni so‘radi. Oradan vaqt o‘tgach, o‘sha bola: «biz Shahzoda bilan sevishib yuramiz, mana, suratda ham o‘tirishdamiz, ko‘p ko‘rishamiz...» kabi «sevgi qissasi»ni bitib, gazetaga bergan. Va bu katta maqola qilib chop etilgan. So‘ng mish-mishlar «bolalab ketdi». Shu-shu erkaklar bilan suratga tushmaydigan bo‘ldim. Asosan, ayollar va bolalar bilan tushaman.
— Oila davrasida bo‘lishga ham vaqt ajratasizmi?
— Ikkinchi o‘g‘lim Xolid dunyoga kelishigacha ko‘p vaqtim ijod, ish bilan o‘tardi. Hozir vaqtimni ko‘proq farzandlarim bilan o‘tkazishga intilaman. Tezroq ishim tugasayu, uyga borib oilam davrasida, o‘g‘illarim bilan suhbatlashsam deyman. Hatto turmush o‘rtog‘imga bir kundan ortiq gastrol safari rejalashtirmang, bo‘lmasa bormayman, deyman.(kuladi)

 
Jonibek MA’RUPOV suhbatlashdi.


Manba:kun.uz
Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 9956 | Комментарии: 3 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Shahzoda
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 3
8475242 удача!
Like | 0
Alora пишет: | 23.09.2015 | 18:32 #2 Страница с комментарием
5913435 Shahzodaga omad, uni judayam yaxshi ko'raman
Like | 0
Nigow771 Shahzoda ijodizga omad
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 02:17
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное