Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Sitora Farmonova nohaq tanqidlar, QVZdagi ishtiroki va orzuidagi rol haqida gapirdi


"Quvnoqlar va zukkolar klubi" (KVN) o‘yinlari "Osiyo MIX" jamoasi ishtirokchisi, xonanda, go‘zal aktrisa bilan "Kunutun" suhbat uyushtirdi. E’tiboringizga ushbu suhbatni havola etamiz.

— Hayotingizni san’at bilan bog‘lashingizni qachon tushunib yetgansiz?

— Yoshligimdan orzuim dizayner bo‘lish edi. Bir kuni taniqli dizayner Valentin Yudashkinning bir gala konsertda o‘z liboslar namoyishini o‘tkazgani e’tiborimni tortgan. U paytda men bir- ikki marta filmlarda suratga tushib ulgurgan edim, lekin hayotimni san’at bilan bog‘lash haqida jiddiy o‘ylab ko‘rmagandim. Shu namoyishni ko‘rgach, «avval san’at orqali tanilib, so‘ng o‘z liboslar to‘plamimni chiqarsam qanday bo‘larkin» deb o‘ylab qolganman.

— Maktabdan so‘ng modeler dizaynerlik sohasi bo‘yicha ta’lim olgansiz. Hozir ham liboslar yaratib turasizmi?
— Shu kungacha barcha oqshom liboslarimni o‘zim tikkanman. Dizaynerlik faoliyatimni hech qachon to‘xtatmaganman. Bu mening xobbim, bolaligimdan eng katta orzuim desam ham bo‘ladi. Va men orzu qilishdan hech qachon to‘xtamayman.

— Orzuingizdagi rol?
— Orzuimdagi rol «Zulmat» filmidagi Rani Mukxerdji yaratgan obraz. Ham zabonsiz, ham ko‘zi ojiz, lekin uning hayotda intilishi, bu obrazni chiqarib berish katta mahorat talab qiladi. Shunday ampluadagi rol nasib qilsa mamnuniyat bilan ijro etgan bo‘lar edim.

— Ko‘pgina filmlarda suratga tushgansiz, qo‘shiq ham kuylagansiz, QVZda ishtirok etdingiz. Qaysi biri sizga yaqinroq?
— Kamera qarshisida rol ijro etish menga qiziqroq. Har bir aktyor va aktrisalar rol ijro etganda ichidagi bor g‘uborini chiqarib tashlaydi. QVZ ham aktyorlik mahoratini ko‘rsatishga kiradi. Shundan kelib chiqib, aktyorlik mahorati menga yaqinroq desam to‘g‘ri bo‘ladi.

— Hozirgi kunga kelib, shu rolni ijro etmasam bo‘larkan degan fikr hayolingizdan o‘tganmi?
— Shu kungacha ijro etgan rollarimdan xafa emasman. Chunki eng boshda ssenariyni o‘qib, menga ajratilgan rolni anglab, o‘zimni shu obrazda tasavvur qila olsam rozilik beraman. Yaqinda juda yaxshi ssenariy keldi, agar shu film ekran yuzini ko‘rsa katta muvaffaqiyatga erishadi. Lekin menga ajratilgan rol yoqmaganligi tufayli rozi bo‘lmadim. Men biror bir rolga rozilik berishdan avval o‘zimni premerada tomoshabin o‘rniga qo‘yib ko‘raman. Agar shu rolga rozi bo‘lganimda, keyinchalik pushaymon bo‘lishim aniq edi. Har qanday rolni ijro etishdan avval juda puxta o‘ylab ko‘raman. Shu sababli yaratgan obrazlarimdan hozircha pushaymon bo‘lmaganman.

— Ijodingizda nima yangiliklar bor?
— Ancha vaqtdan beri yangi kartina suratga olish ishlari uchun tayyorgarlik ketmoqda. Tez kunda suratga olish jarayoni boshlanadi. Men shu kungacha ijro etgan obrazlarga umuman o‘xshamaydi. Bu orzuimdagi roldan bir parcha desam ham bo‘ladi. Sitora Farmonovani hali xalq bunaqa obrazda ko‘rmagan.

— Aziya MIXdagi ishtirokingizdan taassurotlar bilan bo‘lishsangiz.
— QVZ insonni o‘ziga shunday jalb qiladi, keyin uning ta’siridan chiqish juda qiyin. Unda g‘arazlik yo‘q, quvnoq kayfiyat hukmron, barcha jamoalar katta bir oiladek, bir-biriga yordam berib, qo‘llab-quvvatlab, shodlik va qayg‘uni birga baham ko‘radi. Albatta, har bir sohada bo‘lgani kabi, bu yerda ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari mavjud, mashaqqatlari katta, lekin QVZ ichidagi hayot juda chiroyli.

— QVZga katta umidlar bilan qo‘shilgansiz, lekin undagi ishtirokingizdan so‘ng tanqidiy fikrlar yog‘ildi. Sizga bu qanday ta’sir qildi?
— Ma’lum bir sayt noto‘g‘ri informatsiya tarqatib, nomimni qoraga chiqardi. Maqola sarlavhasi «O‘zbek millatini ustidan kulgani uchun lisenziyasidan mahrum bo‘ldi» qabilida yozilgan edi. Vaholanki, men o‘z xalqimni, millatimni ustidan aslo kulmaganman, kulmayman ham. QVZning har bir soni YouTube’da joylangan, men kerakli joylarga olib borib, buni isbotlab ham berdim. Mazkur sayt shov-shuvli sarlavha bilan o‘ziga piar qilmoqchi bo‘lgan, xalq esa biz san’atkorlarni ijro etgan rolimizga qarab baholaydi. Ming afsuski, xalq bu gap-so‘zlarga ishondi. Tushkunlikka tushdim, lekin aynan QVZ meni shu tushkunlik holatidan chiqishimga ko‘maklashdi.

— Siz kutmagan inson siz yomonlik qilganmi?
— Bo‘lgan. Eng yaqin dugonam, hattoki bir nechta dugonalarimdan pand yeganman. Chin dildan yaxshi ko‘rib, eng yaxshi tilaklarni sog‘ingan dugonam kutilmaganda hiyonat qilgan. Orada ko‘p gap-so‘zlar bo‘lib o‘tdi. U ham tuhmatga uchraganini, bunday ish qilmaganini aytgan. Lekin bir narsani aytishim kerak, men uni allaqachon kechirganman. Ushbu vaziyatni yuragimdan chiqarib tashlaganman. O‘sha vaqtda juda katta zarba bo‘lgan. Turmushga chiqishim kerak bo‘lgan paytda, kuyov tarafning oilasiga meni yomonlagan. Allohga shukr, oradan bir oy o‘tmay nomim oqlanib, o‘sha qiz kimlarni orasida menga tuhmat qilgan bo‘lsa, usha insonlar ichida uning yaqin dugonasi bor haqiqatni gapirib bergan. Tuhmat gaplarga ishonganlar kelib kechirim so‘rashgan, shuning uchun bu vaziyatni qo‘yib yuborganman. Inson kechirimli bo‘lishi kerak.

— Pand yegan insoningizga yana ishona olasizmi?
— Yo‘q! Men endi ota-onam va Allohdan boshqasiga ishonmay qo‘yganman.

— Doim qulog‘ingiz ostida jaranglaydigan nasihat. Kim tomonidan aytilgan?
— Dadam har kuni bir nasihatni qaytaradilar: «Bolam, yulduzlik kasaliga chalinma. Odamlarga bo‘lgan munosabating hech qachon o‘zgarmasin».

— Sitora Farmonovani aktrisa sifatida tanilishida ko‘maklashgan rol qaysi deb o‘ylaysiz?
— «Maftuna» serialidagi Maftuna obrazi meni juda ham yaxshi tanitgan. Film rejissyori, rahmatli Nuriddin Qosimov meni kastingga chaqirganlarida, «Sitora, mana shu Maftuna obrazi sizni butun o‘zbek xalqiga tanitadi», - degandilar. Ikkilangandim. Lekin, mana hozirgacha meni shu rolim orqali tanishadi. Ko‘cha-ko‘yda ko‘rib, odamlar meni Maftuna deb atagan paytlari ham bo‘ladi. Va yana, ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bu serial qayta-qayta efir yuzini ko‘rmoqda.

— Mashhurlik siz uchun qanchalar muhim?
— Inson zoti qiziq mavjudot. Tanila boshlaganingizda, el nazariga tushib, mashhurlikni tatib ko‘rganingizdan so‘ng siz undan voz kecha olmay qolar ekansiz. Mashhurlik, xalqning e’tibori men uchun nafasdek muhim. Sal e’tibor kamayganini sezsam o‘zimni havo yetishmayotgandek his qila boshlayman.

— Mashhur bo‘lganingizdan afsuslangan vaqtingiz bo‘lganmi?
— Ta’qiqqa tushgan paytimda u yer bu yerga borsam darrov odamlar pichirlab, g‘iybat qilishga tushib ketishardi. Shu payt mashhur bo‘lganimdan afsuslanganman.

— Mashhur bo‘lish uchun tashqi go‘zallik qanchalar muhim?
— San’atda tashqi ko‘rinish eng muhim omillardan biri. Lekin iqtidor bo‘lmasa, tarbiyangiz havas qilgudek bo‘lmasa, bor go‘zalligingiz ham ko‘zga ko‘rinmaydi.

— Go‘zalligingizni qachon tushunib yetgansiz?
— Bolaligimda bu haqda hech o‘ylamaganman. O‘ylashga vaqtim ham bo‘lmas edi. Maktab davridanoq bir nechta chet tillarini o‘rganishni boshlaganman. Arab, tojik, nemis, ingliz tillarini bilaman. Maktab davrida onam qanday kiyimni tayyorlasa kiyib ketaverganman. Sochimni mayda qilib o‘rishsa ham hech qachon norozilik bildirmaganman. Shuni to‘g‘ri deb qabul qilganman. Balog‘atga yetgach atrofdagi dugonalarimga nazar solib, sochimni boshqacha turmaklashni, biroz pardoz qilishni boshlaganman.

— Insonlardagi qaysi xislatni ko‘proq hurmat qilasiz?
— Samimiylik va oddiylikni. Kayfiyatim yo‘q bo‘lgan paytda oddiy, sodda dugonalarim bilan ko‘rishsam, ularning samimiy suhbatidan kayfiyatim darrov ko‘tariladi.

— O‘zingizni qanday insonlar qatoriga qo‘shasiz?
—Juda ham pozitiv insonman. Hattoki do‘stlarim “Sitora, hech yig‘laysanmi o‘zi?”, - deb so‘rashadi.

— Ijtimoiy tarmoqlarning hayotingizdagi roli?
— Ijtimoiy tarmoq hozir aktyorlar va rejissyorlarning ishini juda yengillashtirdi. Avval biror bir rolga tasdiqdan o‘tish uchun sarson bo‘lib, bir necha bor borib, kelib yurardik. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda suratlarimizni joylab boramiz va rejissyorlar usha suratlar orqali tipajimiz bo‘lajak obrazga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi biladilar. Ijtimoiy tarmoqdan ishim uchun foydalanaman.

— Bir kunda o‘zingizga qancha vaqt sarflaysiz?
— Avvallari salonlarga borar edim. Ma’lum, salonga borsangiz uch-tort soat vaqtingiz ketadi. Lekin yoshim ulg‘aygan sari, ota-onamning sochlariga oq oralagani, yuzlariga ajin tusha boshlaganini sezgach, usha vaqtni oilamga sarf qilishni boshladim. Sochimga niqob qilib, bemalol uy ishlari bilan band bo‘lishim yoki yaqinlarim bilan suhbatlashishim, birgalikda film ko‘rishimiz mumkin.

— Shaxsan taniydigan muxlislaringiz bormi?
— Juda ko‘p muxlislarim bilan telegram orqali gaplashib turamiz. Men muxlislarim bilan gaplashganimda kayfiyatim ko‘tariladi. Ularning men haqimdagi ijobiy fikrlari yanada ko‘proq ishlashga undaydi.

— Muxlislarga tilaklaringiz.
— Avvalambor yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lishini tilayman. Qolaversa, barcha – barchaga oilaviy hotirjamlik, salomatlik va yaxshi kayfiyat hamroh bo‘lishini tilab qolaman.



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 6716 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Sitora Farmonova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 00:59
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное