Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. Yoqotilgan Yillar-Soundtreck2
. Taqdir O'yini-Va Bank
. Qaqnus - Destiny (korea)
. Qirolicha - Soundterck
. Osiyo-Asi [+ soundreck]
. Ishdagi Ishq - Моей душе покоя нет
. Osiyo-Soundtreck
. Efir Sirlari - Piano Version
. Shamollar Mamlakati - soundtreck love (korea)
. Tanho malagim - Soundtreck
. Bola Uyda yolg'iz-soundtreck
. Ko'ngil bog'i-soundtreck [feat Girl]
. Sherlock Holmes - soundtreck (mix)
. Kuz ertagi-Piano [soundtreck]
. Mohim - Oq Ro'molim (OST Meni Kechir)
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Sitora Farmonova "Zapret"ga tushishi sabablari haqida


So‘nggi ikki yil davomida uning irodasi imtihon qilindi. Gap-so‘zlar, ta’na-dashnomlar, qo‘rquv va ijodiy taqiq... Ammo u isyon qilmadi, shunchaki bir chekkaga o‘tdi-yu, kutishni lozim topdi.«O‘zidan ham o‘tgani bordir-da» deysizmi? Qaydam, bunisini suhbatdoshimizdan eshitasiz. Sitora FARMONOVA "So‘g‘diyona" gazetasiga intervyu berdi.

— Sitora, so‘nggi ikki yillik tanaffusni qanday izohlaysiz. Yo Rossiyaning «Birinchi kanali» loyihasi bo‘lgan «Quvnoqlar va zukkolar» o‘yini bilan bandligingiz sabab bo‘ldimi?

— Ha, asosiy vaqtim «KVN» o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bilan o‘tdi. «Aziya MIX» jamoasi tarkibida ishtirok etdim. Bir oy Moskvada bo‘lsam, bir-ikki haftagagina Toshkentga kelib-ketardim. Kamnamo bo‘lib qolganimning yana bir sababi «O‘zbekkonsert» tomonidan taqiq qo‘yilgani bilan bog‘liq.

— Demak, taqiqga tushganingizni tan olasiz?

— Ha, ammo bari ortda qoldi. «O‘zbekkonsert» taqiqni bekor qildi. Bugun yana ijod qila olish huquqiga egaman. Nasib qilsa, tez kunlarda yangi ijod namunalarini havola etaman.

— Ijod qilish huquqining cheklanishi aktrisalik emas, balki xonandalik faoliyatingizga aloqador, shundaymi?

— To‘g‘ri. Siz tanaffus deyapsiz-u, ammo men kinodan uzoqlashganim yo‘q. Asosiy e’tiborim «KVN» o‘yinlariga qaratilgani bois filmlarda ishtirok etolmadim. Negaki bitta kartinaning suratga olinishi kamida bir-ikki oyni talab qiladi. Menda bo‘lsa, vaqt tig‘izroq edi. Biroq shunda ham yangi loyihalarda qatnashishga harakat qildim. Ulardan biri Alisher Uzoqov rejissyorligida tasvirga tushirilgan «Muzlagan» filmi. Xabaringiz bo‘lsa, shu kunlarda «Orzuimdagi ayol» nomli kartinaning premerasi bo‘lib o‘tdi. Unda ham rol ijro etganman.

— Taqiqqa tushishingizning boisini so‘rasam. Ijro etgan qo‘shiqlaringizga ishlangan kliplarda bachkanalik bor desak, sanoqli taronalar yaratishga ulgurdingiz, xolos?..

— «O‘zbekkonsert» shu narsani to‘g‘ri deb topgan bo‘lsa, e’tirozim yo‘q. Haqiqatan ham axloqqa zid yoki yoshlar tarbiyasini buzadigan qo‘shiqlar kuylamadim. Ularga ishlangan kliplarda ham bachkanalik yo‘q. Ochig‘i, nega shunday bo‘ldi, menga qorong‘u. Izohini tushuntirib berolmayman. Muhimi, bari ortda qoldi, yana xonandalik faoliyatimni davom ettiryapman.

— Ko‘pchilik yosh aktrisalar havas qilsa arzigulik «bagaj»ga egasiz: 29 ta filmda bosh rol ijrosi! Ro‘yxatni kengaytirasizmi endi?

— Albatta! Lekin hamma filmlarga ham rozilik beravermayapman. Ulg‘aydim, o‘z imkoniyatlarimni to‘g‘ri baholashni o‘rgandim. Vaqtimni arzirli kino asarlarga sarflasam deyman. Ssenariylar borasida unisi sayoz, bunisi durust, deya fikr bildirmoqchi emasman. Taklif qilinayotgan rol bilan tanishaman, filmning asosiy mazmun-mohiyatini o‘rganaman, yuragim «jiz» etsa, rozi bo‘laman.

— Sitora Farmonova o‘zini tamoman boshqa ampluada ko‘rishni istayapti chog‘i, talablari o‘zgaribdi?

— Nafaqat aktrisalik faoliyatim, balki xonandalikda ham ijro yo‘nalishimni o‘zgartirib ko‘rmoqchiman. Bir xil obrazlarni istamayapman, fantastika, mistika janrlarida mahoratimni sinab ko‘rsam, deyman.

— Bunday qarorga kelishingiz bekorga emasdir?

— «KVN» o‘yinlarida ishtirok etib, ko‘plab insonlar bilan tanishdim. Turfa xil taqdirlarni uchratdim. Ijodiy fikr almashinuvi sodir bo‘ldi. Bugun o‘zimga nisbatan qo‘yayotgan talablarimning boisi shudir ehtimol. Tashqi ko‘rinishim ham bugun avvalgidek emas. Yo‘q, men plastik jarrohlikka murojaat qilmadim. Vaholanki, «Sitora ko‘z qovoqlarini oldiribdi, yuzini tortiribdi» deganlar ham bo‘ldi. Meni yaxshi bilgan, tanigan san’atkorlar ham shu savol bilan yuzlanishdi, «Yuzingga nimadir qilgansan, o‘zgarib qolganing bejizga emas», deya. Hamma gap avvaldan foydalanib kelayotgan parvarishlash vositalarini yangilaganimda. Ya’niki o‘zimga e’tiborim ortdi, go‘zallik muolajalarining yangicha usullarini sinab ko‘ryapman, bor-yo‘g‘i shu. O‘zgaraman degandim, maqsadim amalga oshyapti, chog‘i. O‘zim uchun yana bir narsani anglab yetdim, men yaratayotgan obrazlar ichki xissiyotlarimga bog‘liq ekan. O‘zimga nisbatan talablarim ortdi, qaysidir ma’noda ichki olamim qayta tarbiyalandi. Qarshingizda turgan Sitora bundan ikki-uch yil avvalgisidek emas va bu yaxshilikka!

— Kinoga tasodifan kelib qolgan deyishadi sizni?..

— Chindanam shunday bo‘lgan. Ilk bora Said Muxtorov suratga olgan klipda suratga tushganman. S’yomkadan so‘ng «O‘zbekfilm» da «To‘da» filmi uchun o‘tkazilayotgan kastingga taklif qilishgan. Dizayner bo‘lish orzusidagi qiz uchun rolga «proba» topshirish erish tuyulgandi. Lekin kastingga borganman, ehtimol taqdirning o‘zi yetaklagandir meni. Ayrim sabablarga ko‘ra «To‘da» kartinasining tashkiliy ishlari to‘xtatilib turilgan. Ammo «O‘zbekfilm»dan quruq chiqib ketmaganman, o‘sha paytlari «Ayol zoti» serialiga kasting o‘tkazilayotgandi, rejissyorlardan biri meni ham «proba»ga chaqirgan. Sira yodimdan chiqmaydi, serialning o‘n oltinchi qismida O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabovning kotibasi rolini ijro etganman. Uch-to‘rt soniyali roldan so‘ng keyingisi «Sarvinoz» filmi bo‘ldi. Uchinchi kartinam bu «Xavfli burilish», unda men bosh rolni o‘ynadim. Shundan so‘ng xorijiy rejissyorlardan birining filmida ishtirok etdim va bu kinoasar Kann xalqaro kino festivalida namoyish etildi. Festivalda Jim Kerrining prodyusseri men suratga tushgan filmni tomosha qilib, elektron manzilimni topgan va menga xat yo‘llagan. Afsuski, ingliz tilini u qadar mukammal bilmas edim, maktabda o‘rganganim, xolos.

— Aytmoqchisizki, Gollivudlik prodyusserning taklifi rad qilindi?..

— Bu voqeaga 4–5 yillar bo‘lib qoldi, chamamda. Harakat qilsam, o‘sha paytlarda ingliz tilini o‘rganib, Gollivudlik prodyusserning taklifiga ko‘nardim. Ammo…To‘g‘ri, agar Gollivudga chiqsam, aktrisa sifatida yuqori cho‘qqiga ko‘tarilaman, mablag‘ tomonlama ham anchayin o‘zimni o‘nglab olishim mumkin edi, biroq o‘zbek mintalitetiga zid kelgan rollar ijrosi uchun xalqim meni kechirarmidi, shu meni ushlab qoldi. Dunyoga chiqish yoxud millat obro‘si o‘rtasida tanlov yuzaga kelganida men ikkinchisini tanladim va bundan sira afsuslanmayman! Bollivud, Gollivudni orzu qilmaydigan aktrisa yo‘q aslida, ehtimol biror tarixiy asar yoki psixologik drama janridagi film bo‘lsa, ishtirok etishim mumkin bo‘lar. Ammo qaysi rejissyor bo‘lishidan qat’i nazar talabim bitta: ochiq sahnalarda ishtirok etmayman! Toki jahonga mashhur kino rejissyorlar o‘zbek qizlarining sharm-hayosi har narsadan ustunligini bilib qo‘yishsin.

— So‘zlaringizni tinglab turib, «Sitorani kinoga chaqirmay qo‘yishdi» degan gaplar mish-mishmidi, deb o‘ylab qoldim.

— Bir yilda 3–4 ta kartinada ishtirok etsam, kifoya. Hadeb ekranlarda ko‘rinaversam, «Yana shu aktrisami» deyishmaydimi? Men odamlarning me’dasiga tegib qolishdan qo‘rqaman. «KVN»da qatnashdim, videoroliklarda chiqib turibman, qolaversa, Rossiya telekanallaridan ham takliflar bo‘layapti. Hammasiga rozi bo‘laversam, hozir ishlab qolarman. 3–4 yildan keyin-chi, hamma mendan zerikadi-ku. Hech kim yo‘qlamay qo‘yganidan yomoni yo‘q ijodkor uchun. Taqiqda bo‘lgan davrim buni yanada yaxshiroq anglab yetdim. Garchand aktrisa sifatida to‘xtab qolmagan bo‘lsam-da, erkin ijod qilolmayotganimdan depressiyaga tushib qoldim. Vaholanki, kunora ekranlarda ko‘rinavermayman, tadbirlaru tele-radioloyihalarga ham chaqirishsa boraman, bo‘lmasa yo‘q, biroq qaysidir ma’noda ijodim chegaralangani juda qattiq ta’sir qildi.

— Yarangizni tirnash niyatim yo‘q, shunday bo‘lsa-da, o‘tgan ikki yil mobaynida atrofingizdagilarning munosabati qanday bo‘ldi?

— ... o‘zim uchun ko‘p narsalarni bildim, o‘sha paytlari qarindoshlarim orasida ham yuzimga kulib turib, «Sizni «zapret»ga tushirishibdimi» deganlari bo‘ldi. Hol-ahvolingizni so‘rab, «Shunday bo‘libdi» degan qayda-yu, kulib turib «o‘yib» olish qayda. Yuragimga og‘ir botgan damlar ko‘p bo‘ldi. «Bu sinov, o‘tib ketadi, men o‘tib ketaman» derdim o‘zimga-o‘zim. Menda unaqasi bo‘lmaydi, taqdirimdan norozi bo‘lib, «Yetar bas, qiynalib ketdim, nega men», demayman. Har nimaki sodir bo‘lsa, hikmati borligiga ishonaman. To‘g‘ri, oxirgi voqealardan so‘ng ko‘p do‘stlarimni yo‘qotdim, ammo buni o‘zim istaganim yo‘q. Vaziyat shunga olib keldi. Kim men uchun quvonadi, kim esa aksincha, o‘zim uchun xulosa qiloldim. Hozir sizga gapirib beryapman-u, lekin ko‘chaga chiqishga ham bezillab qolgandim. Biror kim tanib qolsa, «Nega bunday bo‘ldi», deya so‘rayverardi. Qolaversa, ijtimoiy saytlardan birining nohaq ayblovi ham nomimni bulg‘adi: «Sitora Farmonova «KVN» o‘yinlarida o‘zbek millatining ustidan kuldi! Shuning uchun lisenziyasini olib qo‘yishdi», deya. Agar men shunday ish qilganimda, bu allaqachon ijtimoiy tarmoqlarga tarqab ketgan bo‘lmasmidi? Buning ustiga, nega men o‘z millatimni kulguga olaman, bu menga nima uchun kerak? O‘sha saytni deya qancha haqorat eshitdim, hatto po‘pisa qilganlar meni tuzini yeb tuzlug‘iga tupurganlikda ayblaganlar ham bo‘ldi. To‘g‘risi, ko‘chaga chiqishga ham qo‘rqib qolgandim, axir hammaga birma-bir tushuntirib chiqmaysiz-u bari yolg‘on, tuhmat deb. Nomimni oqlayman, nohaq gap qilishganini isbotlayman deb Rossiyaning «Birinchi kanali» rahbariyatidan «KVN»dagi har bir sahna chiqishining montaj qilinmagan va tayyor nusxalarini yozdirib oldim. Ijtimoiy saytga joylangan videotasmalarni yig‘dim, maqsadim o‘sha saytni sudga berish edi. Negaki «O‘zbekkonsert» uyushmasining taqiqqa tushirishi meni «KVN»da ishtirok etishim bilan bog‘liq emasdi. Ammo prodyusserim meni sudlashishdan qaytardi. «Yana gap qilishadi, sudma-sud yuribdi. Sizga shov-shuv kerakmi», deya.

— Sizga tuhmat qilganlarni kechirdingizmi?

— Yo‘q, kechirmayman! Har narsaning javobi bor, shunchaki ularning nog‘orasiga o‘ynaganim yo‘q. Kutdim va nomim oqlanishiga ishondim. Shukr, bugun yuzim yorug‘!

— O‘tgan ishlarni eslamaylik, «Aziya MIX»dagi ishtirokingiz haqida suhbatlashsak. Bilishimcha, sahna liboslarini o‘zingiz tikasiz?

— Xuddi shunday. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, jamoamizda faqat men uzun ko‘ylakda chiqaman. Sahnadan tashqarida zamonaviy kiyinishim mumkin, ammo o‘yin vaqti sira ham ochiq-sochiq yoki kalta libos kiymayman. Chunki terma jamoamizni butun dunyo ko‘radi va kim qaysi davlat vakili ekanligini yaxshi bilishadi. Bellashuv tashkilotchilari meni ko‘p gapirtirishmaydi, kulguli sahnalarda ham kam ko‘rinaman. «Sharqona tarbiyasi, ibo-hayo timsoli bo‘lsin u», deyishgan.

— «Jamoamiz oliy ligada g‘olib bo‘lsa, turmushga chiqaman», degandingiz. Xo‘sh?

— Shaxsiy hayotim to‘g‘risida hech qachon ochiq-oydin gapirmaganman. Lekin so‘rayverishardi, «To‘y qachon, sevganingiz bormi?» deya. O‘yin oldidan Rossiya ijtimoiy saytlariga bergan intervyumda shunchaki yaxshi niyat qilib aytgandim, «Jamoamiz oliy ligada g‘olib chiqsa, albatta, turmushga chiqaman», deb. Buni qarangki, oradan ikki oy o‘tib, g‘olib bo‘ldik. Ana endi telefon qo‘ng‘iroqlari tinmasa deng, «Nima deganingiz yodingizdami, kuyovbola kim, to‘y qaysi sanada?» Nasib qilsa, ehtimol shu yili shaxsiy hayotimda o‘zgarish bo‘lar.

— Barcha istaklaringiz ro‘yobga chiqishiga tilakdoshmiz. Siz uchun xursandmiz, omadingizni bersin.

— Minnatdorman!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 8126 | Рейтинг: 0| Рейтинг: ZAPRET, Sitora Farmonova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 03:09
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное