Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » KINO YANGILIKLARI

Uzbek va boshqa Serialarni efirdan olib tashlang!


2017 yilda “ZOʻR” telekanalida namoyish etilgan “Sevgi iztirobi” turk seriali tomoshabinlar tomonidan tanqidiy mulohazalarga uchragach, 2018 yilning fevral oyida efirdan olib tashlandi. Joriy yil iyun oyi o'rtalarida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov aholidan telekanallarda namoyish etilayotgan turk seriallariga nisbatan e'tirozlar 5 karra ko'paygani haqidagi fikrlarini bildirgan edi.

Ana shunday e'tirozlardan so'ng yurtimizdagi eng yuqori reytinglarda turadigan xususiy telekanallarda turk seriallari o'rniga o'zbek milliy seriallari namoyish etila boshlandi.

Erkaklari ayolsotar, ayollari yengiltak

Masalan, “Sevimli”da “Bokira”, “Milliy”da “Ojiza”, ”Tuhmat girdobi”, “Zoʻr” telekanalida “Begunoh”, “Mening yurtim”da “Iztirob” hamda “Jurnalist” kabi milliy seriallar namoyishi o'rin egalladi. Tabiiyki, ushbu seriallarni xalqimiz qiziqish bilan tomosha qila boshladi. Ammo ko'p o'tmay ijtimoiy tarmoqlardan o'zbek milliy seriallarining juda ham sayoz ishlangani haqidagi odamlarning qattiq tanqid va e'tirozlariga sabab bo'lgan bahs-munozarali maqolalar o'rin oldi. Misol tariqasida “Oʻzbek teatrlari” telegramm guruhida yurtdoshlarimizdan biri shunday fikr bildirgan.

…“Jurnalist” seriali efirdan olinishini talab qilaman. Aslida internetda birorta tuzuk posteri yo'qligi uchunoq taqiqlasa bo'lardi-yu, jiddiyroq sabablar chiqib qoldi.

Bu serialni ko'rsang, jurnalistika olamida birorta to'g'ri odam yo'q deb o'ylaysan. Eng yaxshi qahramon – ikki marta erga tekkan. Erkaklar yo mafiya, yo ayolsotar, ayollari yo yengiltak, yo fitnachi. Hammayoq er talashish, mansab talashish, banditizm bo'lib yotibdi. Bir seriyasida ketma-ket uch kishini o'ynashlari “jonim, tezroq keling” deb chaqirdi-ya!

Bu serial xalqimizning ma'naviy qiyofasiga zarar keltirish bilan birga, jurnalistlarning hayotini og'irlashtirmoqda. Jurnalistlarning turmush o'rtoqlari: “E-he, ishxonalaring bu ahvol bo'lib yotibdimi hali?” deb bosim o'tkazmoqda. Erkak jurnalistlar uxlashga qo'rqib qolgan – telefoni tintuv qilinadi, aytishlaricha, xotinlari hatto josus yollashgacha bormoqda. Nega menga unday qarayapsizlar? Men o'zimni nazarda tutmayapman, menda hammasi yaxshi!…

Mualliflar yozuvchilar emas, “kimlar”dir…

“Facebook” tarmog'idan olingan mulohazalar:

Barno Sultonova: – Ertalab TVda kino beryapti. Bir parchasiga ko'zim tushib qoldi.

To'yi bo'lmoqchi bo'lgan, hatto uzuk taqilgan qiz yigiti bilan tortishib qoldi.

Qiz “Maraz, it”, – dedi yigitga. Yigit undan kechib ketishini kutgandim. Ammo itligi rost ekan o'sha qizning orqasidan qolmadi. Kinoning qolganini ko'rmadim. Bizning ham o'rtamizda janjallar, bahslar, tortishuvlar bo'lib turadi. Lekin 25 yillik turmush davomida biror marta bir-birimizning shaxsiyatimizga, nafsoniyatimizga, sha'nimizga tegadigan haqorat gaplar ishlatmadik. Na men, na u kishi o'rtadagi pardani ko'tarish uchun birinchi qadamni tashlashga jur'at qilolmadik.

Xulosam shu bo'ldiki: Kino yaratuvchilar – ssenarist, rejissyor, aktyorlar uchun hali turmushga chiqmagan qizning yigitiga “maraz, it“ deyishini kinoga olib chiqyaptimi demak ular uchun oilada, opa-singil, aka-uka, er-xotin bir-biriga maraz, it deyishi tabiiy hol. Har holda mening olamimda bunday kadrbop syujetlar yo'qligi uchun shunday xulosaga keldim.

Gulchehra Mansurova: – Bizlarning kinolarimiz faqat xalqimizni yerga urish bilan band. Undan ko'ra ma'daniyatni o'rgatadigan kinolar ishlashganda yoshlarimizga saboq bo'larmidi?…

Laylo O'zbekxon: – Hozir ssenariy mualliflari, yozuvchilar emas, “kimlardir”. Film mohiyatini shundan anglab olavering.

Oyjamol Sulaymonova: – Ba'zi bir odamlar hozir kino olish uchun juda ko'p mablag' sarf qilinadi, deyishlari mumkin. Axir “Suyunchi”, “Mahallada duv-duv gap”, “Kelinlar qo'zg'aloni” dek filmlarni suratga olish uchun mablag' emas iqtidorli san'atkor zarur bo'lgan-ku. Demak, hamma gap rejissyorlarda.

“Bokira”, “Ojiza”, “Iztirob”… ko'rish shart emas!

…“Bokira”, “Ojiza”, “Iztirob”…Bu filmlar faqatgina odamlarning vaqtini o'g'irlaydi. Bularni nima demoqchi ekanini filmning nomidan bilib olsa ham bo'ladi, ko'rish shart emas. Boisi shuki, yuqorida nomlari aytib o'tilgan filmlar ota-onalar farzandlari bilan bir dasturxon atrofida ovqatlanib o'tiradigan vaqtda ya'ni, kechki soat 19 dan boshlanadi. Ammo ularning birortasini milliy serial deb bo'lmaydi. Ularda ilgari surilgan g'oyalar asosan sevgi va xiyonat, giyohvandlik, pichoqbozlik, yig'i-sig'i.Seriallar ssenariysini bitta odam yozgandek, barchasini g'oyasi bir-biriga o'xshash. Masalan, bittasida xiyonatga uchragan ayol uyida yig'lab nola qilsa, ikkinchisida ko'chada yig'layotgan bo'ladi. Hammasidan ham odamni jig'ibiyron qiladigan tomoni, ushbu seriallarda ikki nafar yigit, uchinchi bir yigitni orqasidan borib, unga pichoq tiraydi. Bu voqealar kuppa-kunduz kuni poytaxtimizning odamlar gavjum ko'chalarida sodir bo'ladi. Qachondan buyon yigitlarimiz hammaning yonida bir-birini pichoqlaydigan bo'ldi? Bunisini ham qo'yib turing, ushbu filmlardagi yana bir lavhada ikkita giyohvand yigitchalar bitgan imorat ichida giyohvand modda iste'mol qilayotgan vaqtda qora mashinada bir yigit kelib, o'sha uyga benzin sepib yoqib yuboradi. Eshik-derazasi yo'q, tomi bitmagan uydan ikki nafar barzangiday yigitlar go'yoki qochib chiqolmay, halok bo'lishadi…

Bemor ayol makiyajda

Aslida maqolani ta'sir kuchini oshirish, tahlilni yanayam ochib berish uchun rejissyorlardan ham fikr so'rash joiz edi. Ammo buni istamadim. Boisi “Nega yaxshi filmlar ishlanmaydi”, degan savolga rejissyorlar: “Bizda yaxshi ssenariyning o'zi yo'q”, degan fikrni aytishadi. Shu sabab o'zlari yo'l-yo'lakay xayoliga kelgan fikrlarni kinoga aylantirishadi. Shuning uchun filmlarning aksariyati bir xil. Ona obrazini yaratgan ayol bilan farzandining yoshi teng. Ona xiyonat tufayli kasal bo'lib to'shakka mixlanib yotadi, tomoshabin uning yuzidan aziyat chekkan ayol qiyofasini izlaydi. Ammo to'shakda yotgan bemor ayolning yuz-ko'zlari xuddi to'yga ketayotgandek makiyaj qilingan, egnida chiroyli libos va bularning barchasi yolg'on kino ekanini sezib turasiz.

Mana sizga ssenariy

Aslida ssenariy yozish uchun hayotni o'rganish qiyin emas. Bizda yaxshi ssenariy yo'q, deya bahona qiluvchi kino yaratuvchilarga barchamiz kuzatgan va kino yaratishga aynan loyiq voqealarni eslatib o'tmoqchiman. Denovlik qiz o'z farzandini hojatxonada tug'ib, o'sha yerga tashlab ketdi. Bu voqeadan ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchi barcha muxlislar, hatto Xotin-qizlar qo'mitasi ham xabardor. Shofirkonlik Shukrona ismli qizaloq o'z otasi va o'gay onasining zo'ravonliklari sabab maktab internetiga topshirildi. Kaltak zarbidan butun a'zoi badani ko'karganini ko'rgan qo'shnilari, mahalla-ko'y qizchaga yordam berish o'rniga uning otasining sha'nini o'ylashdi. Bu otaning o'z farzandini xo'rlashga sabab bo'lgan oqibatlar o'rganilib, kino ishlashga arzimaydimi? Yoki klinik o'lim holatida shifoxonaga olib kelingan 2 yoshli bolakay Umarjon Nurillayevni 41 yoshli shifokor Sergey Vladimirovich Tobias qutqarib qoldi. Mazkur jarayonda qahramonlik ko'rsatgan Sergey Vladimirovich Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan“Sog'liqni saqlash a'lochisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Surxondaryoning Qiziriq tumanida yashovchi Gulnoza ismli ayol 3 yashar qizining yurak porogini operatsiya qildirish niyatida poytaxtdagi shifoxonaga olib keladi. Noto'g'ri operatsiya tufayli bolasini nogiron va chalajon ahvolda uyiga qaytarib olib ketishga majbur bo'ladi. O'lganning ustiga tepgan deganlaridek, farzandining hayoti qil ustida turgan ayolga turmush o'rtog'i ajralishni taklif qiladi. Turkiyada yashab umri fojiali o'lim bilan yakun topgan Nodira Qodirovaning o'limi sabablarini o'rganish kino ishlashga arzimaydimi? Yaqinda Rossiyada bo'lib o'tgan boks bo'yicha jahon chempionatining o'ta og'ir vazn bo'yicha chempioni hamda chempionatning eng yaxshi sportchisi deb topilgan Bahodir Jalolovning bosib o'tgan izlari haqida film ko'rishni juda-juda istagan bo'lardik. Ana o'shanda kino orqali muammolarga yechim topish mumkinligiga ishonamiz.

Nigora RAHMONOVA,
“Oila va jamiyat” muxbiri.



Manba:UzA.uz
Категория: KINO YANGILIKLARI
Просмотров: 6873 | Рейтинг: 1| Рейтинг: Sevgi Iztirobi, tv, ZAPRET, jurnalist, seriallar
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 05:29
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное