Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » MAHALLIY HABARLAR (UZB)

Toshkent—Andijon”Qamchiq dovoni hududida yuk poyezdi sostavi relsdan chiqib ketganmidi ?
 

“Toshkent—Andijon—Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha poyezdlar qatnovi 23-yanvardan to‘xtab qoldi. Shu kundan e’tiboran ijtimoiy tarmoqlarda qor bosgan tog‘li hududdagi ag‘darilgan yuk vagonlari, sisternalarning suratlari aylanmoqda. Bu suratlar foydalanuvchilar tomonidan faol muhokama qilinmoqda, ayni vaqtda, asosli yoki asossizligi noma’lum bo‘lgan turli mish-mishlarga sabab bo‘lmoqda. Rasmiy manbalar (“O‘zbekiston temir yo‘llari”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqalar) hozircha bu mish-mishlarni na tag-tomiri bilan rad etyapti, na tasdiqlayapti.
 
“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi “tarqatilayotgan turli xil asossiz xabarlarga e’tibor qaratmaslikni so‘rab”, 23-yanvar kuni texnik-profilaktik ishlarni o‘tkazish sabablariga ko‘ra, “Toshkent—Andijon—Toshkent” yo‘nalishida qatnovchi yo‘lovchi poyezdlarning qatnovi vaqtincha to‘xtatilganini e’lon qildi. Kompaniyaning qisqa axborotida texnik-profilaktik ishlar qancha davom etishi, bu ishlar nima munosabati bilan o‘tkazilayotgani haqida ma’lumot berilmagan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” keyingi kunlar davomida ham “jarayon bo‘yicha asossiz xabarlarga e’tibor qaratmaslik” imkonini beradigan axborot tarqatmadi.
 
“Toshkent—Andijon—Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha poyezdlar qatnovi qayta tiklanganicha yo‘q. Toshkent vokzali ma’lumotxonasidan olingan axborotga ko‘ra, “hozircha Andijonga qatnovlar amalga oshirilmayapti”. Qatnovlar qachondan qayta yo‘lga qo‘yilishi haqidagi savolga ma’lumotxona operatori shunday javob berdi: “Kelasi haftalarda xabar olib ko‘ring”. Yo‘nalish bo‘yicha qatnovlar qachon tiklanishi borasida temiryo‘l kompaniyasi axborot xizmati mas’ullari bilan bog‘lanishga urinish besamar yakunlandi.
 
Ommabop ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning O‘zbekiston segmentida 23-yanvardan beri qor bosgan tog‘li hududda ag‘darilgan yuk vagonlari, sisternalarning ko‘plab suratlari aylanmoqda. Foydalanuvchilarning yozishicha, bu suratlar “Toshkent — Andijon” temiryo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan qismida olingan bo‘lib, unda 23-yanvar kuni yuz bergan temiryo‘l falokati oqibatlari aks etgan. Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur baxtsiz hodisa yer ko‘chkisi oqibatida yuz bergan.
Rossiya axborot agentligi 26-yanvar kuni O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV)ga asoslanib, Qamchiq dovoni hududida yuk poyezdi sostavi relsdan chiqib ketgani haqida xabar berdi. FVVning ismi ko‘rsatilmagan vakiliga asoslangan “RIA Novosti”ning ma’lum qilishicha, Farg‘ona vodiysida 23-yanvar kuni yuz bergan zilzila oqibatida Qamchiq dovoni hududida ko‘chki yuz bergan va yuk poyezdi uning ostida qolgan, vagonlarning bir qismi ag‘darilib ketgan. “Favqulodda holat natijasida qurbon bo‘lganlar yo‘q”, — deydi agentlik suhbatdoshi. Ayni vaqtda, agentlik manbasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” va FVV brigadalari tomonidan zararlangan temiryo‘l bo‘lagi qayta tiklanayotganini aytib o‘tgan.
 
“Bizda bu haqda hech qanday rasmiy axborot yo‘q”, — dedi “Daryo”ning tezkor murojaatiga javoban O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati bosh mutaxassisi Bekzod Samandarov. Vazirlik matbuot xizmati vakili ijtimoiy tarmoqlar va bir qator mahalliy saytlarda e’lon qilingan suratlar, shuningdek, vazirlik vakili nomidan “RIA Novosti”da e’lon qilingan axborotdan xabardor ekani, biroq hozirda vazirlik matbuot xizmatida Qamchiqda yuz bergani taxmin qilinayotgan hodisa bo‘yicha e’lon qilish mumkin bo‘lgan hech qanday rasmiy axborot yo‘qligini qayd etdi. “Bu borada rasmiy axborot bo‘lishi bilan saytimizda e’lon qilamiz. Saytimizni kuzatib boring”, — deya qo‘shimcha qildi FVV matbuot xizmati vakili.
 
Mazkur maqola tayyorlanayotgan vaqtda FVV saytida e’lon qilingan eng so‘nggi material Farg‘ona vodiysida 23-yanvar kuni kuzatilgan yerosti silkinishlari haqidagi xabarnoma edi. Epitsentri Qirg‘izistonda bo‘lgan zilzila Toshkent vaqti bilan 06:52 da qayd etilgan, uning seysmik faolligi Farg‘ona shahrida 4 ball, Andijon shahrida 3 ball, Namangan shahrida 3 ball, Toshkent shahrida 1 ballni tashkil etgan. “Zilzila oqibatida jabrlanish va talofatlar kuzatilmadi”, — deyiladi FVV matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarnomada.
 
“Angren — Pop” elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasi orqali “Toshkent — Andijon” yo‘nalishidagi birinchi yo‘lovchi poyezdi 2016-yil 27-avgust kuni harakatlangan, muntazam qatnovlar 5-sentabrdan boshlangan edi. Qamchiq dovoni hududida qurilgan temiryo‘l liniyasi orqali yuk poyezdlarining o‘tishi esa 2016-yil 11-iyulda boshlangan. Qamchiq dovonidan o‘tgan temiryo‘l tunneli bo‘ylab harakatga esa 2016-yilning 22-iyun kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Xitoy rahbari Si Szinpin bilan birgalikda start bergan edi.


Manba:daryo.uz
Категория: MAHALLIY HABARLAR (UZB)
Просмотров: 4418 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Fvv, Poyezd
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 02:07
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное