Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SEVGI DUNYOSI

Yuragimda saqlaganlarim: Internetdagi Yolg‘onchi oshiq

Tahririyatga qo‘ng‘iroq qilgan o‘ttiz yoshlardagi erkak “Bu voqea boshqalarga, ayniqsa, xiyonat ko‘chasiga kirib qolgan, bugun ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on panasiga bekinib, aldov ichra yashayotganlarga dars bo‘lar”, deya o‘z hikoyasini so‘zlab berdi. 
— O‘sha kun hayotimdagi eng baxtli kun edi aslida! Dunyolarga sig‘masdim. Ayolim meni yo‘qlayotganini eshitib, uch zinadan bir sakrab, yuqoriga ko‘tarildim. Avvaliga qo‘rquv, hadik bor edi ko‘nglimda. Ich-ichimdan toshib kelayotgan hayajonni sira bosolmasdim. Ikkinchi qavatga chiqishim bilan hamshira qiz imladi: 
Botirovaning turmush o‘rtog‘i sizmi? Yuring. 
“Xo‘p” deya unga ergashdim. To‘g‘risi, nimalar bo‘layotganini tahlil qilishga qodir emasdim shu dam. Xotinim to‘lg‘oq azobida qiynala-qiynala meni so‘rabdi. Kirishim bilan iltijoli boqdi. 
— Keling, qo‘limdan tutib turing, iltimos, — dedi zo‘rg‘a pichirlab. Uning qo‘llaridan mahkam ushladim. Besh daqiqilardan keyin ko‘zi yoridi. Ayolimning ikki olam o‘rtasida turib, bolamizni dunyoga keltirgani hamon ko‘z o‘ngimda. Doya ayol “o‘g‘il muborak” deya qutlar, Zebo jilmayib yig‘lar, men esa karaxt edim. Bir tomondan rafiqamning joni qiynalganini ko‘rib, uning qanchalik kuchliligi oldida lol qolgan bo‘lsam, bir tarafdan otalik quvonchi yuragimni taka-puka qilardi. Zeboning peshanasidan o‘pib, unga rahmat aydim. Bir zumda bolamni qo‘limga tutqazishdi. Mening zurriyodim, mening o‘g‘lim! Shu onlardagi his qilgan tuyg‘ularimdan osmonlarda uchib yurardim go‘yo. Ammo... shu dam... hamshira qiz yuzidagi niqobini oldi-yu, kimdir boshimga gurzi bilan urgandek bo‘ldi...
***
Keling, hammasini ro‘yi-rost boshidan aytib bera qolay. Malika bilan ijtimoiy tarmoqlarning birida tanishib qolganmiz. O‘zi elektron pochtadan foydalanaman, xolos. Hamkorlarimga takliflar, hujjatlar jo‘natish uchun onda-sonda bir kirardim. 
O‘sha kuni ham chet el firmasi bilan shartnoma qilayotganimiz bois ularning javobini kutib o‘tirgandim.  Qarasam, bir qizdan do‘stlik taklifi keldi. Rasmi ham bor ekan, chiroylikkina. Qabul qildim. Salomlashdik. Birdan u “tanimadingizmi?” deya so‘rab qoldi. Hayron qoldim. Avvaliga tanidim deya aldadim, keyin bilsam, u ism-familiyamiz bir xil bo‘lgan sinfdosh yigiti deb o‘ylagan ekan meni. 
Rasmimni qo‘ymaganim sababli kimligimni bilolmagan-da. Keyin uzr so‘radi, va meni do‘stlar ro‘yxatidan o‘chirib tashladi. Qiziqishim ustun keldimi, yo ish vaqtim tugagan, hamkorlarimiz xatini kutib o‘tirganimdan zerikib unga yoza boshladim. Yo‘q, u men o‘ylagandek qiz emas ekan.  Og‘irgina, o‘n savol bersangiz, zo‘rg‘a bir javob qaytaradigan, kamgap…
Xullas, biz tanishib qoldik. Albatta men uni aldadim. Oilaviy sharoitimni yashirdim. Shu bilan u bilan kunora gaplashib turadigan bo‘ldik. Soatlab Malikaning agenti “onlayn” bo‘lishini kutib o‘tirardim. Ertalab ishga kelishim bilan pochtamga kirardim, biror nima yozib qoldirganmi, yo‘qmi deb qiziqardim. Uch oylik muloqotimizdan keyin biz uchrashdik. U ko‘rishganimizda yanayam kamgap, uyatchan edi. Ba’zida o‘zini menga beparvodek tutardi-yu, ammo ko‘zlari tuyg‘ularini yashira olmasdi. 
Men unga shunchaki bir qiziqish deb qaraganman, axir oilaliman. Rafiqam juda yaxshi ayol. Oxirgi paytlarda ketma-ket homilasidan ayrilib, muolajalar  bilan bo‘lib, menga biroz e’tiborsizroq, tushkunroq kayfiyatsha tushib qolgandi. Men esa internetdagi “sevgi”m bilan ovoraman. 
To‘g‘ri, avvaliga Malika bo‘lgan hislarim o‘tkinchi, ovunchoqdek tuyulardi menga. Bora-bora unga bog‘lanib qoldim. U ham meni o‘ziga yaqin oladigan, dardlashadigan, hayotidagi voqealarni aytib beradigan bo‘ldi. Uning yozishmalarisiz kunimni tasavvur qila olmasdim. Bir kuni bu munosabatlar tugashini bilardim, ammo Malika hammasini jiddiy deb o‘ylarkan. Sovchilar eshigini qoqib tindirmasligini, onasi uzatishga shoshayotganini aytganida, qanday qilib unga “Sizni hech kimga berib qo‘ymayman”, deya yozib yuborganimni bilmay qoldim. Shunday qilib uning ko‘nglida umid uyg‘otganim rost.
Ikki yil ana shunday yozishib, goho ko‘rishib turdik. U kelajagimiz haqida rejalar tuzar, hatto “o‘g‘il-qiz”larimizga ismlar ham topib qo‘ygandi. Hali ishimni, “hali uylanmagan akam borligini” bahona qilib yurdim. Malika esa jim kutardi meni. Umid va ishonch bilan. Onasiga ko‘ngil qo‘ygani borligini aytib, og‘iz solgan yigitlarni rad etardi. Ana shunday orzular og‘ushida yurgan kunlarida mening uch yildan buyon intiq kutayotganim — ilk murodim tug‘ildi...
***
O‘sha kuni Malika xonadan shitob bilan chiqib ketdi. Men esa joyimda toshdek qotib qoldim. Birinchi marta ayolim oldida o‘zimni aybdor his qildim. Ikki yil davomida unga xiyonat qilib yurganimni, bir guldek qizni aldab, qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirganimni his qildim. O‘zimdan nafratlanib ketdim, to‘g‘risi. Axir bu ikki ayol ham begunoh! Biri menga pahlavondek o‘g‘il tug‘ib berdi, o‘z jonini garovga qo‘yib. Biri esa tuyg‘ularini, yuragini, baxtini ishondi. Ikkisini-da pastkashlarcha aldadim.
Malikaning izidan borib, kechirim so‘rashga jur’atim yetmadi. Uch kun davomida shifoxonaga zo‘rg‘a borib keldim. Malikaga duch kelib qolishdan juda qo‘rqdim. Bir haftalardan so‘ng pochtamga undan xat keldi: 
“Uzr, men oilangiz borligini bilmagan ekanman... Sizga do‘stlik jo‘natganim uchun o‘zimni kechira olmasam kerak hech qachon! Oilali erkakning boshini aylantirib olgan behayo qizman! Buni tan olish qanchalik og‘irligini siz bilmaysiz? Ayolingiz, o‘g‘lingizni ko‘rib, taqdir vaqtida bizni bu xato yo‘lda yurishdan to‘xtatganiga shukr qilayapman. Agar bilmaganimda... bilmadim... to‘g‘risi qo‘rqaman... Bir go‘dakning uvoliga, farishtadek ayolning ko‘z yoshlariga sababchi bo‘lishdan... Oilangiz bilan tinch bo‘ling!”
Tamom. U menga ta’na qilmadi, nega aldaganimga izoh ham so‘ramadi. Balki urishib bersa, meni ayblasa, vijdonim biroz tinchlangan bo‘larmidi? Malikadan kechirim so‘rash uchun tug‘ruqxonaga bordim. Yo‘q, o‘sha voqeadan uch kun o‘tib, o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shabdi. Hamshira qizlardan biri hamkasbiga gapirib qoldi: “Nima bo‘ldi, Malikaga tushunmay qoldim. “Yaqinda holvamni yeysizlar”, deb xursand yurgandi. Birdan kayfiyati o‘zgarib qoldi, ishdan ham bo‘shadi-ketdi. Bosh shifokor “Yolg‘iz onasi bilan yashaydi, qiynalgan qiz edi. Endi qaerdan ish toparkan?”, deya gapirib qoldi kecha”, derdi. Bu gaplar yuragimni timdaladi.  
Bugun yuragimdagilarni gazeta orqali to‘kib solishimdan maqsad, avvalo, Malikadan kechirim so‘rash. O‘g‘limni bag‘riga bosib meni har kuni yuzda tabassum bilan kutib oladigan, bor gapdan bexabar ayolim oldida xatomni tan olish. Yana men kabi boshqalar birovning tuyg‘ularini o‘yin qilmasligini ta’kidlash. Ijtimoiy tarmoqmi, yoki hayotdami, hech kimni yolg‘on umidlantirmang. Balkim yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolar, xatongizni kechirishar, ammo vijdon azobiga chidash qiyin ekan... 
Shoira VAFOYEVA qog‘ozga tushirdi.



Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: SEVGI DUNYOSI
Просмотров: 13114 | Комментарии: 3 | Рейтинг: 1| Рейтинг:
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 3
zumrad991 xayotda anashunday yaxshi insonlar ham bor...ammo u qizga jabr bo'bti... :'(
Like | 0
Asila1992 Ha balki uqizni ornida bowqasi bolganda hayotiz barbot bobketgan bolarmidi unaqa qizla hozir juda kam
Like | 0
bekorchi bunday tushunadigan qizlar oldida bosh egaman
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 17:21
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное