Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » FOYDALI MASLAXATLAR

Bo`lajak kelinchaklarga 20 maslahat



Bir tanishim o`z kelinlik davri haqida so`zlay ketdi: «turmushga chiqqanimda hech nimani bilmaydigan go`l qiz edim. Qo`limdan kitob tushmay, faqat o`qishni o`ylabman-u, to`ydan keyingi hayotim qanday bo`lishini xayolimga ham keltirmabman. Hozir eslasam, shunchalik ham anoyi bo`ladimi odam deb, o`zimga o`zim hayron qolaman. Yangalarim ham hech nima o`rgatishmagan, tushuntirishmagan. Shuning uchun kelinlik hayotim hech nimani bilmaslik tufayli qo`rquv bilan boshlangan, rosti, anchagina qiynalganman. Shuning uchun turmushga chiqish arafasidagi jiyanlarim, qaynsingillarim, tanish-bilishlarimga albatta «yangi hayot»ning ikir-chikirigacha maslahat beraman, «bilsang, qiynalmaysan», deyman. «Sug`diyona»ni ko`pchilik o`qiydi. Bunday maslahatlarni sizlar beringlar, qizlarimiz «ostonasi tillo uy»lariga qo`rquv bilan emas, baxtdan entikib, shirin orzular bilan kirib borsin, menday qiynalmasin…»

Bugungi sahifani tayyorlashimizga aynan shu gaplar turtki bo`ldi. U orqali bo`lajak kelinlarimizga bilganlarimiz, kattalardan eshitganlarimizni ilindik.

To`ydan oldingi niyat

1. Singlim, to`ydan oldin ham, keyin ham o`ylamay gapiradigan yangalar, katta yoshli ayollarning nikohning birinchi kechasi, homiladorlik va tug`ruq, qaynonalarning «anakonda»ligi, erning sevmay qo`yishi haqidagi vahimali gaplariga quloq solma. «Menda bunday bo`lmaydi! Xudo xohlasa, baxtli yashayman! Qaynonam bilan ona-boladek bo`laman, umr yo`ldoshim uchun bir umrlik sevimli yor bo`lib qolaman!..» deya YaXShI niyat qil. «Qiz bolaning to`ydan oldin qilgan niyatlari amalga oshadi» deb sen ham ko`p eshitgandirsan? Sen baxtli hayotingga ishon va o`ylaganingdek bo`lmay, xafsalang pir bo`lishini o`ylama! Unutma, fikrlar moddiylashadi. Shunday ekan, o`zingga xayolingda ham yomonliklarni «chaqirma», faqat yaxshiliklarni o`yla!

Onalikka tayyorgarlik

2. To`ydan oldingi niyatlaring ichida ONA bo`lish orzung ham aks etsin. Agar talaba bo`lsang, «to`ydan keyin darrov bo`yimda bo`lib qolmasin-da, o`qishimni tugatib olay, keyin tug`aman» deya o`ylama (hayotda shundaylar yo`q emas). Hamma narsa o`z vaqtida bo`lgani yaxshi. Qaysidir tanishing yoki qarindoshing, qo`shning kabi befarzandlikdan qiynalib, do`xtirma-do`xtir yugurib yurmaslik uchun to`ydan oldin albatta tibbiy ko`rikdan o`t, lozim topilsa, bee`tibor qoldirmay, davolan. Yodingda bo`lsin, bu to`ydan keyingi yugur-yugurlardan ko`ra senga har tomonlama ancha «arzonga» tushadi.

Nikoh kechasida…

3. Ilk nikoh kechasida avvalo Yaratgandan nikohning xayrli bo`lishini so`ra. Qolaversa, kelin-kuyovning bu paytda ikki rakaat nafl namozi o`qishida ham hikmat ko`p. Bunda «Allohim, bizni va bizdan tug`ilajak farzandimizni shaytondan yiroq qil» deb duo qilinadi. Yotog`ingdan hamisha yoqimli ifor taralib tursin, choyshablarni tez-tez almashtirib tur, asosiysi, ular hamisha top-toza bo`lsin. Agar ering bilan qaynona-qaynotangdan alohida uyda yashasang, «hech kim yo`q-ku» deya kiyimlaringga e`tibor bermay qo`yma. «Uy issiq» degan bahona bilan eringning yonida ochiq-sochiq kiyimlarda yurma. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, buning natijasida erkakda ayoliga nisbatan hissiy to`yinish yuzaga keladi. Shuningdek, «ko`cha xandon — uy zindon» bo`lmasin. Ko`cha-ko`yga yasan-tusan qilib, chiroyli kiyinib chiqib, uyda bir ahvolda yurma. Ko`pchilik ayollarga o`xshab qancha ko`cha kiyimi bo`lsa ham xarid qilaverib, «uy ichiga kiyishga shuyam bo`laveradi» dema. Axir ertalabdan kechgacha ishda bo`lgan ering seni asosan uyda ko`radi-da! Shuning uchun uy ichiga kiyiladigan liboslaringga ham hamisha e`tiborli bo`l.

«Otangni onangga bepardoz ko`rsatma»

4. Ertalab albatta eringdan oldin uyg`on. Birinchi galda yuvinib, o`zingga oro beri bol. O`zingni eringga bepardoz ko`rsatma. U hech qachon seni sochlaring to`zigan, qovoqlaring shishgan, ko`zlaring uyqusiragan, egningdagi kiyimlaring osilgan, yarashmagan holda ko`rmasin. Yoring uyqudan turganida, o`zingga va uyingga zeb bergan, nonushtalar tayyorlangan, derazalar ochilib, uy havosi yangilangan holda bo`lsin.

Qaynonaning ro`zg`or maktabi

5. Mehnatsevar bo`l. Hamma ishni o`z vaqtida qil. «Bildim dedim — tutildim, bilmadim dedim — qutuldim» deydigan kelinlardan bo`lma. Chaqqonlik bilan ro`zg`or yumushlariga kirish. Shunday bo`lginki, qaynonang «kelinimning oyoq-qo`li chaqqongina ekan, ishlarni men aytmasam ham o`zidan bilib qilib qo`yyapti» deb quvonsin. Mabodo shunday demasa ham chaqqonligingni ko`rib, bu gapni albatta ko`nglidan o`tkazadi. Ba`zi qaynonalar «maqtasam erkalanib ketadi», deyishadi-da! Bilmaganingni qaynonangdan so`rashga uyalma. So`ramasang ham o`rgataverishiga ensangni qotirma, «nuqul ishimdan ayb axtaradi, o`rgataveradi», dema. Har bitta oila — alohida bir davlat, uning o`ziga xos qonun-qoidalari bo`lishi tabiiy. Qaynonang o`rgatmasa, kim o`rgatsin? Sabr va qunt bilan o`rgan va buning uchun ko`nglingda noroziliklarni emas, minnatdorchilik hislarini uyg`ot.

Ona-bola o`rtasiga tushma!

6. Qaynona g`iybatini qiladiganlardan bo`lma. Ering yaxshi-yu, uni dunyoga keltirgan ona yomonmi? Shu ayol bo`lmaganida yoningdagi shunday yorni qaerdan toparding? Hayotda erini qaynonasiga qarshi qayrab, go`yoki o`zi tomonga «og`dirib» olishga urinadigan yollar bor. Sen undaylardan bo`lma. Hech qachon ona-bola o`rtasidagi mehrga da`vogarlik qilma. Eringga onasini mutlaqo yomonlama. Ona-bola o`rtasiga sovuqchilik tushiradigan ayol — oxir-oqibat mag`lub bo`ladigan ayol. Sen esa aksincha bo`l, eringga qaynonangni yaxshi ko`rishingni aytib tur, alohida uyda yashasang, «bugun oyijonimdan xabar oldingizmi?» deya eslatib tur. Shunda ering dunyodagi eng aziz insoni — onasiga bo`lgan mehring, hurmatingni ko`rib, senga muhabbati yana-da oshadi.

«Qaytar dunyo»

7. «Qaytar dunyo» degan naqlni tez-tez yodga olib tur. Kelajakda kelining seni «oyijon»lab, hurmatingni joyiga qo`yib, yaxshi ko`rib qadrlashini istasang, bugun o`zing qaynonangga shunday munosabatda bo`l. Bundan ham qaynonangning rizoligini, duosini olasan, ham yoring sendan minnatdor bo`lib, mehri jo`shadi, ham kelajakda kelini yaxshi ko`radigan qaynona bo`lasan!

Gap tashima!

8. Yangi xonadoning ichidagi gaplarni ota uyingga, u erdagi sirlarni bu uyga tashima. Shunda ko`ngilsizliklar kelib chiqmaydi, qudalarning munosabati chigallashmaydi.

Doka ro`mol ho`l bo`lsa…

9. Turmushda har xil holat bo`ladi. Mabodo turmush o`rtog`ing bilan o`rtangizda gap qochsa, qaynota-qaynonangga o`g`lini yomonlay ko`rma — bu hech bir ota-onaga yoqmaydi. Ota uyingdagilarga-ku, bunday ko`ngilsizliklarni aslo etkaza ko`rma, yangi oila a`zolaringni ularga yomonlama. Vaqti kelib, sen ular bilan yasharib, apoq-chapoq bo`lib ketasan, lekin ota-ona, jigarlaring ularni yoqtirmay qolishlari mumkin.

Nohaq gap eshitsang…

10. Eng katta dushman — til. Shuning uchun sukut saqlashni ham bil. Ering yoki qaynonangning nimadandir jahli chiqdimi, yaxshisi, o`sha paytda sen gapdan qol. Agar ular nohaq koyigan bo`lsa, hovuridan tushib, kayfiyati yaxshi bo`lgan paytda muloyimgina qilib «aslida mana bunday edi» deb tushuntirsang, albatta tushunadi. Shunda janjal bilan uyingdan barakani qirq kunga quvmaysan.

Er bozor-o`char qilib kelganda…

11. Qanoatli bo`l. Ering uyga nimadir ko`tarib kelsa, xursandligingni bildir. Bu erkakni rag`batlantiradi va u uyiga yana va yana narsa olib kelishni xohlayveradi. Mabodo olib kelgan biror buyumi ko`nglingga yoqmasa, buni bildirish shartmas, darrov «bunaqasidanmas, boshqachasidan olib keling degandim» deb tanqid qilishga kirishma. Uni maqta, «boringizga shukr!» de va o`sha paytda emas, kelasi gal olib kelishini tayinlaganingda «o`tgan gal keltirganingiz salgina bunaqa edi, bu safar mana bunaqasidan olib keling», deya shirinso`zlik bilan qanaqasidan olib kelishni tushuntirib qo`yasan. Isrofgarlardan bo`lma. Eringning mol-mulkini tejash, saqlashni bil.

Gigiena

12. O`zingni, uy-joyingni hamisha sarishta tut. Shaxsiy gigiena qoidalariga amal qil. Atrofdagilar seni hech qachon qo`l-oyoqlaringning tirnoqlari o`sgan, sochlaringning yog`i chiqib, kirlangan, egningdagi kiyimlaring kirlangan, hidlangan holda ko`rmasin. Uyingdan ham, o`zingdan ham hamisha yoqimli ifor taralib tursin. Eringning dimog`iga aslo noxush hid urilmasin. Aks holda sendan ko`ngli soviydi.

Tilingga erk berma!

13. Yuzlaridan nur yog`ilib turgan keksa bir ayoldan so`rashgan ekan:

— Bunday ko`rinishga qanday musharraf bo`lgansiz?

Onaxon javob beribdi:

— Lablarimga Haqni, ovozimga zikrni, ko`zlarimga halolni, qo`llarimga ehsonni, oyoqlarimga to`g`rilikni surdim. Qalbimga Alloh sevgisini, aqlimga hikmatni, nafsimga itoatni, hirsimga imonni ravo ko`rdim.

Eshitganlaringdan to`g`ri xulosa chiqarishni bil.

Itoat

14. Yoringga itoatli bo`l. Eringning ruxsatisiz, u izn bermagan joylarga borma. Ering uydan chiqayotganida va ishdan qaytganida yaxshi kayfiyat bilan kuzatib-kutib olishni odat qil. Shariatimizda ham erini rozi qilgan ayolning jannat ahlidan bo`lishi ta`kidlangan.

Erkak yuragiga yo`l…

15. Ovqatni vaqtida tayyorla, ya`ni ovqatlanish vaqtini kechiktirma. Ering ishdan kelishi bilan dasturxon yoz. Unutma, ochlik jahlni qo`zg`aydi. Qolaversa, «erkak oshqozoni bilan sevadi» degan gap ham bejiz aytilmagan.

16. Ba`zi kelinlar faqat qaynonasinin ko`nglini olishga e`tibor qaratib, erini o`zi bilmagan holda ikkinchi darajaga tushirib qo`yadi. Sen esa tarozining ikki pallasini baravar ushla. Yoringga etarlicha mehr ko`rsatginki, u buni ko`chadan izlamasin.

Payg`ambarimiz nasihatlari

Rasululloh (s.a.v.) qizlari Fotimani kelin qilib Hazrati Ali (r.a.)ning uyiga olib borayotib bergan o`gitlari bugungi qizlar uchun ham juda ibratlidir:

17. «Qizim, o`zingni ozoda tut. Robbingni zikr et va vujudingni suv bilan pokla. Ering senga qaraganda ko`ngli yorishsin. Ko`zlaringga Surma qo`y, chunki Surma ayollarga ziynatdir. Boshingga zaytun yog`idan surt, zaytun yog`i surtgan ayolga shaytion yaqinlashmaydi.

18. Ey Fotima! Ering senga qaraganida ko`zlaringni yumma, toki sevging kuchaysin. Ering boshqa tarafga qaragan payt sen uning yuziga boq, bu bilan bir oy ro`za tutganlik savobini olasan.

19. Ey Fotima! Ering seni yotoqqa chaqirganda rad etma. Rad etsang, Allohning la`natiga qolasan. Ey Fotima! yaqinlik payti quvnoq bo`l, toki eringning muhabbati ortsin va boshqaga muhabbat qo`ymasin.

20. Ey Fotima! Eringning kamchiliklarini, aybini birovga aytmas, aytsang, Allohning, Payg`ambarning, farishtalarning va eringning nafratiga duchor bo`lasan…»

Nilufar VAHOBOV



Категория: FOYDALI MASLAXATLAR
Просмотров: 8727 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Kelin, maslahat
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
zumrad991 judayam o'rnida aytilgan so'zlar...men ham XUDO XOXLASA bo'lajak kelinman...bu xikmatli oltinga teng gaplarning barchasiga albatta amal qilishga xarakat qilaman...
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 10:12
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное