Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » KINO YANGILIKLARI

Burak Ozchivit — Betmendan Kamron va Kamolga aylangan yigit


«Sevgi iztirobi»ning bosh qahramonlaridan biri Kamol haqida gaplashishga qaror qildik. Burak Ozchivitning shaxsiy hayoti va ijodiy yo‘li ko‘pchilikni qiziqtirishi aniq. Marhamat, Turkiya kino olamini Romeosi bo‘la olgan aktyor haqidagi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.

«Betmen bo‘laman!»

Burak Ozchivit 1984 yil 24 dekabrda sohil bo‘yida joylashgan Mersin shaharchasida tug‘ilgan. Ko‘p o‘tmay Ozchivitlar oilasi Istambulga ko‘chib o‘tishadi. Shuning uchun ham ko‘pincha aktyor haqida so‘z ketganda uni poytaxtda tug‘ilgan, deya ma’lumot berishadi. Otasi xususiy tadbirkor, onasi uy bekasi bo‘lgan. Aktyor o‘zidan 5 yosh katta opasi bilan birga ulg‘aygan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, Burak bolaligidan kino olamiga ixlosmand bo‘lgan. Televizor qarshisidan jilmasdan mul’tfilmlarni tomosha kilishni yoqtirar, kichkintoyning har qanday injiqligiga ham aynan shu yo‘l bilan barham berish mumkin bo‘lgan. «Uning eng sevimli multqahramoni Betmen edi. «Ulg‘ayganingda kim bo‘lasan?» desak, «Odamlarni yomonlardan qutqaruvchi Betmen bo‘laman», derdi doim», deya farzandining bolalik yillarini eslagandi aktyorning onasi. Yoshi biroz ulg‘aygach esa Burakning e’tiborini sport torta boshladi. Bugun turk seriallari yulduziga aylangan yigitning o‘smirlik davri futbol maydoni va sport zalida o‘tgan.

Otasining niyatini amalga oshirdi...

O‘rta maktabni tamomlagan Burak Marmara universitetining kino, tasviriy san’at va foto fakultetiga o‘qishga kiradi. Soha bo‘yicha ilk gonararlari modellik yo‘nalishi orqali topgan aktyor 5 yil — 2003–2007 yillar oralig‘ida reklama roliklarining eng ko‘zga ko‘ringan modeli edi. Hatto, 2003 yil «Turkiyaning eng yaxshi modeli» sovrinini, 2005 yilda dunyo miqyosidagi tanlovning ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mashhur aktyor intervyularida modellik biznesini tanlashiga dadasi sababchi bo‘lganini ta’kidlaydi. «Dadam bilan televizor ko‘rib o‘tirganimizda, podiumda yurgan yigitlarga havas bilan qaragan. Agar seni ham shu yerda ko‘rsam, juda faxrlanar edim» degani haligacha esimda», deydi Burakning o‘zi.

«Navbat, o‘zimning orzularimga!»

Moda olamidagi omadli faoliyati tufayli Burak rejissyorlarning e’tiboriga tushdi. Oqibatda, bolalikdagi orzusiga erishadi. U endi nafaqat, model sifatida tilga olinyapti, balki aktyor, degan ta’rifga ega bo‘ldi. Ozvichit ilk rolini o‘smirlar uchun suratga olingan «Minus 18» triller filmida ijro etgan. Oradan bir yil o‘tmay, Eronlik ijodkorlardan melodrama janridagi filmda suratga tushish taklifini olgan. Eronliklarning «Vaqtinchalik er vazifasida» kartinasidan so‘ng «Zaharlangan», «Oilaviy uy» komediyasida, «Sotqinlik» nomli psixologik dramada va «Kichik sirlar» serialida ko‘rinish berdi. Uning ijodiy faoliyatiga katta muvaffaqiyat olib kelgan roli «Muhtasham yuz yil» serialida bo‘lgan. U yerda Burak afsonaviy lashkarboshi Balibeyni ijro etgan. Undan so‘ng ikkinchi omadli kinoloyiha — «Choliqushi» seriali qayta ekranlashtirilganda bosh qahramon Kamronni gavdalantirdi. Serialdan so‘ng keng miqyosda mashhurlikka erishgan aktyor yangi rollarini uzoq kutmadi. «Muhabbat senga o‘xshaydi» melodramasi, «Kabutar uchmoqda» sitkom komediyasi hamda «Sevgi iztirobi» seriallari ekranlarda ketma-ket namoyish etila boshlagan. Shu tariqa aktyor qisqa vaqt ichida dunyoga mashhur insonga aylandi.

Gumonlarga boy jurnalistning qizi

Ish faoliyati davomida shaxsiy hayotini ham unutmagan model-aktyor doim jurnalistlar diqqat markazida. U uzoq vaqt davomida modellikdagi hamkasbi — Jeylan Chapa bilan uchrashib yurgan. Jeylan juda mashhur turk jurnalida faoliyat yurituvchi jurnalistning qizi. Burak Ozchivit va Jeylan Chapa o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘pchilik shunchaki ishdagi ishq sifatida baholashgan. Ammo ular har bir intervyusi va uchrashuvlarda munosabatlarini rasmiylashtirishlarini ko‘p bora tilga olishardi. Jeylanning kuchli rashki uch yillik munosabatlarga putur yetkaza boshlagan. U doim Burakni bevafo deya shubha-gumonlarga ko‘milib, yigitning izidan ta’qib qilardi. Tabiiyki, qoraqosh yigitga bu yoqmagan va ular tinimsiz janjalashishgan. Burak «Choliqushi» serialida suratga tusha boshlagach, munosabatlar yanada taranglashdi. Jeylanga Burakning Faxriya Evjen bilan birga rol o‘ynayotgani umuman yoqmasdi. Oshiq qiz serialning suratga olish jarayonini uzoqdan, yashirin kuzatarkan, aqldan ozishiga bir bahya qolardi. Jeylan uchun oxirgi tomchi — «Muhabbat senga o‘xshaydi» filmiga syo’mka ishlarining boshlanishi bo‘ldi. Chunki bosh rol ijrochisi va film prodyusseri Burak kartinadagi bosh qahramonni ijro etish uchun sevgilisini emas, «Choliqushi»dagi «muhabbati» Faxriyani taklif etdi. Shundan so‘ng Jeylan Ozchivit bilan ayrilishganini rasman e’lon qildi. Aktyorning o‘zi «Bu qarorni Jeylan qabul qildi. Mening aybim yo‘q» deya izoh bergan, xolos. Biroq film premerasiga Evjenning qo‘lidan ushlab tashrif buyurishgach, hammasi oydinlashdi — Jeylanning yonganicha bor ekan. Burak va Faxriya o‘rtasida ilk uchrashuvning o‘zidayoq sevgi uchqunlagan.

Ertaknamo hayot boshlandi!

Faxriyaning ham fe’li o‘ziga yarasha ekanligini jurnalistlar bot-bot eslatib turishadi. Aktrisa ham injiqqina. Ammo Burak bilan munosabatlarda u o‘zini aksincha ko‘rsata oldi. Hatto, jurnalistlarga «Sevgilimning o‘z qiziqishlari bor. Undan odatlaridan voz kechishni talab qilmayman. Men uni o‘zim tanladim, shuning uchun boshqa odamga aylantirishning hojati yo‘q. Erkak, uni o‘zgartirishga harakat qilgan ayol bilan baxtli bo‘lolmaydi», degan edi.

Ikki ijodkor o‘rtasidagi munosabatlar tez sur’atda elga ma’lum bo‘ldi. Ular bir-birini oilasi bilan tanishtirib, muhabbatlari haqida jar solishdi. Yangi uy, sovg‘a-salomlar, umuman olganda, ular uchun xuddi ertaklardagi hayot boshlandi. Turkiya OAVsini diqqatini tortgan voqealardan biri esa aktyorning sevgilisiga 12 ming yevrolik taqinchoqni sovg‘a qilgani bo‘ldi. Ular, hatto, mashinalarining raqamlarini ham bir-birining ismiga moslab o‘zgartirishgan. Burak hayotda ham xuddi film qahramonlari kabi romantik yigit bo‘lib chiqdi. U o‘zining tug‘ilgan kunida, Faxriyaga turmush qurish taklifini aytadi. Barcha yaqinlari va do‘stlari davrasidagi bu voqea tarixga muhrlandi. 2016 yil 24 dekabr ular munosabatlarini rasmiylashtirishga qaror qilishgan. Bu kun aktyor Fexriyaga 26 ming dollarlik uzuk sovg‘a qilgani esa hammani hayratga solgan.

Burakning ilk shartlari

Bu quvonchli voqealardan so‘ng ular haqidagi ilk noxush mish-mishlar tarqala boshladi. Turkiya saytlari yozishicha, ikki yosh to‘ydan keyingi asal oyini qaerda o‘tkazish borasida tortishib qolishganmish. Aytishlaricha, Faxriya Maldivada dam olishni istagan, Burak esa bunday katta xarajatlarga hojat yo‘qligini aytgan. Xullas, aktyor bo‘lajak oila boshi sifatida, aktrisaning ijodiy faoliyatiga ham aralasha boshlagan. Shuningdek, matbuotdagi taxminlarga ko‘ra, unashtirishdan so‘ng suratga olish ishlari boshlangan «So‘nggi nafasimgacha» serialida Faxriyaga ba’zi sahnalarida suratga tushishni taqiqlangan. Lekin bu haqida ijodkorlarning o‘zlari aniq izoh berishmagan.

85 ming yevrolik to‘y!

Sevishganlarning to‘yi 2017 yil 29 iyunda bo‘lib o‘tgan. Marosim Istambuldagi Bosfors ko‘rfazining sohilida joylashgan eng muhtasham villalaridan birida o‘tkazildi. Tadbirda 500 ta mehmon ishtirok etgan bo‘lib, tashrif buyurganlarning har biriga o‘rtacha 170 yevro sarflangani haqida ham taxminlar yo‘q emas. Umumiy hisobda esa to‘y marosimi mashhurlarga 85 ming yevroga tushgan. Axir kelin naq uch marta libos o‘zgartirgan. Ko‘ylaklarning har biri eng mashhur dizaynerlar tomonidan maxsus yaratilgan.

Shu tariqa ikki mashhur ijodkorning to‘yi olamshumul tarzda bo‘lib o‘tdi. Asal oyi uchun esa Faxriya istagandek Maldivaga uchib ketishgan. Ijodiy yangiliklarga kelsak, Burak Ozchivit ishtirok etgan yangi kinoloyiha «Mening ukam-2» oilaviy filmi 27 noyabr premera qilinishi kutilmoqda. Faxriya esa hozircha reklama roliklari bilan chegaralanayapti.

FAKT

Aktyor bolalikdagi qiziqishlaridan biri futbolga bugun ham befarq emas. Bo‘sh vaqti bo‘ldi deguncha yashil maydonga shoshadi. Shuningdek, u retro-avtomobillar kolleksioneri hamdir. Burak ota kasbi tadbirkorlikning-da boshidan tutgan. U Istanbuldagi «Balibey Döner» nomli restoranining egasi.

Aliya SULAYMANOVA tayyorladi.



Категория: KINO YANGILIKLARI
Просмотров: 6602 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Burak Ozchivit, Sevgi Iztirobi
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 08:56
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное