Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. Choli Qushi-soundtreck
. Dengiz hukumdori - Offical soundtreck
. Qaxvaxona - soundtreck (Offical)
. Yoz ifori-Piano [soundtreck]
. Bola Uyda yolg'iz-[Один Дома] soundtreck2
. Qaxvaxona - soundtreck
. Sevishganlar - soundtreck (serial kareya)
. So'nmas Sevgi - I Love You [soundtreck]
. Ziyoda - Oqibat [soundtreck]
. Jumong-soundtreck
. Qirolicha - Soundtreck (Bidam Love)
. Sevgi Iztirobi (Kara Sevda) - Soundtreck 3
. Romeo va Juletta - soundtreck
. Vorislar - Serendipity (serial korea)
. Efir Sirlari - Soundtrack 4
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Dilso‘zni sharmanda qilish kimga kerak bo‘ladi?

«Begim» qo‘shig‘i bilan millonlab qalblarni zabt etgan bu ijodkorni san’atga qadam qo‘yganidan buyon yaxshi taniyman.
Shu kungacha uni soxta «piar»lar-u, turli xil gap-so‘zlar chetlab o‘tardi. Biroq «san’atkor bo‘laman», degani borki, kun kelib tanlagan sohasining «tosh»lariga duch keladi. Va shunday holat ro‘y berishini, san’atning «non»ini yeyishga «temirdan tish» kerakligini anglagan holda shou-biznes «olam»iga qadam qo‘yadi. Xonanda DILSO‘Z ham kutilmaganda ketma-ket «zarba»larga duch keldi. Bugungi suhbatimiz ham aynan shu haqda…
— Dilso‘z, avvalo farzandli bo‘lganingiz bilan tabriklayman!
— Katta rahmat!
— Odatda erkak kishi birinchi farzandi o‘g‘il bo‘lishini kutadi. Sizlarda bu jarayon qanday kechdi?
— O‘g‘ilmi yo qiz, sog‘lom bo‘lsa bo‘ldi, deb niyat qilgandik. Turmush o‘rtog‘im ham qizlik bo‘lganidan boshi osmonda. «Aqlli ayol avval qiz tug‘adi», degan gap bor-ku (miriqib kuladi).
— Ona bo‘lib, onangizning qadriga yetgandirsiz?
— Nimasini aytasiz? Ochig‘i, hamma sinovlar-u, qiyinchiliklar ayol kishining boshida ekaniga amin bo‘ldim. Onamning qiyinchiliklarini o‘sha damlarda chuqur his etdim. Ona bo‘lgach, faqat farzandingizning haqidagi o‘y-xayollar bilan yashaydigan bo‘lib qolar ekansiz. To‘g‘risi, hozir avvalgidek o‘zimga oro berishga ham vaqtim yo‘q. Bor e’tiborim qizimda, hatto Farrux aka ham Dilso‘zning oldidan ketolmaydigan bo‘lib qolgan (kuladi). Darrov sog‘inib qoladi.
— Dilso‘zni qo‘lingizga olganingizda nimani his qildingiz?
— Avvalo shukr qildim. Lekin hozirgacha ona bo‘lganimga ishonmayman. Gohida qizimga qarab turib, «Rostdan shu mening farzandimmi?» degan fikr o‘tadi. Tobim bo‘lmasa, Farrux aka azoblanayotganimga dosh berolmaydi. Tug‘ruqxonadagi holatimni ko‘rib esa yonimda dalda berib turolmadi. Ko‘zim yoriganini bilganidan so‘nggina oldimizga kirganida menga rahmi keldi. «Hammasi ortda qoldi. Xudo xohlasa bari yaxshi bo‘ladi», deb, Dilso‘z ikkalamizni o‘pib, rahmat aytdi.
— Xonanda Alisher Fayz «agar erkaklarimiz rafiqasining ko‘zi yoriyotganda hech bo‘lmasa tug‘ruqxona derazasi tagida turganida, ayolini sira xafa qilmagan, ona bo‘lish mashaqqatlarini tushungan bo‘lardi», degandi. Shu ma’noda Farrux ikki yo‘l orasida turib, ona bo‘lish qanchalar qiyin ekanini his qilgan bo‘lsa kerak?
— Bilasizmi, erkak kishi ona bo‘lish nima ekanini baribir anglolmaydi. Chunki «Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib». Boshimdan o‘tkazgachgina onamning qadriga yetdim. Erkak kishi bunday jarayonni o‘zida his qilmagani uchun ham ayol kishining dardini tushunmaydi. Lekin erkaklarni tushunish mumkin, rafiqasi azoblanayotganini ko‘ra turib, yordam berishga ojiz bo‘ladi, bu ham og‘ir. Turmush o‘rtog‘imni o‘sha damda to‘g‘ri tushundim. Rosti, oldimda turishini o‘zim istamadim.
— «Dada» filmida «Endi Zafarlar oilasi bo‘lamiz», deydi-ku! Shunga o‘xshab, Dilso‘zlar oilasi bo‘libsizlar-da?
— (Miriqib kuladi) Homiladorligimda «Dilso‘z taxallusini qizimizga ism qilib qo‘ysak-chi?» degan taklif bildirganimda, turmush o‘rtog‘imga ma’qul bo‘lgan. So‘ng uydagilarga qarorimizni aytganimizda, qo‘llab-quvvatlashdi. Bu qarorga kelishimga sabab, Dilso‘z taxallusi menga omad olib keldi, xalqqa tanitdi, ozmi-ko‘pmi yutuqlarga erishdim. Lekin asl ismim bilan Go‘zal, deb chaqirishsa ko‘proq yoqadi.
— Ko‘pchilik sizni Dilso‘z deyishga odatlangan. Qizingiz katta bo‘lganida «Dilso‘z» deb chaqirishsa, qay biringiz qaraysiz? Qiziq jarayon bo‘lsa kerag-a?
— Bu tomonini o‘ylamabman (kuladi). «Qaysi birimizni chaqiryapsizlar?» deb rosa kulsak kerak. Noiloj, «katta Dilso‘z, kichkina Dilso‘z», deb chaqirishsa kerak.
— Ijtimoiy tarmoqlarda ota-ona bo‘lganingiz haqidagi xabarga qo‘shilib, «besh yarim oyda tug‘dimi?» degan gap-so‘zlar ham tarqaldi…
— Odamlar bilib-bilmay xulosa chiqarib, gap tarqatganidan xafa bo‘ldik, albatta. Yetti yillik sevgi tariximizdan xabaringiz bor. Asli to‘yimiz o‘tgan yili noyabrda bo‘lishi kerak edi. To‘yxona gaplashilgan, barcha narsa taxt edi. Kutilmaganda 21 yoshli jiyanim vafot etdi. Ta’ziyali bo‘lganimiz uchun to‘yni qoldirgandik. Lekin Navoiyda nikoh o‘qitilgan, FXDYodan ham o‘tgandik. Toshkentdagi to‘yni orzu-havasimizdagidek o‘tkazish uchun fursat kutdik. Farzandim esa yetti oylikdan ozgina o‘tib, dunyoga keldi.
— Gap-so‘zlarga qaraganda poytaxtdagi to‘yingizni ustozingiz Sardor Rahimxon o‘tkazib bergan ekan, yo bu ham mish-mishlardan birimi?
— Navoiydagi to‘yni ham, Toshkentdagisini ham Farrux aka ikkimizning oila-a’zolarimiz kelishgan holda o‘tkazishgan. Turmush o‘rtog‘im o‘zi ishlab topgan puliga to‘y qildi.
— To‘yingiz munosabati bilan «falon narsalarni biz to‘yona qilamiz», deganlar chuv tushirib ketgani quloqqa chalingandi…
— Ha, bunday voqealar ham bo‘lgan. «Kamera, dekoratsiyani tashvishini qilmanglar, to‘yona qilamiz», deganlar to‘yxonada kelin-kuyov bo‘lib o‘tirganimizda «pulini beringlar!» deb kelganida lol bo‘lib qolgandik. O‘sha vaqtda pul topib berib yubordik. Keyin esa hech kimning va’dasiga ishonmay, hamma narsani o‘zimiz qilganimizga yetmas ekan, degan xulosaga kelganmiz. Lekin san’at sohasidagi opa va dugonalarim yaqindan yordam berishdi. Erkaklardan ko‘ra ayollar mard ekaniga ham amin bo‘ldim.
— Ona bo‘lganingizga hech qancha vaqt bo‘lmay, tug‘ruqxonada ko‘zingiz yoriyotgan vaqtdagi rasmingiz internetga tarqab ketdi. Bu haqda qay vaqt xabar topdingiz?
— Tug‘ruqxonadan chiqishimizdan bir kun avval dugonam Iqbola qo‘ng‘iroq qilib, «rasmingni ko‘rdingimi?» deb qoldi. Yodingizda bo‘lsa, to‘yimizdagi rasmni olib, «fotoshop»da meni besh oylik homiladordek qilib, tarqatishgandi. Yana o‘shanday rasmlardir-da, deb «bunday xabarlarni aytma, kayfiyatimni buzgim kelmayapti», dedim. So‘ng dugonam go‘shakni qo‘ydi, ovqatlanayotgandim-da. Biroz o‘tgach, telegramga kirib ne ko‘z bilan ko‘rayki, tug‘ruq vaqtimdagi rasmim! Rosti, «shok»ka tushib qoldim. Darhol Farrux akaga qo‘ng‘iroq qilib aytgandim, tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada g‘azab otiga mindi. Kechqurun bo‘lgani uchun bosh shifokor bilan gaplasholmadim. Sutim qochmasligi uchun asabiylashmaslikka harakat qildim. Tong otishi bilan bosh shifokorning oldiga borib, rasmni ko‘rsatdim. U ham hayron bo‘lib, o‘sha kuni navbatchilik qilgan barcha xodimlarni chaqirtirib so‘roq qildi. Albatta, hech kim aybini tan olmadi. Farzandim tug‘ilishiga hali vaqt borligi uchun tug‘ruqxona gaplashmagandim. Kutilmaganda dard tutib qolgani uchun tug‘ruqxonaga bordim va navbatchilik qilayotgan shifokorlar meni qabul qilishdi. O‘zimning gumonim - bir shifokor ayoldan. Qolgan shifokorlar rus edi. Ular hatto meni xonanda ekanimni bilishmadi ham. Lekin u ayol meni darrov tanib, «salkam hamshahar ekanmiz», deya o‘zini menga yaqin tutgandi. Ayol kishi bo‘la turib, dard tutib yotgan ayolni rasmga olib tarqatganiga hayron qoldim. O‘sha kuni uning telefonda gaplashganini ham ko‘rgandim, boshqa shifokorlarning qo‘lida telefon yo‘q edi.
— Eshitishimcha, san’atkor ayollarning bunday rasmlari birinchi bor tarqalishi emas ekan.
— To‘g‘ri. Aktrisa Xosiyat Husanovani shifokorlar kesercha kesish usuli bilan tug‘dirayotgan vaqtidagi rasmini ko‘rib, daxshatga tushgandim. Eshitishimcha, raqqosa Parizodaning ham shunday rasmi tarqagan ekan.
— Qanday chora ko‘rdingiz?
— O‘zim ham Ichki ishlar tizimida ishlaganim bois, ularga murojaat qildim. Tug‘ruqxonadan chiqishimdan oldin odam yuborishdi, ariza yozib berdim. Hozir tergov ishlari boshlangan. O‘sha tug‘ruqxonaning bunday «ish»lariga chek qo‘yish kerak! Qaytib u tug‘ruqxonaga bormayman, ishonchimni suiste’mol qilishdi.
— Bunday ketma-ket «zarba»lar shuncha yil misqollab yiqqan obro‘yingizga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi…
— Ochig‘i, odamlarning gap-so‘zi bilan yashaydiganlar sirasidan emasman. O‘zimga to‘g‘riman, o‘z hayotim bilan yashayapman. «Sevilib-sevib turmush qurdim, farzandli bo‘ldik. Eng baxtli ayollardan biriman! Baxtimga ko‘z tegmasin, ilohim!
— Odatda ayol xonandalar farzandli bo‘lgach, chilla saqlamay ijodga «sho‘ng‘ib» ketishadi. Tug‘ruq ta’tili siz uchun ham yot tushunchami?
— Ochig‘i, sog‘lig‘imni tiklab olishim kerak, ona bo‘lish oson ish emas. Qolaversa, chilla saqlash bejiz chiqarilgan emas. Shu sabab qirq kun chillada o‘tiraman. Aytib o‘tishni istardim, bola boqishda onam katta yordam beryapti. Shifoxonada ham bir qadam oldimdan ketmay, issiq-sovug‘imdan boxabar bo‘lib turdilar. Yaxshiyam onam bor ekan, baxtimizga sog‘ bo‘lsin! Ijodga kelsak, qirq kunlik chilladan keyin yana ish boshlayman. Chunki hozir raqobat kuchli, to‘xtab qolishni istamayman. Rosti, ona bo‘lgach, ijod qilishga ilhomim jo‘shib turibdi. Nasib etsa, muxlislarimni yangi ijod namunalarim bilan xursand etaman.

 
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi


Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 17407 | Рейтинг: 3| Рейтинг: qilish, sharmanda, kimga kerak bo‘ladi?, Dilso‘z
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 17:22
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное