Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SOG'LIK

Diqqat, kuydirgi kasalidan ehtiyot bo‘ling!

Avvalroq, odamlar orasida anchagina shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan kuydirgi (“Sibirskaya yazva”) kasalligining O‘zbekistonda tarqashi bilan bog‘liq gap-so‘zlarga oydinlik kiritib, mutaxassislarning bu boradagi firk-mulohazalarini, bunday o‘tkir yuqumli kasalliklarning oldini olish borasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani haqidagi ma’lumotlarni chop etgan edik. Ko‘p sonli o‘quvchilarimizning takliflariga binoan ushbu kasallik haqidagi batafsil ma’lumotlarni taqdim etamiz.
 
KASALLIK TARIXI
Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, qadimda kuydirgi kasalligi “muqadas olov”, “fors olovi”, “Eron alangasi” nomlari bilan ham atalganiga guvoh bo‘lamiz. 1788 yili rus olimi S.S.Andreyevskiy Sibirdagi epizootiya vaqtida bu kasallikni hayvondan o‘ziga yuqtirib, odamlar bilan hayvonlarda uchraydigan kasallik bir xil ekanligini isbotladi va bu kasallikni “sibir yarasi” (“Sibirskaya yazva”) deb atashni tavsiya qildi. U kuydirgining patologik anatomiyasi, klinik turlarini tasvirlagan, shu bilan birga uning oldini olish va davolash usullarini ishlab chiqqan. Qadimiy kitoblarda kuydirgi tufayli minglab insonlarning vafot etgani uning odamzod boshiga talofat keltirgani bitilgan. Abu Ali Ibn Sino, Gippokrat, Gomer, Ovidiylar uni “Hayvonlardan odamlarga yuqadigan kasallik”, deb ta’riflashgan.
 
QANDAY HOLATLARDA YuQADI?
Kuydirgi kasalligiga asosan qoramollar, qo‘y va echkilar, ot, eshak hamda tuyalar moyil hisoblanadi. It, mushuk va yovvoyi yirtqich hayvonlar kasallikka kamroq chalinadi. Yovvoyi hayvonlardan bo‘ri, chiyabo‘ri, ayiq, bo‘rsiq, quyon va kiyiklar orasida ham kuydirgi kasalligi bilan kasallanish qayd etilgan. Sovuq qonli hayvonlar va parrandalar kasallikka chalinmaydi. Shu bilan birga yovvoyi hayvonlar va yirtqich parrandalar (qarg‘a, quzg‘un va boshqa) kasallangan hayvon go‘shtini yoki jasadini yegandan so‘ng uzoq muddat davomida kuydirgi sporasini axlati va siydigi yordamida kasallik quzg‘atuvchisini tashqi muhitga tarqatishi haqida ma’lumotlar bor.
 
Kasallik manbaalari bo‘lib kasal xayvonlar, ulardan olingan mahsulotlar (go‘sht, sut, teri va boshqalar), kasal xayvonlar o‘lgan joydagi zararlangan tuproq xizmat qiladi.
 
Odam organizmiga qo‘zg‘atuvchi kasallik manbaidan kasallik omillari orqali tushadi. Kasallik omillariga quyidagilar kiradi: go‘sht, go‘sht mahsulotlari, kalla – pochalari, oshqozon – ichaklari, qoni, suyaklari, kasal hayvon ajralmalari, hayvonning tashqi qoplamalari (teri, jun), hayvonlarni parvarishlash anjomlari, go‘sht – suyak uni. Kuydirgi sporalari bilan zararlangan suv, xom ashyolarni qayta ishlovchi korxonalarning chiqindi suvlari, havosi, tuprog‘i va chiqindisi hamda tashqi muhitning turli ob’ektlari, hayvonlarni parvarishlashda qo‘zg‘atuvchilar bilan ifloslangan anjomlar.
 
Kasallikning yuqish yo‘llari turli xil kasallik omillari orqali amalga oshiriladi. Kasallik muloqot, alimentar, transmissiv va havo chang yo‘llari orqali yuqadi. Teri va shilliq qavatlar kasallikni kirish darvozalari hisoblanadi.
 
Kuydirgi kasalligi bo‘yicha epidemiologik holatni saqlanishi va odamlar orasida kasallikni tarqalishida muloqot yuqish mexanizmi asosiy o‘rinni egallaydi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi manbalari bilan bevosita muloqot: kuydirgi kasalligiga chalingan hayvonlarni parvarishi, o‘lgan hayvonning terisini shilish, go‘shtini maydalash hamda oshqozon – ichak trakti va nafas yo‘llari shilliq qavatlari orqali odam kasallikni o‘ziga yuqtirib oladi. Kasallangan molni terisini shilish va go‘shtini maydalash odamda kuydirgi kasalligini kelib chiqishida muhim epidemiologik axamiyatga egadir. Shuningdek, kasallik jun va terilarni qayta ishlash korxonalarida ham yuqishi mumkin. Odam asosan kasallangan qishloq xo‘jalik va uy hayvonlarini majburiy so‘yish jarayonida muloqot orqali kasallikni o‘ziga yuqtirib oladi. Kasallangan yoki o‘lgan hayvon xomashyolari bilan muloqot jarayonida qo‘ldagi mayda jaroxatlangan teri orqali qo‘zg‘atuvchi tushib, kasallikni teri shaklini keltirib chiqaradi.
 
Kasallikning turli xil tashqi muhit ob’ektlari orqali yuqishi – maishiy muloqot yuqish yo‘li deyiladi.Tuproq orqali zararlanish 2,8 foizgacha bo‘lishi mumkin.
 
Kasallikning teri shakli transmissiv yo‘l, ya’ni qon so‘ruvchi hashoratlarning chaqishi orqali ham kelib chiqishi mumkin. Kasallik odamga, shuningdek, kuydirgi kasalligi qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan tuproq va jihozlar orqali ham yuqadi.
 
Kasallikni alimentar yo‘l bilan yuqishi kasallangan hayvon go‘sht va go‘sht mahsulotlarini hamda qo‘zg‘atuvchi sporalari bilan zararlangan boshqa oziq-ovqat maxsulotlarini yetarli termik ishlov bermasdan, iste’mol qilish natijasida kelib chiqadi.
 
KASALLIKNING HAYVONLARDA KEChIShI...
asallik o‘ziga xos klinik belgilar bilan kechadi. Kasallikning yashirin davri 1-3, ba’zan 8 kungacha davom etadi. Kasallikning kechishi o‘tkir, yarim o‘tkir, ba’zan esa yashin tezligida boshlanadi. Kasallik yashin tezligida boshlanganda, hayvon birdan yiqilib, og‘zi, burni, orqa teshikdan qon aralash suyuqlik (ko‘pik) ajraladi va hayvon nobud bo‘ladi. Oqqan qon ivimaydi.
 
Yirik shohli hayvonlarda kasallik yarim o‘tkir tarzda kechganda, tana harorati 40-45 darajagacha ko‘tariladi, mushaklari qisqaradi, tomir urishi tezlashadi, nafas olganda shovqin paydo bo‘ladi, qorin shishadi, orqa ichakdan axlat bilan qon aralash suyuqlik, siydik bilan qon ajraladi va hayvon nobud bo‘ladi. Yirik shohli hayvonlarda kasallik karbunkulyoz shaklida ham kechadi.
 
Otlarda kasallik qattiq sanchiq bilan boshlanadi, ichak turida kechadi va terida, boshda, ko‘krakda, yelinda, infiltratlar paydo bo‘ladi. Kasallik karbunkulyoz turida ham kechishi mumkin, bunda infiltratlar chuqur joylashib, gangrena va parchalanish bilan tugaydi.
 
Mayda shohli mollarda kuydirgi yashin tezligida yoki o‘tkir kechadi. Hayvonlar to‘satdan tirishish, qon ketish alomatlari bilan nobud bo‘ladi. Hayvonlar to‘g‘ri ichagi va jinsiy a’zolari shilliq qavatida tugunli yassi gemorragik shishlar paydo bo‘ladi.
 
Chuchqalarda sepsis alomatlari deyarli kuzatilmaydi, ko‘pincha kasallik angina, ya’ni hiqildoqning yallig‘lanishi, bo‘yin, ko‘krak qafasining shishuvi bilan o‘tadi, tilda, qattiq tanglayda shish va karbunkul paydo bo‘ladi, hayvon mexanik asfiksiya (bo‘g‘ilish)dan nobud bo‘ladi. Cho‘chqalarda kasallik ba’zan surunkali shaklda ham kechishi mumkin.
 
Kasallik qo‘zg‘atuvchilarining atrof muxitga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida kuydirgiga gumon qilingan hayvonlarni yorib ko‘rish, tashish qat’iyan taqiqlanadi. Laborator tashxis uchun patmaterial mutaxassis tomonidan maxsus usulda olinadi.
 
KASALLIKNING INSON ORGANIZMIDA KEChIShI
Kasalik odamlarga kasal xayvonlarni parvarishlaganda, kasallangan xayvonlardan olingan teri, junga ishlov berganda, kasallangan xayvonlardan olingan sut va go‘shtni iste’mol qilgan hollarda, veterinariya mutaxassisi ruxsatisiz hayvonlarni so‘yish, veterinariya ko‘rigidan o‘tmagan chorva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida yuqadi.
 
Odamlarda kasallikning yashirin davri bir necha soatdan 14 kungacha, o‘rtacha 2-3 kun davom etadi. Kasallik bir necha turda ko‘proq (95-98 foizgacha) teri turida kechadi. Bunda mikrob tushgan joyda qizg‘ish yoki ko‘kimtir rangda dog‘ paydo bo‘ladi. Bu dog‘ papulaga, vezikulaga, pustula va yaraga aylanadi. Yaraning usti qora parda bilan qoplanadi va og‘riqsiz kechadi. Yaraga yaqin bo‘lgan limfa bezlari zararlanib, limfadenit, sepsis paydo bo‘ladi. Bemorda quvvatsizlik, tana harorati ko‘tarilishi, bosh og‘rigi, bosh aylanishi, qusish, jigar va taloqning kattalashuvi kabi alomatlar kuzatiladi.
 
Odamlarda kuydirgining ichak turi kuydirgi qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan go‘sht iste’mol qilinganida, o‘pka turi bilan esa kuydirgi tayoqchasi sporalarining nafas yo‘llari (teri, mo‘yna maxsulotlari korxonalarida) orqali tushishidan rivojlanadi. Ichak va o‘pka turlari keskin umumiy buzilishlar bilan kechib, odatda o‘lim bilan tugaydi.
 
OLDINI OLISh...
Kuydirgi kasalligining oldini olish uchun hayvonlarni o‘z vaqtida ro‘yxatga olib borish va ushbu kasallikka qarshi emlash, veterinariya sanitariya tadbirlarini, ya’ni dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya ishlarini o‘z vaqtida o‘tkazib turish, ayniqsa, xayvonlarni veterinariya mutaxassilari nazorati ostida bo‘lishi, mollarni belgilangan joylarda-maxsus qushxona va so‘yish maydonchalarida so‘yilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Go‘sht, sut mahsulotlari veterinariya sanitariya talablariga qat’iy rioya kilgan xolda iste’molga chiqarilishi lozim.
 
Kuydirgi kasalligi o‘ta xavfli kasallik bo‘lganligi sababli, unga qarshi tadbirlar to‘liq davlat byudjeti hisobidan, bepul o‘tkaziladi. Lekin, ta’kidlash lozimki, emlash tadbirlari samaradorligi, mavjud mollar to‘liq emlanganda yuqori bo‘ladi. Ayniqsa, aholida mavjud mollar to‘liq ruyxatga olinmaganligi, aholi tomonidan mol sotib olinganligi to‘g‘risida joylardagi veterinariya mutaxassislariga o‘z vaqtida xabar berilmasligi mollarning emlanmay qolishi kasallik kelib chiqishi xavfini kuchaytiradi.
 
KASALLIK YuQQANDA...
— Bemorlarda tana harorati ko‘tariladi.
— Kuydirgi yarasi og‘riqsiz bo‘ladi, yaraning ustki qismi ko‘mir rangiga o‘xshash qora po‘stloq bilan qoplanadi, yara atrofi qizarib, shish paydo bo‘ladi.
— Kuydirgi yarasi ko‘pincha badanning ochiq qismlarida (qo‘l, oyoq, yuz, bo‘yin) uchraydi.
 
KUYDIRGI KASALLIGIDAN SAQLANISh UChUN:
— chorva mollarini veterinar ko‘rigidan o‘tkazib, kuydirgi kasalligiga qarshi emlatish;
— kuydirgi bilan kasallangan hayvonlarni veterinar ruxsatisiz so‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik, mollarni faqat qushxona va so‘yish maydonchalarida veterinar ko‘rigidan o‘tkazilgandan so‘ng so‘yish;
— duch kelgan joylardan go‘sht sotib olmaslik, go‘shtni go‘sht povilonlari va do‘konlardan xarid qilish;
— hayvonlarni parvarish qilishda shaxsiy gigiena qoidalariga qat’iy rioya etish;
— hayvonlarda kuydirgi kasalligining belgilari kuzatilganda, zudlik bilan veterinariya xizmati idoralariga murojaat qilish kerak.
 
KUYDIRGI TUFAYLI O‘LIM HOLATI KUZATILSA...
Kuydirgi kasalligidan vafot etgan hayvon va odam murdasi kuydiriladi yoki maxsus tobutga solib 2 metr chuqurlikka ko‘miladi. Infeksiya o‘chog‘ida bo‘lganlarga nisbatan ko‘riladigan shoshilinch profilaktika choralari sifatida ularga kuydirgi gammaglobulin bilan penisillin ukol qilinadi. 7-10 kun davomida gammaglobulin va penisillin yuborilgandan so‘ng vaksina bilan emlanadi.
 
Jun yoki hayvonlardan olingan boshqa mahsulotlarni (masalan terini) tekshirish uchun Askolining termopresipitatsiya reaksiyasi qo‘llanadi.
Umida Yakubova


Категория: SOG'LIK
Просмотров: 13622 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Sibirskaya yazva, yuqumli kasallik, sog'liq
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 23:17
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное