Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Hosila Rahimova: “videoni tarqatgan menga murojaat qilsin...”

Qaltis savollarga dangal javob beradigan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila RAHIMOVAning fikrlari barchaga birdek qiziq bo‘lsa, ajabmas...

— Hosila opa, so‘nggi bir oy davomida internet “yulduzi”ga aylandingiz. Sizni bu qadar “mashhur” qilgan to‘ydagi raqsingizni o‘zingiz “sahnalashtirganmisiz”?

— Pichingingizni tushundim, lekin internet “yulduzi” bo‘lish hammaga ham nasib qilavermaydi (kuladi). Konsertimga muntazam keladigan muxlislarim yaxshi biladi, sahnada “yonaman”, sho‘xligimni raqsdagi shijoatim bilan chiqaraman. Xalq orasida “san’atkorni jini tutdi”, degan gap bor-ku. Shu ma’noda folk­lor chegara bilmaydi! To‘yda bir burchakka bekinib, harakatlarimni videoga olib, “Hosila ichib olibdi”, degan gaplarni tarqatgan “muxlisim” konsertda bundan-da yuqori shijoat bilan raqsga tushishimni bilmasligi aniq. Videoni tarqatgan odam o‘zimga murojaat qilganida, kerak bo‘lsa, qon tahlillarim orqali ichmaganimni isbotlagan bo‘lardim.

Bu raqsimda behayo qiliqlar yo‘q, ochiq-sochiq libosda ham emasman. To‘g‘ri, beo‘xshov harakat bo‘lishi mumkin. Lekin raqslarimdan uyalmayman! O‘sha muxlisim o‘zimga murojaat qilsa, konsert dasturimga bepul chipta berardim va konsertda to‘ydagidan yuz karra ko‘proq shijoat bilan raqsga tushishimga amin bo‘lardi. Xalqdan olgan energiyamni xalqqa qaytaraman, xolos.

— “Istiqlol” san’at saroyida to‘liq jonli ijroda konsert berolmaydigan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova xalq xizmatlarida ham fonogrammadan foydalanadimi, yo‘qsa, shaxt bilan raqsga tusholmasdingiz?

— To‘liq jonli ijroda konsert bermasligimni tan olaman va bundan uyalmayman ham. Maqom qo‘shiqlarimnigina jonli ijroda kuylayman. Qolgan “blok”larda fonogrammadan foydalanishimning boisi muxlislarim bilan tengma-teng raqsga tushishni istayman. Xonandaning muxlis shijoatiga sustkashlik bilan javob qaytarishga haqqi yo‘q. Haqsiz, xalq xizmatlarida ham folklor qo‘shiqlarimni fonogrammada kuylayman, lekin maqom bundan mustasno.

— Nega doim to‘ylar bilan “mashhur” bo‘lasiz, hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

— Sakrab raqsga tushganim, yugurganim kabi yana shunday videolar tarqalsa, hayratlanmayman. Hosila Rahimovaning muxlislari ham hayron bo‘lishmaydi. Bu raqslar shunchaki folklor va muxlislardan zavqlanish hissi, xolos.

— To‘ylarimizda turk, arab, fors, rus, inglizcha qo‘shiqlar kuylanadi. O‘zbekning to‘yida o‘zbekcha qo‘shiqlarga vaqt yetmaydi, eshitishga xohish ham yo‘q. Professional san’at­kor sifatida g‘ashingiz kelmaydimi?

— Muxlisning talabi doim birinchi o‘rinda. Balki to‘yga kelgan mehmon boshqa tilda kuylanib, “xit”ga aylangan qo‘shiqqa raqs tushgisi kelar. Agar mendan ham so‘rashsa, boshqa tildagi qo‘shiqni kuylab beraman. San’atkor sifatida bu g‘ashimga tegmaydi. Turkcha “Of-of” qo‘shig‘ini kuylaganimda, turkiyaning “TRT” telekanali ijodkorlari “to‘g‘ri talaffuzda kuylabsiz!” deya shu qo‘shiqqa o‘zlari klip ham suratga olib berishgan. Ba’zi xonandalarga o‘xshab, o‘z repertuari yo‘q xonanda emasman. Mualliflik qo‘shiqlari yo‘q, biroq to‘yma-to‘y yuradigan havaskorlarga maslahatim — o‘z “men”ingizni toping, o‘zingiz ijod qiling!

— Professional xonanda sifatida ijodingiz o‘zingizni 100 foiz qoniqtiryaptimi?

— Yo‘q! Boisi hali folklor yo‘nalishida kuylashim kerak bo‘lgan qo‘shiqlar talaygina. Chekka-chekka qishloqlarga borganimda, momolardan so‘rab o‘rganib, zamonaviy sayqal berib, muxlislarga taqdim qilaman. Shunday ekan, hali ijodning cho‘qqisiga chiqqanimcha yo‘q.

— Maqom yo‘nalishida ham tahsil olgansiz. Biroq bu yo‘nalishda ijod qilib, maqomning rivojiga hissa qo‘shmayotganingizga nima sabab?

— Haqsiz, maqom yo‘nalishida ham tahsil olganman. Lekin “bu yo‘nalishda ijod qilmayapsiz”, deyishingiz noo‘rin. 2004 yilgi konsert dasturimdan boshlab, shu kungacha uch yo to‘rtta maqomni jonli ijroda kuylashni an’anaga aylantirganman. To‘g‘ri, avvallari bu yo‘nalishda musiqiy klip suratga olib, efirga berardim. Keyinchalik klip suratga olish va uni telekanallarda “aylantirish” katta mablag‘ni talab qiladigan bo‘ldi. Shu bois asosiy e’tiborni faqat folklor yo‘nalishdagi qo‘shiqlarimga qaratganman. Biroq maqom yo‘nalishdagi qo‘shiqlarim radiolarda yangrab turadi. Shuningdek, "Yutub"dagi shaxsiy kanalimga ham bu yo‘nalishdagi kliplarim joylangan. Aytishim joiz, xalq xizmatlarida hech bo‘lmasa, beshta maqomni jonli ijroda kuylayman.

— Unvon olgan xonanda bilan havaskorlarning bitta davra va sahnada turishi yoshlarni ustoz san’atkorlar darajasiga yetishga bo‘lgan intilishini to‘yintirib qo‘ymaydimi?

— Ikkovining bir sahnada turishi qaysidir ma’noda noo‘rin va adolatsizlikdir. Lekin tanganing ikkinchi tarafini olsak, yoshlar unvon olgan san’atkorlar bilan bitta davrada bo‘lsa, o‘rnak oladi, nimalarnidir o‘rganadi. Kezi kelsa, tanbeh eshitadi. Bu esa yoshlarning yuksaklarga parvoz qilishiga zamin bo‘ladi. Bitta sahnada turishga hali erta yo falon qo‘shig‘ing talabga javob bermaydi, degan noo‘rin tanqid yoshlarning ishtiyoqini so‘ndirib qo‘yishi mumkin. Yosh nihollarni “sindirib”, san’a­timizni ertangi o‘lmas asarlar mualliflaridan mahrum qilmaylik. Prezidentimizning unvon haqidagi fikrlari ham yoshlarni tirishqoqlik bilan ishlashiga turtki bo‘ladi va “unvon oldim-ku, bo‘ldi”, degan dangasalikdan ham xalos qiladi.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 7069 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Hosila Rahimova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 17:04
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное