Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. Yoz ifori-Piano [soundtreck]
. Qaxvaxona - soundtreck (Offical)
. Qaqnus - Destiny (korea)
. Merlin-Soundtreck
. Saroy Javohiri - Soundtreck
. Yoz Ifori-Soundtreck
. Yoqotilgan Yillar-Soundtreck2
. Qirolicha - Soundtreck (slow version)
. Ishdagi Ishq - Моей душе покоя нет
. Qirol va Kanizak - Soundtreck
. Tabib-Na sarakiyo (soundtreck koreya)
. So'nmas Sevgi - Soundtreck
. Ishdagi Ishq - Песнка о погоде
. Zoirbek - Katta Odam (SOUNDTRACK)
. Ko'sem - Safiye nin cenazi (Turk serial)
Главная » Файлы » FIKR MULOXAZA

Internetdagi Behayolik: o‘smirni qanday himoyalash mumkin?


Bolaligimizda ota-onamiz bizni nazorat qilishi osonroq edi. Masalan, qachon ko‘chaga chiqamizu uyga qaytamiz, qachon televizor ko‘ramizu kitob o‘qiymiz, telefonda kim bilan gaplashamizu kim qo‘ng‘iroq qilib gapirmay jim turadi – bularning barini kuzatish, tergab turish mumkin edi. Ammo real hayot bilan parallel ravishda virtual olamda ham yashayotgan hozirgi bolalarni, ayniqsa, o‘smirlarni nazorat qilish ancha qiyinlashib qoldi. Chunki virtual olam – ota-ona ko‘zidan panada, o‘smirning o‘zigagina eshigini ochadigan dunyodir. Bugun bolalarimizni turli axborotlar bilan «tarbiyalayotgan» ana shu olamning yosh avlod ma’naviyatiga ta’siri masalasini muhokama qilamiz.

Bola internetda nima qiladi?

Yoshligimda «Qo‘rqinchli Tehron» asarini o‘qiyotgandim. Bir kuni onam ishxonalarida qizim shu asarni o‘qiyapti deb maqtanibdilar (o‘zlari asar mazmunidan bexabar edilar). O‘qimishli hamkasblari romanning ayrim sahnalarini onamga aytib berishgan shekilli, o‘sha kuniyoq kitobni mendan olib qo‘yishdi. Onamning yutuqlari – men o‘qigan asarning nomini bilganlari. Ammo biz bugun xonasiga kirib olib qo‘lidagi gadjeti orqali virtual olamni sayohat qilayotgan bolalarimizning «o‘qiyotgan asarlari» nomini bilamizmi? Umuman, o‘smir internetda nima qiladi? Buni bilish mumkinmi? Afsuski, ko‘pincha buning imkoni bo‘lmaydi. Balki u behayo video yoki suratlarni ko‘rmas (siz shu sababli ham xotirjamdirsiz balki), lekin oddiygina matn yordamida qanchadan qancha fahsh targ‘ib qilinayotganini internet bilan yaxshi oshno bo‘lmagan ota-ona qaerdan bilsin? Xullas, endi bolalar qabul qilayotgan ma’lumotni nazorat qilish juda murakkab vazifa bo‘lib qoldi.

Yalang‘ochlanayotgan avlod

Bolalarimiz har bir xatti-harakatlarini, yangi liboslaridan tortib yegan ovqatlarini ham darhol suratga olib o‘sha zahotiyoq internetga joylashyapti. Bunga aqllari yetganidan bir quvonsak, har bir surat orqali ular o‘zlarini yalang‘ochlab, himoyasizlab borayotganlaridan ming kuyunishimiz kerak. Chunki inson o‘zi haqida qancha ko‘p axborotni ommaga oshkor qilsa, jamoat oldida shunchalik «yechinadi» (ya’ni, ma’naviy jihatdan). Uning qaerda yashashi, qachon yotib, qachon turishi, qaysi maktabda o‘qishiyu do‘stlari kimligi endi hammaga ma’lum. Bir chiroyli o‘smir qizni yo‘ldan urish uchun ilgari oylab qo‘ng‘iroq qilib uning boshini aylantirish, yo‘lini poylash, sovg‘alar berish, vaqti kelsa, akalaridan kaltak yeyish kerak edi. Endi esa ijtimoiy tarmoqdagi suratini bir necha bor layklab, chiroyli gullar suratlarini jo‘natib, «lichka»siga bir-ikki shirin so‘z aytish kifoya. Tezroq katta bo‘lishni, kattalar olamida yashashni, ular tuygan tuyg‘ularni his etishni istayotgan murg‘ak vujud uchun shuning o‘zi yetarli. Bo‘lmasa, ijtimoiy tarmoqlaru messenjerlar orqali yosh-yosh yigit-qizlarning tarqalib ketayotgan behayo suratlariyu videotasvirlarini qanday izohlash mumkin? Bularning bari iffatning, hayoning osmondan yerga tushgani, qo‘letar bo‘lib qolgani, qadrsizlangani natijasi emasmi?

Natijasi ma’lum taftish

Istalgan maktab, litsey yoki kollejga kirib o‘smir o‘quvchilarning qo‘l telefonini ochib ko‘ring, ko‘pchiligidan behayo tasvirlarni topishingiz tayin. Bola buni o‘zi qidirib topib yuklab olganmi yoki unga allaqanday guruhlardan kelgan-u, u nimaligini bilmay ko‘chirganmi – farqi yo‘q. Muhimi, oilada, ota-ona davrasida tabu bo‘lgan, uyat sanalgan narsalar endi unda bor. U ko‘ribgina qolmay, tengdoshlariga ulashyapti, muhokama ham qilyapti. Yetmaganiga ular sevgan yulduzlar, ularning kumirlari turli behayo suratlarini o‘zlari tarmoqqa joylayaptilar, tagida aytilgan suyuq xushomadlarga badtar suyuqlik bilan javob qaytaryaptilar. Xullas, bu informasion iskanja halqalari tobora torayib bormoqda.

Nima qilmoq kerak?

Imkon qadar ogoh bo‘lish lozim. Bolangizga biror gadjet olib beryapsizmi, uning nimaligini, avvalo, o‘zingiz tushunib oling. Internetga kirish, messenjerlarni o‘z telefoningizga yuklab olishni eplang. Shunda bolangiz kechasi soat nechagacha ijtimoiy tarmoqda o‘tirganini, umuman vaqtining qancha qismini internetga sarflayotganini bilishingiz mumkin.

Farzandingiz internetdagi yosh bolalarga mo‘ljallanmagan internet sahifalaridan chegaralash imkoniyatidan foydalanishlari mumkin. “Ota-ona nazorati” qisqa raqami mobil aoloqa operatorlari tomonidan taklif etiladi. Buning uchun farzandingiz ishlatayotgan raqamdan uchtagina raqamni terishning o‘zi kifoya. Bu holda farzandingiz o‘z istagiga ko‘ra bu xizmatdan voz kecholmaydi. Xizmatni bekor qilish uchun xizmat yoqtirilgan raqamning egasi pasporti bilan kompaniya ofisiga yozma ravishda murojaat qilishi lozim. Demak, bu holda farzandingiz o‘z istagiga ko‘ra bu xizmatdan voz kecholmaydi.

Bola kompyuter orqali internetga kirgan paytlar eshikni taqillatmay xonasiga kiring. Agar farzandingiz darhol noutbuk ekranini yopsa yoki shaxsiy kompyuter monitoridagi tasvirni yig‘ishtirib qo‘ysa, bilingki, nimadir bor. Darrov kompyuterni joyida taftish qilishingiz mumkin. Buning uchun minimal darajada bo‘lsa ham kompyuter savodxonligiga ega bo‘lishingiz kerak. Ha, 21-asr bolasiga ota-onalik qilish oson emas.

Yuqoridagilarning bari cheklovchi, taqiqlovchi choralardir. Albatta, bularsiz nazoratning hech iloji yo‘q. Ammo eng katta nazoratni bolaning o‘zi o‘z ustidan o‘rnata olishi kerak. «Tarbiya – yo hayot, yo mamot» degandi Abdulla Avloniy. 20-asr boshida aytilgan bu gapning naqadar haqligini 21-asr boshida yanada teranroq anglab turibmiz. Biz informatsiyaning yo‘lini to‘sa olmaymiz. O‘ziga bahosi baland, to‘g‘ri tarbiya ko‘rgan, g‘ururli o‘smir jinsiy munosabatlar haqidagi axborotni qanday qabul qilishni yaxshi biladi. Bola nimadan o‘rnak olish kerag-u, nimani miyadan uloqtirish lozimligini bilmasa, uni ming nazorat qilganingiz bir pul. Demak, axborotga munosabat bildirish, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, o‘z nuqtai nazari, tarbiyasi va dunyoqarashidan o‘tkazib qabul qilish malakasi bolalarda bo‘lishi kerak.

So‘ngso‘z o‘rnida

Ayrim «yangicha qarashli», «demokrat» ota-onalar «Xo‘sh, o‘smir jinsiy munosabatlarga qiziqsa, buning nimasi yomon? Axir hammamizda ham ilk jinsiy mayl o‘smirligimizda paydo bo‘lgan-ku!» – deyishi mumkin. To‘g‘ri, tabiatga qarshi bir narsa deb bo‘lmaydi. Biroq, biz o‘smirligimizdagi jinsiy aloqa tushunchasi bilan hozirgisi tubdan farq qiladi. Biz uchun tizzadan biroz balandroq ko‘tarilgan etak yoki «Kichkina Vera» filmi chegaradan chiqish bo‘lsa (hatto, shu chegaradan chiqish uchun ota-onamizning ko‘zini shamg‘alat qilaman deb qanchalik topqirlik ishlatardik), hozirgi o‘smirlar uchun «Instagram»da Kim Kardashyanning yalang‘och suratlarini ko‘rish yoki mahalliy «yulduz» chalarimizni tomosha qilish ham me’yorga aylanib qoldi (buning uchun sichqoncha tugmasini bir bosish yoki sensorli ekranga barmoq uchini tegizish kifoya). Internet orqali targ‘ib qilinayotgan jinsiy munosabatlar ko‘pincha inson tabiati va sha’niga ziddir. O‘smir bu ishning ortida ulkan tuyg‘u va mas’uliyat turishi kerakligini o‘ylamaydi. U qabul qilayotgan informatsiya kam vaqt ichida jonni koyitmay ko‘p miqdorda lazzat olishni targ‘ib etyapti. Jinsiy munosabat uning uchun xuddi chanqab turganda ko‘chadagi vodoprovoddan oqib turgan tekin suvni ichishdek gap bo‘lib qolyapti. Keyin-chi? Bundan o‘n-o‘n besh yillardan keyin hozirgi o‘smirlarimizning bolalari, ularning tarbiyasi, umuman millatning ma’naviy qiyofasini tasavvur qilyapsizmi? Men tasavvur qilyapman va biroz qo‘rqyapman. Shuning uchun, mayli, meni qoloq ona, zolim ayol desinlar, ammo «O‘tkan kunlar»ni o‘qib chiqmaguncha farzandimga biron gadjet olib berishga shoshmay turaman.

Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA

Manba: «Sug'diyona» gazetasi



Категория: FIKR MULOXAZA
Просмотров: 4243 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Internet, behayolik
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 16:16
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное