Меню
Поиск
Фотоалбом
Сундтреки
. O'zga Sayyoralik Mahbubim - Hello-Goodbye
. Mohim - Oq Ro'molim (OST Meni Kechir)
. Qaxvaxona - soundtreck
. Sevishganlar - soundtreck (OST serial kareya)
. Qish Sanatasi-Soundtreck
. Yoz Ifori-Soundtreck
. Lola - NEGA [soundtreck JODUGAR]
. Kuz ertagi-soundtreck
. Qalbim Chechagi-soundtreck3
. Oppog'oy Zamonaviy talqinda-Белоснежка.2012 (soundtreck)
. Muhabbat tafti - Meri Aankhon Mein
. Pazanda - Soundtrack
. O'zga Sayyoralik Mahbubim - Lyn My Destiny
. Iyun Oqshomi - Yagmur (soundtreck)
. Iyun Oqshomi - Yeri Nasalama (soundtreck)
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Jamila G‘ofurova: «Mehnat qilayotgan aktrisalarga nega mukofot yo‘q?»


O‘n olti yildan buyon kino sohasida ijod qilib kelayotgan aktrisa Jamila G‘ofurova alamzada! Yillar davomida sukut saqlangan mavzu haqida u ko‘plab san’atkorlar nomidan ochiq-oydin gapirdi.

— Qirqdan ortiq filmlarda bosh rollarni ijro etgan aktrisaga San’at va madaniyat institutiga o‘qishga kirish nima uchun kerak bo‘lib qoldi?

— Asli Toshkent davlat Sharqshunoslik istitutini tamomlaganman. San’at va madaniyat institutida esa ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha tahsil olyapman. Yo‘nalishim — drama va kino! To‘g‘risini aytsam, o‘tgan yili o‘qishga kirgandim-u, biroq ayrim sabablar tufayli ta’til olishimga to‘g‘ri keldi. «O‘qishni davom ettirishim men uchun qanchalik muhim?» deya uzoq o‘ylandim. Mulohaza qilsam, aktrisaga kasbiy bilim mahorati g‘oyat zarur ekan. Bugun teatrdagi faoliyatim davomida ham institutda o‘rganayotganlarim asqatyapti.

— Demak, tahsil olayotganingizning asosiy sababi diplom emas, shundaymi?

— Ha! San’at sohasida ko‘p yillardan buyon ijod qilib kelaman. Hali biror marotaba ham «Diplomli aktrisamisiz», deb so‘rashmagan. Menimcha, bizning sohada eng asosiysi, bu — iste’dod. Ustozim Jo‘ra Mahmudov sahna madaniyatidan saboq beryaptilar. O‘qish boshlanganiga bir necha oy bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘zim uchun ko‘p narsalarni o‘rgandim. Endi tasavvur qiling, institutni tamomlaganimdan keyin menda qanday «bagaj» bo‘ladi.

— O‘qish, teatrdagi ishingiz, kino, dublyaj, oila, farzand tarbiyasi — ulguryapsizmi hammasiga?

— Ulgurishga harakat qilishim shart va lozim. Negaki, men san’atkorman. Birini mahkam tutib, ikkinchisiga e’tiborni susaytira olmayman. Oilam men uchun hamisha birinchi o‘rinda. Qizalog‘imning tarbiyasi bilan alohida shug‘ullanaman. Kino hayotimning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Teatr esa men uchun yangi olam. Professional aktrisa bo‘lsam-da, sahna nutqidan maktab ko‘rmagandim. Institutda ana shu kamchilik o‘rni to‘lyapti. Ko‘p narsalarni o‘rganyapman. Bilasiz, avvallari o‘zim ijro etgan rollarga ovoz bermasdim. Men ekranda aktrisa Lola Eltoyeva ovozi bilan gapirardim. So‘nggi ikki-uch yil davomida o‘zimga-o‘zim ovoz beryapman. Yashirib nima qildim, dublyajda qiynalaman. Ovozlashtirish jarayonida rejissyordan dakki eshitgan paytlarim ham bo‘lgan. Sahna nutqidan dars olayotganimdan buyon talaffuzimda o‘zgarish paydo bo‘layotgani sezilyapti.

— Institutda hamma qatori talabamisiz yo aktrisa ekanligingiz uchun yon bosish bormi?

— Ayrim vaziyatlarda ustozlarim meni tushunishadi. Misol uchun, oilaviy sharoitim tufayli o‘qishga borolmay qolsam, yo muhim tadbir, s’yomka belgilangan bo‘lsa... «Biz sizni tushunamiz, yordam berishga harakat qilyapmiz, ammo hamma talabalar qatori o‘qishga kelishingiz, darsning oxirgi daqiqasigacha shu yerda bo‘lishingiz kerak», deyishadi. Qolaversa, men shartnoma asosida o‘qiyman. O‘qituvchilarimning «To‘lagan pulingizni havoga sovurmang, o‘qing», deya yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishlaridan quvonaman.

— Kursdoshlaringiz bilan munosabatlaringiz qanday?

— Institutdagi ayrim talabalar meni domla, deb o‘ylashadi chog‘i, ko‘rib qolishsa, darrov qo‘li ko‘ksida salom berishadi. Biram xijolat bo‘laman (kulib). Kursdoshlar jami yigirma nafarmiz. Ko‘pchiligi mendan kichik yigit-qizlar. Ular orasida iqtidorlilari juda ko‘p.

— O‘tgan yildan buyon «Kinoaktyor» teatr studiyasida ijod qilyapsiz. Kino aktrisasining teatrga moslashishi qiyin bo‘lmadimi?

— Kino bilan teatr o‘rtasida katta farq bor ekan. Film suratga olinayotganda atrof jim-jit bo‘ladi, baland ovozda so‘zlash shartmas. Teatrda esa aksincha. Sahnadagi aktyor-aktrisaning ovozi eng so‘nggi qatordagi tomoshabinga ham yetib borishi kerak. Kinoda matnni unutib qo‘ysangiz, ko‘z mimikasi bilan vaziyatdan chiqolasiz. Teatrda esa bunday qilib bo‘lmaydi. Bu yerda so‘z muhim sanaladi. «Kinoaktyor» studiyasida ish boshlaganimda avvaliga qiynaldim. Rejissyorimiz Sayfiddin Meliev sahnada qanday ishlash kerakligini tushuntirib, bilmaganlarimni o‘rgatgach, ancha «qo‘lim» kelishib qoldi. «To‘maris», «Bibixonim» tarixiy asarlarida rol ijro etdim. Jamoamizdagi aktyor-aktrisalar o‘z ishining ustalari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova, Ilmira Rahimjonova, Gulhumor Abdullayeva kabi professional aktrisalar bilan bir sahnada ijod qilayotganim ham menga kuch beryapti.

— «Kinoaktyor» teatr studiyasining jamoasi ijodiy safar bilan viloyatlarda ko‘p bo‘ladi.

— Ha, jamoamiz bilan bir qancha viloyatlarda bo‘ldik, spektakllar namoyish etildi. Ijodiy safarlar men uchun yangilik emas. O‘n olti yil davomida bormagan viloyatim qolmadi hisob. Hatto, Navoiyning eng chekka hududi — Uchquduqda ham bo‘lganman.

— O‘n olti yildan buyon san’at sohasida bo‘lsangiz, bundan chiqdi, ijodni 16 yoshingizda boshlagan ekansiz-da?

— Ha! «Dilxiroj» filmida epizod rolim bo‘lgan. Bosh qahramonni ijro etgan xonanda Sevinchning dugonasini o‘ynaganman. Qahramonim bor-yo‘g‘i uchta so‘z aytadi. O‘sha paytlari aktrisa bo‘lish istagi juda kuchli edi-da, suratga tushib bo‘lganimga qaramay, rejissyorga aytib, qirq kun s’yomka joyidan ketmaganman.

— Tengdosh hamkasblaringiz orasida davlat filmlarida eng ko‘p suratga tushgan aktrisasiz?

— Davlat byudjeti hisobidan suratga olingan filmlarning o‘ndan ortig‘ida suratga tushdim. Barchasi jamiyatimizni tashvishga solgan jiddiy mavzulardagi kartinalar. Bir masalada juda gapirgim kelyapti-yu, aytsammi-aytmasammi deb o‘ylanyapman.

— Nimani nazarda tutyapsiz?

— Bu haqida besh-olti yildan buyon gapiraman deyman-u, yana o‘zimni bosaman. Endi aytmasam bo‘lmaydi.

— Xo‘sh?...

— Nega bizda xalq uchun xizmat qilayotgan aktrisalarni rag‘batlantirishmaydi? Mana, meni qiynagan mavzu! Yomg‘irmi, qormi, farzandimiz go‘dakmi, tobi yo‘qmi — ijodiy safarlar, uchrashuv, tadbirlardan qolmaymiz. «San’atkorsiz, xalqni rozi qiling», deyishadi. Jonimizni berib xizmat qilamiz.

— Hozir o‘zingiz haqingizda gapiryapsizmi yo...

— Men qatori boshqa aktyor-aktrisalarni ham ranjitadigan holat bu. Mayli, men o‘zimni aytaman. Ko‘p yillardan buyon kino sohasidaman. Tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan rollarim qancha? Yengil-elpi filmlarda suratga tushmasam, bachkana obrazlar yaratmasam, nahot yillar davomidagi mehnatim rag‘batga arzimasa? Yosh aktyor-aktrisalarning mukofot olayotganini ko‘rsam, havasim keladi. Qaysi mehnatlari uchun rag‘batlantirildi, deya qiziqsam, «Tadbirlarda ishtirok etadi, xalq bilan uchrashuvlarda doim faol», deyishadi. Agar san’atkorning mehnati shu bilan baholansa, men o‘n olti yildan buyon viloyatma-viloyat yuribman.

— Demak, Jamila G‘ofurova yillar davomidagi mehnatini mukofotlanishga loyiq deb biladi?..

— Albatta! Ko‘plab aktyor-aktrisalarni ko‘raman, uzoq yillar davomida teatr, kinoda mehnat qilishadi. Rang-barang, esda qolarli obrazlar yaratishadi. Qanchadan-qancha shogird chiqarishgan. O‘zbek san’ati nomini dunyoga tanitishyapti, ammo haligacha mukofotlari yo‘q. Xo‘sh, bu masala bilan kim, qachon shug‘ullanadi? Rag‘bat bu san’atkorning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiruvchi kuch. Biz undan qanot olamiz, yanada o‘z ustimizda ishlash istagi paydo bo‘ladi. Aytmoqchimanki, har bir insonning mehnati vaqti-soati bilan qadrlansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

— O‘ylaymizki, bu fikr-mulohazalaringizni eshitadiganlar topiladi. Keling, endi yana ijodga qaytsak. Professional aktrisalar kasting topshirmaydi, deyishadi. Shu rostmi?

— Shunday kartinalar borki, professional aktrisa bo‘lsangiz ham, hamma qatori kasting topshirasiz. Davlat filmlarining barchasida aktyor-aktrisalar kastingdan o‘tishadi. «Ko‘cha»dan havaskorlar taklif etilmaydi. Nigora Karimboyeva, Ra’no Shodiyev kabi mahoratli aktrisalarimiz bilan birga ko‘p bora kasting topshirganman. Ular orasida o‘tolganlarim ham bor, aksi bo‘lganlari ham yo‘q emas. «Aldangan ayol» filmidagi Rayhon Ulasenovaning qahramonini eslang. Bu rolni qo‘lga kiritish uchun qancha aktrisalar da’vogar bo‘lishgan. Men ham ular qatori «Shu rolni menga bering, Hilol aka», degandim rejissyorimiz Hilol Nasimovga. U kishi esa «Menga qolsa, hech kimni xafa qilish niyatim yo‘q, lekin bu rol seniki emas, mana sening qahramoning», degan.

— «Aldangan ayol»dagi kabi epizodik rollaringizni ko‘pchilik e’tirof qiladi.

— Ammo bu epizodik rollarga rozi bo‘laveradi, deganim emas. Ayrim rejissyorlarning taklifini rad qilgan paytlarim ham bo‘lgan. Negaki epizod rol bo‘lsa ham, qahramonimning o‘z o‘rni bo‘lishini, ijrom esda qolishini istayman. Misol uchun, «Aldangan ayol», «Kechikkan hayot»dagi obrazlarim xuddi shunday «gapiradi».

— Gonorar Jamila uchun qay darajada muhim?

— Xususiy filmlarda ijrom uchun o‘zim narx qo‘yaman. Chunki bunday kartinalarning «taqdiri» tavakkaldek gap. Hatto? ssenariysi yaxshi bo‘lsa ham, tayyor bo‘lgach ommalashmasligi mumkin. Davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan kartinalarda aktyor-aktrisaning kunlik ijrosiga gonorar yoziladi. Ish vaqti ham tartibli. «Kamera bo‘lganida olamiz, obekt topilsa kelib-ketarsiz», degan so‘z yo‘q.

— «Saodat» serialining ikkinchi faslida suratga tushyapsiz va yana salbiy obrazda...

— Qahramonimni u qadar salbiy ham deyolmayman, hozirgi kunda to‘rt-beshta oilalarning bittasida uchraydigan kelinlardan biri.

— Personajingizni oqlamoqchimisiz?

— Yo‘q, unday emas. Bu ayolning o‘z haqiqati bor. Baxti uchun bilganicha kurashyapti. Qaynonasiga bo‘lgan muomalasi, turmush o‘rtog‘iga hiyla ishlatishlarini yoqlamayman, albatta, lekin ayni shunday ayollar ijromni ko‘rishsa, balki o‘zlari uchun xulosa chiqarisharmikan, deyman.

— «Bidir-bidir» dueti haqida so‘rasam, hamkorlik taklifi kimdan chiqdi?

— Davron Ergashev qo‘ng‘iroq qilganida, avvaliga ishonmadim. «Sizga qaytib qo‘ng‘iroq qilaman», deya suhbatni qisqa qildim-da, xonanda Masrur Usmonovga sim qoqdim. «Kimdir men bilan hazil qilyapti, Davron Ergashevman siz bilan duet kuylamoqchiman deb, u kishining telefon raqamlarini aytib yuboring», dedim. Masrur akaning javobini eshitib, chindan ham Davron aka qo‘ng‘iroq qilganini bildim. Shundan keyin Davron Ergashev bilan bog‘lanib, uning men bilan duet kuylash istagidan xabar topdim. Ko‘rishdik, qo‘shiq haqida maslahatlashdik va «Bidir-bidir» nomli duet yozdik. Qisqa fursat ichida taronaga klip suratga olindi.

— Tanqidlar bo‘ldi chog‘i?

— Klip syujetini qaysidir xorijiy xonandaning video ketma-ketligi, deyishdi. Aslida esa hech kimdan hech qanday g‘oya o‘g‘irlanmagan. Oilaviy vaziyat ko‘rsatilgan, xolos.

— Jamila, vaqt ajratganingiz uchun minnatdormiz. Sizdan nafaqat kinoda, balki teatrda ham yangidan-yangi rollarni kutib qolamiz!

— Rahmat!

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi

Fotomuxbir: G‘ayrat UBAYDULLAEV



Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 4420 | Рейтинг: 1| Рейтинг: Jamila G‘ofurova
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 19:41
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное