Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SHOU-BIZNES HABARLARI

Munisa Rizayeva: “SHOU BIZNES MENI QAYTA TARBIYALADI”

Qamariddin Shayxov, muxbir:

— Xonanda Munisa Rizayeva o‘tgan yili haqiqatdan ham juda kuchli ijod qildi. Bir qancha xit qo‘shiqlar, yangi kliplar, ilk yakkaxon konsert dasturi... Shunga yarasha uning mehnatlari e’tiborsiz qolmadi. “E’tirof-2014” taqdimot marosimida “Yilning faol xonandasi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Darvoqe, suhbatdan avval ijtimoiy tarmoqlar orqali Munisa Rizayevaning muxlislari intervyuda o‘z savollari bilan ishtirok etishlari mumkinligini e’lon qilib, eng orginal savollarga xonandadan javob olib berishga va’da bergandik.  Uch kun ichida xonandaga 80 dan ortiq savollar kelib tushdi. Fursatdan foydalanib, biz Munisani suhbatga chorladik.
— Munisa, ijtimoiy tarmoqlar orqali cholg‘uchilar bilan jonli  ijroda qo‘shiq kuylayotganingizni ko‘rdim. Bu yangi loyihami?
 
— (Kulib) Yana jonli ijroning payiga tushganman. To‘g‘risini aytsam, endi nafaqat konsertlarda balki to‘ylarda ham yuz foiz jonli ijroda kuylamoqchiman. Shuningdek, bu yil bo‘ladigan konsert dasturimga hozirdanoq tayyorgarlikni boshlab yubordik. Chunki, o‘tgan yilgi konsertimdan o‘zim unchalik qoniqmadim. Ma’murimning ketib qolishi, konsert oldidan  meni chuv tushirishgani sabab ancha qiynaldim.
— O‘tgan yil so‘ngida “E’tirof-2014” milliy mukofoti bilan taqdirlanishingiz ko‘pchilik uchun kutilgan voqea bo‘ldi. Menimcha o‘zingiz kutmagandingiz.
 
— Ha, haqiqatdan ham kutmagandim. Chunki o‘tgan yil ijodimda juda katta yo‘qotishlar, aldovlar, zarbalar bo‘lgandi. Umid qildim-u, lekin menga berishmasa kerak degan o‘y hammasidan ustun kelardi. Men har qalay Shahzoda olsa kerak deb o‘ylagandim. Katta sahnada o‘z nomimni eshitib yuragim hapqirib ketdi.
 
Har bir ijodkor ijod qilar ekan, o‘z qilayotgan ishi bilan elga manzur bo‘lsam, mehnatlarim inobatga olinsa deydi. Men fursatdan foydalanib biz yoshlarga shunday sharoitlarni yaratib bergan hukumatimizga, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga shuningdek, meni yaxshi-yomon kunimda doim yonimda bo‘lgan, qo‘llab-quvvatlagan, men uchun jonini berishga tayyor bo‘lgan muxlislarimga tashakkur aytaman (kulib). Haligacha kamtarona  mehnatim shunchalik e’tibor qozonib, mukofotga loyiq ko‘rilganimga  ishonmayapman. Bu to‘rt yillik ijodimdagi ilk yutuq.
Sahnada mukofotni qabul qilib olganingizdan keyin, qo‘lingizdan tushirib yuborganingiz, o‘sha zahoti sahna ortida gap-so‘zlarning bolalashiga sabab bo‘ldi.
 
— Bu gaplar o‘zimning ham qulog‘imga yetib keldi. Nima ham derdim, demak men o‘sha gapirayotgan odamlardan bir qadam bo‘lsa-da, oldinda ekanmanki ular meni ortimdan gapirishyapti. Mukofotni olgach, o‘zimga nisbatan ishonchim oshdi. Demak men shuncha vaqt mobaynida bekorga ishlamabman. Demak men o‘zbek san’atiga kerak ekanman. Buni his qilishning o‘zi yoqimli. Albatta buning ma’suliyatini ham unutmaslik kerak. Mukofotni qo‘limdan tushirib yuborishimga kelsak, yuqorida aytganimdek haqiqatdan ham kutmagan edim! Hayajonlanganimdan qo‘llarim qaltirab, mukofot qo‘limdan tushib ketdi. Bu hech qanday “piar” emas (kulib) Odamlar o‘zlari to‘qigan yolg‘onga chippa-chip ishonib, so‘ng meni aybdor qilishadi.
Ko‘pgina intervyularingizda hali mukofot olishga loyiq ish qilganim yo‘q degan gapni aytardingiz...
 
— Bilasizmi, oradan yigirma yil o‘tgandan so‘ng nasib qilib yana siz bilan suhbatlashsak, o‘shanda ham hech ikkilanmay shu gapni aytaman. Men juda talabchanman. O‘zimga nisbatan tanqidiy qarashlarim  juda yuqori. Marhum bobom “Hech qachon o‘zingni maqtama, men zo‘rman deb aytamagin. Zo‘rman degan kuning ertangi yutuqlaringa nuqta qo‘yasan” deb ko‘p takrorlardilar.
Munisa, oldingidan ancha og‘ir-bosiq bo‘lib qolgansiz. Bunga nima sabab bo‘ldi?
— Hayot... Shou-biznes meni qayta tarbiyaladi. Kechagina dadam bilan shu haqda gaplashib o‘tirgan edik. “Dada, shou-biznesga kirishimga, san’atkor bo‘lishimga oyim ikkingiz doim qarshi bo‘lgansizlar. Bilasizmi, oiladagi tarbiya, kattani hurmat qilish, kichikka izzatda bo‘lish kabi an’anaviy tarbiya o‘z yo‘liga, lekin hayotiy tarbiyani menga shou-biznes berdi” – dedim. Dadam hayron bo‘ldi, hatto biroz ranjidi ham. Yo‘q, men bu bilan ota-onam meni tarbiya qilmadi demoqchimasman, aksincha  oilamizda haqiqiy o‘zbekona tarbiya muhitida katta bo‘lganmiz. Shou-biznesga  kirgach odamlarni farqlashni, oq bilan qorani ajratishni o‘rgandim. Borgan sari bir narsaga yanada imonim komil bo‘lib boryapti: shou-biznes olamida  haqiqiy do‘stlik yo‘q ekan. Endi men ham boshqalar qatori hamma bilan kulib ko‘rishib, kulib xayrlashib, ma’lum chegarani saqlagan holda munosabatda bo‘lishni o‘rgandim. Avvalari biror kishi mendan noo‘rin xafa bo‘lib qolsa ham oxiriga yetmay qo‘ymasdim. Yaxshisi och qornim, tinch qulog‘im deb boshqalarga o‘xshab yashash kerak ekan. Asabimni, vaqtimni, sabrimni boshqa odamlarga ketkazishdan naf ko‘rmadim.
— Intervyularingizda ko‘p do‘stlaringizdan pand yeganingiz haqida gapirasiz. O‘zingizga men boshqalarga qanday do‘st bo‘la olyapman degan savolni berib ko‘rmaganmisiz?
 
— Arab tilida Munisa degani “vafodor do‘st” degan ma’noni anglatarkan. Chaqaloq tug‘ilib, uning qulog‘iga azon bilan ismi aytilganda taqdiri ismiga mos tarzda yozilarkan. Men do‘st bo‘lsam, o‘sha odamga borimni berishga harakat qilaman. Rayhon bilan munosabatlarimiz buzilganida ham odamlar “Munisa aybdor, Rayhonga sodiq do‘st bo‘lmadi”, deyishdi. Men esa kutdim, sabr qildim. Mana vaqt o‘tib, u hammasini tushunib yetdi-ku. Kim do‘st, kim dushmanligini bildi.

Menda shunday odat bor: qachonki biror odam bilan qadrdon bo‘ldimmi yoki bir dasturxon atrofida tuz totib, u bilan suhbatlashdimmi o‘sha gapirilgan gap aytilgan joyda qoladi. Hech qachon birovning sirlarini, shaxsiy hayotini odamlarga oshkor qilmaganman. Bu mening hayotiy qonunim. Hattoki meni chuv tushirib ketgan ma’murim haqida ham yomon gap aytmayman. U juda zo‘r ma’mur edi. Chunki, o‘z vaqtida u bilan birga ishlaganmiz, yaxshi-yomon kunlarni birga baham ko‘rganmiz.
 
— Internet orqali yetib kelgan savollarni berishni boshlasam. Jasur G‘oyipov bilan to‘y mashmashalari haqiqatmidi yoki piar? Nega uning to‘yiga bormadingiz? Holbuki Jasur sizning konsertingizga kelgan edi.
 
— Jasur bilan to‘yimiz hech qanday piar bo‘lmagan. Men uni juda hurmat qilaman, u haqiqatdan ham yaxshi yigit. To‘yida ishtirok etmaganimga kelsak, shuncha shov-shuvlardan keyin, uning to‘yiga borishim ham uncha  to‘g‘ri bo‘lmasdi... Nima bo‘lganda ham bo‘lib o‘tgan voqealarni shunchaki unutib ketishning imkoni yo‘q. Unga esa faqat va faqat oilaviy baxt tilayman.
 
— Munisa Rizayevaning o‘zi qachon turmushga chiqmoqchi?
— Nasib qilsa albatta turmushga chiqaman va bundan muxlislarim ham, siz ham  bexabar qolmaysiz. Men turmush, oila masalasiga juda jiddiy qarayman. Bir marta va bir umrga turmushga chiqaman. Yuragim jiz etishi kerak, chindan ham sevib qolishim kerak deb aravani quruq olib qochadiganlardan emasman. Avvalo meni va men sevgan insonning dunyoqarashi, o‘ziga ishonchi, sabr-toqati, aql-zakovati menikidan kuchli bo‘lishi kerak. Menga bir qarashning o‘zidayoq gapini o‘tkaza oladigan, oilada haqiqiy bosh bo‘ladigan turmush o‘rtoq kerak.
— Talablaringiz juda yuqori. O‘zingiz bugun topganlaringizdan kechgan bo‘larmidingiz?
— Albatta. Garchan san’at hayotimning mazmuni, bir bo‘lagi bo‘lsa ham o‘ylab o‘tirmay oilam, farzandlarim uchun san’atimdan kechgan bo‘lardim.

— San’atni tark etish qiyin kechar.
 
— Hozircha bir narsa deyishim qiyin, lekin avval o‘zbek san’ati tarixida qoladigan qo‘shiqlar qilishim kerak. Bir kun odamlar meni turmush o‘rtog‘im, farzandlarim davrasida ko‘cha-ko‘yda ko‘rganida “esingizdami, bir paytlar Munisa Rizayeva degan san’atkor bo‘lardi, juda zo‘r qo‘shiqlar aytgandi” deb eslashlari men uchun juda yoqimli.
 
— Muxlislaringiz tomonidan berilgan navbatdagi savol menga judayam yoqdi. “Qaysi xatoga yo‘l qo‘ymaganimda bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizliklarning oldini olgan bo‘lardim”, deb o‘ylaysiz?
— (o‘ylanib) Odamlarga juda ishonuvchanman. Bugungacha nimani yo‘qotgan, nimadan pand yegan bo‘lsam, hammasi duch kelgan odamga ishonib ketaverishimdan deb bilaman...
— Munisa Rizayevaning suhbat so‘ngida barcha odamlarga aytadigan gapi bormi?
— (o‘ylanib) Bir-birimizga mehribon bo‘laylik, shirin so‘zimizni ayamaylik. Dunyoda sotib olib bo‘lmaydigan tuyg‘ularni qanday bo‘lsa shundayligicha, sofligicha saqlaylik.
Manba:darakchi.uz


Категория: SHOU-BIZNES HABARLARI
Просмотров: 3648 | Комментарии: 3 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Munisa Rizayeva
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 3
Guli пишет: | 18.02.2015 | 21:32 #3 Страница с комментарием
guli101192 Munisaga omadlar
Like | 0
Zolushki123 Munisaga omad
Like | 0
NuR_KR Munisa Rizaeva ga omadla
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 14:11
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Логин:
Пароль:
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное